“Yetti ajdod”, “yetti pusht”, degan iboralar tez-tez quloqqa chalinib turadi. Masalan, quda-andachilik rishtalarini bogʻlashda tomonlarning ajdodlarini surishtirish bugun ham bor anʼana.
Gen sifatlarining qon orqali avloddan avlodga oʻtishini zamonaviy tibbiyot ham isbotlab turibdi. Demak, mazkur tushunchalarning paydo boʻlishi hamda bizgacha yetib kelishi bejiz emas.
Yetti avlod falsafasi va ota-bobolarimizni bilishning hayotiy quvvati haqida taniqli folklorshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Shomirza TURDIMOV bilan suhbatlashdik.
– Yetti ajdod tushunchasi oʻzbek xalqi tarixi sahifalarida yozilmagan qoidalar, qonunlar sirasiga kiradi, desak toʻgʻri boʻlar. Tarixdan maʼlumki, har bir urugʻning oʻz tamgʻasi boʻlgan. Bugungi kunda juda koʻpchilik bu tamgʻaning asl mohiyatini yaxshi tushunmaydi, shu sababli turlicha talqinlar uchrab turadi. Aslida tamgʻa maʼlum urugʻning jamiyatdagi oʻrnini belgilagan, yaʼni tamgʻasi yoʻq urugʻning jamiyatda ham oʻrni boʻlmagan. Bundaylar toʻy-hashamlarda, hatto janglarda ham qatnasha olmagan.
Yetti avlodni bilish anʼanasi bizga juda qadim davrlardan meros kelyapti. Bu tushuncha nafaqat oʻzbeklarda, balki turkiy xalqlarning deyarli barchasida mavjud.
Yaqinda etnograf olimimiz Anvar Boʻronov Moʻgʻilistonga borib, u yerda yashaydigan qozoqlarning turmush tarzini oʻrgandi. Ularning qabristoniga borganida guvoh boʻlibdiki, yetti ajdod narida turgan boboning familiyasi yettinchi avlod vakili qabr lavhigacha bitilar ekan. Eng asosiysi esa, ularda har bir kishi yetti ajdodi haqida bilishi shart ekan.
Ushbu tartib XIX asrgacha bizning mintaqamizda ham amal qilgan. “Yetti avlodini bilmagan inson – qul”, degan maqolning paydo boʻlishi boisi ham shu.
Yetti ajdodni bilish oʻzi nima uchun kerak boʻlgan? Sababi shundaki, aynan shu maʼlumotlar oʻzaro quda-andachilikda, yangi tugʻilgan chaqaloqqa ism berishda hamda marhumlarni dafn etishda juda muhim hisoblangan.
Nega aynan yetti raqami tanlangan, degan savol tugʻiladi. Xabaringiz boʻlsa, azaldan tariximizda muqaddas raqamlar boʻlgan. Masalan, 3, 7, 40 va hokazo. Butun sanoqlar ana shu anʼanaviy raqamlarda yopiladi. Buning oʻziga yarasha asoslari bor va bu alohida mavzu.
Shuningdek, yetti avlod oʻrtasidagi qarindoshlik rutbalarining oʻz nomi boʻlgan. Masalan, Xorazmda shu nomlashning turkiycha: aka, bola, oqtiq, chovliq, yovliq, yotliq atamalari saqlanib qolgan. Boshqa hududlarda esa ota, oʻgʻildan boshqa sanoq tartibi arabcha: nevara, chevara, evara, duvara, abira va kabiraga oʻzgartirilgan. Kabiradan keyin begona boʻladi, deyilgan. Sababi, yettinchi avloddan keyin qon butunlay yangilanadi. Bu eposlarimizda, jumladan, “Alpomish” dostonida ham oʻz aksini topadi.
Dostonda beshta avlod tilga olingan. Bular: Dovonbiy, Alpinbiy, Boyboʻri-Boysari, Alpomish va Yodgor. Nega yetti emas, besh avlod? Chunki ezoterik adabiyotlarda ham aytiladiki, har bir tugʻilgan farzandning aʼmoli oʻzidan avvalgi ikki ajdod taʼsirida shakllanadi. Shu oʻrinda, oʻzidan keyingi ikki avlodga ham taʼsir etadi. Sanoq boshi va adogʻidagi ikki avlodning nomi eposda aytilmaydi. Sababi, u almashib kelaveradi.
“Pusht” soʻzining maʼnosiga kelsak, bu ham ajdodga, ham avlodga taalluqli atama. Xalqimizda bu bilan bogʻliq iboralar koʻp. Masalan, “Yetti pushtimga vasiyat qildim”, deymiz. Bu avlodlar haqida. Yoki “Yetti pushtimning nomi bilan aytaman”, degan iborani ishlatamiz. Bunda gap ajdodlar haqida ketadi.
“Pusht” soʻzi fors tilida orqa, yelka, bel kabi lugʻaviy maʼnolarni anglatadi. Oʻzbek tilida urug‘, avlod, ajdod maʼnosini ifodalaydi.
“Yetti pusht” bizda shunchaki sanoq emas. Bilasizki, rasmiy adabiyotlar oila otadan, onadan hamda farzanddan tashkil topadi, deb yozadi. Bizning xalq anʼanasiga koʻra, oila uch boʻgʻindan iborat boʻlgan. Birinchi boʻgʻin kattalar, yaʼni bobo, buvi, amaki, togʻa, xola va ammalar. Ikkinchisi – ota-ona, uchinchisi – farzandlar.
Tarbiya kattalar tomonidan berilgan. Butun oilaning tarixi, anʼanalarini bolalarga kattalar oʻrgatgan. Ota-ona esa ularni boqish bilan shugʻullangan. Bugungi kunda ayni zanjirning uzilgani uchun tarbiya bilan kim shugʻullanishi kerak, bogʻchami, maktabmi, degan tortishuvlar kelib chiqmoqda.
Aslida, aynan ana shu tartiblarning tiklanishi bu muammolarga yechim boʻlardi, deb hisoblaymiz. Eng muhimi, shu bilan yetti avlod tushunchasining mohiyatini saqlashga erishish mumkin.
– Urugʻni bilish aslida nima uchun muhim? Bu millatning birligida, ahilligida qanchalik ahamiyat kasb etadi?
– Shuni taʼkidlash kerakki, avvallari urugʻni bilish, uni avlodlarga yetkazish amaliyotda kerak edi. Chunki busiz inson jamiyatda oʻrnini, mavqeini topa olmasdi. Hozirgi globallashuv davrida bu narsaga ehtiyoj sezilmayapti.
Kishi urugʻining tarixini bilgani yaxshi, lekin bu narsa urugʻbozlikka sabab boʻlmasligi kerak.
Maʼlumki, o‘zbek xalqi uchta katta entik guruhdan tashkil topgan. Bular – qarluq, qipchoq hamda o‘g‘uz guruhlari. Shulardan, faqat qipchoq va o‘gʻuz etnik guruhlarida urugʻchilik boʻlgan. Lekin bu anʼana ham turli sharoitlarda oʻzgarib, baʼzida davom etgan, baʼzida unutilgan.
Shu oʻrinda, bizda oʻz urugʻining tarixini bilish yaxshi amal hisoblanib kelganini qayd etishimiz kerak. Sababi, oʻzi va oilasi tarixini bilish inson uchun xalqining tarixini bilishga yoʻl ochadi. Shuningdek, mavqe orttirishi hamda oʻzaro munosabatlarda pozitsiyasini belgilashida asosiy yordam beradi.
Ushbu masalalarda ham tibbiyot bugungi kunda ancha yuqori natijalarga erishib ulgurdi. Bugun siz oʻz gen tahlilingiz orqali koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlishingiz mumkin.
Taʼkidlash kerakki, aynan urug‘ tushunchasi millatning asosini tashkil etadi, degan qarashga bormaslik kerak. Bugungi kunda millatni millat sifatida koʻrsatadigan boshqa faktorlar ham dolzarb boʻlib bormoqda. Ulardan biri – til hisoblanadi. Boisi, til boʻlmasa, tafakkur boʻlmasa, millat oʻlgan hisoblanadi.
Til shunday tarixiy jarayonki, unda atigi bitta inson soʻzlasa ham bu tilni oʻlgan, deb boʻlmaydi. Uni qayta tiriltirish, rivojlantirishning chorasi boʻladi.
Bir narsa muhimki, boshqa tillardan qabul qilinayotgan soʻzlarga til moslashmasligi kerak, balki oʻsha soʻzlarni ona tilimiz qonunlariga, tartibiga moslashtirish kerak. Mana, masalan, “pusht” degan soʻzni X asrda ajdodlarimiz qanday maʼnoda qoʻllaganini bilmaymiz.
Aynan, tilning saqlanishi soʻz yuritayotganimiz – avlodlarni bilish anʼanasining saqlanishida muhim omillardan biridir.
– Bugungi kunda baʼzi insonlar oʻzining yetti avlodi haqida toʻliq maʼlumotga ega emas. Buni qanday aniqlash mumkin?
– Aniqlashning bugungi kundagi yagona yoʻli – gen tahlili. Lekin u ham oʻzida bor imkoniyatlar hamda variantlar yordamidagina tahlil qila oladi. Mavjud variantlar boʻlmasa, ushbu usul ham “jim qoladi”.
Ikkinchi asosiy jihati esa inson oʻzini kim deb atashi bilan bogʻliq. Bu oʻrinda ham yechim tilga borib taqaladi. Masalan, oʻzbek tili ona tili boʻlgan inson oʻzbekcha tush koʻradi.
Tushingizda nimalarni koʻrdingiz, qayerlarda boʻldingiz, qanday insonlar bilan suhbat qurdingiz… Tahlil qilib koʻrsangiz, bular ham xuddi uygʻoq holatingizdagidek bir tizimda turganini koʻrasiz.
Chunki millat qaysi tilda tafakkur qilsa, tushi ham shu til bilan bogʻliq boʻladi. Mazkur jarayon tasvirlangan bir kino ham bor. Unda rus millatiga mansub razvedkachi ayol nemislar orasida ishlaydi. U umuman rus tilida gapirmagan, biroq tugʻish jarayonida oʻzi bilmagan holatda “Mama” deb yuboradi. Axir uning tili rus tilida chiqqan edi-da.
Yana bir tatar kishi oʻzbekcha yozar, oʻzbek tilida soʻzlashar edi. Kasal boʻlgan paytida tatar tilida gapirar ekan. Bu ham insonning ruhiy mexanizmlari bilan bogʻliq jarayondir.
Xulosa qilib aytganda, inson bu masalada ham oʻzini oʻzi tahlil qilishi muhim. Tushlari nima deydi, sezgilari nima deydi va kimlarni koʻngli koʻproq tortadi... Aynan shu jarayonning oʻzi ham juda koʻplab savollarga javob boʻlishi mumkin.
– Maʼlumki, Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari orasida madaniyatlar, urf-odatlarda chambarchaslik yaqqol seziladi. Bu uygʻunlashuv urug‘, yetti avlodlarni bilish kabi masalalarda ham kuzatiladimi?
– Bizning tariximiz shu paytgacha teskari yozilgan. Bitta misol keltiraman. Ruslar oʻzini indoyevropa oilasiga mansub, deb biladi. Ular mintaqamizdagi aholi bu yerlarda azaldan yashamagan, keyinchalik kelgan, degan tushunchani tasavvurimizga singdirmoqchi boʻldi va bu maqsadlariga maʼlum maʼnoda erishdi ham.
Turkiy qabilalar Oʻrta Osiyoga boshqa joylardan kelgan emas. Toʻgʻri, koʻchish voqealari boʻlgan, biroq turgʻun yashaydigan joyi Orol dengizining qirgʻoqlari, Kaspiy dengizining yuqori qismi, bir tomoni Balxash, Tyanshangacha boʻlgan hududlar hisoblangan.
Aynan shu chegara hududlarida yashagan aholi orasida ham “qorajonlar” hamisha boʻlgan. Aynan shu qorajon – chegaradagi toifa turkiylarda ham, forsiylarda ham, arab va xitoylar, ruslar umuman yonma-yon yashayotgan barcha xalqlarda boʻlgan. Bu aralashgan qatlam borki, ularning oʻzini kim deb bilishi koʻp masalalar yechimining topilishda muhim oʻrin tutgan. Bu holat juda ham qiziq jarayonlar yuzaga keltiradi. Bu jarayon yechimida har bir millat genidagi bobo meros mentalitetning oʻrni alohida ajralib turadi. Mahmud Koshgʻariyning bir gapi bor: “Arablar oʻzidan boshqa hammani “ajam” deydi. Agar ajamliklar arab tilini oʻrgansa ham, bu tilda yaxshi gapirsa ham, baribir ajam boʻlib qolaveradi. Turklar esa oʻzidan boshqalarni “sumlum” deydi. Lekin u turkiy tilni oʻrgansa, uni sumlumlikdan chiqarib, oʻzinikidek qabul qiladi”, deydi. Sababi, turkiylar ochiq, qabul qiluvchan millat. Chunki uning kuch-qudrati tarix mobaynida yopiqlikka ehtiyoj sezmagan. Bu psixologiya haligacha davom etib kelyapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Tarixga nazar solib qarasak, insoniyat oʻtmishida eng koʻp saltanat barpo etgan xalq – turkiylar. Lekin maʼlumki, ularning barchasiga tarixan boshqalar ega chiqqan.
Turkiylarning tabiati xalq dostonlarida ham oʻz aksini topadi. Masalan, ularning deyarli barchasida qahramonlar boshqa yerni bosib olib, shu yurtdan xotin olib keladi. Boshqa xalqlar dostonlarida buning teskarisi. Ular olib ketilgan ayollarini qaytarib keladi. Bu, albatta, xalqning tabiati eposlarda qanchalik ravshan aks etganini koʻrsatadi, mazkur kuzatish eposshunos Farrux Jabborning kuzatishi va men buni haqli xulosa, deb bilaman.
– Oʻzbek xalqi 92 urugʻdan tashkil topgani aytiladi. Bu urugʻlarning qanchasi bugungi kungacha saqlanib qolgan? Aynan urugʻlarga boʻlinish anʼanasining ahamiyati susayib borishi qanday jarayonlar bilan bogʻliq?
– Avvalo, shuni taʼkidlash kerakki, 92 bovli oʻzbek xalqi, degan tushuncha oʻzbek xalqining hammasiga taalluqli emas. Bu asosiy etnik guruhlarning barchasida ham aks etmasligi mumkin, lekin ular jam boʻlib, bir asosda birlashadi. Xuddi shunday birlashtirib turuvchi jihatlardan biri ramzlardir. Masalan, xalq qoʻshiqlari turli hududlarda turlicha aytiladi, lekin ulardagi ramzlarning birlashtirib turuvchi maʼnolari yagona.
Misol uchun, olma – muhabbat, roʻmol – oila ramzi. Shu oʻrinda 92 bovli urug‘ tushunchasi ham butun millat sifatida yagona yaxlitlik kasb etadi, desak toʻgʻri boʻladi.
92 bovli oʻzbek xalqi, degan tushunchaning ahamiyati susayib borishi esa, shubhasiz, yurtimizning XX asrda boshlagan globallashuv va boshqa bir qator ijtimoiy-siyosiy jarayonlar bilan bogʻliq. Ayniqsa oʻtgan asrnig ikkinchi yarmi va soʻngida jarayon yanada tezlashdi. Bu davrda xalqlar urug‘ yoki qabila shaklida emas, butun bir millat, mamlakat sifatida birlashdi.
– Urug‘ va avlod-ajdod bilan bogʻliq tushunchalar ahamiyati saqlanib qoladimi?
– Avlod-ajdod anʼanalari yangi mazmunda ahamiyatini saqlab qoladi. Avvalo, tarix sifatida. Biz kimmiz, kim boʻlamiz, degan savol javobini tiniqlashtirishda dolzarbligini yoʻqotmaydi. Tilda tovush va feʼl turkumi soʻzlari qancha sadoqatli boʻlgani kabi tafakkur, til va inson feʼli tabiati ham oʻzgarmaydi. Ana shu oʻzak “umurtqa”ga zarba berilsa, millat yoʻq boʻladi. Shunday ekan, aslimizni saqlab qolishda ASL sifatlarimizda yashashimiz kerak. SOYAga aylanmaslik zarur. Bunda til va tafakkurimiz tayanchi genimiz, gen xotiramizdir. Ajdod va avlodlarni yodda tutish bu yoʻlda muhim oʻringa ega. Shu maʼnoda avlod-ajdod anʼanalariga yangi mazmun bera bilishimiz kerak boʻladi. Bu esa bugungi avlod zimmasidagi BURCH sanaladi.
“Янги Ўзбекистон” muxbiri
Jonibek ALIJONOV suhbatlashdi.
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2023-yil 11-noyabr, 235-son.