Goʻzal Ibroyimova bolaligidan adabiyotga qiziqardi. U 2015-yili Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti qoraqalpoq tili va adabiyoti fakultetini tamomlab, shu yilning oʻzida Berdaq nomidagi QDU magistratura boʻlimining adabiyotshunoslik mutaxassisligiga oʻqishga qabul qilindi. U bugungi kunda “Maktablarda 5–9-sinflarda qoraqalpaq poeziyasini oʻqitish metodikasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda. Goʻzalning ilmiy maqolalari Gretsiya, Rossiya davlatlaridagi jurnallarda chop etilgan, Toshkent, Jizzax, Nukusda bo‘lib oʻtgan ilmiy konferensiyalarda yoritilmoqda.

Goʻzal “Aydin jol” (“Qaraqalpaqstan” nashriyoti, 2009-yil), “Oʻmir pasılları” (“Bilim” nashriyoti, 2013-yil) she’riy toʻplamlarining muallifi va respublika miqyosida oʻtkazilgan bir necha tanlovlar gʻolibi hisoblanadi. U 2021-yili aprel oyida tanlov asosida Nukus tumanidagi 19-umumtaʼlim maktabiga ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimiga ishga qabul qilindi. Yosh targʻibotchi ishni izlanuvchan oʻquvchilarning roʻyxatini tuzishdan boshladi. “Yosh kitobxonlar” va “Yosh ijodkorlar” toʻgaraklarini tashkil etdi. May oyiga kelib, atigi bir oylik faoliyati davomida toʻgaraklar soni 7 taga yetdi. Jumladan, “Koʻrkem o‘qıw”, “Sahna juldızları”, “Xosh hawaz”, “Milliy ayaq oyın”, “Sırlı qálem” toʻgaraklariga 200 dan ziyod oʻquvchilar jalb etildi. Maktabda jami 517 nafar oʻquvchi borligini inobatga olsak, bu juda ijobiy natijadir.

Goʻzal Ibroyimova toʻgarak aʼzolari bilan tuman, respublika miqyosidagi  tanlovlarda qatnashib, har gal sovrinli oʻrinlarni egallab kelmoqda. Masalan, “Kamalak yulduzlari” tanlovining tuman bosqichida nazm yoʻnalishida 6-sinf oʻquvchisi Aydana Navrizbayeva 2-oʻrinni, 7-sinf oʻquvchisi Jayhun Turdibayev 3-oʻrinni; nasr yoʻnalishida 8-sinf oʻquvchisi  Gulnur Jańabayeva 2-oʻrinni, rassomchilikda 7-sinf oʻquvchisi Tumaris Kaniyazova 2-oʻrinni, jamaoviy raqs yoʻnalishida “Quyosh” ansambli faxrli birinchi oʻrinni, respublikada esa sovrinli uchinchi oʻrinni egalladi.

“Vatanim rivojiga mening hissam” respublika tanlovining tuman bosqichida nasr yoʻnalishida 10-sinf o‘quvchisi Farida Amaniyazova 2-oʻrinni, Goʻzal Ibroyimovaning oʻzi nazm yoʻnalishida 2-oʻrinni, respublikada ham 2-oʻrinni egallab, planshet bilan taqdirlandi.

Noyabr oyida esa “Namunaviy targʻibotchi” tanlovining tuman bosqichida u sovrinli 2-oʻringa loyiq topildi.

Goʻzalning tashabbusi bilan “Milliy raqs” toʻgaragi va “Quyosh” hamda qoʻshiq aytishga qiziquvchan oʻquvchilar uchun “Xosh hawaz” toʻgaraklari tuzildi. Targʻibotchi respublika Madaniyat uyi mutasaddilariga murojaat qilib, maktabda musiqa toʻgaraklarini  ochdi. Bu yerga madaniyat uyi xodimlari haftasiga 2 kun  kelib, dars berishmoqda.

Goʻzal Ibroyimovaning yutuqlaridan yana biri – oyiga bir marta chop etiladigan maktab jurnalini tashkillashtirdi. Unda targʻibotchining bir oy mobaynida olib borgan ishlari, ijodkor oʻquvchilarning ijod namunalari batafsil yoritib borilayapti. Bundan tashqari, ijodkor oʻquvchilarning ijodiy ishlari “Aqmańg‘ıt tańı”, “Jetkinshek”, “Qaraqalpaqstan jasları” gazetalarida chop etilib kelinmoqda. Shu kunlarda ijodkor oʻquvchi va oʻqituvchilarning sheʼriy toʻplamlari nashr etilish arafasida.

Shuningdek, maktabda Goʻzal Ibroyimova tashabbusi bilan ochilgan “Doʻretiwshi oqıwshılar” devoriy gazetasida eng namunali ishlar yoritib borilmoqda.

Bularning hammasi maktab direktorining ham qoʻllab-quvvatlashi, oʻquvchilarning talabchanligi va tirishqoqligi hamda ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchining mushtarak mehnatlari sababli muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilmoqda. Asosiy yutugʻimiz, Nukus tumanidagi targʻibotchilardan tashkil topgan jamoamiz  eng kuchli ijodkorlarni oʻzida jamlagan. Chunki targʻibotchilar oʻzaro tajriba almashib, yaxshi ijodiy kayfiyat bilan bahamjihat ish olib borishadi va bir-birlariga namuna boʻladilar.

Kezi kelganda, maktablarda ushbu lavozimni tashkil etgan  Prezidentimizga katta rahmat aytamiz. Kelajakda oldimizga bundan-da katta maqsad va vazifalar qoʻyib, oʻquvchilarimiz orasidan isteʼdodli shoir va ijodkorlarni  yetishtirishga harakat qilamiz. O‘quvchilarimizning ijodiy ishlarini keng targʻib qilishdan, ularning ezgu intilishlarini toʻla-toʻkis qoʻllab-quvvatlashdan sira charchamaymiz. Zero, donishmand xalqimiz tili bilan aytganda, intilganga – tole yor.

Charjovboy ELMURODOV,

Nukus tumani