Oʻzbek jadidlari hayoti va ijodini oʻrgangan xorijlik olimning tarixiy voqelikka, kundalik turmushdagi urf-odatimizga chetdan qarashi, tabiiyki, bizning mushtariylar uchun ham qiziq. Tahririyatimizda mehmon boʻlgan yaponiyalik jadidshunos Hisao Kumatsuning biz bilan suhbatda bildirgan fikrlari koʻpchiligimizga xush kelgandi. Oʻshanda Hisao Kumatsu janoblari “Jadid” gazetasida oʻz maqolalari bilan qatnashib turish haqidagi taklifimizni ham bajonidil qabul qildi. “Vaʼdaga vafo – mardning ishi”, deydilar. Mana, olimning ilk maqolasi qoʻlimizga kelib yetdi. Bugungi sonda uning oʻzbek toʻylari borasidagi muhim ijtimoiy-qiyosiy mulohazalarini muhtaram gazetxonlar eʼtiboriga havola qilamiz.

Tahririyat

Oʻrta Osiyo markazida joylashgan Oʻzbekiston va uning atrofidagi uzoq oʻtmishga ega xalqlar yashagan hududlarda “toʻy” atalmish marosim necha asrlarki dabdabali oʻtkazilib kelinadi. Bu nikoh va sunnat toʻylari omma nazarida juda muhim milliy marosimlardan biri sanaladi. Nikoh va sunnat toʻylari har doim bazm orqali ommaga oshkor etiladi. Bunday toʻy marosimlari jamoat bilan nishonlanadigan juda muhim qadriyatdir...

Oʻzbekistonda toʻyga taklif etilgan biz kabi chet ellik mehmonlarni doim oʻzbekona hashamat hayron qoldirgan. Biroq oxirgi paytlarda bunday dabdabalarga nisbatan tanqidiy qarashlar kuchayib boryapti.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasining “Hidoyat” nashri ham toʻy masalasida oʻz xavotirlarini keskin tarzda bayon qilmoqda. Toʻylar atrofidagi bahslar Turkiston zaminida yangilik emas. Tarixga nazar tashlasak, chor Rossiyasi zamonida musulmon ziyolilari ham bu muammo bilan shugʻullanganiga guvoh boʻlamiz. Shu eʼtibordan yuz yil oldingi bahslarga yuzlanish oʻrinli deb oʻylayman.

Toʻy – ijtimoiy masala

1867-yili Yaponiyada Meiji inqilobi boshlangan paytda chor Rossiyasi Toshkentda Turkiston general hokimligini taʼsis etib, mustamlakachilikning rasmiy asoslarini yaratishga kirishgan edi. Turkistonning Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritilishi uning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmalarida katta oʻzgarishlarni paydo qildi. Ayni paytda zamonaviy madaniyatga ogʻish jarayoni aholida yangi talab va ehtiyojlar eshigini ochdi. Ana shu murakkab vaziyatda, yaʼni XX asr arafasida Turkistonning musulmon ziyolilari orasida jadidlik harakati yuzaga keldi. Ular eng avval usuli jadid (yangi usul) maktablarini tashkil etish bilan band boʻlganlari sababli umumiy maʼnoda jadid deb nom qozonishdi. Mashhur islohotchi Ismoilbek Gʻasprali (1851–1914) taklifidan harakatlangan jadidlar taʼlim masalasining qanchalik muhim ekanini teran anglashgan. Misol tariqasida keltirish mumkinki, jadidlik harakati yoʻlboshchilaridan biri Munavvar qori shunday yozadi: “Oʻzimizdan keyin keladigan avlodga foydali yoʻllar ochib, ularning boshqa xalqlarga qul va qaram boʻlishlaridan xalos etaylik. Yevropalilar bizning bu gʻaflat va jaholatimizdan foydalanib qolib qoʻlimizdan hukumatimizni olganlari singari sanʼat va tijoratimizni ham sekin-asta oʻzlashtiradilar. Oʻzimiz, millatimiz va kelajak avlodimizni himoya qilish uchun darhol oʻz ahvolimizni oʻnglash uchun saʼy va gʻayrat qilmasak, kelajagimiz nihoyatda qiyin boʻladi. Ahvolimizning islohi esa hozirgi zamonga muvofiq ilm va funun tahsiliga kirishmoq ila vujudga keladi. Zamonaviy ilm-fandan xabardor boʻlish esa maktab va madrasalarimizning va usuli taʼlim va tadrislarimizning islohiga suyanishdir” (“Xurshid”, 1906, №4:1).

Taʼlimni isloh etishga bel bogʻlagan jadidlar tabiiy ravishda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni ham qoʻlga olishni boshlaydilar. Ayni shu holatda toʻy masalasi ular uchun juda muhim va koʻzdan qochirib boʻlmaydigan mavzu sanalgan. 1914-yil oxirlarida, ayni Birinchi jahon urushi boʻlayotgan bir mahalda Samarqand jadidlaridan Hoji Muin va Nusratulla Qudratulla “Toʻy” nomli bir dramani sahnalashtirib, muvaffaqiyat qozonishdi. Dramaning qisqacha mazmuni bunday: juda boy bir odam oʻgʻlining sunnat toʻyi uchun haddan tashqari koʻp pul sarflab, oxir-oqibat xonavayron boʻladi. Birinchi pardada ikki guruh qahramonlar sahnaga chiqadi. Mahalla oqsoqoli boshchiligidagi bir guruh odamlar dabdabali toʻy qilmasa xalq oldida obroʻsi tushishini, Buxorodagi katta qozi ham bunga qarshi emasligini uqtiradi. Domulla boshchiligidagi ikkinchi guruhdagilar esa ichkilik va oʻyin-kulgi aralash toʻy shariatga koʻra harom sanalishini, toʻy uchun xarjlanishi maqsad qilingan pul maktablar va moddiyan muhtoj talabalarga sarflanishi toʻgʻriligini aytishadi. Ikkinchi guruhdan boʻlgan 80 yashar Hoji bobo Haj safarida Istanbulda Usmonli valiahdining sunnat toʻyiga shohid boʻlganini hikoya qiladi: “U marosimda na katta ziyofat, na koʻpkari tashkil etildi, faqatgina bir piyola choy berildi”, deydi. Bu fikrga qoʻshilgan bir bankir shunday gaplarni aytadi:

“Bir sunnatni oʻtkazish uchun oʻn besh ming soʻm xarajat qilib toʻy bermoqlik lozim emas. Yaʼni, kishi xatna uchun toʻy bermagan ila gunohkor boʻlmaydur. Toʻy va azalarda pul isrof qilmoq odati faqat bizning Turkistonda rasm boʻlib qolibdur. Boshqa mamlakat musulmonlari munday ahmoqlikni aslo qilmaydilar. Shuning uchun alar kundan kun boy boʻlib, bizlar esa bu isrofkorlik sababidan mulk va molimizdan ayrilib, gadoy holigʻa tushmakdamiz. Boy bobo! “Doʻst achitib aytadur, dushman kuldurub”, derlar. Men sizga xolis doʻst boʻlganim uchun aytarmanki, qancha mashaqqatlar koʻrib topgan oqchangizni behuda yergʻa isrof qilmang. Oxiri pushaymon boʻlursiz. Shu oʻn besh ming oqchadan besh ming soʻmini sarf qilib, oʻgʻillaringizni oʻqitsangiz. Ham oʻgʻillaringiz odam boʻladur va ham qolgan oʻn ming soʻmi kissangizda qolur”.

Biroq boy ularni tinglamasdan, qarz-havola badaliga dangʻillama toʻy qilib, oqibatda kafangado boʻladi. Oxirgi pardada takror sahnaga chiqqan bankir shunday deydi: “Oh! Voy! Biz, Turkiston musulmonlari, bu nodonlik balosidan qachon qutular ekanmiz? Bizlarni ilmsizlik sharobxoʻr qildi, juvonboz qildi, ahmoq va isrofkor qildi. Mana, oxiri beobro‘ va xonavayron qildi. Boshqa millatlar topgan pullarini ilm va maorif, din va millat yoʻliga sarf qilub, kundan kun taraqqiy topsalar, bizlar jaholat va nodonligimiz sababli topgan molimizni, hatto bog‘ va hovlimizni sotub, toʻy va aza, bazm va koʻpkari yoʻligʻa xarojat qilub, oʻzgalarning bir parcha noniga muhtoj va xor-zor boʻlmakdamiz. Agar biz, musulmonlar, ushbu fursatlarni gʻanimat bilub, toʻy va azada urf va rasm boʻlgan isroflarga barham bermasak, ozgina vaqtda hozirgi mulk-molimizdan ham ayrilub, oʻzimiz darbadar boʻlurmiz. Alloh taolo jumla musulmon birodarlarimizga ibrat koʻzi bersun”.

Bu drama haqiqatdan yiroq emas edi. 1911-yilda paxta yetishtirishning markazi boʻlgan Andijonda dong taratgan Mirkomilboy oʻzining boyligini koʻz-koʻz qilish uchun yigirma besh kun toʻy qilib, pul sochgani el ogʻzida doston boʻlgan. Sarflangan pul miqdori yigirma besh ming soʻm deb taxmin qilinadi. Jadidlarning shuncha ogohlantirishlariga qaramay, dabdabali toʻylar ham, xurofiy azalar ham barham topmagani gʻoyat achinarli holdir.

Dabdaba shariatga toʻgʻri keladimi?

Yuqorida biz mulohaza yuritgan masalada oʻziga xos bir mavzu mujassam edi, u ham boʻlsa “Toʻy shariatga toʻgʻri keladimi?” degan savol. Bunga jadidlar asosan rad javobini berar edi. Quyidagi misol ham fikrimizni isbotlaydi: 1914-yil aprelida toshkentlik jadidlar nashr etgan “Sadoyi Turkiston” gazetasida “Toʻy xususida savol” sarlavhali maqola bosiladi. Rahmatulloh Ahmad oʻgʻli bu maqolada oʻzining boshidan oʻtganlarini yozadi: “Men avvalroq Toshkentda yaxshi tanilgan savdogarlardan boʻlib, doim 300-400 ming soʻm miqdoridagi pul va mollarga egalik qilar edim. Biroq vaqt oʻtishi bilan mendan yoshroq savdogarlar va ziyoli chet elliklar ila boʻlgan ish raqobati oqibatida oʻz mavqeyimni yoʻqotdim. Ayni paytda uzoq yillar davomida yigʻgan pulimni bolalarim toʻylariga sarf qilib boʻldim, ammo yana olti farzandimni toʻyi kutib turibdi. Shu sababli yaqin orada rejalashtirayotgan sunnat toʻyimizni sodda qilib oʻtkazishni imom bilan gaplashdik. Biroq imom shunday dedi:

“Sen odatlarimizni yoʻq qilmoqchimisan?”

“Hazratim! Qoʻlimda biror nima yoʻq, pulni qaydan olay?”

Bu ishga bosh boʻlgan ellikboshi masalani domladan soʻraganida u shunday dedi: “Agar qoʻlingda puling boʻlmasa, uch-toʻrt joyda yering bor ekan. Ulardan birortasini sotib, topgan puling evaziga olim va fozillar duolaridan bahramand boʻla olasan. Bir toʻp beva-bechoralar ham bundan bahramand boʻlishadi. Agar bu ehsonni qilmasdan oʻzing bilganingcha ish koʻrguday boʻlsang, savobdan yuz oʻgirgan va hatto gunohkor boʻlasan. Bundan tashqari, xalq oldida obroʻsizlanasan va bu yerlardan bosh olib ketishingga toʻgʻri keladi”.

Bu soʻzlarga javob bermasdan domlaning oldidan chiqishim bilan oʻy surib bozor tomonga ketdim. Ammo u yerda sotib olgan gazetdagi bir jumla eʼtiborimni jalb qildi. “Tuprogʻimiz oltindir” nomli bir maqolada shunday yoziladi: “Yer sotib, toʻy berishni va janoza tashkil etishni shariatimiz buyurib turgani yoʻq”. Qiziq, domlaning soʻzi toʻgʻrimi yoki bu maqoladagi soʻzlar? Bu borada “Sadoyi Turkiston” muharriridan javob kutyapman”. (Rahmatulla Ahmad oʻgʻli 1914:№2: 3-4).

Hikoyaga oʻxshab ketadigan bu maqoladan ikki hafta oʻtib, “Sadoyi Turkiston”da javob bosilib chiqadi. Muharrir yozishicha, Toshkent ulamolaridan javob kelmagan, ammo Qoʻqon, Samarqand va Buxoro mufti va ulamolaridan qator javoblar olingan. Masalan, qoʻqonlik mudarrislardan biri shunday javob yozgan: “Katta madrasa mudarrisi boʻlganim uchun menga shu toʻylar sharofati bilan har yili besh soʻmdan koʻp tushum keladi. Toʻylar cheklanishi oqibatida eng koʻp zarar koʻradiganlar toifasidanman. Ammo umuman olganda, oʻrtaga tashlangan bu masala yuzasidan javobim boʻla turib sukut saqlashga vijdonim yoʻl qoʻymadi.

Savol: “Yer sotib toʻy bermagan inson gunohkor boʻladimi?”

Javob: “Bir insonning bir parcha yeri boʻlsa-yu, u bilan kuni oʻtib turgan boʻlsa, agar bu yerni sotgan mahali oʻzi nochor ahvolda qoladigan boʻlsa, bunday insonning yer sotib toʻy berishi gunoh hisoblanadi” (Iroda 1914:1).

Buxorolik mudarris esa toʻy shariatga toʻgʻri keladimi degan savolga quyidagicha javob beradi: “Hanafiy mazhabiga koʻra toʻy na farz, na vojib, na sunnat va na mustahabdir. Bu mavhum javoblarning rasmiy doiralarda taʼsiri boʻlmas. Jadidlar esa shariatga ergashgan holda bu kabi katta dabdabali toʻy ixlosmandlari bilan bahsga kirishganlarini tushunish mumkin”.

Jadidlar faqatgina taʼlim islohoti bilan cheklanib qolmay, ijtimoiy oʻzgarishlarga ham bosh boʻlib, toʻyning jamiyat uchun salbiy oqibatlarini ham nazardan chetda qoldirmagan. Mashhur oʻzbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy 1915-yilda “Baxtsiz kuyov” dramasini yozadi. Uning qisqacha mazmuni quyidagicha: ota-onasiz yosh yigit amakisining qistovi ostida oʻz uyini garovga berib, katta qarz olib, dabdabali toʻy qiladi. Biroq toʻydan keyin qarzini toʻlay olmaydi va natijada uyini qoʻldan boy beradi. Bor umidini yoʻqotgan yosh oila oʻz joniga qasd etadi. Bu fojiaviy dramada kamxarj toʻyni tavsiya qilgan ellikboshi va shohona toʻy talab qilgan qaynota Fayziboy hamda imom oʻrtasida shunday bir bahs yuzaga keladi:

“Ellikboshi: Shariʼati mustafoda shundoqki, kuyov tarafidin qizgʻa mahr taʼinlamoq, soʻngra bir kosa suv bilan nikohlamoq. Muhammad alayhissalom yigitdan pul olgʻil, palak, gulkoʻrpa, dorpoʻsh, tumor, qoʻltuqtumor qilgʻil, yigit qarzdor boʻlub qolsa ham mayli, deydilarmu? Hozirda biz turkistonliklardin boshqa jumla musulmonlar, xususan Makka, Madina, Istambullilar yuqoridagi aytkanimdek qilib qizni erga beradurlar, kuyovdan oqcha soʻramoqni nomusulmonlik deb biladurlar va bizlardek isrof qilmaydilar. (Domlaga qarab) Taqsir, siz ham tolibi ulumsiz, Xudo va rasulimizning buyruqlari shundoq emasmi? Va bu kishining soʻraganlari shariatdan tashqari emasmi?

Domla-imom: Har joyni musulmonlarining bir rasmi boʻladi, bizlargʻa ham shundoq qilmoq rasmdur.

Ellikboshi: Har joyni musulmonlarining rasmlari emas. Boshqa viloyat musulmonlari shariatka muvofiq rasm bilan qiladurlar. Ammo bizlar shariatka teskari johiliyat zamonidan qolgan bidʼat ila qilamiz.

Fayziboy: Agarda bizlar shariatka muvofiq qizimizni erga bersak, xalq bizni ayb qilub kuladilar, munga nima deysiz, bizni xalqgʻa kulgi boʻlganimiz yaxshimi?

Ellikboshi: Xalq! Xalq shariatni masxara qiladilarmi? Siz meni aytkanimni qilabering, xalq sizdan kulsa, shariʼat buyrugʻini qildim desangiz, hech kim hech nima deyolmaydur, agar ayb qilsa, gunohkor boʻladur” (Rizayev, “Jadid dramasi”, 1997: 183-184).

Abdulla Qodiriyning isrofgarchiliklarga toʻla toʻylarga nisbatan tanqidiy munosabati “johiliyatdan qolgan bidʼat” jumlasidan tushuniladi. Bu munozarada eʼtiborimizni tortgan yana bir nuqta bunday toʻylarni oqlash uchun Turkistonda keng tarqalgan urf-odatni muhim deb bilgan imom va islomning umumiy qoidasini ilgari surgan ellikboshi oʻrtasidagi qarama-qarshilikdir. Aslida, bu ziddiyat oʻzlariga urf-odatlarni qalqon qilgan dabdabali toʻy ixlosmandlari bilan Islom qonun-qoidasiga asosan ijtimoiy islohot tarafdorlari boʻlgan jadidlar oʻrtasidagi qarama-qarshilikni koʻrsatib beradi. Kamchilikni tashkil etgan jadidlar qarshi tomon bilan kurashda shariatga murojaat qiladilar. Zotan, umuminsoniy va mahalliy qarashlar orasidagi ziddiyatlar hozir ham mavjud.

Sovet va undan keyingi davr toʻylari

1917-yil fevral oyida Chor hukumati yakun topgach, jadidlar yangi Rossiya hukumati tarkibida avtonom Turkistonni tashkil etishga kirishadi. Bu borada yoʻlboshchilik qilgan “Shoʻroyi islomiya” tomonidan tashkil etilgan qoʻmita toʻy uchun sarf-xarajatlarning kamaytirilishi va u bilan bogʻliq marosimlarning ixchamlashtirilishi xususida taklif bilan chiqadi. 1919-yilda toʻy borasidagi islohotlar xususida Hoji Muin shunday deydi: “Nikoh toʻyinda ikki turli yomon odatimiz borkim, alardan bir qismining axloqiy jihatdan, ikkinchi qismining moliy jihatdan koʻb zarari bordir. Mana shul urf-u rusumlarning baʼzisini butun barham bermak va baʼzisini isloh etmak lozimdir. Nikoh toʻyi zohiran bizning koʻzimizga bir toʻy kabi koʻrunsa ham, lekin haqiqatda oʻzi besh toʻydir. Chunki “Non shikanon” (sindirish), “Fotiha”, “Nikoh”, “Roʻyi binon” (yuz ochdi) va “Domod talabon” (kuyovchaqirdi)ning har qayusi bir toʻydirkim, bulargʻa minglarcha soʻm isrof boʻladir. Bu toʻylardan “nikoh” va “roʻy binon”dan boshqalari ortuqdir. “Non shikanon”ga 3-4 kishidan ziyoda odam yubormak hojat emas. Oʻshandoq “nikoh” va “roʻyi binon” toʻylarigʻa yor-u doʻst va qarindoshlardan 30-20 dan ortuq kishilarni chaqirmasliq kerakdir” (Hoji Muin, “Tanlangan asarlar”, 2005: 91).

1917-yildagi inqilobdan soʻng boshlangan ichki kurashlar natijasida Turkistonda aholining ijtimoiy holati yomonlashgan edi. Bu oʻrinda Hoji Muinning xalqni ogohlikka chorlashi eʼtiborimizni oʻziga jalb qiladi. Yana shuni taʼkidlash joizki, XX asr boshlarida nikoh toʻylari zamonaviy koʻrinish ola boshlagan edi.

1920-yillar oʻrtalariga qadar jadidlar taʼlim, madaniyat va ijtimoiy islohotlarda Sovet hukumati bilan hamkorlikda ish olib borgan. Ayniqsa, boshlangʻich maktablar sonini koʻpaytirish va bu orqali oliy taʼlimga yoʻl ochish ularning ustuvor maqsadlaridan biri edi. Biroq Sovet hukumati islomga qarshi siyosat yuritish bilan birgalikda “millatchilar”ga qarshi kurash boshlagach, jadidlar harakati ham cheklandi. Oxir-oqibat, 1930-yillarda Munavvar qori, Hoji Muin, Abdulla Qodiriy va boshqa jadidlar Stalinning qurboniga aylandi. Ularning oʻrniga kelganlar esa sovet taʼlimini koʻrgan, “sindirilgan” avloddan iborat yangi qatlam edi.

Sovet davrida dinga qarshi harakatlar olib borilgan bir paytda Oʻrta Osiyo xalqlari orasida avvalgidek dabdabali boʻlmasa ham, toʻy marosimlari boʻlgani ayon. 1949-yilda tayyorlangan rasmiy hisobotga koʻra musulmonlar namozdan ham koʻra koʻproq nikoh toʻyi, sunnat toʻyi, janoza marosimlarida ishtirok etishar edi. Bu “chuqur ildiz otgan” marosimlarga qarshi kurashish kommunistlarning asosiy vazifalaridan biri boʻlgan. 1960-yillarning ikkinchi yarmida ham sovet usulida nikoh marosimini oʻtkazishni maʼqul koʻruvchilar soni oz emas edi. Ularning fikricha, nikoh aslida diniy emas, milliy marosim sanalgan. Yosh juftliklar orasida oila aʼzolari va qavmi-qarindoshlar raʼyiga qarshi bora olmay milliy va diniy marosimga rozi boʻluvchilari ham uchrab turgan. 1991-yilga kelib Toshkentdek shahri azimda “toʻyxona”lar ham topilar edi...

Qayta qurish davrida sovet hukumatining dinga qarshi siyosatiga barham berilgach, Oʻrta Osiyoda islom qaytadan jonlana boshladi va bu bilan birga toʻylarga ham qaytadan jon kirdi. Buning ortida bozor iqtisodiyotining taʼsiri borligiga hech shubha yoʻq. Biz birinchi qismda tahlil etganimizdek, toʻylar qancha sarf-xarajatli boʻlsa, aholining ham shunchalik vasvasasi kuchaya borar edi.

Umuman olganda, toʻy har bir davrning oʻziga xos jihatlarini koʻrsatib beradi. Toʻy har qanday tanqidlarga uchrasa ham, sobit tura olishga muvaffaq boʻlganini kuzatish mumkin. Oxirgi yillarda Turkiston zaminida dinga qaytish bilan birga ichkiliksiz, ayol va erkaklar alohida ajratilgan “islomiy toʻylar” ham maydonga keldi. Buning sabablarini tahlil etish uchun biz ham vaqti-vaqti bilan toʻylarda ishtirok etishimizga toʻgʻri keladi.

Fikrimizni oʻzbekning buyuk shoiri Erkin Vohidovning “Nega yapon yuz yil yashar?” sheʼri bilan xulosalashni maʼqul topdik:

Nega yapon yuz yil yashar-u,

Oʻzbek buncha yoshga bormaydi?

Chunki yapon bizdek qorongʻu

Sahar turib oshga bormaydi.

Taʼziyada el koʻzi uchun

Ming kishilik ziyofat qurmas.

Hayiti yoʻq, bel bogʻlab uch kun

Shamday qotib koʻchada turmas.

Garchi bizdan yuz bor farovon,

Garchi bizdan yuz karra toʻqdir.

Toʻy xarjida yuzta boy yapon

Bir kambagʻal oʻzbekcha yoʻqdir.

Bu soʻzimni yaponga aytsam

Dedi battar qisib koʻzini:

 – Yapon bundoq yasholmas hech ham,

Xarakiri qilar oʻzini!

Maqolani Munira KARIMOVA tayyorladi.

“Jadid” gazetasi, 2025-yil 21-fevral, 8-son.

“Oʻzbek toʻylari: oʻtmishda va hozir” maqolasi