Uchinchi kun

19-iyul ham ortda qoldi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tizimidagi xodimlar “Maʼrifiy targʻibot ishlari samarasi va taʼsirchanligini yanada oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar” mavzusidagi oʻquv seminarining har bir kunidan oʻziga xos taassurotlar va yangi bilimlar olmoqda. Anʼanaga koʻra, uchinchi kundagi qiziqarli sekundomer voqealarini ham sizlarga ulashamiz.

9.45

Yoshlar ishlari agentligi boʻlim boshligʻi Sherzod Olimov “Mahallalar kesimida uyushmagan yoshlar oʻrtasida maʼrifiy targʻibot ishlarini tashkil etishning qulay, zamonaviy va taʼsirchan usullari” mavzusidagi mashgʻulotini turli auditoriya metodlaridan foydalangan holda olib bormoqda. Dialoglar, oʻyinlar, amaliy mashgʻulotlarga boy dars seminar ishtirokchilariga juda maʼqul boʻldi. Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumani boʻlinmasi rahbari Dilnoza Nazirova mentorimiz Sherzod Olimov mashgʻulotiga yuqori baho berdi va darsdagi uch fikrni eʼtirof etdi:

– Avvalo maʼnaviyatchining oʻzida maʼnaviyat boʻlishi kerak;

– Savol berilganda javobni aylantirish kerak emas;

– Biz ergashuvchi emasmiz, ergashtiruvchimiz.

 

10.25

Darsning muhokamasiga berilib ketgan uch hamkasb “maʼnaviyatchi”larning gapini boʻldik. Ularga seminarlar haqida savol bilan murojaat qilganimizda birin-ketin fikrlar yomgʻiri ostida qoldik.

Masalan, Toshkent shahri Mirobod tumani boʻlinmasi bosh mutaxassisi Nargiza Poʻlatova yosh mentor salohiyatini ijobiy baholadi:

– Taʼsirchan va aniq nutqiy qobiliyati bor ekan, auditoriyani oʻziga tez jalb eta oldi va seminar olib borish tajribasini koʻrsatdi. Men oʻylaymanki, yoshlarimiz orasida aynan mana shunday kuchli mutaxassislar koʻp.

Fikrni Uchtepa tumani boʻlinmasi rahbari Saodat Norqobilova davom ettirdi:

– Uch piyolaga suv quyildi, ikkitasi boshqalarga tarqatildi, bittasi oʻzida qoldi. Avval suvni ichib koʻrdi va boshqalarga ham ichish uchun ruxsat berdi. Bu amaliy jarayondan tushundimki, yaxshi mutaxassis har qanday vaziyatni oldin oʻzidan oʻtkazishi, oʻzida sinab koʻrishi va undan keyin boshqalarga tavsiya qilishi kerak.

Bektemir tumani boʻlinmasi bosh mutaxassisi Navbahor Valiyeva qizgʻin suhbatni yakunlab berdi:

– Mentorning yana bir fikri yoqdi: “15 daqiqa ishlaymiz, 15 daqiqa dam olamiz, lekin natija koʻrsatamiz”. Bu fikrning mohiyati shundaki, mutaxassis dam olish davomida oʻz ustida ishlaydi, qirralarini kuchaytiradi va ishonch bilan ishga kirishadi.

10.50

Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mukarram Nurmatova “Aholi, ayniqsa, yoshlarning boʻsh vaqtini tashkil etish boʻyicha mahallalar kesimida oʻtkaziladigan maʼrifiy targʻibot ishlari toʻgʻrisida” dars olib borilyapti. Tizim xodimlari orasida ayollarimiz koʻpligi bois mentor ketma-ket savollar qurshovida qolib ketdi. Oʻylaymizki, koʻpchilik uchun foydali maʼlumotlar berildi.

11.30

“Mening yurtim 5” telekanali bosh muharriri Dilshod Mamaturdiyev mashgʻulot olib bormoqda. Asosiy mavzu ijtimoiy videoroliklar tayyorlash bilan bogʻliq. Bu koʻplab mutaxassislar uchun kutilgan mavzu edi. Mashgʻulot davomida zaruriy maʼlumotlar va namunaviy videoroliklar taqdim etildi. Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani boʻlinmasi rahbari Rustam Yodgorov dars yuzasidan fikrini bildirdi:

– Ochigʻi, videoroliklar boʻyicha menda juda koʻp savol bor edi, lekin bu savollarni kimga berishni bilmayotgandim. Bu mashgʻulot orqali oʻz savollarimga javob oldim.

12.20

Oromgoh amfiteatri monitori maʼnaviy kinoteatrga aylandi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov tashabbusi bilan markazning bir qancha namunaviy roliklari namoyish etilmoqda. Mediasavodxonlik alohida zaruratga aylangan bir vaqtda bu ijtimoiy roliklar tizim xodimlari uchun ayni muddao boʻldi.

14.10

Tushlikdan soʻng seminar ishtirokchilari uchun tanaffus eʼlon qilindi. Kimdir dam olayapti, kimdir ochiq tabiat qoʻynida sayr qilayapti, kimdir suv havzasida choʻmilayapti. Umuman olganda, keyingi jarayonlar uchun kuch toʻplandi.

15.15

“IT sohasida yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar” mavzusida mashgʻulot olib borilmoqda. Mentorimiz “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ ijrochi direktori Abdulahad Qoʻchqorov sohaga oid yangi bilimlarni ulashmoqda. Mashgʻulot davomida frilanserlar va ularning daromadlari yuzasidan berilgan raqamlar seminar ishtirokchilarida qiziqish uygʻotdi. Mentorning fikriga koʻra:

– Haqiqiy mutaxassis ish qidirmaydi, ish Uni qidiradi.

 

16.25

Oromgoh amfiteatrida boʻlinma rahbarlari oʻz faoliyatlari yuzasidan hisobot va istiqboldagi rejalar taqdimotlarini oʻtkazmoqdalar. Tan olib aytish kerak, bu taqdimotlarni tayyorlash uchun mutaxassislar oʻz uyqularidan ham voz kechishdi. Bu orada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Jizzax viloyati boʻlimi rahbari Iqboloy Umarovaning fikrlarini tinglashga ham ulgurdik:

– Viloyat boʻlimi rahbalari tez-tez xabarlashib turamiz. Lekin tuman boʻlinmalari oʻrtasida aloqa deyarli yoʻq edi. Shaxsan men butun respublika boʻylab soha vakillarini oʻzaro birlashganidan, bir-biri bilan tanishganidan xursand boʻldim. Umuman seminar uchun oromgohning tanlangani ham tizim xodimlari uchun munosib sovgʻa boʻldi.

18.20

Oromgohni shovqin egallagan. Bir tomonda ayollar oʻrtasida voleybol, bir tomonda esa erkaklar oʻrtasida futbol musobaqasi oʻtkazilayapti. Oʻzaro oʻrtoqlik oʻyinlarida seminar ishtirokchilari yanada ahil jamoaga aylandi. Hammaning fikri umumiy bir mazmunda:

– Sport musobaqalari orqali uch kunlik seminarning yaxshi maʼnodagi charchoqlari chiqib ketdi.

 

21.30

Kechki ovqatdan soʻng seminar ishtirokchilari oromgohning turli burchaklarida toʻplanishgan. Kimdir milliy qoʻshiqlar ijrosi bilan ovora, kimdir turli jamoaviy oʻyinlar bilan band. Qiziqarli va muhim yangiliklarga boy boʻlgan yana bir kun oʻz nihoyasiga yetdi.

Yana bir kunlik muddatimiz qoldi.