Taniqli olim Vissarion Belinskiy “Xalqlarning oʻziga xosligi ularning fikrlashida, atrofga, narsalarga munosabatida, dini va tilida, ayniqsa, urf-odatlarida namoyon boʻladi. Bu xususiyatlar orasida urf-odatlar eng muhimi boʻlib, xalqning eng xarakterli fazilatlarini oʻzida ifodalaydi”, deya taʼkidlaydi[1]. Chindan ham millatni, xalqni oʻrganarkanmiz, uning odatlari, anʼanalariga birinchi boʻlib eʼtibor qaratish lozim. Bolalar folklori ham elning urf-odatlari va milliy udumlarining ajralmas qismi hisoblanadi. Xususan, qoraqalpoq xalqida ham shunday. Diyorimizda qoraqalpoq bolalar milliy oʻyinlarining xorijlik olimlar tomonidan oʻrganilish jarayoni XIX asrlardan boshlangan. Ayniqsa, 1928-1929-yillarda Qoraqalpogʻistonda orenburglik oʻlkashunos, etnograf olim Aleksandr Lavlentevich Melkov boshchiligidagi ekspeditsiya guruhi bu borada qiziqarli ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan.
Ekspeditsiya davomida qoraqalpoqlarning kundalik hayoti, turmushini xarakterlovchi materiallar – eski uy buyumlari, milliy liboslar, zargarlik buyumlari, hunarmandchilik, dehqonchilik va chorvachilik, baliqchilik anjomlari, shuningdek, mingga yaqin fotosuratlar toʻplangan[2]. Jumladan, qoraqalpoq milliy bolalar va oʻsmirlar oʻyinlari ham tadqiqotchilar nazaridan chetda qolmagan. Melkov Qoraqalpogʻistonning shimoliy tumanlari Kegeyli, Taxtakoʻpir va Chimboy tumanlarida boʻlib, milliy oʻyinlar: “Áwelemen-dúwelemen”, “At-eshek”, “Gúres”, “Qazan”, “Iyt Quyrıq”, “Arqan tartıs”, “Ór-teke” va “Qaraqulaq” kabi oʻyinlaridan fotolavhalar oladi. (Ushbu suratlar ayni paytda Rossiya Fanlar akademiyasining Buyuk Petr nomidagi antropologiya va etnografiya muzeyida saqlanadi[3])
Xoʻsh, Melkov suratga olgan oʻyinlarning koʻrinishi, oʻyin qoidalari, ularning bolalar tarbiyasidagi o’rni qanday boʻlgan? Quyida shularni tahlil qilamiz.
“Áwelemen-dúwelemen”. Bu o‛yin kichik yoshdagi bolalarga moʻljallangan bo‛lib, unda ikki yoki undan ortiq bolalar doira shaklida, oyoqlarini bir-biriga tekkizgan holda oldga choʻzib, tizilib o‛tirishadi. Ulardan biri oyoqlarni izma-iz:
Áwelemen-dúwelemen
Salqan iyttiń sanı menen
Áwez molla qayda ketti
Duzǵa ketti
Qashan keler
Jaz keler
Jaz kelmese
Gúz keler
Pállámpish
Sen tur, sen shıq! deya sanaydi.

Eng so‛nggi “Pállámpish, Sen tur, sen shıq!” buyrug‛i aytilganda barmoqqa toʻgʻri kelgan oyoqlar chiqib ketadi. Shu tariqa eng so‛ngida kimning oyog‛i oʻz o‛rnida qolsa shu bola yutgan bo‛ladi[4]. Maʼlum boʻladiki, bu o‛yin bolalarning til boyligini oshirish bilan birga, ularni chaqqonlikka, topqirlikka undaydi.
Qazan (qozon) o‛yini bolalar orasida ikki tomonlama eshigi mavjud aylanma burchakli va yarim doira qozoni bor maydon (chiziq) orasida o‛ynaladi. O‛yinda qozon chiziqlarining kengligiga qarab, beshga-besh, yettiga-yetti va oʻnga-oʻn tarzida ikki guruhga bo‛linib o‛ynash mumkin. Unda bolalar to‛rtburchakning eng yuqori qismiga joylashadi. Ular raqib guruhning xonasiga ochiq yo‛l orqali kirib, belgilangan yerga oyoq bossa, upay (ochko) yoziladi. Bundan keyin o‛yin yana boshlanadi. Qozonda turib qolganlarni tashqaridagilar tortib chiqarsa ham bo‛ladi. Ammo, albatta, ular o‛z xonasini qo‛riqlab turadi. O‛yinda g‛olib guruh shu tariqa, yaʼni qaysi guruh raqib xonasiga kirib borib, belgilangan yerga ko‛p marotaba oyoq bosgani bilan aniqlanadi[5].

“Arqan tartıs”. (Arqon tortishuv) Oʻyinni boshlash uchun 8-12 metr arqon kerak boʻladi. Hakamlar tomonidan qoq oʻrtadan chegara chizigʻi chizilib, 6, 10 va 15 boladan iborat ikki guruhga boʻlingan ishtirokchilar arqonni qarama-qarshi, yaʼni oʻzlari tarafga birlashib tortadi. Qaysi guruh arqonni oʻrtadagi chegara chizigʻidan oʻzlari tarafga oʻtkazsa, shu guruh gʻolib hisoblanadi. Oʻyinni shu tarzda ikki-uch marotaba qaytarib oʻynash mumkin[6].

“Iyt quyrıq” (It dumi) o‛yinida oʻyinchilar ikki guruhga boʻlinib, ikki “kolonna”da bir-birining belidan quchoqlab ushlab turadi. Har guruh sardori eng soʻnggi oʻyinchisini ushlashga harakat qiladi. Bunda “kolonna” buzilmasligi kerak. Koʻp oʻyinchini chiqargan guruh gʻolib boʻladi. Oʻyin bolalarda bir boʻlib harakat qilish, doʻstlik tuygʻusini kuchaytirishga xizmat qiladi[7].

“At-eshek” (ot-eshak) bolalarning chaqqonligini oshirishga qaratilgan. Oʻyin shartiga koʻra, dastlab ikki juft bola oʻrtaga bir chuqur qazib, undan 3 yoki 4 metr uzoqlikda turadi. Keyin oʻrik danagidек keladigan 4 toshni olib chuqurga uloqtiradi. Chuqurga toshlarning bittasi tushsa eshak, ikkisida ot, uchtasida vazir, toʻrttala tosh ham tushsa shoh boʻladi. Oʻyin shartiga koʻra, bitta tosh tushirib eshak boʻlgan bolaning beliga faqat vazir mina oladi. Ikki toshni tushirib ot boʻlgan bolaning beliga shoh mina oladi. Oʻyin shu taqlid davom etadi. Bu oʻyin bolalar oʻrtasida shoh-vazir oʻyini deb ham nomlanadi.

“Gúres” – (kurash) xalqimizning eskidan kelayotgan, mardlik va botirlik timsoli boʻlgan milliy oʻyinlardan biri hisoblanadi. Bellashuv qoidasi boʻyicha polvonlar bir-birining choponi (chekmani), belbogʻi, yoqa va yengidan ushlab, qo-l-oyoqlarini ishlatgan holda raqibining yovurini (orqasi)dan yerga tekkizishga harakat qiladi. Milliy kurashda hakam tomonidan polvonlarga “kurash!”, “toʻxta!” buyruqlari, “tanbeh”, ”dakki” yoki “gʻirrom” ogohlantirishlari, “chala”, ”yonbosh” va umumiy gʻoliblikni bildiruvchi “halol” darajalari beriladi.

Melkov ekspeditsiyasi vaqtida bu oʻyinlardan tashqari bizga faqat oʻyin atamasi maʼlum boʻlgan “Ór-teke” (Oʻr-taka) va “Qaraqulaq” (qoraquloq), shuningdek, yana nomsiz harakatli oʻyinlar rasmga olinganki, ular ham eʼtibor berishga, tahlil qilishga arziydi.
“Ór-teke” (Oʻr-taka) deb nomlangan suratda ikki bola bir-biriga qarama-qarshi oʻtirgan holda, oʻrtadagi yerga koʻzlari tikilgani aks etgan. Oʻyin nomidan uni chorvachilikka bogʻliq oʻyin boʻlishi mumkinligini taxmin qilish mumkin.

“Qaraqulaq” (qoraquloq). Qoraquloq bu – mushuklar sinfiga kiradigan yirik choʻl mushugi (qora qoli) boʻlib, qoraqalpoq oilalarida itni ham shu nom bilan ataydilar. Shu nomli suratda qumlikka yigʻilgan bir guruh oʻyinchilar va oʻrtada tizzalagan holda qoʻllarini yengiga tiqib bukchayib oʻtirgan bola tasvirlangan. Bolaning choponi ichiga solingan nimadir orqasida doʻppayib turganini, boshiga roʻmol bilan ikki hurpaygan, qalin qora yungdan ishlangan “quloq” bogʻlanganini koʻrish mumkin. Bu yerda ular qoraquloqning ikki qulogʻi vazifasini o’tagani aniq. Afsuski, bu oʻyinning ham toʻliq qoidasi maʼlum emas.

Nomi noma’lum boʻlgan yana bir oʻyin surati odamni oʻyga toldiradi. Diniy marosimlarni eslatuvchi oʻyinda bir guruh bola doira shaklida yigʻilgan. Oʻrtadagi bolakay esa ikki qoʻlini osmonga uzatib, hukm oʻqib turgan kishi sifatida koʻrinish bergan. Uning oyoqlari ostida esa boshqa bir bola chalqanchasiga yotibdi. Davrani oʻrab turgan boshqa bolalar ham qoʻllarini oldinga choʻzishgan. Bu oʻyinni qaysidir diniy marosimlarni koʻrgan yoki eshitgan bolalarning kattalarga taqlidi deyish mumkindir, balki.

Suratlarda aks etgan bu oʻyinlarning baʼzilari hozir ham qoraqalpoq bolalari oʻrtasida oʻynalsa, baʼzilari hatto kattalarning ham yodidan koʻtarilgani rost. Bunga sabab faqatgina texnologiyalar rivoji, avlodlar oʻrtasidagi ayrolik emas, balki ularning kam oʻrganilishi, targʻib qilinmasligida ham deyish mumkin. Milliy oʻyinlar faqatgina oddiy oʻyin emas, balki millat bolasining ruhini, xarakterini, tarbiyasini belgilashga koʻmakchi ekan, nega ularga beparvo boʻlishimiz kerak. Afsuski, bugun bu narsa jamiyat nazaridan chetda, soyada qolgandek. Bugun qoʻliga telefon “yopishib” qolgan, boshini internet oʻyinlaridan koʻtarmaydigan avlod ertaga onlayn qimor oʻynovchi, ruhi siniq, harakatsiz, intilishsiz bolalarga aylanmaydi, deya olamizmi? Shunday ekan, milliy oʻyinlarimizni oʻrganish, farzandlarimiz hayotiga qaytarish borasida hali koʻp izlanishlar olib borilishi kerak, nazarimda. Chunki millat bolasining taqdiri oʻyin emas.
Charjaubay ELMURATOV,
OʻzJOKU 2-kurs magistranti
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.B.G.Belinkiy. «Adabiy orzular», Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti. Toshkent – 1977, 6-bet.
2.Ámirlan.S.E. «Qaraqalpaq balalar folklorı úlgileriniń jıynalıw hám járiyalanıw máseleleri». «Xalıq awızeki dóretiwshiligi milliy hám ulıwmainsanıy qádiriyatlar sistemasında» Xalıqaralıq ilimiy konferenciya materialları. Nókis, 2015-jıl, 26-27-noyabr. 97-99-betlar
3.Экспонаты Кунсткамера (kunstkamera.ru)
4.K.Esemuratov, P.Serimbetov. Qaraqalpaq milliy háreketli oyınların úyreniw. Nókis, Qaraqalpaqstan – 2005. 16-bet.
5.K.Esemuratov, P.Serimbetov. Qaraqalpaq milliy háreketli oyınların úyreniw. Nókis, Qaraqalpaqstan – 2005. 16-bet.
6.K.Esemuratov. Denetárbiyası, Nókis, bilim -1994. 66-bet.
7.K.Esemuratov. Denetárbiyası, Nókis, bilim -1994. 63-bet.