Tarixda mustahkam Troya devorlarini 10 yillik urush yenga olmagan edi, ammo birgina “jozibali sovgʻa” – Troyan oti shaharni ichkaridan vayron qildi. Bugungi kunning “Troya oti” – aynan destruktiv gʻoyalardir. Ular bizga ochiq dushman sifatida emas, balki “zamonaviy madaniyat”, “erkinlik” yoki “yangicha qarash” niqobi ostida kirib kelmoqda. Biz bu “joziba”ni qabul qilib, oʻz maʼnaviy qoʻrgʻonimiz darvozalarini oʻz qoʻlimiz bilan ochib bermayapmizmi?
Bugungi geosiyosiy jarayonlar shuni koʻrsatmoqdaki, axborot makoni – bu shunchaki yangiliklar lentasi emas, balki strategik maydondir.
Aslida, destruktiv (buzgʻunchi) axborot – XXI asr ixtirosi emas. Insoniyat paydo boʻlibdiki, axborot hukmronlik quroli boʻlib kelgan. Tarixchilarning yozishicha, hatto Chingizxon qoʻshinlari hujumdan oldin shaharlarga savdogar qiyofasidagi josuslarini yuborib, “Moʻgʻul armiyasi son-sanoqsiz va shafqatsiz” degan vahimali mish-mishlarni (qadimgi “feyk”larni) tarqatishgan.
Bugun esa bu jarayon texnologik va ilmiy tus oldi. Amerikalik sotsiolog Jozef Overton nazariyasiga koʻra, jamiyat uchun mutlaqo yot va jirkanch gʻoyani ham sekin-asta “norma”ga aylantirish mumkin. Destruktiv kontent yaratuvchilari aynan shu texnologiyadan foydalanadilar: avval taqiqni buzish, keyin muhokama qilish, soʻngra koʻnikish hosil qilish. Taniqli futurolog Elvin Toffler ogohlantirganidek, insoniyat “Axborot ortiqchaligi” kasalligiga uchradi, natijada haqiqatni yolgʻondan ajrata olmay, ruhiy himoya qobigʻi sindi.
Xoʻsh, bu nazariyalar hayotimizda qanday aks etyapti? Avvallari buzgʻunchi gʻoyalar yashirin yigʻinlar orqali tarqalgan boʻlsa, bugun mexanizm tubdan oʻzgardi. Ijtimoiy tarmoqlar algoritmi foydalanuvchiga faqat unga yoqadigan narsani koʻrsatishga moslashgan. Kuzatuvchi tomosha qilgan video yoki umuman shunga oʻxshash kontentni tizim “tiqishtira boshlaydi” va uni oʻsha “botqoq”qa tortib ketadi.
Keling, uzoqqa bormaylik, oddiygina “trend”ga chiqqan “prank” (qaltis hazil) videolarini tahlil qilaylik. Koʻrinishi – kulgili, maqsadi – “layk” yigʻish (monetizatsiya). Ammo uning ichida dahshatli “viruslar” yashiringan:
Birinchidan, qadriyatlarning yemirilishi. Koʻchada keksa odamni qoʻrqitish yoki oʻqituvchini mazax qilib videoga olish – sharqona “hurmat” va “andisha” tushunchalarini ildizi bilan qoʻporib tashlaydi.
Ikkinchidan, oila muqaddasligiga tajovuz. Ijtimoiy tarmoqlarda er-xotinlik munosabatlari, hatto yotoqxona sirlariga oid mavzularni “hazil” niqobi ostida olib chiqish urfga kirdi. Ayolning oʻz turmush oʻrtogʻini masxara qilishi yoki erning oʻz ayolini qoʻrqitib, ustidan kulishi – bu shunchaki hazil emas. Oiladagi pardaning koʻtarilishi va hurmatning sinishidir. Oila-shaxsiy makondan har qanday masalasini ommaga muhokama qildiradigan “aylanma stol”ga aylandi.
Uchinchidan, vahima va shafqatsizlik. Axborot makonidagi buzgʻunchilikning yana bir choʻqqisi – bu insonning rahm-shafqat tuygʻusi bilan oʻynashishdir. Masalan, qoʻlidagi “goʻdak”ni (aslida qogʻirchoq) koʻprikdan tashlab yuborish sahnasi aks etgan “prank”lar. Bu yerda bloger insonlarning hayotni saqlab qolish instinktini ekspluatatsiya qilmoqda. Oqibatda nima boʻladi? Odamlarda befarqlik uygʻonadi. Ertaga haqiqiy bola yordamga muhtoj boʻlganida, odamlar “bu yana navbatdagi prank boʻlsa kerak” deb ikkilanib qolishadi. Bu millatning ijtimoiy ishonch poydevorini yemiradi.
“Verter effekti” va ijtimoiy taqlid
Ushbu fenomenning kelib chiqishi XVIII asr nemis adabiyotiga borib taqaladi. 1774-yilda buyuk nemis yozuvchisi Iogann Volfgang fon Gyote oʻzining “Yosh Verterning iztiroblari” (Die Leiden des jungen Werthers) romanini nashr ettiradi. Asar syujeti javobsiz muhabbat tufayli chuqur iztirobga tushgan va yakunda oʻz joniga qasd qilgan yigit – Verter hayotiga bagʻishlangan edi. Roman nashr etilgandan soʻng Yevropada kutilmagan ijtimoiy rezonans kuzatildi. Asar yoshlar orasida shu qadar mashhurlashdiki, u nafaqat kiyinish uslubiga (koʻplab yoshlar Verter kabi sariq nimcha va koʻk frak kiya boshladilar), balki ularning xulq-atvoriga ham halokatli taʼsir koʻrsatdi. Germaniya, Fransiya va Daniyada roman qahramoniga taqlid qilgan holda oʻz joniga qasd qilish holatlari toʻlqinsimon tarzda koʻpayib ketdi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, Leyptsig, Kopengagen va Milanda hukumat ushbu kitob tarqalishini taqiqlashga majbur boʻldi. Bu – axborot mahsulotining destruktiv potensiali namoyon boʻlgan tarixdagi ilk yirik hodisalardan biri edi.
Oradan ikki asr oʻtib, 1974-yilda amerikalik sotsiolog Devid Fillips (David Phillips) ushbu tarixiy voqelikni ilmiy asoslab berdi va unga “Verter effekti” terminini qoʻlladi. Fillips oʻz tadqiqotlarida ommaviy axborot vositalarida oʻz joniga qasd qilish holatlari qanchalik keng va sensatsion ruhda yoritilsa, jamiyatda shunga oʻxshash harakatlar soni statistik jihatdan ortishini isbotladi.
Zamonaviy internet makonidagi ahamiyati: Bugungi raqamli davrda Verter effekti oʻzining klassik shaklidan oʻtib, yangi – “Raqamli Verter effekti” koʻrinishini oldi. Agar XVIII asrda yoshlarga badiiy asar taʼsir oʻtkazgan boʻlsa, hozirgi kunda internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlardagi (TikTok, YouTube, Instagram) pranklar, xavfli chellenjlar va trendlar xuddi shunday taqlidiy zanjir reaksiyasini keltirib chiqarmoqda. Statistikaga eʼtibor bering: agar ijtimoiy tarmoqda bitta “original” buzgʻunchi video (masalan, oʻqituvchini mazax qilish) trendga chiqsa, keyingi 24 soat ichida uning 10 mingdan ortiq nusxalari (klonlari) paydo boʻladi. Nega? Yoshlar ongidagi oddiy arifmetika: demak, video 1 million marta koʻrilgan boʻlsa, ular oʻsha zahotiyoq oʻzlarini ham xuddi shunday tutib, videoga olib tarqata boshlaydilar.
Xuddi virusning tarqalishidek. Birgina “bemor” (bloger) bir kunda necha yuz ming, ehtimol millionlab ongni “kasallantirishi” mumkin. Natijada, kechagina uyat sanalgan harakat, bugun minglab odamlar takrorlaydigan oddiy holatga – normaga aylanadi.
Raqamlar va diqqat
Microsoft kompaniyasi oʻtkazgan tadqiqotlarga koʻra, 2000-yilda insonning diqqatini bir joyda ushlab turish vaqti oʻrtacha 12 soniya boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich 8 soniyaga tushib qoldi (taqqoslash uchun: tilla baliqchaning xotirasi 9 soniya). Destruktiv kontent “ijodkorlari” buni juda yaxshi bilishadi. Ular videoning dastlabki 3 soniyasidayoq shok, qichqiriq yoki agressiya bilan kuzatuvchining diqqatini “qarmoq”qa ilintiradi.
Yana bir ogʻriqli fakt. Tahlillarga koʻra, ijtimoiy tarmoqlardagi koʻngilochar va “fast-fud” kontent (prank, yengil hazil) taʼlim va tarbiyaviy kontentga qaraganda oʻrtacha 6 barobar tezroq tarqaladi va 10 barobar koʻproq izoh yigʻadi. Bu shuni anglatadiki, bizning maʼrifiy kitob yoki maqolamiz bir qadam tashlaguncha, buzgʻunchi video allaqachon dunyoni aylanib chiqishga ulgurmoqda.
“1-9-90 qonuni”ga qarshi kurash
Mintaqamizdagi eng qadimiy taʼlimotlardan biri boʻlgan Zardushtiylikda destruktiv gʻoya ilk bor tizimlashtirilgan tushuncha sifatida Ahriman obrazida keladi. Demak, ajdodlarimiz bundan 3000 yil oldin ham yovuzlik avvalo insonning ongidan boshlanishini anglaganlar.
Alisher Navoiy esa “Mahbub ul-Qulub” asarida bugungi “destruktiv kontent” – yolgʻon va igʻvoni qattiq qoralab, shunday deydi: “Yolgʻon – barcha balolarning boshidir... Yolgʻonchi kishi – elning ofati, uning soʻzi – zaharlik ilonning nishidir.” Navoiy soʻzning (axborotning) qudratini taʼriflab:
“Soʻz oʻqidur, onga poyon yoʻq,
Yetti falak jismi nishon, jon yoʻq.”
– deya ogohlantiradi. Yaʼni, notoʻgʻri soʻz yetti qavat osmonni ham teshib oʻtishga qodir vayronkor kuchdir.
Xoʻsh, nima qilish kerak? Taqiq – yechim emas. “Internetni yopish kerak” degan fikrlar globallashgan dunyoda oʻzini oqlamaydi. Fizikada oddiy qonun bor: tabiat boʻshliqni yoqtirmaydi. Muammoning ildizi va yechimi ham aynan shu boʻshliqda.
Tabiat qonuniga koʻra, begona oʻtlar oʻsib chiqishi uchun mehnat qilish shart emas, ular oʻz-oʻzidan koʻpayaveradi. Ammo gul oʻstirish uchun mashaqqatli mehnat va doimiy parvarish kerak. Bugungi destruktiv gʻoyalar – ana shu parvarishsiz qolgan ongimizda oʻsayotgan “yovvoyi oʻtlar”dir.
Daniyalik olim Yakob Nilsenning (“Participation Inequality” – ishtirok etish tengsizligi nazariyasini ishlab chiqqan.) “1-9-90 qonuni”ga koʻra (1 foizi yaratuvchilar, 9 foiz izoh yozuvchi qolgan 90 foizi jim kuzatuvchilardir), internet foydalanuvchilarining atigi 1 foizi kontent yaratadi. Qolgan 99 foiz odam isteʼmolchi. Fojia shundaki, bugun oʻsha faol 1 foizni ziyolilar emas, “prank”chilar egallab oldi.
Internetdagi “boʻshliq”ni oʻzimizning milliy, sifatli va jozibador kontentimiz bilan toʻldirishimiz, “1 foiz”dagi prankchilarga qarshi “100 foiz” ziyoli kurashchilar boʻlishimiz shart. Toki yoshlarimizning “maʼnaviy immuniteti” shunday kuchli boʻlsinki, ular taklif qilingan “zaharlik ilon nishi”ni oʻzlari ajrata olsinlar. Zulmatni haydashning yagona yoʻli – u bilan olishish emas, balki chiroq yoqishdir.
Shohista YUNUSALIYEVA,
jurnalist