Xirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombalari insoniyat tarixidagi eng dahshatli fojialardan biri edi. Ular shaharni kulga aylantirdi, binolarni vayron qildi. Ammo XXI asrda insoniyat undan-da xavfliroq, ko‘zga ko‘rinmas qurolni kashf etdi. Bu qurol binolarni buzmaydi, shaharlarni olov ichida qoldirmaydi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri insonning qalbi va ongini nishonga oladi. Uning nomi – axborot.

Bugun biz yashayotgan dunyoda urushlar maydonda emas, balki smartfonlar ekranida, ijtimoiy tarmoqlarning “lenta”larida va yangiliklar saytlarida bormoqda. Mashhur futurolog Elvin Toffler o‘tgan asrdayoq ogohlantirgan edi: “Kim axborotni nazorat qilsa, dunyoni o‘sha boshqaradi”. Xo‘sh, bugungi “aqllar jangi”da vaziyat qanday?

“Ko‘rinmas radiatsiya” mexanizmi

Rossiyalik siyosatshunos Igor Panarin axborot urushini “davlatlarni parchalashning geosiyosiy quroli” deb ataydi. Agar yadro quroli insonning jismoniy tanasini yo‘q qilsa, axborot urushi uning o‘zligini, qadriyatlarini va tarixiy xotirasini o‘chirib yuboradi. Bu xuddi ko‘rinmas radiatsiyaga o‘xshaydi: siz uning ta’sirini darhol sezmaysiz, ammo vaqt o‘tishi bilan jamiyat o‘zligidan begonalashib, “zombi”ga aylanadi. Amerikalik mashhur geosiyosatchi Zbignev Bjezinskiy o‘z vaqtida shunday bashorat qilgan: “Biz shunday davrga kirib boryapmizki, unda jamiyat ustidan nazorat elita qo‘lida bo‘ladi va ular zamonaviy texnologiyalar yordamida har bir fuqaroning xatti-harakatini kuzatib, boshqara oladi”. Bugun o‘sha davr keldi. Bizning smartfonimiz – bizning josusimiz, yangiliklar lentasi esa – ongimizni boshqaruvchi pultga aylandi.

“Haqiqat illyuziyasi” effekti. Radiatsiyaning eng xavfli tomoni – uning to‘planish xususiyatidir. Axborotda ham shunday. 1977-yilda psixologlar (Hasher, Goldshteyn) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni isbotladiki, inson miyasi takrorlangan yolg‘onni haqiqat deb qabul qilishga moyil. Masalan, ijtimoiy tarmoqda bir xil yolg‘on xabar (feyk) turli manbalardan 3-4-marta takrorlansa, miyamizdagi “tanqidiy filtr” o‘chadi va uni avtomatik ravishda “haqiqat-ya’ni to‘g‘riga o‘xshayapti” deb qabul qiladi. Bugungi “botlar fabrikasi” aynan shu “takrorlash effekti” orqali jamoatchilik fikrini zaharlamoqda.

Dofamin qopqoni: Biz mijoz emasmiz, biz – mahsulotmiz

Psixologlarning aniqlashicha, ijtimoiy tarmoqlardagi “Like” va izohlar inson miyasida xuddi shirinlik yegandagi kabi dofamin (huzur gormoni) ishlab chiqaradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, inson bir kunda o‘rtacha 2600 martadan ko‘proq telefoniga tegadi. Neyrobiologiyada dofamin – bu “istak va kutish” ifodasidir. Masalan, siz shokolad yeganingizda emas, balki uni ko‘rganingizda va yeyishni o‘ylaganingizda miyada dofamin eng yuqori darajaga chiqadi.

Xuddi shunday, telefon jiringlaganda yoki “bildirishnoma” kelganda, miya: “kim yozdi, nima yozadi”, “Qanday munosabat bildirdi” degan signal kelganda dofamin otilib chiqadi. Biz xabarni o‘qish uchun emas, o‘sha dofamin dozasini olish uchun telefonga “yopishamiz”. Natijada esa, biz ma’lumotga “qaram” bo‘lib qolamiz.

Hozir axborot oqimi shunchalik tezki, miyamiz tahlil qilishga ulgurmaydi. Bu holat fanda “Tanqidiy fikrlashning so‘nishi” deb ataladi. Yoki yana bir holat “cheksiz tasma” – to‘xtash belgisining yo‘qligi.

Gazeta yoki kitob o‘qilganda uning sahifasi yakunlanadi. Bu esa miyaga “bo‘ldi, to‘xta” degan signal beradi. Ma’lumotlar xulosasi shakllanib, fikrlar teranlashadi. Internetda esa unday bo‘lmaydi.

Ushbu texnologiya muallifi Aza Raskin keyinchalik afsuslanib, shunday degan: “Biz inson psixologiyasidagi zaiflikni topdik va undan foydalandik. Men o‘z ixtirom (cheksiz skroll) orqali insoniyatning millionlab soat vaqtini o‘g‘irlaganimdan afsusdaman”. Tadqiqotchining iqrori qanday bo‘lmasin, insoniyat xohlaydimi yo‘q, allaqachon axborot girdobida. Tayyor ovqat, dangasa miya, mudroq ong bilan “kun o‘tmoqda.”

Mashhur faylasuf va tilshunos Noam Xomskiy ommaviy axborot vositalari orqali manipulyatsiya qilishning “10 ta usuli”ni ishlab chiqqan edi. Ulardan eng asosiysi – “chalg‘itish strategiyasi”. Xomskiy aytishicha: “Odamlarni muhim ijtimoiy muammolardan chalg‘itish uchun ularni mayda-chuyda, shov-shuvli va keraksiz axborotga ko‘mib tashlash kerak”.

The Washington Post yoki The New York Times global geosiyosatda “kun tartibi”ni belgilayotgan bir paytda, oddiy odamlar ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir “yulduz”ning janjali yoki maishiy videolarni muhokama qilish bilan band. Bu tasodifmi?

Siz hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nima uchun Instagram yoki Facebookga a’zo bo‘lish bepul? To‘g‘ri, siz internet-trafik (megabayt) uchun pul to‘laysiz, lekin bu pul aloqa operatori cho‘ntagiga ketadi. Ilova egalari esa siz milliardlab dollarlik texnologiyani ishlatganingiz uchun bir so‘m ham so‘ramaydi. Bu saxiylikmi? Yo‘q.

Chunki raqamli bozorda haqiqiy tovar – bu sizsiz. Aniqrog‘i, sizning diqqatingiz va vaqtingiz. Soddaroq tushuntirganda ijtimoiy tarmoq bu – savdo markazi. Kirish bepul. Konditsioner ishlab turibdi, musiqa, chiroyli muhit. Sotib olayotgan trafik esa, benzin. Siz u yerga borish uchun mashinangizga benzin quyasiz (bu pul benzin shoxobchasiga ketadi, savdo markaziga emas). Savdo markazi sizdan “kirish haqi” olmaydi, chunki uning maqsadi – siz ichkariga kirib, reklamaga qarashingiz va oxir-oqibat nimadir sotib olishingiz yoki shunchaki tomosha qilib, boshqalarni jalb qilishingizdir. U yerda istalgancha sayr qilishingiz, vaqt o‘tkazishingiz mumkin. Sizning foydangiz qanday yoki zararingiz ne chog‘lik. Biroq ularning foydasi aniq.

Raqamlar tilga kirganda: O‘g‘irlangan 6-yil va milliardlar

Biz “internet tekin” deb o‘ylaymiz. Ammo iqtisodchilar buning narxini allaqachon hisoblab chiqishgan. Data Reportal ma’lumotlariga ko‘ra, inson o‘rtacha kuniga 2 soat 23 daqiqasini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadi. Bu inson umrining 6-yil-u 8 oyi demakdir! Tasavvur qiling, hayotingizning salkam 7-yilini birovning hayotini tomosha qilishga sarfladingiz.

Keling, buni “pulga chaqamiz”. Iqtisodiyotda “boy berilgan imkoniyat qiymati” (Opportunity Cost) degan tushuncha bor. Agar o‘rtacha o‘zbekistonlik yosh mutaxassis o‘z ustida ishlash o‘rniga kuniga 2 soatini “scroll” qilishga sarflasa, u yiliga millionlab so‘mlik potensial daromadidan quruq qoladi. Kaliforniya universiteti professori Gloriya Mark yanada dahshatli faktni keltiradi: bitta xabar (notification)ga chalg‘igan miya o‘zining asl ishchi holatiga qaytishi uchun 23 daqiqa vaqt sarflaydi. Demak, biz nafaqat vaqtimizni, balki intellektual salohiyatimizni arzon layklarga almashmoqdamiz.

Manipulatsiyaga qarshi immunitet

Manipulyatsiya texnologiyalari davosi bizning Sharqona hikmatimizda yashiringan. Biz ota-bobolarimizdan meros qolgan to‘rt qoidani raqamli dunyoga ko‘chirish shart.

“Har qanday xabarning “sanadi”ni (manbasini) so‘ramay turib ishonma” – Imom Buxoriy.

Bu yerda gap zamonaviy fakt-cheking haqida ketmoqda. Alloma birgina hadisni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini bilish uchun oylab yo‘l yurgan. U nafaqat matnni, balki uni aytgan odamni (roviyni) ham tekshirgan: Bu odam yolg‘onchi emasmi? Xotirasi joyidami? Kimdan eshitgan? Agar zanjirda bitta shubhali odam bo‘lsa, xabarni rad etgan. Demak, har qanday xabarni o‘qiganda, savol berish kerak: “Sanadi (manbasi) bormi?” “Bir tanishim aytdi”, “internetda yozibdi” degan noaniq manbalarga emas, rasmiy tashkilotning munosabati yoki ma’lumotiga ishonish kerak. Nahotki, Imom Buxoriydek inson bir jumla uchun minglab kilometr masofa bosganida, biz birgina tugmani bosib, manbani tekshirishga erinsak?

Amir Temurga dushman haqida vahimali xabar kelganda, u darhol buyruq bermagan. “Kengash” (Mashvarat) chaqirgan va hissiyotni jilovlab, aql bilan qaror qilgan. “G‘azab kelsa – o‘tir, o‘tirgan bo‘lsang – yot” degan naql bejiz emas. Bu – qaror qabul qilishdan oldin “psixologik pauza” olishdir. Ijtimoiy tarmoqda “qoningizni qaynatadigan” video yoki xabar ko‘rdingizmi? Izoh yozishga shoshilmang. 1 soat tanaffus qiling. Manipulyatorning maqsadi – sizni darhol reaksiyaga (so‘kishga, vahimaga) undash. Siz sukut saqlasangiz, uning rejasini buzgan bo‘lasiz. Zamonaviy tilda aytganda, provokatsiyaga uchmang.

Naqshbandiya hikmati: “Hush dar dam” (Ondagi hushyorlik). Ushbu ta’limotda “Hush dar dam” (Har bir nafasda hushyor bo‘lmoq) qoidasi bor. Ya’ni, inson o‘z hayolini nazorat qilishi, har bir soniyada nima haqida o‘ylayotganini anglab turishi kerak. G‘aflatda qolmaslik – manipulyatsiyadan himoyalanishdir. Ijtimoiy tarmoqda “lentani” aylantirib o‘tirgan vaqtingiz savol bering: “Men hozir nima qilyapman? Bu ma’lumot menga nima uchun kerak?” Agar bu savolni bera olsangiz, siz “zombi” holatidan chiqasiz va algoritm sizni boshqara olmaydi.

Ibn Sino parhezi: u o‘z tibbiy asarlarida vahima va qo‘rquv inson immunitetini tushirib yuborishini aytgan. Tabib mashhur tajribasida bo‘rining yoniga qo‘yilgan qo‘zi yemoq-ichmog‘i joyida bo‘lsa ham, qo‘rquvdan o‘lib qolganini isbotlagan. Axborot urushining maqsadi – sizni doimiy stress va qo‘rquvda ushlash (masalan, “Urush boshlanarmish”, “Narx osharmish”). Xuddi shu kabi keraksiz, salbiy, vahimali kanallardan chiqib ketish lozim. Bu johillik emas, bu – ruhiy salomatlikni saqlashdir. Alloma ta’biri bilan aytganda vahima – zahar.

Agar biz shu “zirh”ni kiya olsak, hech qanday sun’iy intellekt yoki algoritm bizning ongimizni zabt eta olmaydi, deyish mumkin.

Shohista Yunusaliyeva,

jurnalist