Oʻrta Osiyo el-uluslari oʻtmishida Eftal (toʻgʻrirogʻi Abdal – 440-565-yillar) sulolasining oʻziga xos oʻrni bor. Biroq bu sulola oʻtmishi bilan bogʻliq shu choqqacha yechimini topmagan bir necha masalalarga duch kelamiz. Birinchidan, ularning ilk ona yurti, tili va etnik kelib chiqishi boʻyicha bir toʻxtamga kelinmagan. Eftallarni eroniy tilli deb qarovchilar ham, turkiy yoki boshqa elatlar bilan bogʻlaydigan izlanuvchilar ham u yoki bu darajada oʻz haqiqatiga suyanadi. Eftallar soʻzlashgan til yuzasidan yozma manba bilgilari – maʼlumotlariga qaralganda, boshqaruvchilarining har xil elatlarga xos ismlar bilan atalgani koʻzga tashlanadi. Ularning tashqi qiyofasida turli elatlarga xosliklar uchrashi, shu bilan birga, eski turklarga xos koʻrinish yetakchilik qilishi Bolaliktepa, Tavkaqoʻrgʻon (Surxondaryo), Qizil (Sharqiy Turkiston) devoriy rasmlari va tanga-pullar tasvirlar orqali oʻz tasdigʻiga ega.
Deyarli 150-yildan beri – XIX yuzyillikning soʻnggi oʻn yilliklari – XX yuzyilliklar boshidan bugungacha eftallar oʻtmishi boʻyicha izlanishlar olib borgan yuzlab tarixchilar ushbu sulola boshqaruvchilarining oti va unvoni boʻyicha koʻproq quyidagicha qarashlarni ilgari surishgan:
1. Axshunvor, Varz, Fagʻanish, Gʻatfar kabi eftal boshqaruvchilari bilan bogʻliq atamalar eroniy negizdadir. Bu esa ularning kelib chiqishi eroniy elatlarga borib taqaladi, deb qarashga undaydi;
2. Kunxon, Toʻraman, Burgut, Xingil kabi boshqaruvchi oti va “yabgʻu”, “tegin”, “tarxon” unvonlari eski turkcha negizga ega, bu esa eftalar turk boʻlgan deyishga turtki beradi;
3. Chagʻon, Alxon, Toba kabi eftal boshqaruvchilariga tegishli kishi oti yoki etnik atamalarni moʻgʻulcha deb qaragan ayrim izlanuvchilar ularni proto-moʻgʻul elatlar bilan bogʻlashga intiladilar.
Shu bilan birga, eftal boshqaruvchisi Mihrakulani eroniy “mehr – quyosh” va turkiy “qul” soʻzlaridan yasalgan atama deb qarovchi izlanuvchilar talay. Shuningdek, Alxon atamasini eski turkcha “Alxon – qizil xun”, Burgutni esa moʻgʻulcha “burqut – burgut” deb ochiqlagan qarashlar bor.
Yuqorida aytib oʻtilganidek, eftallarni eroniy, turkiy yoki moʻgʻul deb qarovchilar u yoki bu darajada oʻz haqiqatlariga egadek koʻrinadi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, bugungi kunda boʻlganidek, eski chogʻlarda boʻlsin, oʻrta asrlarda boʻlsin, biror elatga tegishli kishining oti yoki unvoni aynan uning oʻzi soʻzlashgan til negizida boʻladi, deb qarash oʻzini unchalik oqlamaydi. Toʻgʻri, ayrim chekka oʻlkalarda yashagan va oʻzga til oʻrtami – muhitidan uzoq boʻlgan urug‘ va elatlarda antroponimlar – kishi otlari koʻpincha oʻzlarining soʻzlashuv tili bilan bogʻliq boʻladi. Oʻrnak uchun, ilk va oʻrta chogʻlarda ayrim turkiy sulolalarda boshqaruvchi yoki qoʻshin boshliqlarining oti koʻproq turkcha boʻlgani kuzatiladi. Ular quyidagicha:
1) arablarga qarshi kurashgan yoki ularning saroy boshqaruvi va qoʻshinida xizmat qilgan turk yetakchilarining oti Bugʻa, Bilga, Mangu va b.;
2) Xorazmshoh-Anushteginiylar sulolasi boshqaruvchilarining deyarli barchasi turkcha negizda: Anush-Tegin, Otsiz, El-Arslon, Takash, Manguberdi va boshqalar [qar. Sümer 1999].
Eftallar davlati chegaralariga koʻz yugurtiradigan boʻlsak, ushbu sulola tomonidan qoʻlga kiritilgan oʻlkalar turgʻunlari quyidagicha turli til va madaniy oʻrtamda yashashgan: Amudaryoning yuqori oqimi – Badaxshon va Pomir togʻlari, Amudaryo – Zarafshon daryolari oraligʻi, Sharqiy Turkiston, Shimoliy Hindiston, Kobuliston va Xuroson [Kurbanov 2010]. Boshlangʻichda Amudaryoning yuqori oqimida oʻz boshqaruvini oʻrnatgan Eftal sulolasi boshqaruvi keyinchalik Amudaryo – Sirdaryo oraligʻidagi Termiz, Chagʻoniyon, Naxshab va Buxorogacha yoyilgani, bu yerlardagi yirik shaharlarda eftallar bilan bogʻliq boshqaruvlar oʻrnatilgani yozma manbalarda birmuncha oʻz ifodasini topgan. Xorazm, Choch, Ustrushona va Fargʻona kabi oʻlkalarda esa eftal boshqaruvi qanday boʻlgani yetarlicha aniqlanmagan. Chunki ushbu hududlar bilan bogʻliq yozma manbalar yetarsiz, ham arxeologik topilmalar ozligi uchun aniq bir toʻxtamga kelinmagan.
Eftallar qoʻl ostidagi oʻlkalarda koʻproq sharqiy eroniy va hind, qisman esa turkiy elatlar yashab, ular orasida zardushtiylik, buddaviylik va boshqa inonch tizimlari keng tarqalgan edi. Qolaversa, eftallar kelib chiqqan Shimoliy Xitoy – Kungay Oltoy – Gansu oʻlkasi oraligʻida turk va moʻgʻul elatlari yetakchilik qilib, ular orasida tangrichilik inonchi keng tarqalgan. Demak, ushbu sulola boshqaruvchilari bilan bogʻliq atamalar turlicha til negizida ochiqlanar ekan, bu kabi omillarni koʻzdan qochirmaslik kerak.
Eftallarning kelib chiqishi boʻyicha izlanishlar olib borgan tarixchi, tilchi va elshunoslar koʻproq ularning boshqaruvchilari boʻlmish Axshunvor, Kunxas (*Kunxon), Toʻraman, Mihirakula, Varz, Gʻatfar atamalarining kelib chiqishi qay negizga ega ekaniga urgʻu bergan boʻlsalar-da, biroq bu borada bir toʻxtamga kelinmagan. Yuqorida aytib oʻtilganidek, ayrim izlanuvchilar ularning bir boʻlagi eroniy negizda ochiqlanishidan kelib chiqib, ularning eroniy ildizlarini topishga intilgan boʻlsalar, ayrim izlanuvchilar esa eftallarning turkiy tomonlarini qidirishgan. Biroq bu masalaga oydinlik kirituvchi eftallar bilan bogʻliq etnik atamalar koʻpchilik izlanishlarda yetarlicha oʻrin olmagan. Bizning turli tillardagi yozma manbalardagi bilgilarga tayanib olib borgan izlanishlarimiz soʻngida quyidagicha elat va urugʻlarning eftallar bilan bogʻliqligi aniqlandi:
1) abdal, 2) avar, 3) qarluq, 4) xalach, 5) kumiji, 6) kanjina turklari, 7) tuguxun (tuyuxun), 8) *oq-xun (sveta-xuna / spet-xyun “oq xun”, 9) ol-xun (karmir-xun “qizil xun”), 10) qadis-xun [Babayarov 2022: 95-102].
Keltirib oʻtilgan ushbu 10 ta urugʻning yarmidan koʻpi turli tillardagi yozma manbalarda birgina eftallar bilan emas, ulardan keyingi turk elatlari bilan ham qarindosh-urug‘ oʻlaroq koʻrsatib oʻtilgan. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, VIII yuzyillikka tegishli tibetcha mantlarda eftallar turkiy elatlardan biri, aniqrogʻi, Turk xoqonligining boshqaruvchi ashina urugʻi va unga yaqin elatlardan biri oʻlaroq eslatilib, drugu (turk)lar 11 ta bosh uruqqa boʻlinishi, ular orasida he-bdal (eftalit)lar “Gargapur” (turk. -fors. “Qargʻa oʻgʻli”) atamasi ostida ham tilga olinishiga urgʻu beriladi [Bacot 1956: 137-153]. Eftallarning etnik kelib chiqishini oʻrgangan E. de la Vessyerga koʻra, “Qargʻa oʻgʻli” deganda xitoy yilnomalarida shu atama ostida eslatib oʻtilgan “usun”larni tushunish kerak boʻladi. Bu esa eftallarning ilk yurti eski Usun oʻlkasi yoki unga yaqin bir yer boʻlganini yana bir bor koʻrsatib turibdi. Bilamizki, xitoy yilnomalarida miloddan oldingi II asrdan boshlab tilga olina boshlagan “Usun oʻlkasi” deganda koʻproq Yettisuv va Tyanshan togʻlarining shimoliy etaklaridagi kengliklar tushunilgan.