Yildan yilga psixologlar soni ortib bormoqda, ushbu kasb egalari xizmatidan foydalanmaydigan soha deyarli qolmadi. (Bu nimani anglatadi? Chindan ham ruhiyatimizda muammolar koʻpayganmi yoki hayotiy vaziyatlarni psixologik baholash zaruratga aylandimi?) Deylik, psixologlar maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida ham faoliyat olib borishmoqda. Albatta, ushbu holat quvonarli, shaxsning yetuklik davridagi holati uning bolalikda koʻrgan-kechirganlari, ruhiy taʼsirlanishlariga yuqori darajada bogʻliq boʻladi. Bundan tashqari psixologlar bolalar taʼlimi va tarbiyasining rejadagiday olib borilishi uchun ham koʻmakchi boʻla oladi. Bunday gaplar quloqqa yoqimli eshitiladi, biroq asl holat qanday?
Yangiliklar orasida maktab oʻquvchilarining oʻz joniga qasd qilgani haqida oʻqib turibmiz, shuningdek, statistikaga koʻra, 2022-yilda maktab yoshidagi bolalarning jami sodir etilgan jinoyatlardagi ulushi 3,5 % ni tashkil etgan. Bu holatlar uchun toʻgʻridan-toʻgʻri maktab psixologini ayblolmaymiz, biroq aynan uning harakatlari bilan bunday mudhish voqealarning oldi olinishi mumkin.
Oyina.uz kolumnisti aynan maktab va maktabgacha taʼlim muassasalaridagi psixologik faoliyat yuzasidan baʼzi muammolarni tahlil qilishga urinadi.
Yangilanmayotgan metodikalar
Psixologik faoliyatdagi ikki omil ahamiyatlidir – mutaxassislarning bilim-malakasi hamda kasbdagi tajribasi. Dastlab psixologlarimizning bilimiga aloqador kamchiliklar haqida bosh qotirish lozim. Kuzatganlarimdan kelib chiqib aytsam (balki faqat menga shunday koʻringandir), ushbu yoʻnalishdagi talabalarga oʻrgatiladigan va ular ham kelajakdagi professional faoliyatlarida qoʻllaydigan bor-u yoʻq koʻnikma va bilim bu turli psixodiagnostik test, soʻrovnomalar, haddan ortiq universal konsultatsiya tartiblari shuningdek, oʻtilaverib suvi chiqib ketgan seminar-treninglardir. Kollejdagi davrimizda bizga yangi psixolog kelgandi – yosh, gʻayratli, energiyaga toʻla, oʻshanda shu psixolog bizning guruhdan “Mavjud boʻlmagan hayvon” va “Kaktus” metodikalari yuzasidan har birimiz chizgan suratlarni olgandi. Shu paytgacha bunaqa narsani koʻrmaganligimiz tufayli qoyil qolganmiz. Natijalar qanday chiqqanidan xabarimiz yoʻq edi, lekin ushbu sinovdan olingan xulosalar boʻyicha birortamiz bilan qayta ishlanilmadi. Hech birimizda ruhiy muammolar yoʻq edi deyish ham mumkin, lekin bunga hozir ishonishim qiyin. Harqalay, guruhimizda 17 nafar yo otasi, yo onasi, yoxud ikkalasi ham boʻlmagan oʻquvchilar bor edi… Xullas, oradan sakkiz yil oʻtdi. Biroq boʻlajak psixologlarimizga hamon xuddi oʻsha “Mavjud boʻlmagan hayvon”, “Kaktus” va shunga oʻxshash eski metodikalar, testlar oʻrgatilmoqda. Bu narsalar foydasiz emas, biroq insoniyat psixologiyasida avlodlar almashgani sayin dinamik oʻzgarishlar yuz bera boshlaydi. Ruhiyatimiz “kengayadi” va yanada “boyiydi”. Nobel mukofoti sohibi Jozef Stirlitsning shunday gapi bor – “15 yoshli oʻsmir IPad olish uchungina buyragini sotdi”, bunday ishlar yangi ruhiyatga ega zamonaviy yoshlargagina xosdir. Shu sabab yangi avlodlar ruhiyatini toʻliqroq tahlil qilish uchun yangicha uslublar ham kerak. Ilm-fanda, xususan, psixologiyada qanday qilib yangiliklar qilinadi? Albatta ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar yordamida. Qoida boʻyicha, magistrlardan tortib akademiklargacha oʻz ilmiy ishida qandaydir yangiliklarni topishlari kerak. Mavzuning oldin yoritilmagan va hozirda oʻrganilishi lozim boʻlgan jihatlari tahlil qilinishi kerak. Ana shunda ayni holatimizdagi muammolarga yechim topiladi.
Shu oʻrinda, savol tugʻilishi mumkin. Har yili psixologiya sohasida koʻplab ilmiy ishlar yoqlanayapti, agar bu ishlar chindan ilm-fanda yangilik qilish, qaysidir muammolarga oz boʻlsa-da yechim topishga asoslangan boʻlsa, uning natijasidan nima uchun jamoatchilik bexabar? Qolaversa, dotsentlarimiz, professorlarimiz va akademiklarimizning minglab yangi metodikalari, qoʻllanmalari, darsliklari chiqariladi va taʼlim muassasalarida sotiladi. Bu manbalarning taʼsiri haqida nega gapirilmaydi? Taʼlim muassasalariga tadbiq etilishi lozim boʻlgan yangi metodikalar oʻzi mavjudmi? Agar mavjud boʻlsa demak, bugungi kundagi aksariyat mutaxassislar izlanishdan toʻxtagan yoki targʻibotgacha yetib bormagan metodikalar chang bosgan qogʻozlarga koʻmilgan.
Maktab psixologining ilmiy darajasi
Oʻzbekistonda maktab psixologi lavozimiga daʼvogarlar bakalavr darajasiga ega boʻlishi lozim. Lekin bakalavr darajasi bolalar ruhiyati bilan ishlovchi psixolog uchun amalda yetarlimi? Maktab yoshidagi bola atrof ijtimoiy muhiti va ichki olami, shaxsiyati, xarakteri, qarashlarini murosaga keltira boshlashga endigina kirishayotgan davrni koʻz oldingizga keltiring. Juda koʻplab buyuk olimlarning psixologik va pedogogik qarashlariga koʻra bolalarga katta yoshdagi insonlarga nisbatan kuchliroq munosabat bildirilishi kerak. Chunki, bolaning ruhiyati injiqliklar va ziddiyatlarga toʻla boʻladi. Bunday obyekt bilan ishlash davomida ijobiy natijaga erishish uchun bakalavriat darajasidagi bilimlar kamlik qilishi mumkin. Albatta, bu oliy taʼlim tizimidagi oʻquv dasturiga ham bogʻliq. Xorij tajribasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, AQSh taʼlim sohasida psixologik faoliyatni amalga oshirish uchun kamida magistrlik darajasi va 1200 soatlik amaliyot davrini oʻtash talab etiladi. Buyuk Britaniyada bu talab yanada qattiqroq – psixolog doktoranturani tamomlagan boʻlishi lozim. Dunyo jamiyati tobora komil insonni tarbiyalashni istayotgan bir vaqtda, bu qatʼiy talablar oʻzini oqlashi mumkin.
Mashhur olim Zigmund Freyd yetuklik davridagi barcha ruhiy muammolarning bolalikdagi ruhiy jarohatlar bilan aloqadorligi borasida jiddiy dalillarni oʻrtaga tashlagan. Aytganimizdek, bola ruhiyati murakkab, u hali oʻzini yaxshi anglamaydi, psixologning oʻziga bergan savollariga aniq va kerakli javob berolmaydi, shuningdek, hissiy holatini ham tushuntirib berolmayd. Demak, real holatda bolalar bilan muvaffaqiyatli muloqotni yoʻlga qoʻyish, buning ustiga ulardagi ruhiy “buzilish”larni bartaraf etish uchun nisbatan malakaliroq, kuchliroq mutaxassislar kerak. Tajribalardan kelib chiqsak, kamida magistrlik darajasiga ega boʻlgan psixologlar faoliyati samaraliroq boʻlishi mumkin.
Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya bilan tanishmisiz?
Maktab psixologining lavozim majburiyatlari orasida shunday band mavjud – “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyaga muvofiq shaxs huquqlarini himoya qilishga, taʼlim muassasasi ijtimoiy sohasini uygʻunlashtirishga koʻmaklashish va ijtimoiy jihatdan koʻnika olmaslik hollari yuzaga kelishining oldini olish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish”.
Demak, ushbu bandga koʻra, maktab psixologi dunyodagi bola huquqlari boʻyicha asosiy tan olingan hujjat hisoblangan konvensiyani bilishi, oʻrganib chiqishi va oʻz faoliyati davomida unga asoslanib harakat qilishi lozim. Afsuski, aksariyat maktab psixologlari ushbu hujjat bilan hatto toʻliq tanishib chiqmagan. Bu hujjatdan xabardor boʻlish talabi majburiyatlar qayd etilgan hujjatlarda emas, balki malaka talabini taʼminlaydigan hujjatlarda aks etishi toʻgʻri boʻlardi.
Mening bolam jinni emas
Maktab psixologining majburiyatlari qatorida yana shunday band bor – “Emotsional-hissiy zoʻriqishlar, xavotirlik darajasi yuqori va oʻziga ishonchi past boʻlgan bolalar uchun korrektsion-rivojlantiruvchi mashgʻulotlar tashkil etish, oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish maqsadida seminar-treninglar hamda soha mutaxassislari bilan davra suhbatlarini tashkil etish, shuningdek, kasbiy moyilligi boʻyicha professional taʼlim olishi mumkin boʻlgan oʻquvchilar oʻrtasida kasbga yoʻnaltirish”.
Shu oʻrinda tassavvur qilaylik, psixologning malakasi yetarli, belgilab qoʻyilgan vazifasini bajarmoqchi, bir qadar fikriy va hissiy jihatdan qoloq oʻquvchi bilan ishlamoqchi. Tabiiyki, dars jarayonlari vaqtida buning iloji yoʻq, demak, har qanday mashgʻulotlar yoki muolajalarni darsdan keyin oʻtkazish mumkin. Qishloqlardagi va hatto shaharlardagi ayrim ota-onalar uchun darsdan soʻng farzandini psixolog olib qolishi yoqimsiz, shuningdek, toʻgʻri qabul qilinmaydigan holat. Ular atrofdagi tanishlarining gap-soʻzlari va malomatlaridan choʻchishadi. Munosabatlari qatʼiy:
– Mening bolam jinni emas!
– Falonchini bolasi ruhiy xasta ekan deyishlarini xohlamayman!
Jamiyatimiz kattalarning ruhshunosga qatnashini sekin-asta qabul qilayapti, biroq bolalar bunday huquqqa haligacha erishgani yoʻq.
Bolalar psixologi qancha maosh oladi?
Bugungi kunda maktab va maktabgacha taʼlim sohasidagi psixologlar taxminan ilmiy daraja yoki toifaga qarab 2 300 000 soʻmdan 3 000 000 soʻmgacha maosh oladi. Bir hisobda bu maosh oʻz kasbini sevadigan kuchli mutaxassis uchun yoki magistr darajasidagi psixolog uchun kamlik qilishi mumkin. Demak, ushbu kasbning moddiy statusiga ham yaxshiroq eʼtibor qaratish lozim. Maktab taʼlimi tizimida psixolog lavozimi egasi kimligi va masʼuliyatini yaxshi tushunilmasligiga isbot shuki, yaqin yillarda oʻqituvchilar maoshi bir qadar koʻtarildi, biroq psixolog nazardan chetda qolib ketmoqda. Hatto ziyolilar ham shunday oʻylashi mumkin – bolaga taʼlimni oʻqituvchi, tarbiyani ota-ona beradi. Shu bilan bola kam-u koʻstsiz voyaga yetadi. Lekin shunday vaziyatlar boʻladiki, bolalar ruhiy muammolar qurshovida qolib ketadi va bu vaziyatda ularga na ota-ona, na oʻqituvchi yordam bera olmaydi. Psixologlar mana shu vaqtda bolalardagi ruhiy salomatlikni taʼminlashi mumkin.
Psixolog hujjatlar bilan ishlovchi yoki maktab imidji uchun oʻylab topilgan loyiha emas. Shu asosda, xodimlar psixologik faoliyatga shunchaki tayinki kasb, maosh va qarilikdagi nafaqaga kafolat sifatida qarashi ham adolatdan emas. Shunday ekan, muammolar ildizida sohaga munosabat tushunchasi ham yotibdi.
Agar mana shu munosabatni oʻzgartira olsak, maktablarda shunchaki ishni yoʻqotmaslik uchun kun oʻtkazayotgan psixologlardan voz kechsak, talablarni qatʼiylashtirib, ortiqcha vazifalarni olib tashlasak va albatta, moddiy taʼminotni yaxshilasak, ana shunda jiddiy maqsadli mutaxassislar yetishib chiqadi va ular faoliyati ostidagi maktab oʻquvchilari orasida jinoyatlar va suiqasdlar soni sezilarli darajada kamayadi.
Javohir ERGASHEV.
Oyina.uz