Jadid maʼrifatparvarlari asarlarida xotin-qizlar savodxonligi, oila bilan bogʻliq masalalar muhim oʻrin tutadi. Ularni tahlil qilish va hayotga tatbiq etish inson maʼnaviy barkamolligini taʼminlashda zarur ahamiyatga ega. 

Muhammadsharif Soʻfizodaning “Oʻqunglar, onalar”, Tavalloning “Hamshiralar tilindin” sheʼrlarida Turkiston ayollari “mute joriyalar”ga aylanib qolgani, ularning maʼrifatli boʻlishiga qarshilik koʻrsatayotgan johillar tanqid qilinadi, maʼrifatni keng yoyish targʻib etiladi.

Abdulla Avloniy xotin-qizlarni ilm olishga, kasb-hunar oʻrganishga undab bunday yozadi: “Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur?” degan savol keladur. Bu savolga “Birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchisi – maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur” deb javob bersak, bir kishi deyurki, “Qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz boshi paxmoq, qoʻli toʻqmoq onalarmi? Oʻzlarida yoʻq tarbiyani qaydan olib berurlar” der (Avloniy A. Tanlangan asarlar. 2 jildlik. II jild. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 1998. 37-bet). Chunki, deydi u, “onalarimiz bilim va tarbiya oʻrnigʻa erlari ila urushib-talashub qizlarigʻa mol qilmakni yaxshi koʻrurlar”. U bu holga tushishimizga “ilmsizligimiz, dunyodin xabarsizligimiz”ni sabab qilib koʻrsatadi va qizlarga turli ziynatlar emas, aksincha ilm, hunar lozimligini uqtiradi: “Juda aqchangiz tashlabilmay turgʻon boʻlsangiz, mahallangizdan biror qizlar maktabi ochib durustroq bir muallima keltirungiz”. U oʻgʻil bolalarga nisbatan qiz bolalarga ilm, hunar koʻproq zarurdir, deb hisoblaydi.

Rauf Muzaffarzoda milliy matbuot qanday boʻlishi, qaysi yoʻnalishda rivojlanishi haqida fikr bildirar ekan, “Erlarimiz ham, xotin-qizlarimiz ham maishat, tarbiya va dunyo ila tanishtursun va onlarning fikrlarini ochub ahvoli olamdin xabar bersun” (Muzaffarzoda R. Yangi yildan eski tilaklar // Sadoi Turkiston. 1914-yil 2-yanvar) deb yozadi. Quvonarli jihati shundaki, ushbu murojaatga javoban ayol mualliflarning Turkiston xotin-qizlari hayoti, kundalik turmushi bilan bogʻliq voqelikni kengroq yoritgan maqolalari vujudga keldi. Masalan, Sora Muzaffariya oʻlka xotin-qizlarining haq-huquqlari haqida bunday yozadi: “Bizda isteʼdod ham bor, qobiliyat ham bor. Ong va fikr ham bor. Bir uy ichigina emas, baʼzi erlar ham oʻrniga keltira olmaydigan, mamlakatlar idora qiladurgʻon quvvat ham bor” (Muzaffariya S. Ayb oʻzimizda // Sadoi Turkiston. 1914-yil 23-avgust). U chor devor asirasiga aylangan, mute, kundosh azobidan ezilgan Turkiston ayollarini birlashishga, eskicha hayot tarzini buzib, yangicha hayot kechirishga chaqiradi. “Ammo xotin-qizlarimiz koʻp qoʻzgʻolmaydurlar, qoʻzgʻolsalar ham matlub darajada emas. Ey islom xotunlari! Oʻn uch asrlik tajriba bizga bunday yashashning natijasi nima va qanday boʻlishini emdi koʻrsatdi”.

Isʼhoqxon Ibrat “Tarixi madaniyat” asarida qizlarni oʻqitish borasida quyidagilarni yozgan: “Ammoki qizlar maktabigʻa kelsak, bu qiyinroq koʻrinadur. Xalqni vahshiyot va ota-onalar qizlarini ehtiyot qilishi, odamgʻa, bir yerga yubormasligi, xalqni ilm qudratini bilmagani, xusus, xotunlarda taassufga gʻarq boʻlub, bular bu taassufni yoʻqotishga ellik yillar kerak boʻlishi koʻrunadur. Munga ham yoʻllar tofsa boʻlurki, otunbibilarni erlari targʻib qilsalar, muallimalarda bir-ikki oylar yozuv va hisoblarni bilib olub, andin soʻng oʻzlarini mahallasiga otunbibilardan muallima qilib, oncha-muncha oylik berib tursalar. Bularga vaqti-vaqti ila katta muallima tefasidan qarab tursa, besh-oʻn yillar ichinda har qishloqda besh-oʻn muallima tayyor boʻlishini umid qilsa boʻlur” (Isʼhoqxon Ibrat. Tarixi madaniyat // OʻzFA ShI qoʻlyozmalar fondi. Inv. №10117. Toʻraqoʻrgʻon, 1925. 137-bet).

Jadidlar oila va jamiyatda oʻqimishli ayolning oʻrni hamda mavqei oʻzgacha ekanini tushuntirishga harakat qilganlar. Bu haqda manbalardan quyidagilarni bilish mumkin: “...xotunlarni oʻqitmoq va alarning aqllariga jilo bermoq va erlari birla yaxshi muomala qilmoq va bolalarini tarbiyat qilmoq va zindakorchilikni yaxshi bilmaklari xususida taʼlim albatta zarurdir” (Bir musulmon // “Turkiston viloyati” gazetasi, 1912 yil 20 sentyabr).

Jadid maktablarida taʼlim olgan ayollar oʻzbek xotin-qizlarining ahvoli haqida qaygʻurganlar. 1906-yilda qoʻqonlik Tojiyaxon birinchi turk tili ayollar jurnaliga oʻzbek ayollari nomidan xat yozib, turkistonlik muslimalarning ahvolidan shikoyat qilgan: “Hammaga ayon boʻlsa kerak: bugunda Rossiyada erkinlik, huquqlar, oʻsish va islohotlarga katta ahamiyat berilyapti. Musulmon ayollari ham oʻziga xos haftalik nashrga ega va ular oʻz fikr-mulohazalari, savollari va takliflarini yozib yuborishga qodirligi maʼlum. Bunga faqat barakallo deymiz! Ammo biz Rossiya markazida faoliyat koʻrsatayotgan musulmon ayollariga minnatdor holda bu yerda oʻz vazifalarimizni ayni darajada bajara olishga imkonimiz yoʻqligidan afsusdamiz. Boshqalar astoydil harakat qilarkan, biz Sartiya musulmon ayollari koʻp narsadan bexabar, hamon uyqudamiz. Roʻznomaning faqat bir necha satrlarida biz Sartiya musulmon ayollarining Qirim va Qozon ayollariga nisbatan oʻz huquqlarimiz haqida bilimga ega emasligimiz haqida yozilsaydi! Agar bizning ahvolimiz haqida bayon qilinsa, kelajagimiz islohotlar orqali yaxshilanishi mumkin va biz oʻz huquqlarimizga ega boʻlardik... Biz hammamiz ilm va taʼlimga muhtojmiz! Hozir bilim olmasak, kelajakda ham buning iloji boʻlmaydi. Faqat yuzdan bir musulmon ayoli yozish va oʻqishni bilishini taʼkidlash lozim... Biz oʻz farzandlarimizni oʻzimiz kabi ilmsiz qilib tarbiyalashni istamaymiz. Biz farzandlarimiz uchun qizlar maktabi ochishga urinayotgan noʻgʻay oʻqituvchilariga yordam qila olmayapmiz. Bizning ilm olishga boʻlgan urinishlarimiz bizga yoʻl ochib bermay, qiyinchilik tugʻdirib, dong qotib qolganimiz tan olinishi zarur. Agar shu yoʻlda davom etadigan boʻlsak, bir kun biz musulmon ayollarining nomi tarix sahifalarida nafrat bilan tilga olinishi tayin”.

Muharrirga yoʻllangan maktubda jadidlar tomonidan oʻsha kezlar muhokama qilinayotgan muammolar koʻtarilgan, ammo ular Tojiyaxon tomonidan ayollar muammosi sifatida taʼkid etilgani noyob holatdir. Tojiyaxon Sartiya (yaʼni oʻtroq turkistonlik yoki oʻzbek) ayollarining oʻz huquqlarini bilmasligi va ularni qutqarishning yagona yoʻli – ularga zamonaviy taʼlim berish ekaniga alohida urgʻu beradi. Uning murojaati islomiy taʼlimni zamonaviy Gʻarb taʼlimiga munosib tarzda oʻzgartirishga undaydi. U oʻz murojaatida Rossiyadagi musulmon ayollari, yaʼni tatar millatiga mansub ayollarni nazarda tutgan.

Tojiyaxon muhojirlar oqimini koʻrgan Qoʻqon shahrida yashagan. Shahar Rusiya imperiyasi temir yoʻl xizmatiga bogʻlangandan soʻng koʻplab rus va tatar musulmonlarini qabul qilgan edi. Qoʻqonda paxta va don eksportiga sarmoya kiritilgan, bank tizimi rivojlangan. 1900-yilda Qoʻqonda toʻrtta nashriyot uyi, bir necha kitob doʻkoni mavjud boʻlib, yangi uslubdagi jadid maktablari maktab va madrasalar qatoriga qoʻshilgan edi.

Jadidlarning ayollarni yangi, zamonaviy taʼlimga targʻib qilish harakatlari baʼzilar tomonidan maʼqullanmagan. Ayrimlar ularni ayollarning paranji-chachvonini yechib tashlash, savodxon boʻlib, dindan uzoqlashishda ayblagan. Bu harakatlar diniy konservativ guruhlarning noroziligiga uchragan. 1907-yili yana bir turkistonlik ayol Nojiyaxon Duma musulmon aʼzolariga maktub yozadi. U musulmon ayollarining erkaklar tomonidan toʻrt devor orasida qamab qoʻyilganidan shikoyat qiladi. Istanbul va Misrda xotin-qizlar tijorat bilan shugʻullanish, hajga borish huquqiga ega ekani haqida yozib, Dumaning musulmon aʼzolaridan turkistonlik ayollarga ham bu huquqlar berilishi lozimligini talab qiladi.

Sayyora TOʻYCHIYEVA,

                 falsafa fanlari doktori, professor

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Ayol savodxon boʻlsa” maqolasi