Abdulaziz Suyarov va Xadicha Suyarovalar “El-yurt umidi jamgʻarmasi” stipendiyasini qoʻlga kiritib, Buyuk Britaniyada tahsil olishmoqda. Xalqaro reytingda peshqadam universitetlarda tanlagan sohasi boʻyicha oʻqiyotgan oila bilan u yerdagi taʼlim muhiti, ilmga munosabat, oila, qadriyatlar va kelajakdagi rejalari haqida suhbat qildik.
– Suhbatni Suyarovlar oilasining Buyuk Britaniyaga borish fikri, oila aʼzolarning bunga munosabati, turmush oʻrtogʻingiz bilan birgalikdagi qaroringiz haqida boshlasak. Oʻzbekistondagi faoliyatdan nufuzli universitetgacha bosib oʻtilgan yoʻl qanday boʻldi?
– 2023-yilda 1-stipendiya tanlovi gʻoliblari boʻlganimizni eshitib juda xursand boʻlgandik. Turmush oʻrtogʻim bilan birgalikda tayyorgarlik koʻrib, hujjatlarni birga topshirganmiz. Ikkalamizda bu reja avvaldan boʻlgan. Undan oldin turli xil dastur va stipendiyalarda oʻzimizni sinab koʻrdik. Ammo eng maqbuli “El-yurt umidi jamgʻarmasi” boʻlgan. Chunki imkoniyatlari koʻproq va karyeramiz davomida ham jamgʻarma bizni qoʻllab-quvvatlashini bilardik. Hozirda PhD tadqiqoti uchun ham jamgʻarma orqali borib oʻqib kelish niyatidamiz.
Toʻgʻrisini aytsam, yosh oila boʻlganimiz uchun ham oson, ham qiyin boʻldi. Eng avvalo, kelajagimiz uchun ham, soha tanlashda ham Vatanimiz uchun muhim boʻlganini tanlash kerak edi. Tanlov juda katta rol oʻynaydi, chunki kelajakda bu yoʻnalishda ilm-fan qilasiz yoki ishlaysiz. Keyin esa jamgʻarmaning talabiga koʻra, dunyoning Top-300 reytingiga kiradigan universitetga hujjat topshirishingiz lozim. Nufuziga qarab, talablari har xil boʻlishi mumkin. IELTS muhim omil emas, kamida 5,5-6 ball olish yetarli. Yuqori reytingdagi universitetlar esa balandroq talab qoʻyadi.
Shaxsiy tajribamizdan kelib chiqib aytadigan boʻlsam, yolgʻiz emas, doʻstingiz bilan birga tayyorgarlik koʻrsangiz koʻproq natijaga erishasiz. Chet el oliygohlari yil davomida hujjat qabul qiladi, lekin ertaroq harakatni boshlasangiz yaxshi. Buyuk Britaniyada magistratura 1 yil davom etadi – bu ham katta omil, chunki vaqtdan yutasiz.
Oila aʼzolarimizga kelsak, ular bizni faqat qoʻllab-quvvatlagan. Hech qanday qarshilik boʻlmagan. Hatto eʼtibor bergan boʻlsangiz, ikkimiz turli shaharlarda taʼlim olyapmiz: birimiz Angliyaning Lids shahrida, ikkinchimiz boʻlsa Shotlandiya poytaxti Edinburg shahrida. Chunki biz shu universitetlarni tanladik va qarorimizni oʻzaro hurmat qildik, bir-birimizga yordam berdik. Bilasizmi, oʻzaro ishonch bizni ruhlantirardi va bu oxirida katta maqsadga aylandi.
Bir orzuyimiz bor, bitta tashkilotda ishlab Vatan rivojiga hissa qoʻshmoqchimiz. Sohalarimiz bir-biridan unchalik uzoq emas: birimizniki innovatsiya sohasi, birimizniki taʼlim boshqaruvi. Balki taʼlimda innovatsiyalar qilarmiz, yo innovatsiyada taʼlimni rivojlantirarmiz... Yaqinda qaytganda rejalarimizni amalda koʻrishimizga ishonaman. Tadqiqotlarimizni ham bir-biriga yaqinroq qilib tanlashni rejalashtiryapmiz.
Qisqasi, birgalikda qilingan orzu-maqsadlar, oʻzaro ishonch va hurmat, harakat, shuningdek, yaratilgan sharoitlar bizni Buyuk Britaniyaga olib keldi.
– Boshqa davlatga oʻqish yoki ishlash uchun ketgan har bir odamda “culture shock” boʻlishi tabiiy. Sizlarda madaniyatga, yashash tarziga moslashib ketish qanday kechdi?
– Tabiatan kirishimli boʻlganimiz uchun unchalik qiyin boʻlmagan. Bu yerda eng koʻp sogʻingan narsalarimiz – milliy taomlarimiz. Ularning qadri endi juda bilinyapti. Edinburg va Leedsda birorta ham oʻzbek milliy taomlari sotiladigan oshxona yoʻq. Oʻzim milliy ovqatlarimizni pishirishni bilsam-da, nimadir yetishmaydi. Osh tayyorlaganimda ham mazasi yaxshi, lekin nimadir boshqacha. Bu yerda bizda topilmaydigan, noyobroq koʻp ovqat turlari bor. Lekin baribir uyda onam tayyorlab bergan bitta Samarqand oshi, tandir somsalari yoki nonining oʻrnini bosadigani boʻlmadi hali. Boshida, Buyuk Britaniyaga kelib “culture shock”ga uchramadim, tezda moslashib ketdim deb oʻyladim. Ingliz tilini bilaman, kinolari, kitoblari orqali ular haqida ancha-muncha tasavvurim ham bor edi. Endi oʻylab qarasam, madaniyatlar oʻrtasidagi farq kattaligidan koʻp hollarda “culture shock”ka uchrayotganimni sezmagan ham ekanman.
Masalan, “interesting” (qiziqarli) soʻziga oid qiziqarli jumlalari bor. Leksiya davomida yoki shunchaki suhbat vaqtida professorlarga oʻzimning “aqlli” savollarimni berganimda, aksariyat holatlarda “Interesting question” (qiziq savol) degan gapni eshitardim. Oh, ana professorga qiziq boʻlsa uncha-muncha savol bermabman-da, deb ichimga sigʻmay yuraveribman. Keyinroq bilsam, inglizlar oʻzlari biror fikrga qoʻshilmaydigan yoki yoqtirmagan savollarga nisbatan shu jumlani ishlatar ekan. Ayrim holatlarda juda elementar yoki ular uchun sodda narsalarni soʻralganda ham shu soʻzni ishlatilishini nihoyat tushunib yetdim. Yoki uzoq vaqt nimadir aytib bersangiz “very interesting” (juda qiziqarli) deb qoʻyishadi. Bu, aslida, juda koʻp gapirding, zerikdim degani ekan. Yoki kimdir bir tekis ohangda “thatʼs very good” (juda zoʻr) deb qoʻysa, bilavering, bu “juda rasvo” degani boʻladi. Eng qiziqarlisi, topshiriqlarga berilgan izohlarda boʻlgan. Oʻqituvchilar “feedback”ka juda zoʻr chiqqan deb yozishadi-yu, orqasidan kutilmagan past bahoni qoʻyishadi. Bular hammasi ularning madaniyatiga xos, toʻgʻrisini aytib xafa qilmaslik va shunchaki odob yuzasidan. Buni qabul qilish oson boʻlmadi. Kamina boʻlsa bu gaplarni hali ham oʻzbekchasiga tushunishga harakat qilyapman. “Interesting” boʻlsa “interesting”da, nima qildim oʻzimni xafa qilib!
– Suyarovlar oilasi tanlagan universitetlar nufuzi, dunyodagi tutgan oʻrni haqida gaplashsak… U yerda oʻzbek talabalari ham uchraydimi?
Xadicha Suyarova:
– Edinburg haqida qisqacha aytadiganlarim quyidagilar: Universitet juda qadimiy, 1583-yilda tashkil etilgan. Mazkur universitetda 45 mingdan ortiq talabalar tahsil oladi. Xalqaro reytingga (QS) koʻra, dunyo boʻyicha 22-oʻrinda turadi. Xalqaro talabalar ulushi 49 foizga teng. 19 ta Nobel mukofoti laureati Edinburg universitetida tahsil olgan. Bundan tashqari, universitetning 90 foizga yaqin ilmiy tadqiqot ishlari xalqaro maydonda yetakchi hisoblanadi. Bu universitetda taʼlim sifati juda yuqori. Hozirda Vatanimizdan men bilganlarim 5 kishi tahsil olayapti. Kamina taʼlim yoʻnalishida Sherzod aka Haydarov – shu soha boʻyicha doktoranturada, Abdullajon Neʼmatov TESOL yoʻnalishida. Ular ham EYUFchilar. Bizdan tashqari yana 2 ta bakalavr talabalari ham bor. Umuman olganda, oʻzbek talabalari kamroq.
Abdulaziz Suyarov:
– Men joylashgan shahar Angliyaning eng katta sanoatlashgan shaharlaridan biri hisoblanadi. Toʻgʻri bu shahar va tanlagan universitetim dunyoga unchalik ham mashhur emas. Yangi taʼlim muassasalaridan biri boʻlib, asosan, innovatsiyalar va sanoat texnologiyalariga ixtisoslashgani meni oʻziga jalb qilgan.
Lids universiteti (University of Leeds) 2023-2024-oʻquv yillarida QS reytingida 75-oʻrinni egallagan. Buyuk Britaniyaning eng yaxshi universitetlari guruhi boʻlmish Russel Group tarkibidagi ilm-fan va tadqiqot darajasi yuqori taʼlim muassasasi hisoblanadi. Bu yil universitetda qariyb 40 ming talaba tahsil oladi. 700 ga yaqin oʻquv dasturlari taklif qilinadi.
Men tanlagan Global strategiyalar va innovatsiyalar menejmenti (MSc) mutaxassisligi universitetning yangi va dolzarb yoʻnalishlaridan boʻlib, Biznes maktabidan joy olgan. Universitet xalqaro talabalarga juda koʻp imtiyoz hamda imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, oʻzbek yoshlari 50 foizgacha grant olish imkoniga ega.
Aksariyat universitetlardan farqli ravishda Lids yoki Manchester aeroportidan bepul kutib olish, turli sneklar, shirinlig-u ichimliklar, bepul sim-karta hamda qoʻllanmalar mavjud “Welcome Food Box” yotoqxonada taqdim etiladi. 15-sentyabrdan boshlab 2-oktyabrga qadar universitetda “Welcome Orientation Days” tadbiri oʻtkazilmoqda. 300 dan ortiq klublar, jamiyatlar va ijtimoiy guruhlar tomonidan har kuni turli tadbir-u loyihalar boʻlib oʻtadi. Universitetda LUU (Leeds University Union)ning oʻrni juda yuqori boʻlib, yangi kelgan talabalar oʻzini yolgʻiz his qilmasligi, koʻproq doʻstlar orttirishi uchun hamma ishni qilishadi. Jumladan, Global Cafe (bepul ichimlik va doʻstlar davrasi), Buddy Scheme (onlayn doʻstlar orttirish va ular bilan har kuni piknik qilish), Culture Shock Comedy Show (bir talabaning yangi davlatdagi kulguli sarguzashtlari teatri), Muslim Faith Tour (Musulmon talabalar uchun alohida tur), Program Inductions (har bir taʼlim dasturi uchun alohida tanishtiruv tadbirlari) kabilar. Eng eʼtiborli jihatlaridan biri, universitet hududida musulmon talabalar uchun 4 ta masjid boʻlib, ISoc (Islamic Society) guruhi ham faoliyat olib boradi.
Tadbirlar, dars jarayonlari haqida tez-tez pochta manzilimga xabar kelib turadi. Bundan tashqari, Minerva (bizdagi HEMIS) platformasi orqali ham maʼlumotlar olishim mumkin. Har bir binoda kovorking hamda ovqatlanish uchun alohida oshxona mavjud. Bino yonida esa katta yashil hudud bor.
Bilasizmi, nima menda ijobiy taassurot qoldirdi? Universitetning yirik kompaniyalar, biznes vakillari va tadbirkorlar bilan yaqin aloqasi. Men universitet binosida turli brendlarning reklamalarini juda koʻp uchratdim (taʼlimni moliyalashtirish uchun yaxshi uslub). Bundan tashqari, universitetga yaqin doʻkonlar va kafelarda, jamoat transportida ham katta chegirmalar mavjud. Internet, kutubxona, universitet hududida velosiped, sport zali, kompyuter xonalari va kserokopiya talabalar uchun bepul. Bizning oliy taʼlim muassasalari uchun eng katta fishka bu yaqin atrofdagi biznes vakillari va tadbirkorlar bilan bemalol ishlash imkoniyatini koʻrishsa foydali boʻlardi. Talabalar shahar bozorida juda katta rol oʻynaydi. Bundan tashqari, yuqoridagidek baʼzi xizmatlarni mutlaqo bepul qilish yoki talaba oʻzi bilan olib kelgan tushlikni bemalol istib, qahva damlab olish imkoniyatiga ega oshxonalar tashkil qilish zarur. Yana bir narsa, men birinchi kundanoq boʻsh kutubxona topa olmadim. Nima uchun desam, 1 ta leksiya yoki workshopga tayyorgarlik koʻrish uchun kamida 5 ta yoki 10 tagacha maqola, baʼzida kitob ham oʻqib chiqish lozim ekan. Yana bir eʼtiborimni tortgan jihat, Lidsda ham, Edinburgda ham xitoylik talabalar juda koʻp edi. Guruhimda taxminan 60 foiz talaba xitoylik edi, adashmasam.
– Xadicha opa, universitetda aynan taʼlim yoʻnalishini tanlaganiga sabab nima? Kelajakda yurtimiz taʼlim tizimi uchun qanday takliflaringiz bor?
– Taʼlim yoʻnalishini tanlashimning asosiy sababi, ushbu sohada chuqur bilimlarga ega boʻlish va shu orqali yurtimiz taʼlim tizimini yanada rivojlantirish istagidir. Buyuk Britaniya universitetlari taʼlim boʻyicha dunyodagi yetakchi markazlardan biri boʻlib, ularning sohadagi tajribasi va yutuqlari juda katta ahamiyatga ega. Bu yerda oliy taʼlim va taʼlim falsafasiga oid kurslar oʻqib, taʼlim tizimining falsafiy asoslari va zamonaviy pedagogik yondashuvlarni oʻrgandim.
Oʻzbekiston taʼlim tizimi uchun Buyuk Britaniya va AQSh tajribasidan bir necha muhim jihatlarni olish mumkin. Angliya taʼlim tizimida talabalar mustaqil va tanqidiy fikrlashga keng oʻrgatiladi. Bu yondashuv Oʻzbekistonda ham talabalarning ilmiy izlanish va ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirish uchun joriy etilishi kerak. Buyuk Britaniyada oʻqituvchilarning kasbiy rivojlanishiga katta eʼtibor qaratiladi. Oʻzbekistonda ham oʻqituvchilarni zamonaviy taʼlim texnologiyalari va xalqaro tajriba bilan tanishtiruvchi malaka oshirish dasturlarini kengaytirish lozim.
AQSh va Buyuk Britaniyadagi oliygohlarning asosiy yutuqlaridan biri ularning kutubxonalari bilan bogʻliq. U yerda talabalarga tinch va osoyishta muhit yaratib beriladi. Talabalar katta kitoblar, noutbuklar va iliq kofe bilan oʻtirib, bilim olish bilan shugʻullanishadi. Oʻzbekistonda ham shunday motivatsiyaga ega kutubxona muhitini yaratish talabalarning dars qilishga boʻlgan ishtiyoqini oshiradi va taʼlim tizimida ulkan qadam boʻlishi mumkin.
– Inglizlardagi ota-ona va farzand munosabatlariga toʻxtalsak. Ularda ilmga, urf-odat va qadriyatlarga qanday munosabat bildiriladi?
– Inglizlarda ota-ona va farzandlar oʻrtasidagi munosabatlar koʻpincha mustaqillik va hurmatga asoslangan. Farzandlar yoshligidan mustaqil fikrlashga, oʻz qarorlarini qabul qilishga oʻrgatiladi. Ota-onalar bolalariga yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi, lekin ularning shaxsiy tanlovlarini hurmat qiladi. Bu tarbiya usuli ularning kelajakda mustaqil va masʼuliyatli boʻlishiga yordam beradi.
Ilmga juda katta hurmat bilan qaraladi. Oʻzbekistonda ham hozirgi kunda koʻpchilik ota-onalar farzandlarining taʼlimiga juda katta ahamiyat beryapti. Inglizlar ilm-fan va taʼlimni jamiyat rivojlanishining asosiy omillaridan biri deb biladi. Shuning uchun bolalarga yoshligidan ilm olish, yangi bilimlarni oʻrganish va tadqiqotlar qilish uchun qulay sharoitlar yaratib beriladi.
Urf-odat va qadriyatlarga nisbatan inglizlarda koʻproq ochiq va tolerant yondashuv kuzatiladi. Ular oʻz madaniy anʼanalarini qadrlash bilan birga, boshqa madaniyatlar va urf-odatlarga ham hurmat bilan qaraydi. Bu ochiqlik va tolerantlik inglizlar jamiyatida koʻp madaniyatli muhitni yaratishga yordam beradi.
Oʻzbek oilalarida ham hurmat va axloqiy qadriyatlar muhim oʻrin tutadi, lekin bizda ota-ona va farzand munosabatlarida yanada yaqinlik va qoʻllab-quvvatlash hissi kuchliroq, – bu gʻarb bizdan oʻrganishi mumkin boʻlgan yutugʻimiz. Shuningdek, bizda anʼanalar va urf-odatlarga koʻproq amal qilinadi va koʻpincha bu qadriyatlar avloddan avlodga oʻtadi. Inglizlarning ilmga boʻlgan hurmati va farzandlarga mustaqillik berishga intilishlari oʻzbeklar uchun oʻrnak boʻlishi mumkin. Bizda ham bolalarning mustaqil fikrlashi, oʻz tanlovlarini mustaqil amalga oshirishi, yangi bilimlarni oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqini rivojlantirish muhimdir. Lekin shu bilan birga, oʻzimizning boy madaniy merosimiz, qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizni saqlab qolishimiz va avlodlarga yetkazishimiz kerak. Inglizlarning ochiq va tolerant yondashuvi bizga oʻz qadriyatlarimizni saqlagan holda, boshqa madaniyatlarni ham qabul qilish va ulardan oʻrganish imkonini beradi.
– Buyuk Britaniya ijtimoiy hayotidagi ijobiy va salbiy holatlar haqida aytib bersangiz. Nimalarni oʻrganishimiz, nimalardan saboq olishimiz kerak?
– Buyuk Britaniya ijtimoiy hayotida koʻplab ijobiy jihatlar mavjud. Eng asosiylaridan biri bu jamiyatda yuqori darajadagi adolat va qonun ustuvorligidir. Fuqarolar oʻz huquqlarini yaxshi biladi va qonunlar ularning manfaatlarini himoya qiladi. Bu ijtimoiy barqarorlik va ishonchning shakllanishiga olib keladi. Shuningdek, britaniyaliklar jamiyatda bir-birlarini hurmat qilishga va xilma-xillikni qabul qilishga oʻrgangan. Bu esa koʻp madaniyatli va koʻp millatli jamiyatda tinch-totuv yashashga imkon beradi. Taʼlim va ilm-fan sohasiga boʻlgan eʼtibor ham ijobiy jihatlardan biridir. Britaniyada taʼlim sifati yuqori darajada va ilmiy tadqiqotlarga katta eʼtibor qaratiladi. Bu yurt taraqqiyotiga katta hissa qoʻshadi va global maydonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga yordam beradi.
Salbiy jihatlarga kelsak, Buyuk Britaniyada ijtimoiy hayotning baʼzi tomonlari oʻzbeklar uchun notanish yoki qabul qilinishi qiyin boʻlishi mumkin. Masalan, jamiyatda individualizmning kuchliroq ekanligini kuzatasiz. Odamlar, koʻpincha, oʻz shaxsiy hayotlari va manfaatlariga koʻproq eʼtibor qaratadi. Bu esa oʻzbek madaniyatidagi kabi yaqin ijtimoiy aloqalar, qoʻni-qoʻshnichilik va oila ichidagi yaqin munosabatlarga nisbatan kamroq ahamiyat berilishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, jamiyatda ayrim hollarda anʼanaviy qadriyatlarning zaiflashishi, urf-odat va madaniy merosning avlodlarga yetkazilmay qolishi kuzatiladi. Bu holatni Oʻzbekiston uchun saboq sifatida qabul qilish mumkin, chunki oʻz madaniy merosimizni saqlab qolish va avlodlarga yetkazish muhim vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
– Sizningcha ilm olish yoʻlida birgalikda harakat qilayotgan oilada ayolning oʻrni qanday? Qiyinchiliklar va boshqalarga oʻrnak boʻladigan jihatlar haqida aytsangiz?
– Oʻzbekistonda ilm olish yoʻlida ayolning oʻrni juda muhim, lekin koʻpincha ijtimoiy struktura va iyerarxiya tufayli qiyinchiliklarga duch kelinadi. Ayollar taʼlim olish uchun oʻzlarini isbotlashi va ijtimoiy normaga mos kelishi kerak boʻladi. Chunki koʻplab hollarda ayollar ikkinchi darajali hisoblanadi va ularning imkoniyatlari cheklangan boʻladi. Men shaxsiy tajribamdan bilamanki, turmush oʻrtogʻining qoʻllab-quvvatlashi ilm olish yoʻlida, karyerada yutuqlarga erishishda katta ahamiyatga ega. Turmush oʻrtogʻim menga har tomonlama yordam beradi, bu esa oʻz bilim va maqsadlarimga erishishimda muhim rol oʻynagan. Bu yondashuv boshqa oilalarga ham oʻrnak boʻlishi kerak, chunki erning yoki oila aʼzolarining qoʻllab-quvvatlovisiz ayollarning jamiyatdagi roli faqat uy bekalik bilan chegaralanib qolishi mumkin.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda ham ayollaring taʼlim olishi, karyera qilishi muhimligi toʻgʻrisida jamiyatda jiddiy burilishlar boʻlyapti. Lekin bu ayol kishiga taʼlim bersak, iqtisodiy, ijtimoiy va hokazo foydalari bor, degan gʻoya bilan amalga oshirilyapti. Masalan, ayollar moliyaviy mustaqil boʻlsa, oiladagi yetishmovchiliklar ikki tomon orqali hal etilib, oilaviy mustahkamlikka erishish mumkinligi aytilgan. Haqiqatdan ham shunday. Odamlar orasida “qizlarimizga, ayollarimizga taʼlim bersak, ertaga ular yetuk bilimli avlodni voyaga yetkazadi” kabi gaplarni koʻp eshitamiz.
Xotin-qizlarga jamiyatda oʻrin berilishi kerakligini shunaqa manfaat keltiradi deb tushuntirmasa, bunday firklarga boshqalarni ishontirib ham boʻlmasa kerak. Bunday qarashda ayollar inson sifatida qadrlanishi, tazyiqlarda va ikkinchi darajali boʻlib yashamasligi emas, shunchaki maʼlum bir maqsadlarga yetishish vositasi boʻlib qoladi.