Oʻzbekistonda joriy yilgi isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Unga koʻra, noyabr oyida 1,17 mln dan ortiq oilaga 1 mln soʻmdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Ushbu chora-tadbirlar uchun esa 1,9 trln soʻm yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga, shuningdek, “mahalla yettiligi” xulosasi asosida reyestrga kiritish mezonlariga mos keladigan, ammo hali roʻyxatga olinmagan oilalarga beriladi.
Shuningdek, jon boshiga oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 2 baravaridan (1,43 mln soʻm) oshmaydigan oilalar qoʻllab-quvvatlanadi. Markazlashtirilgan isitish tizimiga ulangan koʻp qavatli uylarda yashovchi oilalar uchun bu chegara Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda 2 baravar, Toshkent shahrida esa 3 baravar etib belgilanadi.
Yolgʻiz yashovchi va oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yashaydigan oilalar ham yordam olishi mumkin.
Qoʻshimcha roʻyxat shakllantirishda boquvchisini yoʻqotgan, I yoki II guruh nogironligi boʻlgan aʼzolari, nogironligi boʻlgan bolalari yoki uzoq muddatli davolanishga muhtoj bemorlari bor oilalarga ustuvorlik beriladi.
Shu bilan birga, oila aʼzosi mehnat migratsiyasida boʻlgan, bir xonadonda 3 va undan ortiq oila yashaydigan hamda gaz taʼminoti mavjud boʻlmagan uylarning aholisi ham hisobga olinadi.
1-noyabrgacha qoʻshimcha roʻyxatlar shakllantiriladi, bunda unga kiritiladigan oilalar soni tegishli hududda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar sonining 50 foizidan oshmasligi lozim.
Farmon loyihasiga koʻra, elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmoli uchun kompensatsiya olishda oilaning har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromad mezoni minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan 2 barobarigacha oshiriladi. Koʻmir xarajatlarini qoplash uchun moddiy yordam olish mezoni ham 1 barobardan 2 barobargacha koʻtariladi.
“Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan kommunal xarajatlarni qoplash, qarzdorlikni bartaraf etish hamda koʻmir yoki boshqa yoqilgʻi xarajatlarini qoplash uchun yordam olish mezonlari ham kengaytiriladi.
Elektr va gaz isteʼmolida bazaviy meʼyordan ortiq sarflangan energiya uchun tariflar oʻrtasidagi farqni kompensatsiya qilish muddati 2028-yil 1-aprelgacha, koʻmir xarajatlarini qoplash boʻyicha yordam muddati esa 2029-yilgacha uzaytirilishi koʻzda tutilgan.
Mablagʻlar 2026-yil 30-noyabrgacha fuqarolarning ijtimoiy yoki bank kartalariga toʻliq va oʻz vaqtida oʻtkazilishi belgilangan.
Shuningdek, gaz yetib bormaydigan yoki gaz bilan taʼminlash qiyin boʻlgan hududlarda qishda elektr energiyasi isteʼmolining bazaviy meʼyorini 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatgacha oshirishni nazarda tutuvchi hukumat qarorini ham bir hafta ichida qabul qilish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, “ogʻir” toifadagi mahallalarda davlat taʼminotidagi oilalarga mansub 3 mingta xonadonning devor va tomlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshiklar, quyosh panellari yoki geliokollektorlar oʻrnatish boʻyicha ishlarni davom ettirish taklif etilgan.
Farmon loyihasi muhokamasi 28-oktabrgacha davom etadi.