Taxtaqoracha dovonidan o‘tib, so‘lim Kitob tumani ostonasiga yaqinlashar ekanman, Ochamayli qishlog‘idan shunchaki o‘tib keta olmayman. Bu yerda Vatanning qahramon jangchisi istiqomat qilgan bir xonadon bor. Negadir u eshikka yo‘l solish og‘ir tuyuladi. O‘g‘il yo‘qotgan ota-ona oldida mulzam o‘tirasan. Ko‘z-qoshingga, bo‘y-bastingga qaraydi, o‘xshatadi. Hayot bo‘lsa yonimda yurmasmidi degich o‘y kechadi.

 

Ochamayli – yuz urug‘ining bir bo‘lagi. Manbalarda aytilishicha, ho‘kiz yoki qo‘tosga uriladigan yoki bolalar minishi uchun mo‘ljallangan egar “ochamay” deyilgan. Demak, bu urug‘ning tamg‘asi egar shaklida bo‘lgan. Yana bir kitobda Ochamayli urug‘i och (ach) degan qadimgi qabila nomi bilan atalishi aytiladi.

 

Bugun 5-6 yil burun qahramon yigit xonadonida kechgan xotiralarimni yana bir qur yodga oldim.

 

***

Darvozani uzoq taqillatdim. Hovli katta, ovozni yutib yuboradi, shundan quloqqa eshitilmas. Yugurib chiqqan qizchadan so‘rayman:

 

– Momong uydami?

 

– Bozorga ketuvdilar.

 

– Unda bobongni chaqir?

 

– Bobom chiqolmaydilar, oyoqlari kasal...

 

Qizcha bilan ichkari kirdim. Qarasam to‘r xonadagi uy eshigidan hassaga tayangan kishi ko‘rindi. Hol so‘rashdik. Avaz aka – qahramon yigitning otasi.

 

Jurnalist ekanimni bilgach, jim qotdi.

 

– O‘g‘limni yo‘qlabsizmi, xush ko‘rdik. Qani, ichkariga... Momongiz bozorga ketuvdi. Keb qolar...

 

– Oyog‘ingiz yaxshimi, ota?

 

– Bir navi. “Selsovet”da 33 yil buxgalter bo‘lib ishladim. Pensiyadaman. Baribir og‘ir oldim. 2-marta infarkt, bir marta insultdan keyin hassaga tayanib qoldim.

    

Avaz ota o‘g‘lining albomini qo‘limga tutqazdi. O‘zi esa karavotda xayolchan o‘tirdi. Varaqladim. Otabekning bolaligi, o‘spirinligi... Suratlarda u turlicha gavdalanadi: yuk mashinalari oldida, stadionda, turnikka osilgancha. Atrofida tengqurlari. Aftidan, chayir bolakayning sport bilan shug‘ullanishi seziladi. Yoshligidan yo‘l-yo‘l mayka kiyib yurishi esa harbiylikka havasi borligidan. Yana varaqlayman. Yigitcha suratdan suratga ulg‘ayib boradi. Birda uning O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan so‘zlashib turgani suratiga ko‘zim tushadi.

 

 

 

– Bir vaqtlar uchrashgan edi, – qistirib o‘tadi ota. – U kunlar o‘tdi-ketdi...

 

Albom so‘ngida bir quchoq gul tutgan kelin-kuyov surati. Ota noxos qaradi-yu, hech narsa demadi. Bir achchiq sukunat cho‘kdi. So‘rolmadim, indamadi...

 

Bilishimcha, o‘sha mash’um kunda u endigina 24 yoshga to‘lgan, uylanganiga esa atigi 8 oy bo‘lgandi.

 

Aslida bu inson hayotining to‘lib-toshib yashaydigan farog‘atli davri, ming afsuski, marhum yigit xotiralarining poyoni edi...

 

 

 

O‘zim bilan o‘zim

 

...Deraza ortidagi keng hovlida bir zamonlar Avaz otaning o‘g‘illari jon-jo‘ralari bilan yelib-yugurib yurishgan. Hozir ularning hammasi har yerda: birovi mashinada, birovi amalda, birovi piyoda. Ammo ular bu hovliga tez-tez kelib turishadi. Ammo Otabek o‘z uyiga-da kelmaydi. Uning arg‘umog‘i yolg‘iz qaytgan.

 

Ha, shoir Azim Suyun kuylagan qahramon kabi edi u.

 

Maysalar lol egdi boshini,

Qizg‘aldoqlar to‘kdi yoshini,

Ko‘k berkitdi shan quyoshini,

Bahodirsiz kelar arg‘umoq.

 

Xuddi o‘sha. Samoda qushlar unsiz qoldi, latif, sarin shabbodalar tindi, tog‘lar tundlashdi. She’rni to‘laligicha o‘qib ham navqiron yigit ko‘z oldimdan ketmadi.

 

 

 

Adash qismat

 

Ota o‘g‘limning ismini “O‘tkan kunlar” filmini ko‘rib, Otabekka havas qilib qo‘yganman, degan edi. Bekning o‘tkir zehni, madaniyati, tarbiyasi sabab ko‘plar unga havasmand bo‘lgani tabiiy. Karomati keng Xudo, ism ortidagi taqdirga serjant Otabek Muhammadiyevni ham sherik qilganiga nima deysiz?

 

 

 

Ismdoshlik bir yon, qismatdoshlik esa bir taraf bo‘ldi. Asardagi bekning hayot xotimasini bir eslang:

 

“...1277-yilning kuz kezlarida bo‘lsa kerak, Yusufbek hoji Qanoatshodan bir xat oldi. Qanoatsho Avliyo otadan yozar edi. “O‘g‘lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo‘shunda edi. Olmaota ustidagi o‘rus bilan to‘qunishmamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib shahid bo‘ldi. Men o‘z qo‘lim bilan ikkisini dafn etdim...”

 

Otabekning hayoti ham, go‘yo taqdir bitigida yozilganidek, dushman bilan kechgan kurashlar bag‘rida yakun topdi. U ham yovga qarshi mardona turib, qurolini so‘nggi nafasigacha yerga qo‘ymadi.

 

 

 

Kitob sahifalaridagi Otabek navqiron 24 yoshli yigit sifatida gavdalansa, bizning Otabek ham ayni shu yoshda – kuchga, orzularga to‘la pallada edi.

 

Avaz ota buni yaxshi biladi. Otabekdan Yodgor qolgan edi. O‘z o‘g‘lidan esa zurriyot qolmadi. – Armonim shu bo‘ldi, – deydi u.

 

Otabek yozgan xatlar

 

Otabek Muhammadiyevning harbiyda yozgan maktublarini bir-bir o‘qib chiqdim. Xat tiliga ko‘ra  yigitcha “O‘tkan kunlar”ni suv qilib ichgan. Bekning noma bitmoq yo‘sini shundoq seziladi.

 

Birinchi sog‘inchnomani Otabek dadasi Avaz otaga yozadi:

 

“...Ushbu xatim tez va qisqa kunlar ichida yetib borib, ma’lum bo‘lsinki, ul go‘zal Ochamayli qishlog‘ida o‘ynab-kulib, sog‘-salomat, charchamasdan ishlab yurgan dadajonimga!

 

Endi mendan so‘rasangiz men yaxshi, sog‘-salomat xizmat qilib yuribman. Qiyinchiliklar yo‘q. Nima uchun qiyinchilik bo‘ladi? Hammaga so‘zini o‘tkazgan odam hech qachon qiynalmaydi. Kallani ishlatish kerak ekan, dadajon. Xuddi uyda yurganday yuraman. Lekin uy, uyda...

 

Sana: 25.01.1996-yil.”

 

 

 

Ikkinchi xat akasi Ozod Muhammadiyevga yozilgan bo‘lib, unda Otabekning ichki tiynati teranroq ochiladi:

 

“...onam faqat yangiliklardan yozmaysan deydilar. Yangiliklar unchalik yo‘q. Boshqalarday yolg‘ondan yozgim kelmaydi. To‘g‘risini aytaman, uyni juda sog‘indim.”

 

Voqea

 

...Bozordan qaytgan Toshbibi aya suhbatimizni bo‘lmay eshitdi. Xo‘jayinining gaplariga boshini silkib-silkib turdi. Oxiri bir xazin ovozda so‘z qotdi:

 

– O‘g‘lim 45 kun muttasil jang qildi. Hatto telefondan urush tugab qolganini, erta yo indin uyga qaytishini ham takror-takror aytgandi. Kelar chog‘ini bir mahalla bo‘lib kutib o‘tirgandik...

 

 

 

Onaning boshqa gapirishga jur’ati yetmadi. Qolganini qahramonning akasi Ozod Muhammadiyev harbiycha vazminlik bilan tushuntirib berdi. Baribir tafsilotlar kishiga og‘ir botadi.

 

– Ukam 2000-yilning 16-sentyabr kuni safdoshlari bilan razvedka qidiruv ishlarini, desant-ishg‘ol harakatlarini bajarayotgan vaqtda jangarilar bilan bo‘lib o‘tgan jangda mardlik namunasini ko‘rsatib halok bo‘ldi.

 

Ozod Muhammadiyev ukasining vafotidan so‘ng aynan u xizmat qilgan harbiy qismda shartnoma bo‘­yicha xizmat qilib, nafaqaga chiqdi. Ukasi kapitan Jonibek Muhammadiyev ham Qurolli Kuchlarimiz safida. U Otabekdan yetti yil o‘tib tug‘ilgan ekan.

 

Buni qarangki, Ozod akaning o‘g‘li Zuhriddinjon rahmatli amakisiga havas qilib Qurolli Kuchlar akademiyasi (Hozirgi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti)ga o‘qishga kirgan ekan.

 

Ota xotiralari

 

O‘g‘il yo‘qotib, yarim jon bo‘lib qolgan Avaz otaning harbiylikdan-da ko‘ngli qolgandir, deb o‘yladim. Balki farzandlariga jahl ustida: – Tamom, hech biring harbiy bo‘lmaysan. Huzur-halovatda ishlab, yashaydigan kasblar kammi dunyoda, – degandir ehtimol. Ammo o‘sha lahza ikki o‘g‘ilning harbiyligi, otaning nevarasini “Temurbeklar maktabi”da o‘qitayotganini eshitib, taxminlarim tarqab ketgan edi.

 

– Har kuni urush bo‘lmaydi-ku, o‘g‘lim. Vatanni shular qo‘riqlab yotibdi-ku. Mana, meni olaylik. Hassaga tayanib qolgan yarim jon odamning qo‘lidan nima kelardi...

 

Shu kez ota o‘g‘li bilan bo‘lgan qisqa suhbatini esladi:

 

– Dada, armiyada qolaman, – degandi o‘g‘il. – Udda qilsang qol, – degandi ota. Shu-shu,  Otabek harbiy bo‘ldi.

 

 

 

Bolamning falon xarakteri bor edi, deb maqtamayman, odam edi. Kimdir yiqilsa, qo‘ltig‘iga kirib eltadigan, ochiq yuzli, jo‘ralariga sodiq edi. Oshnalari haliyam yo‘qlab turadi. 14-yanvar va boshqa bayramlarda ham kelib, xabar olib ketishadi. Har zamon “chast”dan ham kelishadi.

 

O‘limning turi ko‘p. U tenglarning ayrimlari ro‘zg‘origa yaramayapti-ku. Xudoning ishi-da. Kerak payti sevintirib berdi – xursand bo‘ldik, yig‘latib oldi – chidaymiz.

 

Loqaydlikdagi jarohatlar

 

– Maktab, mahalla yo‘qlab turadimi?

 

– Mahalla tez-tez yo‘qlaydi, sog‘ligim uncha ko‘tarmaydi. Momongiz maktablardagi uchrashuvlarga borib turadi.

 

Otabek Muhammadiyev nomini abadiylashtirish uchun tug‘ilib o‘sgan mahallasi va u o‘qigan maktabga uning nomi berilgan hamda yodgorlik o‘rnatilgan. Vatan uchun jon bergan o‘g‘il jasorati qanchadan qancha bolani botir qilib ulg‘aytirmaydi deysiz. Akamday dovyurak bo‘laman deb harbiyga ketganlar, o‘qiyotganlar bor...

 

Avaz ota va Toshbibi ayani uzoq tingladim. Ularning armonlari menga-da og‘ir botdi. Shu uydan qahramon yigit hammadan balandda, yelkadan yelkaga o‘tib chiqib ketayotgani ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Uy sohiblari bilan xayr-xo‘shlashdim. Darvozadan chiqar ekanman, shoirning otashin va dardli satrlari tilimda aylanaverdi:

 

Qonxo‘r g‘anim, qonxo‘r qotil kim?..

Havo bo‘g‘iq, badqovoq va dim,

Chopib chiqqan el, xaloyiq jim,

Bahodirsiz kelar arg‘umoq.

 

Bobur ELMURODOV