Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo bilan suhbat
– Maʼnaviyat tushunchasiga izoh bersangiz...
– Tushunchaga izoh berishdan oldin soʻzning kelib chiqishiga eʼtibor qaratsak. “Maʼnaviyat” arabchada “maʼno”, “maʼni” soʻzlarining jamlovchi shakli hisoblanadi. Istilohda oliy axloqiy tushunchalar majmuyi. Moddiy dunyodan tashqaridagi ruhiy olam ham maʼnaviyat bilan izohlanadi. Qayerdadir maʼnaviyat haqida gap ketdimi, oʻsha yerda avvalo insonning ichki dunyosi, koʻngil goʻzalligini xayolga keltirish kerak. Demak, maʼnaviyat degani “hayotingdan maʼno top” yoki “maʼno kasb etgan hayot” degani.
Sobiq Sovet ittifoqi mafkurasi faqat moddiyatga urgʻu berdi va odamlarni mehnat mashinasining murvatiga aylantirdi. Bu qanday razilliklar keltirib chiqargani barchaga ayon. Eng katta kasofat shundaki, aholi yoppasiga koʻngil inqirozini boshdan kechirib, sunʼiy vatanparvarlik, soxta fidoyilik niqobini kiyishga majbur boʻldi. Shu sababdan uzoq yillik biryoqlama qarash oqibatlarini bartaraf etish uchun Oʻzbekistonda maʼnaviyat masalasi siyosat darajasiga koʻtarildi. Yana bir haqiqatni aytish kerakki, bizda maʼnaviyat islomdan tashqarida boʻlishi mumkin emas. Aslida bu ikki xazina bir-birini toʻldiradi. Islom qoidalari, hadislar ming yillik maʼnaviyatimiz asosidir.
Boy maʼnaviyat hech bir xalqqa ziyon keltirmagan. Faqat uni toʻgʻri targʻib qilish, odamlarni bezdirib qoʻymaslik kerak.
– Siz tuman yo viloyatda, davlatning boshqa bir idorasida maʼnaviyat targʻibotchisi lavozimida ishlasangiz, qanday uslubni yoʻlga qoʻygan boʻlardingiz? Umuman, maʼnaviyat vakilini qanday tasavvur qilasiz?
– Maʼnaviyat markazining vakili boʻlishi mumkin, lekin maʼnaviyat vakili boʻlmaydi. Maʼnaviyatli kishi boʻlishi mumkin. U qanday boʻladi? Bizning holatda maʼnaviyatli kishi dunyoviy bilimlarning hech boʻlmaganda bittasini chuqur oʻzlashtirgan, kasb-korli, milliy va diniy qadriyatlarni hurmat qiladigan, qonundan ogʻishmaydigan, fuqarolik burchini anglagan, hushyor, fidoyi va boshqa fazilatlar sohibi. Lekin u beayb farishta emas. Komillikka intilayotgan inson.
Maʼnaviyat targʻibotchisining muayyan vazifasi yoʻq. U zavod ishchisi emas. Har kim oʻz saviyasida targʻibot olib boradi. Ammo umumiy qoidalar bor: oʻzi har tomonlama oʻrnak boʻla oladigan, Oʻzbekiston va jahondagi siyosiy jarayonlardan xabardor, tahlil qobiliyatiga ega, notiq va tashkilotchi. Ana shunda qaysi tashkilotda boʻlmasin, u maqsadiga erisha oladi. Yoʻqsa, xat-hujjatchi kadrdan farqi qolmaydi.
Agar men maʼnaviyat targʻibotchisi boʻlib ishlasam, avvalo atrofimga xalq hurmat qiladigan, samimiy, halol odamlarni yigʻardim. Maʼruzalardan, quruq targʻibotdan qochib, har bir oilaga oddiy mehmon yoki ijodkor sifatida kirib borishga harakat qilardim. Yaʼni, hozir Otabek Hasanov olib borayotgan faoliyatga muvofiq ish tutgan boʻlardim.
– “Xalqimizning juda boy maʼnaviy merosi bor”. Bu gapni doim ishlatamiz. Bu chin gap aslida. Ammo bu meros asli nimalardan iborat, uni bugun qanday istifoda etayapmiz? Bu jarayondan qoniqasizmi?
– Savolingizda yengil kinoya sezilayapti, boshqalarda ham shunday. Bu sohadagi koʻp ishlarning orqaga ketishiga ham shu sabab boʻladi.
Aslida mustamlakachilik oqibatida ajdodlardan qoʻlimizda faqat maʼnaviy meros qolgan. Moddiy meroslarning aksariyati va eng qimmatbaholari Ermitaj, Luvr muzeylarida, kimlarningdir shaxsiy kolleksiyasida saqlanmoqda. Maʼnaviy merosimizdan salmoqli ulush Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Misr, Pokiston, Hindiston, Turkiya kutubxonalari va arxivlari xazinasining bezagi boʻlib turibdi.
Soʻnggi yillarda ularni topish, aniqlash, toʻplam holida chop etish, nusxa koʻchirish va oʻrganish boʻyicha qator ishlar qilindi va jarayon davom etayapti.
Savolga qaytsak, maʼnaviy merosimiz koʻlamini dafʼatan tasavvur qila olmaymiz. Joiz boʻlsa, islomgacha boʻlgan davrdagi tarixning oʻzi alohida bir tarmoq. “Avesto” kabi muhtasham diniy-badiiy obida ham hali ochilmagan qoʻriqqa oʻxshaydi. Toshbitiklarimiz, Oʻrxun-Enasoy atiqalari va Moʻgʻuliston hamda Xitoydan topilayotgan tarixiy bitiklarimiz... Bularning bari bemisl boyliklarimiz. Afsuski, uni tadqiq va targʻib etish masalasi hanuz koʻngildagidek emas. Umuman, biz tarixiy yodgorliklar uyoqda tursin, oʻz otalarimizdan qolgan ashyolarni, sodda ifoda qilganda, kitob-daftar, buyum-dashqollarni ham ehtiyot qilmaymiz. Yaqinda yashab oʻtgan zamondosh ustozlar uy-muzeyiga kirsangiz, gʻariblikdan koʻnglingiz uvushadi. Shoirdan na yozuv mashinkasi, na qoʻlyozma, na kiyim-kechak, na arzirli surat qolganini koʻp koʻrganman. Shunaqa koʻngli keng, parvoyi palak, daryo xalqimiz bor. Ha, mayli, yaxshi boʻp ketar...
Islom kirib kelgandan keyin mintaqamiz ilm-fani, adabiyoti va sanʼati, meʼmorchiligi va boshqa sohalari yangi bosqichga koʻtarildi. Olimlarimiz dunyoviy va diniy ilmlarni shunchaki qabul qilmay, ularni boyitdi, yangi tarmoqlar ochdi va dunyoga taqdim etdi.
Jadidlar davri merosi ham mubham holda edi. Mana endi, eʼtibor sabab ayon boʻldiki, ular oʻz davridan ilgarilab ketgan allomalar ekan. Astoydil oʻrganilmoqda, xalqimizga yetkazilmoqda.
Balki gʻalati tuyular, lekin hatto sovet davrida ham olim-u adiblarimiz xalq uchun maʼnaviy meros qoldirgan. Garchi bu meros uzra uzilmas qizil chiziq kesib oʻtgan boʻlsa-da, har holda bugungi oʻzbek fani, adabiyoti va sanʼati rivojiga hissa qoʻshgan. Uzoq vaqt oʻzbekistonlik olimlarning yutuqlari umumsovet fani taraqqiyotiga qoʻshib yuborildi.
Bugun bekorga Islom sivilizatsiyasi markazi ish boshlamadi. Har yili yangi bir ilmiy markaz ochiladi, Oʻzbekistonda xalqaro ilmiy konferensiyalar, baxshichilik festivallari va boshqa tadbirlar oʻtkazilayapti. Bularning barchasi ana shu boy merosni xalqqa yetkazish uchun.
– Xalqimiz sizni avvalo katta ijodkor, el dardini oʻziniki hisoblagan ziyoli deb biladi. El sevgan shoirning bitganlari, aytganlari esa barcha uchun, jumladan, maʼnaviyat xodimi uchun ham zaxira, quvvat manbayi. Demak, ijodkor ham birinchi oʻrindagi maʼnaviyatchi ekan-da...
– Albatta! Maʼno olamining sultonlaridan biri Alisher Navoiy ekanini hisobga olsak, shoirlar ham maʼnaviyat targʻibotchisi. Faqat shunga loyiq boʻlish kerak. Aslida qadimda shoirlik alohida martaba boʻlgan. Zamonasining qator ilmlaridan bexabar odamlar adabiyotga yaqinlashtirilmagan. Shuning uchun ham Sharqda buyuk olimlarning deyarli barchasi shoir boʻlgan: Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Umar Xayyom va boshqalar.
Ijodkorning xalq oldida yelkasiga olgan majburiyati boʻladi. Ulardan biri oʻquvchining maʼnaviyatini boyitish, uning ichki dunyosini goʻzallashtirish, ruhiyatiga quvvat bagʻishlash. Shuning uchun ham Sharq shoirlaridan hech boʻlmaganda bittadan pandnoma ruhidagi asarlar qolgan.
Birgina xamsachilikning oʻzi ham ana shu maqsadda yaratilmaganmidi? Jamiyatning turli qatlamlari axloqini shakllantirish, ogʻishgan nuqtalarini bosqichma-bosqich tuzatish asnosida muhtasham sanʼat asarlari yaratilgan.
Bugungi ijodkor oldida ham shu masala turadi. Bu atayin qilinadigan ish emas. Avvalo ilhom samarasi va davr ehtiyojiga aylanishi kerak. Zamonamiz kishilari qisqalik tarafdori. Ularga qisqa, ammo tushunarli, teran va taʼsirli sheʼr, hikoya, asar berish kerak.
Uni yetkazishda ham zamonaviy barcha texnologiyani ishga solgan maʼqul. Endi faqat banner chiqarib qoʻyish bilan ish bitmaydi. Bugungi maʼnaviyat targʻibotchisi ijtimoiy tarmoqlarda, kerak boʻlsa, “Tiktok”, “Instagram”da ham faol boʻlishi shart.
– Milliy gʻurur tushunchasini bugun ayrimlar kibr bilan adashtirayotganga oʻxshaydi. Inson uchun oʻzidan, oʻzligidan gʻururlanish aslida fazilat emasmi?
– Milliy gʻururni kibrga oʻxshatayotganlar xalqning uygʻonishi, taraqqiy etishi, jahonga boʻylashiga qarshi boʻlgan dushmanlar, xoinlar yoki johillar.
Milliy gʻurur kibrga aylanishi ham mumkin. Meʼyorni unutmaslik kerak. Oʻz xalqi yo millatini boshqalardan ustun qoʻyish, qolganlarni kamsitish, yerga urish, mensimaslik, behurmat qilish... bu endi nafaqat kibr, balki umuminsoniy jinoyatdir. Uning oqibati urush va ichki nizolar.
Lekin har bir xalq oʻz tarixi, tili, qadriyatlari, ajdodlari, moddiy va maʼnaviy merosidan faxrlanishga haqli. Buni hech kim cheklab qoʻya olmaydi. Koʻp keltirilgan boʻlsa-da, Rasul Hamzatov oʻz Dogʻistonidan gʻurur tuymaganda “Mening Dogʻistonim” kabi asar yaratmagan boʻlardi. Agar Chingiz Aytmatov qirgʻiz xalqiga mansubligidan magʻrurlanmaganida dunyoni lol qiladigan asarlar yarata olmasdi.
Hazrat Choʻlpon-chi? Agar millatini sevmaganida turkiy tilning sofligi uchun bu qadar kurashga kirgan boʻlarmidi?
Shu maʼnoda boshqalarning gʻururiga teginmagan holda har bir xalq oʻzligidan faxr tuyushga haqli.
– Iqbol aka, oʻzbekning feʼli, yutugʻi-yu nuqsoni, umuman, milliy mentaliteti yaxlit aks etadigan ilmiy asosga ega asarga ehtiyoj bordek tuyuladi. Siz qanday qaraysiz bu fikrga?
– Bunday asarga har doim ehtiyoj boʻlgan. Firdavsiy oʻttiz yilda “Shohnoma” yozib Eron tarixini ulugʻlaganidan zavqlangan Navoiy oʻttiz oyda turkiy tilda benazir durdona yaratdi.
Gap shundaki, har bir davr yozuvchi oldiga oʻz savolini qoʻyadi. Ana shu savolga javob boʻla oladigan asar yaratish uchun xalq tarixini chuqur bilish, oʻrganish, bugunni tahlil qilish, ustozlarning uslublarini oʻzlashtirish, jahon tajribasidan foydalanish, oʻquvchi saviyasi va ehtiyojini ham hisobga olish kerak.
Erkin Vohidovning “Oʻzbegim” qasidasi va Abdulla Oripovning “Oʻzbekiston” sheʼri ana shu ehtiyoj oʻlaroq dunyoga kelgan edi.
– Bugun xalqni, yoshlarimizni ortidan ergashtiradigan yoʻlchi yulduzlar, ilgʻor mutafakkirlar yoʻqolib borayapti degan gaplarga tez-tez duch kelayapmiz. Bu zamon talabimi yoki tutumlar oʻzgardimi?
– Bugungi yoshlar olim-u mutafakkirlarga kumir sifatida qararmikan oʻzi? Ularning xayolida instablogerlar, shou biznes vakillari, qandaydir motivator-u chala psixologlar...
Lekin faqat salbiy tomonga ogʻib ketish yaxshimas. Soʻnggi yillarda yoshlar orasida kumir kompasi sezilarli darajada boshqa qutblarga oʻtmoqda.
Olimpiada gʻoliblari, grossmeysterlar, futbolchilar, xalqaro fan olimpiadasi gʻoliblari – bularga ham qiziqish kuchli. Bugungi yoshlar chet el sportchilarini emas, oʻzimiznikilarni aytadigan darajaga yetdik.
Diyora Keldiyorova, Asila Mirzayorova, Bahodir Jalolov, Ulugʻbek Rashidov, Nodirbek Abdusattorov, Abduqodir Husanov, Abbos Fayzullayev, Eldor Shomurodov... Mana ular! Yoshlarning ijtimoiy tarmoq sahifalariga kirsangiz maʼlum boʻladi postlardan.
Qolaversa, “Yosh kitobxon” tanlovi gʻoliblari ham bugun tengdoshlarining kumiriga aylanmoqda.
Bu jarayonni sunʼiy tashkil qilib boʻlmaydi. Yoshlar oʻzlari tanlaydi qahramonni.
Endi siz aytgan olimlar masalasiga kelsak, demak, Oʻzbekiston ilm-fani dargʻalarini targʻib qilish zarur. Buning uchun ijtimoiy tarmoqlar kuchidan foydalanish maqsadga muvofiq. Nega yoshlar matematik Shavkat Ayupov, tarixchi Ahmadali Asqarov, oʻzbek tili jonkuyari Shuhrat Sirojiddinovni tanimasligi kerak?
Endi targʻibotda yuqoridagilarga ham eʼtibor qaratilsa, keyin natija kutish mumkin. Eshikni taqillatmay turib, oʻz-oʻzidan ochilishini kutish yaramaydi. Yoshlarni ham aybdor qila olmaymiz. Gyote aytganidek, ular birinchi marta yashamoqda.
Shahnoza ROFIYEVA suhbatlashdi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Eshiklar oʻz-oʻzidan ochilmaydi” maqolasi