Mutaxassislar fikricha, insonning kelajakdagi hayoti, uning qanday kasb tanlashi bolalik davridagi oʻyinchoqlariga ham bogʻliq ekan. Oʻyinchoqlarning bola ruhiyatiga, uning maʼnaviy va jismoniy salomatligiga foydali va zararli tomonlari qanday? Quyida shu haqida fikr yuritdik.  

Biz avvalo, oʻyinchoq doʻkonlarida boʻlib, u yerda sotilayotgan mahsulotlar bilan qiziqdik. Doʻkon peshtaxtalarida qizaloqlar uchun asosan “Barbi”, “Bonny”, “Sammi”, “Beautiful girl”, “Nighter Nite” qoʻgʻirchoqlari, “Sweet” nomli oyna-taroq, pardoz-andoz buyumlaridan iborat jamlanma taklif etilmoqda. Oʻgʻil bolalarga moʻljallab esa “Shock trans”, “Combat Mission”, “Fors”, “Twint Liav The tease land”, “Air super gun”, “Super weapon”, “Future Weapon Warior Heroic Fighter”, “Mightiness”, “Kombinasiya stali i jeleza” kabi jangovar qurollar, “Lego robot”, “Kombat”, “Transformer”, “Super Robot” singari robot oʻyinchoqlar, “Batman”, “Spiderman”, “Shrek”, “Nindzyalar”, “Simpsonlar”, “Vinni Pux” kabi film va multfilm qahramonlarining qoʻgʻirchoq va oʻyinchoq shakllari, qoʻrqinchli niqoblar, musiqiy oʻyinchoqlar terib qoʻyilgan. Doʻkonda bolaning intellektual salohiyatini oshirish hamda uy-roʻzgʻor yumushlariga oʻrgatishga, kasbga yoʻnaltirishga qaratilgan oʻyinchoqlar, jumladan, elektron doska, ichma-ich qutilar, chelak va belkuraklar toʻplami, koptok, kubiklar, kaleydoskop, mozaika, choʻmilish baloni, ovozli alifbo ham borligiga guvoh boʻldik. Afsuski, ular orasida milliy ruhdagi oʻyinchoqlarimiz sanoqli.

Shu oʻrinda biz oʻyinchoq ishlab chiqaruvchi korxona taʼsischisi Alijon Yusupovdan Oʻzbekiston va dunyo oʻyinchoqlar bozoridagi talab va taklif haqida surishtirdik:

– Yaqinda xalqaro oʻyinchoqlar koʻrgazmasida boʻlib qaytdik. Yirik oʻyinchoq fabrikalari mutasaddilari bilan muloqot qilganimda koʻpgina rivojlangan davlatlarda bolalarga telefon ishlatishga ruxsat berilmayotgani, sababi ularda yaratuvchanlik qobiliyati sustlashayotganini aytib oʻtishdi. Telefonning oʻrnini bosish uchun koʻproq mantiqiy, qoʻl matorikasini rivojlantiruvchi oʻyinchoqlarga talab kuchayibdi. Keyingi  yillarda plastmassa emas, ekologik toza, yogʻochdan ishlangan oʻyinchoqlar yaxshi sotilyapti. Ular hali bizning bozorga kirib kelganicha yoʻq, Oʻzbekistonda asosan Xitoydan keltirilgan plastmassa oʻyinchoqlar xaridorgir. Hozir ikkita korxonam bor, u yerda ishlab chiqargan oʻyinchoqlarimizni 7-8 ta davlatga eksport qilamiz, mahalliy oʻyinchoq doʻkonlariga tarqatamiz. Qishda asosan uyda oʻynaladigan mantiqiy oʻyinchoqlar, bahordan boshlab varraklar, koptoklar, suv pistoletlari yaxshi sotiladi.

Oʻyinchoqlar bolada qanday xususiyatlarni shakllantiradi?

*“Kubik-rubik”, “Lego” kabi oʻyinlar nafaqat bolalar ongini oʻstiradi, balki ularda rang ajratish qobiliyati toʻgʻri shakllanishiga yordam beradi. Bundan tashqari, bolada emosiya, muloqot, intellekt, yaratuvchanlik xususiyatlarini uygʻotadi.

*bolalar lotosi sanashni, meva va jonivor turlarini ajratishni oʻrgatadi. Bola tabiatni sevadi va asrashga harakat qiladi. Lotoda bola sabzavotlarni alohida, hayvonlarni alohida turlarga boʻlib yigʻadi. Bunday bolalar kelajakda metematika va mantiqni yaxshi oʻzlashtiradilar.

*bolalar dominosi ham turli suratlarga boy boʻladi. Bolada sanoqni eslab qolish orqali xotira rivojlanadi. 

*qizlar uchun goʻdak qoʻgʻirchoq mos keladi. Chunki bunday qoʻgʻirchoqlar barbi kabi emas, jajjilarga mos kiyintirilgan boʻlib, doʻmboq va pardozdan xoliligi bilan ajralib turadi. Qizaloqlar qoʻgʻirchoqni aravachasida sayr qildirishlari, “ovqatlantirishlari” mumkin. Shu orqali bolalarda oʻzidan kichiklarga nisbatan mehr-shafqat hislari shakllanadi.

*bolalarda mashinacha oʻynashga qiziqish asosan uch yoshdan soʻng uygʻonadi. Texnikaga qiziqish oʻgʻil bolalar uchun tabiiy xususiyat. Mashina turlaridan KaMaz, yengil avtomobil, quruvchi mashinalar mos keladi. Jangovar tanklar va oʻt ochar mashinalarda toʻxtalmagan maʼqul.

*suvda oʻynaladigan oʻyinchoqlar bola chiniqishiga yordam beradi. Togʻora yoki suv havzasida choʻmilish jarayonida bola qayiqcha, toʻp, suv jonivorlarini oʻynab, energiya sarflaydi. Mushaklari chiniqib, suv haroratiga koʻnikma hosil qiladi.

*qurilish, hamshiralik anjomlari, bogʻdorchilik qurollari ham bolalarda kelgusi kasblarini tanlashga koʻmaklashadi. Bola atrof-tevarak obodligiga oʻz hissasini qoʻshgandek boʻlib quvonadi. Qurish, yasash, yaratish orqali ularda mehnatdan zavqlanish hissi uygʻonadi.

*musiqiy oʻyinchoqlar: pianino, baraban va boshqa asboblar bolalarda tinglash qobiliyatini rivojlantiradi. Musiqaga qiziquvchi bola shunday oʻyinchoqlar  vositasida musiqani saralashni, farqlashni oʻrganadi.

*konstruksiyalar orqali qurish, qoʻshish, yaratish mumkin. Bitta toʻplamdan turli oʻyinchoqlarni yasash bolada ijodiy va yaratuvchanlik qobiliyatini shakllantiradi.    

Zararli oʻyinchoqlar ham yoʻq emas!

*«Barbi», «Sindi», «Semmi» kabi yarim yalangʻoch koʻrinishdagi qoʻgʻirchoqlar «ommaviy madaniyat»ni targʻib etadi. Ularni oʻynayotgan qizaloqda unga oʻxshab kiyinish va pardoz qilish xohishi paydo boʻladi, shunga taqlid qiladi.  

*yumshoq oʻyinchoqlar aksariyati sunʼiy materiallardan tayyorlangan va changni koʻp yutadi. Bunday oʻyinchoqlar toʻqimasi nafas yoʻllariga yoki ogʻizga tushsa, noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin.  

*monstr va maxluq qiyofasidagi niqoblar bolada faqat qoʻrquv hissini shakllantiradi. Uni oʻynayotgan bolakay oʻzini atrofdagilardan kuchli hisoblab, boshqa bolalar ustidan hukmronlik oʻrnatishga harakat qiladi.

Oʻyinchoqlar bolalar salomatligiga qanday taʼsir oʻtkazishi xususida  bolalar shifokori Muazzam Ibrohimova shunday deydi:

– Turli yoshdagi bolalar uchun xavfsizlik talablari farqlanadi.  Bola qancha kichkina boʻlsa,  oʻyinchoq chidamli boʻlishi kerak: chaqaloq qoʻliga tushgan narsani ogʻziga soladi, yalaydi va istagan paytda otib yuborishi mumkin. Uch yoshgacha boʻlgan bolalarga moʻljallangan oʻyinchoqda barcha qismlar yetarlicha katta boʻlishi kerak, chunki bola ularni yutvorishi mumkin. Moʻrt plastik, shisha yoki oʻta qattiq  temir oʻyinchoqlarni ham bolajonlar qoʻliga tutqizib boʻlmaydi.

Barcha ishlab chiqaruvchilar ham vijdonli emas. Masalan,  oʻyinchoq qutisiga "tabiiy" va "ekologik mahsulot" tamgʻasi urilgani bilan har doim ham  talabga javob beravermaydi. Tabiiy teri va  moʻyna ishlatilgan oʻyinchoqlar uch yoshgacha boʻlgan bolalar uchun taqiqlanadi, chunki ular nafas yoʻllari  allergiyasini chaqirishi yoki  terida  toshmalar  paydo qilishi mumkin.

Chiqindi qogʻoz, plastmassa yoki eski kiyimlardan  umuman oʻyinchoq yasash mumkin emas. 

Bizning uyda qizim Bekzoda turli konstruktorlarni yigʻishni yaxshi koʻradi, bu mashgʻulotga barcha oila aʼzolarini jalb etadi. Hozirda elektron mashina yasashga kirishgan. 

Kattalar farzandiga qanday oʻyinchoqlar olib bermoqda? Shu savolga javob topish maqsadida ijtimoiy tarmoqdagi “Begoyim” guruhiga yuzlandik.

Lobar Xayrullayeva: Psixologlarning taʼkidlashicha, agar bolangiz koʻp kasal boʻlayotgan boʻlsa unga dori-darmon, vitaminlar emas, yangi oʻyinchoqlar olib bering. U bola ruhiyatiga  taʼsir qilib, salomatligi ijobiy boʻlishiga hissa qoʻshadi. Mening besh yoshli qizim bor. Unga oʻyinchoq tanlayotganimizda tanlovni avval oʻziga qoʻyib beraman. Lekin koʻpgina hollarda qizim rang-barang kiyingan, gʻarb tarbiyasi ufurib turgan barbi qoʻgʻirchogʻini tanlaydi. Keyin unga sekin tushintiraman. Doʻkonda unga  aytib bergan "Zumrad va Qimmat" ertak qahramoni Zumrad ham borligini eslataman. U esa koʻproq Barbini xohlayotgan boʻladi.  Biz Barbini ham, Zumradni ham sotib olamiz. Uyga kelgach, ularni solishtirishni boshlaydi. Men Zumradning ijobiy tomonlarini aytib beraman. Hozir qizim koʻproq Zumrad qoʻgʻirchogʻini oʻynayabdi. Bolaga hech qachon mana shu oʻyinchoqni oʻynaysan deb bosim qilmaslik kerak. Farzandimga shu bilan birga aqliy qobiliyatini rivojlantiruvchi oʻyinchoqlar: mozaika, kubik-rubik, sochma oʻyinchoqlar, raskraska (oʻzimiz boʻyaymiz) ham olib beraman. Agar bolalarimiz vatanparvar, yurtini sevuvchi boʻlib oʻsishini hoxlasak, oʻzimizning milliy qahramonlarimiz Alpomish, Barchinoy, Jaloliddin Manguberdi, Toʻmaris kabi qoʻgʻirchoqlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyilishi kerak.

Umida Komilova: Oʻyinchoq oʻynashdan oldin uni bolaga Yutubda koʻrsatish kerak, dyegan fikrga kelganman. Chunki oʻzim bolam uch yoshligida legoni yaxshi koʻrib olib bergandim. Oʻzim yasardim, oʻgʻlim esa qiziqmagan. Sekin idishiga solib qoʻyardi. Doʻkonlarda mashinalarga tikilib qarab turardi. “Qoʻlingga obkoʻr” dyesam darrov tagini oʻgirib qarardi. Mashinaning usti emas, qanday qilib yurishi, nimaga gʻildiragi aylanishi qiziqtirardi. Dadasi mashina murvatlarini sotadi. Soʻrab yodlab yurardi. Avtolar haqida kitoblar koʻrib qolsa obering dyegandek moʻltirab turardi. Keyinchalik Yutubdan koʻrsatib shashka, domino, jenga, monopoliya, pazllar oʻynashga qiziqtirib, keyin olib beradigan boʻldim. Legoni esa sakkiz yoshidan yasay boshladi.

Oydin Yoʻldasheva: Rivojlangan mamlakatlarda ota-onalarga kichkintoylar uchun musiqali, soʻzlovchi, funksiyalari tayyor oʻyinchoqlardan koʻra, koʻproq yigʻiladigan, qoʻllar uchun foydali, oʻylab, fikrlab oʻynaladigan oʻyinchoqlarni sotib olishni tavsiya qilishadi. Shunga amal qilaman. Albatta, bola yoshini hisobga ham olish kerak.

Vazira O‘rozova: Myening qizlarim sakkiz va olti yoshda. Faqat “Barbi” oʻynashadi. 8 mart kuni qoʻgʻirchoq olgani bordik. Xilma xilini tavsiya qildim, shirin chaqaloq, robot, kattaroq qoʻgʻirchoq, yoʻq, faqat “Barbi” tanlashdi. Uydagi “Barbi”lari eskirib ketganiga tashlab yuborgandim. Bir necha oy yumshoq qoʻgʻirchoq va boshqa turdagi oʻyinchoqlarni oʻynab turishdi. Lekin kichkinam shunaqa “Barbi”ni sogʻinibdiki, uyga kelganimizda kiyimini ham almashtirishga sabri chidamasdan ochib oʻyinni boshlavordi. Ularga uychalar yasab qoʻyishadi, ovqatlantiradi, maktabga, ishga, balga olib borishadi. Kechqurun oʻzlari uxlashidan oldin qoʻgʻirchoqqa pijama kiygʻizib uxlatib, keyin oʻzlari uxlaydi. Ularga kiyim tikishniyam boplashadi. Kuni kecha oʻzim bir dunyo kiyimchalar tikib berdim “Barbi”lariga, qizlarim xursand boʻlishdi.

Dilshoda Gʻoyipova: Oʻgʻlim oʻzi tomosha qilgan multfilmlarning oʻyinchoqlarini yigʻishga qiziqadi. Oʻrgimchak odam, Betmen, Supermen kabi qahramonlarni toʻplagan. Ularni oʻzaro urishtirib, qoʻshni bolalarga sahna koʻrinishi ham qoʻyib berardi. Keyin esa oʻgʻlimni sportga berdim, chunki Supermen kabi kuchli boʻlishni istardi. Hozir musobaqalarda yuqori oʻrinlar olyapti. Bola boshidan maʼlum boʻlarkan. U oʻynayotgan oʻyinchoqlarga qarab yoʻnalish berish mumkin. Qizim esa koʻpincha “doktor-doktor” oʻyinchoqlarini tanlaydi. Balki kelajakda shifokor boʻlsa ajabmas.   

Doʻkon va bozorlarda oʻyinchoq tanlar ekansiz, xushyorlikni qoʻldan bermang. Bolakay uning ijobiy va salbiy taʼsirini anglamagan holda oʻynayverishi mumkin. Ammo siz – ota-onalar oʻyinchoq toʻgʻri tarbiyaning asosi ekanini unutmang.

Nodira IBROHIMOVA,

Oyina.uz