1924-yil tashkil topgan Oʻzbekiston SSRda ayrim vazirliklarni ayollar boshqargan boʻlsa-da, biroq davlat, partiya va hukumat rahbarligiga lozim koʻrilmagani tarixdan maʼlum. Ammo Oʻzbekiston SSR Oliy Sovet Prezidiumi raisi lavozimini 1959-yil 24-martdan 1970-yil 25-sentyabrgacha Yodgora Sodiqovna Nasriddinova egallaganini nafaqat yosh avlod, balki yoshi ulugʻlar ham bilmasa kerak.
Yodgora (rasmiy hujjatda Yadgar) Sodiqovna Nasriddinova 1920-yil 26-dekabrda Qoʻqonda yukchi oilasida tugʻilgan. Toʻgʻrirogʻi, otasi vafotidan uch oy oʻtib tugʻilgani bois, unga Yodgora ismi qoʻyiladi. U tugʻilganida onasi 15 yoshda edi. Beva qolgan ayol ota uyiga qaytadi va koʻp oʻtmay majburan boshqa yigitga turmushga beriladi.
“Oʻgay otamga men kerak emas edim. U bekorchi va giyohvand edi. 6 yoshga toʻlganimda u qoʻlimdan ushladi-da, katta yoʻl chetiga tashlab ketdi. Odamlar kelib meni olib ketishdi. 11 yoshgacha qoʻlma-qoʻl boʻldim. Bir gal u oilada, boshqa gal bu oilada yashadim. 1931-yilda Oʻzbekistondagi birinchi Bolalar uyida qoʻnim topdim va ayni shu yerda men birinchi marta yangi koʻylak kiydim, oʻqish imkoniyatiga ega boʻldim”, deya yozadi Y.Nasriddinova.
Voyaga yetgach Toshkent Temiryoʻl transporti institutida oʻqidi. Uning mehnat daftarchasi yildan yil yangi tayinlovlar bilan toʻlib bordi: oddiy ishchi, oʻnboshi, texnik… Kattaqoʻrgʻon suv ombori qurilishida 18 yoshli qiz prorab sifatida ishladi. Bir yil oʻtib Toshkent – Angrenkoʻmir (u vaqtda Stalinkoʻmir) temir yoʻlida uchastka boshligʻi boʻldi.
1939-yilda respublika rahbariyati umumittifoq fizkultparadida Oʻzbekiston nomidan Yodgora ishtirok etishiga ishonch bildirdi. Oʻshanda Katta Kreml saroyida boʻlib oʻtgan qabul marosimida delegatlarni shaxsan Stalin tabrikladi. Fizkulturachilar bilan qoʻl berib koʻrishar ekan “xalqlar dohiysi” oʻzbek qizi oldiga keldi-da, uning sochlarini silab: “Qizcha, sen qayerdansan?” – dedi. “Oʻzbekistondan, fizkultura bilan shugʻullanaman, ishlab, oʻqiyman”, dedi qiz. Shuning oʻzi yetarli boʻldi. Toshkentda oʻsha kunning oʻzida Yodgora yangi Sharq ayolining ramziga aylandi. “Yodgora boʻlaylik!” – shiori oʻzbek qizlarining tilidan tushmaydigan boʻldi.
Bir kuni uni Oʻzbekiston rahbari Usmon Yusupov huzuriga chaqiradi (hozirgi Fanlar akademiyasi joylashgan bino u vaqtlarda KP MK binosi edi). Salomlashib boʻlgach: “Biz seni respublika komsomoli kotibi lavozimiga tasdiqladik”, dedi. “Sen yetimsan, bolalar uyida tarbiyalangansan, hayotni tushunasan”, dedi Usmon Yusupov. Shu tariqa, Yodgora 1942-yildan Oʻzbekiston komsomoli Markaziy Qoʻmitasida maktablar boʻyicha kotib lavozimida ish boshladi.
Shu oʻrinda tarixiy haqiqatni aytib oʻtish kerak: aynan Yodgora Nasriddinova urush tufayli Toshkentga olib kelingan 200 ming bolaning taqdiriga masʼul edi. Ularni yedirib-ichirish, turar-joy bilan taʼminlash maqsadida Yodgora kecha-yu kunduz tinim bilmay ishladi. Zamon shunaqa edi. 1946‒1947-yillarda Toshkent viloyat komsomol qoʻmitasining birinchi kotibi, 1948‒1950-yillarda Oʻzbekiston LKSM MK ikkinchi kotibi, 1950‒1952-yillarda Toshkent shahar kompartiyasi birinchi kotibi lavozimida ishlaydi. Maʼlum muddat Respublika Qurilish materiallari sanoati vaziri boʻlgach, 35 yoshda, yaʼni 1955-yilning fevralidan 1959-yil martiga qadar Oʻzbekiston Ministrlar Soveti raisining oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritdi.
Stalin vafotidan soʻng hokimiyat tepasiga kelgan Nikita Xrushchev yuzida hamisha tabassum boʻlgan Yodgora Nasridinovaga eʼtibor qaratdi. U xorijiy safarlarga albatta Nasriddinovani olib ketardi.
Oʻzbekiston Kompartiyasi MK birinchi kotibi lavozimiga saylangan Sharof Rashidovning oʻrniga 1959-yil 24-martida Oʻzbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi lavozimini egallaganda Yodgora 39 yoshda edi. Oʻzbekiston MK byurosida boʻlajak nomzod muhokama qilinayotgan bir vaqtda telefon jiringlab qoladi. Nikita Sergeyevich Xrushchev Rashidovga Oliy Sovet Prezidiumi raisligiga Yodgora Nasriddinova nomzodini tavsiya qiladi. Telefonni qoʻymagan holda Rashidov nomzodni ovozga qoʻyadi. Jimjitlik. Ikkinchi bor takrorlaganida ham jimjitlik hukronlik qiladi. Shunga qaramay Rashidov “Nikita Sergeyevich, bir ovozdan siz koʻrsatgan nomzod tasdiqlandi”, deb yuboradi. Oʻsha yilning oktyabridan 1970-yilning iyuliga qadar bir vaqtning oʻzida SSSR Konstitutsiyasiga binoan SSSR Oliy Soveti Prezidiumi Raisining oʻrinbosari boʻlib xizmat qiladi. 1970-yil 14-iyulda SSSR Oliy Soveti Millatlar Kengashining raisi etib saylanadi va bu lavozimda 1974-yil 16-iyunga qadar ishlaydi.
1974-yili Millatlar kengashi raisligiga lozim koʻrilmagan Yodgora Nasriddinovani Leonid Brejnev chaqirib: “Biz seni Avstriyaga elchi qilib joʻnatmoqchimiz. Borasanmi?” deydi gapni uzoqdan boshlab. “Yoʻq, Leonid Ilich, hech qayerga bormayman. Yolgʻiz ayolman, qizim oʻqishda, oʻgʻlim shu yerda ishlaydi” deya rad javobini beradi. “Sen ahmoqsan!” – dedi Brejnev. “Mayli ahmoq boʻlsam boʻla qolay. Ketsam boʻladimi?” deydi ayol. Keyinchalik Nasriddinova “agar Leonid Ilich insonlarcha, “biz seni elchilikka tavsiya qilamiz”, deganida edi Avstriyaga ketishga rozi boʻlardim”, deydi.
Shundan soʻng u 1974-yilda SSSR qurilish materiallari sanoati vazirining oʻrinbosari etib tayinlanadi. Koʻp oʻtmay mansabi biroz pasaytirilib, Osiyo va Afrika mamlakatlari ishlari qoʻmitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritdi. 1979-yildan ittifoq darajasidagi shaxsiy pensioner.
Koʻpchilikning fikricha, xizmat pillapoyalaridan koʻtarilib borish evaziga Yodgora Nasriddinova shaxsiy hayotini qurbon qilgan. U rafiqa, ona boʻldi. Ammo oila davrasida juda kam boʻlardi. Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz, 1950-yilda Usmon Yusupov Oʻzbekiston Kompartiyasi MK birinchi kotibi lavozimidan ozod qilinib, SSSR Paxtachilik vaziri etib tayinlanadi. Kompartiya MKga birinchi kotib saylanmay turadi. MKga kotiblardan biri vaqtinchalik rahbarlik qiladi. Bu maʼsuliyat (1950-yil apreldan 1950-yil avgustgacha) Siroj Nuriddinov zimmasiga tushadi.
Siroj Nuriddinov Yodgora Nasriddinovaning turmush oʻrtogʻi ekanini kamdan kam odam bilsa kerak. Bu haqda Yodgora Nasriddinovaning xotiralariga tayanilsa, 1946-yil mart oyida Toshkent viloyat komsomoli birinchi kotibi boʻlmish Nasriddinovani Oʻzbekiston rahbari Usmon Yusupov huzuriga chaqirib: “Yodgor, turmushga chiqish haqida oʻylab koʻrish vaqti keldi”, deydi. Usmon Yusupov Siroj Nuriddinov haqida gapirar ekan, uning birinchi xotini boʻlganini, ammo urush tufayli bu xotin eriga xiyonat qilib KP MK ishlar boshqaruvchisi bilan turmush qurganini, Nuriddinovdan boʻlgan bolalariga qaramayotganini aytadi. Usmon Yusupovning gapini yerda qoldirmagan Yodgora Nasriddinova Siroj Nuriddinovga tumushga chiqib, uning ikki farzandiga onalik qiladi, oʻzlari ham ikki farzand koʻrishadi.
Leonid Brejnev davrida quyoshi soʻna boshlagan Yodgora Nasriddinova Mixail Gorbachevning qayta qurish davrida “paxta ishi” boʻyicha poraxoʻrlikda ayblandi. Goʻyoki u yuqori lavozimda ishlagan yillarida 23 million rubl pora olgan emish. Raqamga eʼtibor bering, 23 ming emas, 23 million rubl.
Qayta qurish davrida “Известия” nashrining haftalik “Неделя” ilovasida Nasriddinova haqida bir nechta maqola eʼlon qilinadi. Maqolalar tufayli u 1988-yilda KPSS safidan chiqariladi va unga nisbatan jinoiy ish ochiladi. Ammo u aybsizligini aytib SSSR Bosh prokuraturasiga murojaat qiladi. Natijada 1990-yil dekabrida Bosh prokuratura jinoyat tarkibi yoʻqligi tufayli unga nisbatan ochilgan jinoiy ishni toʻxtatishga majbur boʻladi. 1991-yil 3-aprel kuni KPSS MK partiya nazorati qoʻmitasi 1988-yil 18-noyabr kuni Nasriddinovani partiyadan oʻchirish toʻgʻrisidagi qarorini bekor qildi. 1991-yil 13-iyun kuni “Известия” gazetasi Yodgora Nasriddinovaning “До и после “коррупции” (“Korrupsiyagacha va undan keyin”) deb nomlangan maktubini eʼlon qildi. Maktubda muallif oʻzining oqlanganligi va oʻziga nisbatan ochilgan ish boʻyicha qarashlarini bildirgan.
Jurnalistlarga bergan intervyularidan birida Yodgora Nasriddinova: “Stalin boshimni siladi, Xrushchev yuksakka koʻtardi, Brejnev esa ahmoq qildi”, degan edi.
2005-yil 11-may kuni esa “Московский комсомольц” gazetasida “Изгнание из хлопкового рая” (“Paxta jannatidan haydalish”) degan nom bilan intervyu eʼlon qilinadi. Bu intervyuda Y.Nasriddinova oʻziga qarshi ochilgan ish ortida oʻzining siyosiy raqibi Sharof Rashidov turganligini taʼkidlaydi.
Avvaliga Y.Nasriddinova bilan Sh.Rashidovning munosabatlari yaxshi boʻlgani aytiladi. Ular orasidan qachon “ola mushuk” oʻtgani va bunga nima sabab boʻlgani aniq emas. Siroj Nuriddinovning qizi Lola Rustamovaning fikricha, Yodgora Nasriddinova bilan Sharof Rashidov oʻrtasida oʻzaro iliq munosabat boʻlgan, bir-birlarini hurmat qilishgan, biroq Yodgora opani KPSS MK ideologiya kotibi Mixail Suslov xush koʻrmagan. Oʻz navbatida Sharof Rashidov M.Suslovning injiqliklariga qarshi borgisi kelmagan boʻlishi mumkin.
Bir narsa aniq, 1974-yilda SSSR Oliy Soveti Millatlar Kengashi raisligi masalasi koʻtarilganida Oʻzbekiston bu lavozimdan Latviya foydasiga voz kechishini bildiradi. Sharof Rashidovning mana shu xatti-harakati Yodgora Nasriddinovaning eʼtiroziga sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.
“Bu ochiq-oydin qasos harakatlari menga qarshi koʻp yillik oʻzboshimchalik va qonunsizlikning boshlanishini koʻrsatdi” deya yozadi Nasriddinova va Oʻzbekiston KP MK byurosi majlislarida koʻp masalalarda fikrlar mos kelmagani bois Sh.Rashidov bilan tortishib qolganini eslatadi.
Uning yozishicha, 1970-yilda Moskvaga yuqori lavozimli ishga yuborilganidan keyin Rashidovning tomogʻiga qadalgan suyakka aylanib qolganmish: “U meni asosiy raqib sifatida koʻrdi. Men har qanday vaqtda uning oʻrniga qoʻyilishim mumkinligini tushunardi. U raqobatchilarni shafqatsizlarcha yoʻq qilardi. Yaxshiyam men Toshkentda emas, Moskvada edim”. Fikrimizcha, bu masalada Y.Nasriddinova oʻzining hissiyotlarini bildirgan boʻlsa kerak. Chunki Sharof Rashidovning birorta ham raqibining burni qonamagan.
Ikki yarim yil davom etgan tintuv va soʻroqlar tufayli sakkiz marta infarktni boshdan kechirgan ayol qizi shifoxonaga tushib qolganini, oʻgʻli yurak xurujidan vafot etganini eslaydi. Uning gazetada eʼlon qilingan ochiq xatidagi “Barcha sharaf va unvonlarga laʼnatlar boʻlsin. Men yagona oʻgʻlimni yoʻqotdim. Abadiy batrak boʻlib qolganimda yaxshi boʻlardi, bolalarim ham tirik boʻlib yonimda boʻlardi...” degan soʻzlarini oʻqish naqadar ogʻriqli.
Yodgora Nasriddinova oʻzbek futbolining ashaddiy muxlisi boʻlganini ham taʼkidlash joiz. Moskvaga ketishdan avval u futbol kuratori edi. “Paxtakor” futbol jamoasining tashkil etilishida ham uning xizmatlari beqiyos boʻlgan. Mazkur jamoa tashkil etilishi bilan bogʻliq barcha masalalarni zudlik bilan hal qilgani tahsinga loyiq. Bundan tashqari aynan Yodgora Nasriddinova XX asrning eng zoʻr oʻyinchilaridan biri deya tan olingan Gennadiy Krasniskiyni qoʻllab-quvvatlagan va otaliqqa olgan edi.
Yodgora Nasriddinova Oʻzbekiston mustaqillika erishganidan soʻng bir necha bor Toshkentga keldi. Ammo respublika rahbariyatining oʻziga eʼtibor bermaganidan koʻngli sovib, Oʻzbekistonda amalga oshirmoqchi boʻlgan bir qator loyihalarini toʻxtatdi. U 2006-yil 7-aprel kuni Moskvada vafot etdi.
Vasiyatiga koʻra, Kunsev qabristoniga, oʻgʻli Baxtiyorning qabri yoniga dafn etildi.
Sharofiddin TOʻLAGANOV