Variantlari: “Chumchuqdan qoʻrqqan tariq ekmas”; “Taranchadan qoʻrqqan tariq ekmas”, “Tulkidan qoʻrqqan tovuq boqmas”; “Oʻgʻridan qoʻrqqan mol yigʻmas”.
Oʻtmishda zararkunanda va hasharotlar (ayniqsa, chigirtka va dala chumchuqlari) ekinga yopirilib, dehqonlarning holini xarob qilardi. Barimta – koʻchmanchi chorvadorlik davridagi odatlardan biri. Bu shunday: bir el yo bir urugʻning odami yoxud odamlari qoʻshni bir yurtga borib, mol oʻgʻirlab keladi. Yeb ketilgan “qarz”dan yoki oʻgʻrilikdan ziyon koʻrgan elning yo urugʻning odamlari ham vaqtini topib, kuch toʻplab, “qarzdor”ning, oʻgʻrining yurtiga bostirib kirib, duch kelgan kishining mol-holini talon-taroj qilib ketadilar. Shuni “barimta” deydilar. Maqolda: “Hali yopirilib kelmagan chigirtkadan qoʻrqib ekin ekmay, hali bostirib kelmagan barimtachilardan qoʻrqib mol yigʻmay (yaʼni, chorva molini koʻpaytirmay) oʻtirma, ekiningni ekaver, molingni koʻpaytiraver” deyilmoqchi.
Xalqimiz bu maqollar bilan umuman biror ishda ikkilanib turavermaslikka, dadil harakat qilishga daʼvat etadi.