“Miniatyura” – fransuzcha “miniature”, lotincha “miniut” soʻzlaridan olingan boʻlib, “qizil boʻyoq” maʼnosini anglatadi. Istilohiy maʼnoda esa badiiy usullari oʻta nafis boʻlgan kichik hajmli, moʻjaz tasviriy sanʼat asarlarini bildiradi. Bunda, asosan, oʻrta asr qoʻlyozmalarini ziynatlash uchun yaratilgan nafis moʻjaz rasmlar, baʼzi hollarda suyak, pergament, tosh­qogʻoz, chinni, ashyoviy buyumlar, yaʼni tamakidon, soat, uzuk va boshqalarga ishlangan kichik hajmdagi rangtasvir namunalari tushuniladi.

Miniatyura sanʼatining asosi naqshdan boshlangan. Shuning uchun Eronda bu sanʼat “naqshi nigor” deb ataladi. Unga sheʼriyat, musiqa, raqs va teatr sanʼati kuchli taʼsir koʻrsatgan.

Bu moʻjaz sanʼat namunalaridagi kompozitsion qurilish masalasi ham haligacha koʻpchilik mutaxassislarni qiziqtirib keladi. F.Kovalev taʼrificha, “Kompozitsiya tasviriy sanʼat asarining shaklan qurilishi boʻlib, u muallif tasavvurini ochib berishga qaratiladi. Kompozitsiya – badiiy asarning idrok etilishini belgilab beruvchi, mazmuni, xarakteri va maqsadiga asoslanuvchi tuzilmasidir” (Ковалев Ф. Золотое сечение в живописи. Киев, 1989. Стр. 40). Olim kompozitsiyaning yaxlitlik, nisbat, simmetriya va ritm kabi toʻrt qoidasini tahlil etadi. Uningcha, kompozitsiya tabiatan mavjud va agar rassom kompozitsiya qoidalariga boʻysunmasa, uning asari mukammallik kasb etmaydi.

Soʻfiylar qarashlariga koʻra, “Haqiqiy dunyoda mavjud boʻlgan uygʻunlik, simmetriya, tartib, nisbat, yorugʻlik va rang kabilar Olloh kamoloti inʼikosidan boshqa narsa emas” (Курбанмамадов А. Эстетическая доктрина суфизма (опыт критического анализа). Душанбе, 1987. Стр. 13). M.Nazarlining fikricha, soʻfiylikda rassom ijodi ilohiy jarayon sifatida tavsiflanadi. Tadqiqotchi Sharq miniatyurasidagi kompozitsiyani tasavvuf gʻoyalari bilan uygʻun holda ochib berishga harakat qiladi. Xususan, miniatyura kompozitsiyasi bir qancha markazlarning mavjudligi bilan xarakterlanishi, undagi har bir markaz oʻziga xos tugal mazmunga ega boʻlgan kompozitsiyaning ibtidosini ifodalashini yozadi (qarang: Назарли М. Два мира восточной миниатюры. Москва, 2006. Стр. 194).

Movarounnahrda miniatyura sanʼati XVI–XVII asrlarga kelib oʻziga xos tarzda rivojlangan. Bu davrda Eron va Hindiston bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarning kuchayishi miniatyura sanʼatiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Sharq miniatyura sanʼati orqali milliy liboslar tarixini oʻrgangan sanʼatshunos Z.Rahimova ham miniatyurada kompozitsiya qoidalarining Hindiston va Eron sanʼati taʼsirida rivojlanganini taʼkidlaydi (qarang: Раҳимова З. К истории костюмам народов Узбекистана. Костюм Бухары и Самарканда XVI–XVII веков. Ташкент, “Санъат”, 2005. Стр. 15).

XX asr oxiri – XXI asr boshlarida o‘zbek rassomlari o‘ziga xos maktab yaratdi. Sh.Shoyoqubovning yozishicha, “Oʻzbek miniatyurachi rassomlarining asarlari uslubiy birlikning rivojlangan, shaxsiy, individual asosda shakllanishiga misol boʻlib, ularning asarlariga xos emotsional boylik va yaxlitlik shu bilan izohlanadi” (Shoyoqubov Sh. Zamonaviy Oʻzbekiston miniatyurasi. Toshkent, “Oʻzbekiston”, 2006. 11-bet).

R.Fathullayevning qayd etishicha, Sharq miniatyurasida chiziq asosiy tasviriy vositalardan biri hisoblanadi. U obrazni yaratish, harakatlarni ifodalashda asosiy estetik element sifatida namoyon boʻladi (Фатхуллаев Р. Рукописная книга и искусство миниатюры Востока. Ташкент, 2021. Стр. 11).

Maxsus lugʻatda kompozitsiyaga quyidagicha taʼrif berilgan: “Kompozitsiya – badiiy asarning tuzilishi, asarda tasvirlanayotgan narsalarning obrazlari va badiiy vositalarning muayyan maqsadga xizmat qiladigan tartibda joylashuvi va ularning muvofiqligi” (Ibrohimov A., Sulaymonov A. Kitobat sanʼatiga oid atamalarning izohli-illyustrativ lugʻati. Toshkent, “Akademnashr”, 2018. 58-bet).

P.Shobarotov kompozitsiyani miniatyuradagi tasviriy unsurlarni mutanosib ravishda maʼlum bir qoidalarga boʻysungan holda joylashtirish deya taʼriflaydi: “Musavvir oʻzi chizmoqchi boʻlgan loyihani yuzaga toʻgʻri joylashtira olishi lozim. Kompozitsiyada barcha unsurlarni toʻgʻri joylashtirolmaslik natijasida asosi boʻsh sanʼat asarlari vujudga keladi. Asar mavzusidagi unsurlar toʻgʻri joylashsa, kompozitsiya shuncha mukammal boʻladi” (Shobaratov P. Miniatyura. Toshkent, 2011. 5-bet).

Tadqiqotchi A.Rahmatullayeva syujet va obrazlarni badiiy va ilmiy asarlarga ishlangan miniatyuralar misolida oʻrgangan. B.Hojimetov esa XX asr 30-yillaridan mustaqillikkacha boʻlgan davrdagi oʻzbek miniatyura sanʼatini tadqiq etib, uning rivojlanish yoʻnalishlarini koʻrsatgan.

Yuqorida keltirilgan fikrlardan miniatyurada kompozitsiya nihoyatda muhim oʻrin tutishi, ushbu hassos sanʼatning ruhi maʼno boʻlsa, uning tani kompozitsiya ekani oydinlashadi.

Erkin JABBOROV,

Qarshi davlat universiteti dotsenti

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.

“Moʻjiz rasmda moʻjaz maʼno” maqolasi