XX asr boshlarida Turkiston ziyolilarining katta qismi muhojiratga majbur boʻlgan bir paytda milliy madaniy merosni asrash, hujjatlashtirish va kelajak avlodga yetkazish vazifasi ayrim fidoyi shaxslar zimmasiga tushdi. Ana shunday ziyolilardan biri Tavakkul Boburdir.

Tavakkul Bobur 1882-yil 25-may kuni Toshkent shahrining Koʻksu-sava mahallasida maʼrifatparvar Abdullazoda oilasida tugʻilgan. U 12 yoshida otasi tashabbusi bilan Toshkentdagi Ibrohimjon madrasasiga oʻqishga yuborilib, olti yil davomida shu yerda tahsil oladi.

Keyin Buxorodagi mashhur Mir Arab va Tursunjon madrasalarida fors va arab tillari, adab-axloq, adabiyot, shuningdek, diniy va tarixiy fanlar boʻyicha chuqur bilimlarni egallaydi. Buxorodan soʻng u Qoʻqon shahridagi “Hakim Oyim” madrasasida bir necha yil taxsilni davom ettirgan.

Buxoro va Qoʻqondagi madrasalarda umumiy oʻn bir yil oʻqib, ularni muvaffaqiyatli tugatadi hamda rasmiy shahodatnoma (ijozat)ga ega boʻlgan. Toshkent shahrida yangi ochilgan “Muallimlar kursi”da ham tahsil oladi. Keyinchalik “yangi usul” maktablaridan biri “Yassaviy” oʻquv yurtiga muallim etib tayinlangan.

Qahramonimiz “Yassaviy”da ishlagan vaqtida “Toshkent diniy idorasi”da ham Bosh imom vazifasida xizmat qilgan hamda diniy ulamolar va mullalar guruhi faoliyatida ishtirok etgan. Mazkur xizmatlari, jamiyatdagi maʼnaviy-maʼrifiy taʼsiri sababli kommunistik partiya xodimlari tomonidan taʼqib va tazyiqlarga uchragan. Natijada hibsga olinib, sud organlariga topshirilgan, maʼlum muddat qamoqda ushlab turilgan.

Turkistondagi milliy ozodlik harakatlarining soʻnggi bosqichlariga yaqin davrda Tavakkul Bobur Janubiy Turkistonda joylashgan Kerki shahriga koʻchib boradi va u yerda diniy taʼlim-tarbiyadan dars beradi. Bu hududda ham siyosiy taʼqiblardan qutula olmagan. Tazyiqlar sababli Afgʻonistonga oʻtib ketishga urinib turgan paytida qoʻlga olinib, Toshkentga qaytariladi va bir necha yil davomida qamoqda saqlanadi.

Maʼlum vaqt oʻtgach, u yana Afgʻonistonga qochib oʻtishga muvaffaq boʻlgan. Qobul shahridagi “Dorul Ulumi Amoniya” (Amanullaxon bilim yurti)da bir yil davomida tahsil olib, diniy va ilmiy bilimlarini yanada oshirgan. Shu bilan birga, Afgʻonistondagi diniy taʼlim muassasalarida muallimlik faoliyatini olib borgan. Keyinchalik Afgʻonistondan Hindiston orqali Turkiyaga borishni rejalashtirganida, Peshavor shahrida ingliz maʼmuriy organlari tomonidan hibsga olingan va oʻn oy davomida qamoqda saqlangan. Mazkur jazodan soʻng u yana Afgʻonistonga qaytarilgan. Nihoyat, Turkiyaga Eron hududi orqali oʻtishni tanlaydi va 1925-yili maqsadiga yetadi. U Istanbul shahrida muqim joylashib, keyingi hayot va faoliyatini shu yerda davom ettirgan.

Istanbul shahrida Tavakkul Bobur Buxoro Xalq Jumhuriyatining sobiq raisi Usmon Xoʻjaoʻgʻli, shuningdek Nosirbek, Davron, Amur va professor Zaki Validiy Toʻgʻon bilan hamkorlikda “Turkiston Milliy Birligi” tomonidan nashr etiladigan “Yangi Turkiston” jurnalida maʼmuriy xodim va muharrir sifatida uzoq yillar faoliyat yuritadi. Ushbu nashrda u Turkiston tarixi, milliy ozodlik harakatlari, milliy istiqlol gʻoyasiga bagʻishlangan koʻplab chiqishlar qilgan. Ayniqsa, oʻzbek xalq adabiyoti, xalq ogʻzaki ijodi va xalq maqollariga bagʻishlangan ilmiy-adabiy maqolalari alohida ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, Tavakkul Bobur qozoq shoiri Magʻjon Jumaboyning “Uygʻon, Qozoq” nomli sheʼriy asarini (toʻplamni) alohida kitob holida nashr ettirgan. Oʻz xotiralari, shuningdek Turkiston tarixi, adabiyoti va diniy-maʼrifiy masalalarga oid maqolalarini “Yosh Turkiston”, “Yangi Turkiston”, “Turkiston ovozi”, “Buloq” kabi davriy nashrlarda muntazam ravishda eʼlon qilib borgan.

Turkiyaning taniqli olimi va munajjimi, Istanbul shahridagi Qandilli rasadxonasining bosh xodimi Fatin Xoʻjaning huzurida uzoq yillar davomida faoliyat olib boradi, – xususan, fors va arab tillarida yozilgan qadimiy astronomiyaga oid asarlarni turk tiliga tarjima qilish ishlari bilan shugʻullanadi.

Chet elda istiqomat qilgan yillari roʻzgʻorini taʼminlash uchun doʻkondorlik ham qiladi. Turkiston ozodligi yoʻlida “Turkiston Milliy Birligi” (TMB) markazida faol faoliyat olib borgan. Jumladan, 1928–1929-yillari boʻlib oʻtgan TMB Bosh kongressida tashkilotning Sharq mamlakatlari boʻyicha vakili etib saylanadi.

Eron va Afgʻonistondagi xizmatlardan soʻng, 1956–1957-yillari Germaniyaning Myunxen shahrida joylashgan “Amerika ovozi” radiostansiyasida muharrirlik qiladi.

U 1930-yili toshkentlik Halimaxonga uylanadi, Salima va Qudratulloh ismli farzandlari boʻlgan. Qayerda boʻlmasin Turkiston jamiyatlari faoliyatida fidoyilik bilan ishtirok etgan, farzandlarini milliy ruh va vatanparvarlik gʻoyalari asosida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratgan.

Tavakkul Bobur 1976-yil 14-aprel kuni, 94 yoshida Istanbul shahrida vafot etgan.

Chigʻatoy Koʻchar Tavakkul Bobur haqida shunday xotirlaydi: “Tavakkul Babur Qurʼoni karimni puxta yodlagan va uning tafsirini aniq shaklda izoh etgan aydin bir din olimi edi. U xurofiylarga va johil mullalarga qarshi edi. Tavakkul Babur kamtar, yaxshiliksevar, xushsuhbat bir kishi edi. Gʻam-kulfat va dardni nafrat etar, har doim xushchaqchaqlik va yaxshilikni, atrofidagi insonlarning ham xush koʻngilli boʻlishini tilagan bir inson edi”.

U oʻz soʻzini Tavakkul Boburning quyidagi sheʼriy satrlari bilan yakunlaydi:

“Ana yurtim – buyuk Turkiston,

Ayrilganimdan bugunga qadar.

Yodimda boʻlgan aziz vatanim,

Doim zikrim va fikrim – sensan, ulug‘ Turkiston”.

Tavakkul Bobur Turkiston jadid adabiyotining chuqur bilimdoni sifatida tanilib, ayniqsa Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov va Choʻlpon ijodini qunt bilan oʻrgangan. Shuningdek, oʻzbek xalq maqollarini uzoq yillar davomida tizimli ravishda toʻplab borgan, biroq nashr etishga ulgurmaydi.

Uning ijodida maqol va hikmatli soʻzlar alohida oʻrin egallagan. Muallifning aytishicha, “...“Otalar soʻzi” deb shunchaki oʻtib ketmaylik. Chunki bu soʻzlar juda qimmatli maʼnolarni ifoda etuvchi nasihatlardir. Ayniqsa, xalq shoirlarimizning sheʼrlari falsafiy mohiyatga ega boʻlgan hikmatli soʻzlardir.

Qish kechalarida mangal yoki pechka boshida oqsoqollar va momolar tomonidan bolalarimizga aytib berilgan ertaklar – yosh ruhlarga qahramonlik tuygʻusini singdiruvchi ibratli hikoyalardir. Shuning uchun ham bular asrlardan beri xalq orasida ogʻizdan-ogʻizga oʻtib kelmoqda. Bu soʻzlar oʻlmas asarlar boʻlib, oʻz qiymatini hech bir davrda yoʻqotmagan. Masalan:

It hurar, karvon oʻtar.

Yog‘ ichganda yot yaxshi, qon ichganda qarindosh yaxshi...”.

Yaʼni, u “otalar soʻzi” tushunchasiga oddiy lingvomadaniy birlik sifatida emas, xalqning asrlar davomida toʻplangan hayotiy tajribasi, axloqiy meʼyorlari va falsafiy dunyoqarashini mujassam etgan maʼnaviy meros sifatida qaraydi.

“...Har qanday millat vakillari milliy va siyosiy kurashga kirishishdan oldin milliyat va vatanparvarlik gʻoyalari bilan qurollangan boʻlishi shart. Bu qurol millat farzandlariga bolalik davridan boshlab milliy qahramonlik dostonlari va ertaklari orqali singdiriladi. Yoshlik chogʻida esa xalq shoirlarining sheʼrlari, milliyat tuygʻusi va otalar soʻzi orqali ona tilining teranligi va keng maʼnosi oʻrgatilishi bilan taʼminlanadi.

Shu tarzda u millat vakillari jamiyat sifatida milliy madaniyat sohasida yetishadi va yuksaladi. Bunday yuksalish esa oʻsha millatning har qanday milliy kurashda muvaffaqiyat qozonishi uchun kafolat boʻlgan asosiy omildir. Bu borada bir necha misol keltirish mumkin:

Boshda Finlandiya boʻlib, Boltiqboʻyi davlatlari bu sohadagi katta gʻayrat va mehnatlari natijasida, millat sifatida birgalikda kirishgan milliy va siyosiy kurashlarida zafar quchib, mustaqillikka erishdilar. Ayniqsa, 3 million aholidan iborat boʻlishiga qaramay, madaniy jamiyatlarining soni 20 000 dan oshgan Fin millati biz Turkistonliklar uchun ibratli dars boʻlishi kerak. Buni ibrat va havas bilan kuzatishimiz lozim.

Luqmani unga berki, och erur

Jomani (kiyimni) unga berki, yalangʻoch erur...”.

Mazkur hikmatda “luqma” va “joma” obrazlari moddiy ehtiyojlarning eng asosiy koʻrinishlari, yaʼni oziq-ovqat hamda kiyim-bosh ramzi sifatida qoʻllanilgan. “Och” va “yalangʻoch” atamalari esa jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlik, muhtojlik va ehtiyoj holatini anglatadi. Shu orqali xalq donoligi insonni oʻzidan koʻra boshqalar ahvoliga eʼtibor qaratishga, jamiyatdagi zaif qatlamni qoʻllab-quvvatlashga daʼvat etadi. “...Shunday boʻlgani uchun ham Fin millati dunyoning eng kuchli va madaniyatli millatlari qatoridan joy olmoqda...” deb taʼkidlanadi.

Tavakkul Bobur ijodiy merosida maorifparvarlik, milliy uygʻonish va siyosiy ong masalalari oʻzaro uzviy bogʻliq boʻlib, u oʻz davrida sodir boʻlgan siyosiy voqeliklarning sabab-oqibatlarini chuqur anglagan holda, ayrim hollarda milliy ziyolilar tomonidan bilib-bilmay “dushmanning tegirmoniga suv quyilgani”ni tan oladi. Jumladan, “...bilmasdan dushmanning tegirmoniga suv quygan boʻldik. Bu achchiq tajribalar bizga koʻrsatyaptiki, ziyoli yoshlarimizga tushadigan ilk vazifa – siyosiy kurashga otilishdan oldin xalqimizni bu sohada (maʼrifatda – M.Darmonova) tarbiyalashdir”.

Uning asarlarida oʻzini-oʻzi tanqid qilish, xatolardan xulosa chiqarishga qaratilgan fikrlar shakllangan. Ayniqsa, siyosiy kurashdan oldin maʼrifatni ustuvor qoʻyish gʻoyasi ilgari suriladi. Unga koʻra, xalq ongi yetarli darajada maʼrifat bilan qurollanmas ekan, har qanday siyosiy harakat samarasiz yoki hatto zararli tus olishi mumkin.

Mazkur gʻoyani xalqqa yanada taʼsirchan yetkazish maqsadida Turkiston lahjasi va xalq ogʻzaki ijodiga xos badiiy ifoda usullaridan foydalangan. Xususan, “Turkiston uchun” deb nomlangan sheʼrida xalqqa murojaat shakli tanlanib, oʻtmishdagi ilmiy-maʼrifiy taraqqiyot va hozirgi tanazzul oʻrtasidagi keskin qarama-qarshilik ochib beriladi:

“Bir zamonlar sen porlagan eding

Maʼrifat sari nom olgan eding.

Turmasang, bugun koʻzingni ochmasang,

Har boʻlak bitar sevgili eling”.

“Bir zamonlar sen porlagan eding” degan misra orqali Turkistonning tarixiy xotirasi, ilm-fan va madaniyat markazi boʻlgan davrlariga ishora qilinsa, “turmasang, koʻzingni ochmasang” degan daʼvatlar xalqni uygʻonishga, faollikka chorlaydi. Bu yerda uygʻonish ramzi xalq ogʻzaki ijodiga xos ramziy maʼnoda qoʻllanilib, maʼrifatni milliy saqlanishning yagona sharti sifatida talqin etadi. Muhojirlik davrida yaratilgan ushbu gʻoyalar Tavakkul Bobur uchun faqat shaxsiy fojia yoki hasrat boʻlib qolmasdan, umummilliy tajribaning badiiy ifodasiga aylangan. Muhojirlik sharoitida u xalq ogʻzaki ijodidagi daʼvat, nasihat va ibrat omillariga murojaat qilib, milliy xotirani saqlab qolishga intiladi. Shu jihatdan, uning sheʼriy misollari siyosiy publitsistika bilan ogʻzaki ijod anʼanalari orasidagi koʻprik vazifasini bajaradi.

Tavakkul Bobur tomonidan xalq maqollaridan tashqari, milliy ziyolilarning sheʼriy parchalaridan ham namunalar keltirilgani uning ijodiy-uslubiy qarashlarida adabiyotni mafkuraviy vosita sifatida qoʻllashga alohida eʼtibor berilganini koʻrsatadi. Jumladan, Tillaxon qizi sheʼridan olingan misralarda mustamlakachilikka nisbatan keskin munosabat, begona hukmron kuchlarga qarshi nafrat va qarshilik ruhi ramziy-obrazli ifodada namoyon boʻladi:

“Tillaxon qizidan:

Ey sovuq oʻlkalardan muz kiyib kelganlar,

U qoʻpol tovushingiz qirlarda yoʻq boʻlsin.

Ey menim bogʻimdan mevamni yeganlar,

Qop-qora boshingiz yerga koʻmilsin.”

Choʻlpon ijodidan keltirilgan sheʼriy parchada esa qullik va asirlikka qarshi inson tabiatiga xos erkinlikka intilish gʻoyasi markaziy oʻrin tutadi:

“Choʻlpondan:

Oltin qoʻngʻizni bolalar ushlab,

Ip bilan koʻklarga uchirib oʻynarlar.

Qullikni sevmagan yoʻqsulni quchoqlab,

Nimaga oʻzining erkiga qoʻymaslar?”

Ushbu sheʼriy namunalarni maqsadli ravishda tanlashi orqali Tavakkul Bobur milliy ziyolilar merosini xalq ogʻzaki ijodi bilan uygʻunlashtirgan va ular oʻrtasida gʻoyaviy uzviylik mavjudligini koʻrsatgan. Bu holat uning faoliyatida adabiy meros muhojirlik sharoitida ham milliy ongni uygʻotish, hurriyat gʻoyasini saqlash va avlodlar xotirasiga yetkazishning muhim vositasi boʻlganini isbotlaydi.

Xulosa qilib aytganda, Tavakkul Bobur faoliyati muhojirat sharoitida nomoddiy madaniy merosni, xususan, xalq ogʻzaki ijodini saqlash va targʻib etishda shaxs omilining naqadar muhim ekanini yaqqol namoyon etadi. U siyosiy tazyiqlar tufayli Vatandan yiroqda yashashga majbur boʻlgan boʻlsa-da, milliy maʼnaviy qadriyatlardan uzilmagan, aksincha, ularni hujjatlashtirish, ilmiy oʻrganish va kelajak avlodlarga yetkazishga butun umrini bagʻishlagan.

Mashhuraxon DARMONOVA,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Foydalanilgan manba va adabiyotlar

1.                               Chigʻatoy Koʻchar shaxsiy arxivi. “Ozodlik” radiosi materiallari. “Oʻzbek siyosiy va madaniy arboblari” turkumi, Abdulla Tavakkul Babur hayotiga bagʻishlangan eshittirish. Muallif: Ch.Ko‘char, muharrir: H.Ikrom. 06.11.1988; “Ozodlik” radiosi, “Oʻzbek xizmati” boʻlimi. “Madaniy meros” turkumi: “Markaziy Osiyo muhojirlar matbuoti tarixi” (5-qism: “Yangi Turkiston”, 1927). Muallif: Xoʻja oʻgʻli, muharrir: Ikrom, rejissyori – Vafoli. 12.06.1989.

2.                               Dr. Naim Öktem / “Türk Dünyası”. Nr-42, sahifa-29-30, İst. 1976.

3.                               Abdullazoda Tavakkal. Fargʻonadagi kurashlar / “Yengi Turkiston” jurnali. 1928 – mart – 31. Soni 9. Sahifa 10-11.

4.                               M.Darmonova shaxsiy arxividan. Chigʻatoy Koʻchar bilan suhbat (Tavakkul Bobur haqidagi xotiralar). Adana, Turkiya. 2023-yil sentabr.

5.                               “Özbek Türk Atasozlari”. Ede. Fak. Mez. Tezi. Çağatay Koçar. 1975.

6.                               Tevekkül BABUR. Atalar sözü yahut Atasözleri / “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 1. 20 Mart 1959. S. 12.

7.                               Tavakkul Bobur. Ata Sözleri veya Atalar Sözü / “Bulak” Dergisi. Yil: 1. Sayı: 2. 20 Nısan 1959. S. 12.