Mizdakxonning sharqiy tomonida yana bir sirli tepalik – Joʻmard Qassob qad rostlab turibdi. Aytishlaricha, tepalik dastlab zardushtiylik dini vakillari tomonidan barpo etilgan, keyinchalik esa musulmonlar dafn qilinadigan joyga aylangan.
Arxeologik topilmalar ham bu taxminni muayyan darajada tasdiqlaydi. Tadqiqotlarga koʻra, milodiy eramizning boshlarida bu yerda balandligi 4 metr, eni 20 metrga teng tepalik barpo etilgan.
Ehtimol, milodiy II–VIII asrlar oraligʻida tepalik zardushtiylar tomonidan daxma sifatida foydalanilgan. Zardushtiylik anʼanasiga koʻra, marhumlarning jasadi maxsus joylarga qoʻyilib, vaqt oʻtishi bilan suyaklar yumshoq toʻqimalardan tozalangan. Atrofdan topilgan ossuariy boʻlaklari esa bu yerda suyak qoldiqlarini saqlash uchun maxsus joylar boʻlgan, degan taxminni ilgari surishga asos beradi.
IX asrga kelib tepalikda islom dini anʼanalariga xos qabrlar paydo boʻla boshlaydi. Ammo Joʻmard Qassob tepaligining eng katta siri shubhasiz uning nomi bilan bogʻliq.
Rus etnografi Y.V.Knorozov tepalikni zardushtiylik xudosi Axuramazda tomonidan yaratilgan ilk inson – Gayomart, yaʼni Qayumars haqidagi afsona bilan bogʻlaydi.
Rus arxeologi S.Tolstov esa tepalik nomini afsona qahramoni Joʻmart bilan bogʻliq deb hisoblagan. Mahalliy xalq orasida bu tepalik haqida turli rivoyatlar yuradi. “Bu yerga qassoblarning piri dafn etilgan”, degan gaplar bugungacha avloddan avlodga oʻtib keladi.