Har bir davrning oʻz oʻlchovi, tosh-tarozusi, muxtasar qilib aytganda “qarichi” boʻlishi tabiiy. Ularni har kim oʻz madaniyati, hududi, turmush tarziga muvofiq yaratadi. Shu bois oʻlchov birliklari shunchaki miqdor va vaqtni bildiruvchi topilma emas, balki xalqning tarixiy taraqqiyoti, ijtimoiy ong darajasini koʻrsatib turuvchi mayoqdir.
Yaqin-yaqingacha Turon xalqlari tilida bir-biridan boy va qadimiy oʻlchov birliklari mavjud boʻlgan. Tanob, botmon, pud, misqol, qadoq, chorak, quloch, qarich, qadam, gaz, ziro, uqiya, unsiya, sotix, chilla kabi birliklarni jilla qursa bir asr muqaddam bitilgan shoir va yozuvchilarning kitoblarida oʻqigansiz.
Ulardan eng qadimiylari, shubhasiz inson tanasiga bogʻlangan qarich, quloch, qadam singari birliklardir. Soʻng savdo bilan bogʻliq atamalar (botmon, misqol, qadoq) bozor madaniyatini, masofaga oid birliklar (farsax, chaqirim) esa safar madaniyatini aks ettiradi. “Chilla”, “qahraton”, “ayoz” kabi birliklar insonning tabiat bilan uygʻunligini ifoda etadi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub “Boburnoma”dagi oʻlchov va vaqt birliklari barchamiz uchun muhim va ishonarli manbadir.
Memuarda uchraydigan vaqt va masofa birliklari, hayotiy misollar orqali sharhlangan quyma iboralar bizga oʻsha davr mezonlari haqida muhim yangiliklarni bera oladi. Eng ahamiyatlisi, Bobur Mirzo ularni shunchaki til birligi sifatida qoʻllamaydi, aksincha, mazmunini kengroq ochadi, qiyos qiladi, zarur oʻrinda izoh beradi.
Avvalo, “gariy” tushunchasiga eʼtibor qilaylik. U taxminan 20–25 minutga teng vaqt oraligʻini anglatadi. Memuarda shunday yoziladi:
“Kechasilari uyqudan uygʻongan kishilarga uch gariy yoki toʻrt gariyning bongi eshitilsa, bu ikkinchi paharmi yoki uchinchi paharmi, bilolmay qolardilar. Men tungi gariylarni va bulutli kunlardagi gariylarni qoqqandan soʻng paharning belgisini qoqishlarini buyurdim”.
Iqtibosdan anglashiladiki, “gariy” kundalik hayotda vaqtni belgilovchi soat vazifasini bajargan. Bunga Bobur Mirzoning shaxsan aralashuvi esa saroydagi tartib-intizom, navbatchilik, ish tartibidagi ayrim chalkashliklarning bartaraf etilishida muhim rol oʻynagan. “Qoqishlarini buyurdim” degan jumla esa vaqtni tartibga solish davlat boshqaruvining bir qismiga aylanganini koʻrsatadi.
Asarda “pahar” tushunchasini ham koʻplab oʻrinda uchratamiz. Kecha va kunduzning toʻrt qismga boʻlish anʼanasi haqida aytar ekan, Bobur Mirzo buni Hindiston tajribasi bilan qiyoslab, farqlarni tushuntiradi:
“Hinduston eli kecha-kunduzni oltmish qismga (boʻlakka) boʻlib, har bir qismni “gari” deb ataydilar. Bundan tashqari, kechani toʻrt, kunduzni ham toʻrt qismga ajratganlar. Har bir qismni bir “pahar” deb atashadi, forsiyda “pos” boʻladi. Bizning taraflarda “pos” va “posbon” soʻzlarini eshitganman, ammo ularning bu xususiyatlari maʼlum emas edi”.
Bu oʻrinda muallif ikki madaniy muhitdagi vaqt taqsimotini oʻzaro solishtiradi va atamaning mazmunini kengroq sharhlaydi. Qiyos orqali u birlikning nafaqat lugʻaviy maʼnosini, balki boshqa leksik maʼnolarini ham ochib beradi.
Bobur Mirzo vaqtni yanada aniqlash uchun qiyosiy usuldan ham foydalanadi:
“Bizning oʻlkalarda kecha-kunduzni yigirma turt qismga ajratib, har bir qismini soat deyishadi va har soatni oltmish qismga boʻlib, har birini daqiqa deb ataydilar. Bir kecha-kunduz ming toʻrt yuz daqiqa (minut) bo‘ladi. Bir daqiqaning (minutning) miqdori taxminan olti marta “fotiha”ni (“fotiha” surasini) “bismillo” bilan oʻqish vaqtiga teng keladi, bir kecha-kunduz esa “fotiha“ni “bismillo” bilan sakkiz ming olti yuz qirq marta oʻqish vaqtiga teng keladi”.
Bu yerda vaqt quruq matematik hisob-kitoblarga asoslanmay, maʼnaviy eʼtiqod tushunchalari bilan ham chambarchas bogʻlanmoqda. Yaʼni, “Fotiha”ni oʻqish vaqti daqiqaning mezoni sifatida keltirilishi vaqtni shunchaki hisoblash emas, inson qalbini muqaddas kalomlarga bogʻlash, his qildirish falsafasini ham anglatadi.
Muallif qanday mezon haqida soʻzlamasin, uning aniq misoliga ham murojaat qiladi. Masalan, “yigʻoch” soʻzini olaylik. U taxminan 8 kilometrga teng boʻlib, koʻpincha jugʻrofiy hisob-kitoblarda faol qoʻllaniladi.
“Axsi Andijondan gʻarb sari toʻqqiz yigʻochlik yoʻlda. Umarshayx mirzo buni poytaxt qilgan edi”.
“Yigʻoch” karvon yoʻllari va harbiy yurishlarda qulay oʻlchov vazifasini bajargan va hududlarning umumiy maydonini anglatishda qoʻl kelgan.
“Karoʻr” va “kuroʻh” kabi birliklar esa iqtisodiy va hududiy oʻlchovni anglatgan. Ayniqsa “Karoʻr” hisob birligi sifatida davlat moliyasida mustahkam oʻrnashgan:
“Hisori Feruza qalʼasini unga tegishli va tobe bir karoʻrlik viloyati bilan Humoyunga sovgʻa qildim va yana bir karoʻr (yuz lak) pul mukofoti ham berdim”.
Koʻrinib turibdiki, “karoʻr” shunchaki raqamni emas, shohning ochiqqoʻlligi va saltanat moliyaviy imkoniyatini ham ifodalab kelmoqda. Hudud va katta mablagʻning bir xil atama bilan berilishi esa ushbu atamaning yirik qiymatiga ham ishora qiladi.
“Boburnoma”da “pahar”, “pos” va “qari” atamalari ham vaqt va masofaning tartibli tizimini ochiqlaydi. Quyidagi jumlalarda esa oʻquvchining koʻz oldiga barchani vaqtdan ogoh etuvchi “qadimgi kurant” namoyon boʻladi:
“Agar kunduzdan avvalgi (kunning birinchi yarmidagi) pahar tugagan boʻlsa, jomga tez-tez urganlaridan keyin biroz toʻxtab, keyin bir marta bong uradilar. Ikkinchi pahar tugagan boʻlsa, tez-tez urganlaridan keyin biroz toʻxtab ikki bora bong uradilar. Shu singari uchinchisidan keyin uch, toʻrtinchisidan keyin toʻrt bora bong uradilar. Kunduzgi toʻrt pahar tugaganidan keyin ana shu tarzda tunning toʻrt pahari davom etadi”.
Koʻrinadiki, pahar amalda qoʻllanilgan vaqt tizimi boʻlib, saroy va qoʻshin hayotida qatʼiy intizomni taʼminlash bilan birga, ularning kun taqsimotida ham muhim ahamiyat kasb etgan.
“Tungi ikkinchi posga yaqin bir yerga kelib uyquladik. Kunning birinchi paharida chorboqqa kelib tushdik”.
“Pos” va “pahar” bir xil vaqt miqdorini bildirsa-da, muallif ularni bir voqea ichida ishlatib, vaqtni yanada aniqlashtiradi.
Shuningdek, qurilish ishlarida balandlik oʻlchovi sifatida “qari” atamasi ham keng qoʻllanilgan:
“Har toʻqqiz kuroʻh masofa yerda balandligi oʻn ikki qari keladigan minora qurib, minora ustiga chordara (bog‘ oʻrtasida ikki tomonidan darchalar ochib qoʻyib solingan bino) oʻrnatsinlar. Har oʻn sakkiz kuroʻhda oltita yom otini (u shahardan bu shaharga xat, xabar yetkazuvchining har bekatda almashtirib minadigan oti) bogʻlab qoʻysinlar”.
Misollardan ayonlashadiki, vaqt va masofa birliklari Bobur Mirzo saltanatida davlat, qoʻshin va jamiyat hayotini tartibga soluvchi mezon sifatida namoyon boʻlgan.
Har qanday oʻqirman Bobur Mirzoning nafaqat mohir sarkarda va adolatli shoh, balki tengsiz ijodkor ekanini ham bir lahza ham yoddan chiqarmasliklari zarur. Chunki u ayrim oʻlchovlarni oʻz kuzatuvlaridan, tajribalaridan hosil qiladi. Yaʼni, muallif vaqt tushunchasining ilmiy asoslari bilan cheklanib qolmay, xalqchil usullarini ham oʻylab topadi. “Bir sut pishimi” shunday topilmalardan biridir. Memuarda shunday deyiladi:
“Jahongir mirzoni bir sut pishimi muddati burunroq quvlab chiqaribdilar. Kishilarimizning yarmi u bilan chiqib ketipti. Shunday ahvolga qaramay tajribasizlikdan darvozada turib, yaqin boʻlsa kelsin, yana bir urinib koʻramiz degan mazmunda Jahongir mirzoga kishi yubordik. Ish qoʻldan ketgan edi”.
“Bir sut pishimi” oʻziga xos oʻlchov. Sut qaynash yoki pishish jarayoni odatda qisqa muddatni talab qiladi. Demak, bu yerda vaqtning kamligi va vaziyatning tez oʻzgaruvchan tus olishi maishiy turmushdagi jarayon bilan ifodalangani tahsinga sazovor.
Shu kabi “ikki namoz orasigacha” ifodasi ham vaqtni aniq va xolis baholash imkonini beradi:
“Bu tor tog‘ yoʻlidan oʻtib, shu kuni vaqt ikki namoz orasigacha (quyosh botishiga yaqin) borib yetmay bir yerda qoʻndik”.
Aslida namoz vaqtlarining oraligʻi Islom dunyosida aniq va ishonchli meʼyorni anglatib kelgan. Aksar hollarda kun tartibi diniy vaqt tizimiga mos holda tashkil etilishi ham ota-bobolarimizning ruhiy olamini yanada mustahkamlashga xizmat qilgan.
Jang-jadallar ham Bobur Mirzoning vaqt oʻlchovlariga oʻziga xos tarzda taʼsir oʻtkaza olgan. “Boburnoma”ni oʻqir ekansiz, ikki jangovar holat eʼtiboringizni tortmay qolmaydi. Ulardan biri “ot minishchalik fursat”. Bilamiz epchil va chayir jangchi bir sakrashda otga mina oladi. Bu goʻyo tez fursatda sodir boʻladigan jarayon singari namoyon boʻladi. Parcha oʻqiymiz:
“Undan keyin Humoyun bilan Komron xabar topib, ot minishchalik fursat oʻtmasidan kelib, tanqoʻriqchilariga koʻtartirib, shahar darvozasi bilan ark darvozasi oʻrtasiga kelib, hurmat koʻrsatdilar”.
Vaqtning otga minishga ketadigan lahza bilan oʻlchanayotgani – bu alohida topqirlik, muallif tabiatidagi ulkan sezgi va kuzatuv namunasidir.
Ikkinchi jangovar ibora ham shoshilinch va tezkorlikni anglatadi:
“Bayroqdorning bayroq bogʻlaguncha fursati boʻlmadi, bayroqni qoʻliga oliboq otlandi. Yov kelayotgan tomonga qarab joʻnadik”.
Bu yerda ham vaqt muayyan daraja, yaʼni bayroq bogʻlash jarayoni bilan chegaralanadi. Demak, vaziyat shoshilinch boʻlganda ham ushbu ibora aytiladi.
Yana bir vaqtli atama sifatida “ikki oʻq otguncha fursat”ni keltirishimiz mumkin:
“Yana sadoqqa solguncha ikki oʻq otguncha fursat oʻtdi chamamda. Yana bir oʻqni paypaslab olib ilgariroq yurdim”.
Bu yerda vaqt jangdagi tabiiy harakatlar bilan oʻlchanmoqda. Oʻq otish jarayoni qisqa muddatni anglatadi, shu orqali voqea rivojining jadalligi aniq ifoda etilmoqda.
Memuarda “Bir oʻq otimi” iborasi ham oʻlchov birligi sifatida uchraydi. Agar kamon oʻqi nazarda tutilgan boʻlsa, tasavvuringizni shu masofagacha bemalol toʻgʻrilayvering. Ushbu oʻlchovni yanada aniqlashtirish uchun, muallif jonli misollarga murojaat qiladi:
“Shunday ehtiyotkorlik qilinar ediki, jangovar safning oʻng qanot, chap qanot, markaz, hujumchi qismlarining har qaysisi oʻziga tegishli joyda turib, har bir qismning qurollangan guruhlari oʻrdaning atrofidagi chodirlardan bir oʻq otimi yiroqroqqa piyoda chiqib, butun kecha oʻsha yerlarda qolar edi”.
Sezganingizdek, yuqorida keltirilgan vaqt birliklarini uch yoʻsinga boʻlish, ehtimol adolatli boʻlar. Birinchisi, xalq tilidagi ilmiy birliklar, ikkinchisi, diniy vaqt birliklari, uchinchisi, jangovar meʼyor birliklari. Agar asar shu tartibda oʻqilsa, tahlil qilinsa, hali tilimizga ayon-noayon yana yuzlab oʻlchov birliklarini sinchiklab topish, oʻrganish, keng afkor ommaga taqdim etish mumkin boʻladi. Chunki Bobur Mirzo yashagan muhit, diniy eʼtiqod, harbiy va ijtimoiy harakatlar oʻsha davrning kun tartibi, ijtimoiy odoblari va amaliy bilimlarini yirik koʻlamda ochib berishga xizmat qiladi.
Bobur ELMURODOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori