Qadim zamonlarda bir shaharda Bahrom ismli sarkarda yashagan ekan. U yurti himoyasi yoʻlida xalq orasida jasur va sadoqatli sifatlari bilan nom qozongan edi. Eng yaqin yordamchisi – Barsbek ismli yigit ich-ichidan unga hasad qilardi, sarkardaning shon-shuhratiga toqat qilolmasdi.

Bir kuni dushman lashkari shaharga hujum qilish arafasida ekan, Bahrom mudofaa rejasini eng ishonchli odamlari bilan muhokama qildi. Ular safida Barsbek ham bor edi.

Tunda, xalq uxlab yotgan paytda Barsbek dushman lageriga yashirincha borib, Bahromning rejasini sotdi. Evaziga oltin, mansab va dushman hukmdorining doʻstligiga erishdi.

Ertasi kuni jang boshlandi. Dushman Bahromning harakatlarini oldindan bilgandek, birin-ketin zarba berdi. Shaharning mudofaa chizigʻi yorildi, koʻplab odamlar halok boʻldi. Bahrom oxirgi nafasigacha jang qildi, lekin oxir-oqibat dushman qoʻliga tushdi.

Ammo qiziq hol yuz berdi: dushman Barsbekni ham oʻldirdi. Unga aytishdiki:

– Xoin bir kun bizga sotilsa, erta-indin bizni ham sotadi. Senga ishonib boʻlmaydi.

Hikoyadan koʻrinib turibdiki, dushman ham xoindan jirkandi, unga ishonmadi va jonini oldi. Biroq, bundan qariyb yuz yil oldin sovet hukumati Turkiston milliy istiqlolchilik harakatining yirik vakillaridan biri Ibrohimbek Laqayni tutib bergan xoinlarning nafaqat boshini silagan, balki ularga yuksak lavozim va ishonch ham bildirgan edi. Ha, SSSRda millatlarning ichidan chiqqan xoinlar doimo qadrlangan. Ibrohim Laqayning achchiq qismati bunga yaqqol misoldir. Quyida shu haqda.

Mulla Muhammad Ibrohimbek Chaqaboy toʻqsabo oʻgʻli 1889-yil Dushanbe shahridan 12 kilometr uzoqlikda Kappon daryo boʻyidagi soʻlim Koʻktosh qishlogʻida tugʻilgan. Uning otasi 80 uylik Koʻktosh qishlogʻidagi laqay urugʻi oqsoqoli boʻlib, amir tomonidan toʻqsabo, yaʼni polkovnik unvoni berilgandi. Chaqaboy toʻqsabo toʻrt ayolidan 6 oʻgʻil, 6 qizi koʻrgan, Muhammad Ibrohimbek kenjasi boʻlgan. U avvaliga maktab, soʻng bir yarim yil davomida mahalliy madrasada saboq olgan.

Ibrohimbek amaldor otasi davrida qishloq toʻylarida uloq chopib, kurash tushib, el orasida nomdor polvon degan nom chiqaradi. 1911-yil otasi vafot etgach, Hisor begi xizmatiga kiradi va 1919-yilda Hisor begi huzurida qilgan xizmatlari evaziga qorovulbegi unvonini oladi.

1920-yil sentyabrida Qizil armiyaning Buxoro amirligiga shiddatli hujumi oqibatida Amir Olimxon magʻlubiyatga uchrab, Sharqiy Buxoroga, undan Afgʻonistonga chekinishga majbur boʻladi. Shundan soʻng Amir Olimxon Buxoroni bolsheviklardan ozod qilish uchun butun vakolatni Ibrohimbek Laqayga topshiradi. Afsuski, olib borilgan janglarda oʻzaro kuchlar nisbati teng emasligi natijasida Ibrohimbek Laqay aksariyat hollarda magʻlubiyatga uchraydi. Baʼzida kichik boʻlsa-da maʼlum gʻalabalarga ham erishgan.

Ibrohim Laqay 1926-yilda Afgʻonistonga qochib oʻtishga majbur boʻladi. “Kambagʻal dehqon” gazetasining 1926-yil 7-iyul sonida yozilishicha, Ibrohimbek shu yilning 21-iyunida Afgʻonistonga qochib oʻtgan. U Afgʻonistonda ham faol siyosiy xatti-harakatlarni olib borgan, turkistonliklarni yurtni ozod qilishga chaqirgan, xitobnomalar chop ettirib tarqata boshlaydi. Ibrohimbekning xitobnomasi “Kambagʻal dehqon” gazetasida ham chop etilgan boʻlib, u quyidagicha edi:

“O birodarlar! Bolshevik hokimiyati zulmi ostida qolgan qizil askarlar, ishchi va xalq. Sizga maʼlum boʻlsinki, musulmon, rus yo boshqa millat va qavmlar, ular hokimiyatni olgandan beri yillar davomida siz Vatan, din, millat-u oilangizdan, mulkingizdan ajraldingizlar. Balki, yaqinda qalbingizni taningizdan ham ajratib olishar. Shukrki, Allohning inoyati bilan Afgʻoniston, Angliya va boshqa xorij davlatlari xotirjamligimizga keldilar. Sizni tahqir va zulmdan ozod etishga! Hokimiyat zoʻravonliklariga qarshi kurashga bosh qoʻshing, diningizni qutqaring! Xotirjamlikni qutqaring, rizqingiz kengayadi. Sovetlardan sizga yaxshilik yoʻq! Ular faqat zulm va yoʻq qilarlar. Bu sizga eng yaxshi maʼlumdir. Shartsiz Siz kurash boshlang, hokimiyatini yoʻq qilargʻa, oʻzingizni ozod eting va din ravnaqi uchun ulargʻa qarshi kurashga kirishing. Salom sizlarga!”

Ibrohimbek tomonidan tarqatilgan xitobnomalar oʻz samarasini koʻrsatdi. U oʻz atrofiga muhojirotdagi vatandoshlarni toʻplab 1930-yilda bolsheviklarga qarshi hujumga oʻtadi. Bu haqida “Sharq haqiqati” gazetasining 1930-yil 22-sentyabrda S.K. imzoli muallif tomonidan bosilgan “Ibrohimbek bandasining chegaramizga bosqini” nomli maqolada soʻz yuritilgan. Maqola nomidan yaqqol koʻrinib turibdiki, sovet hukumati milliy istiqlolchilik kurashini olib borayotgan Ibrohimbek boshchiligidagi jasur yigitlarni shunchaki oʻgʻri va qaroqchilar toʻdasi sifatida tasvirlab, ularning xalq orasidagi obroʻsini tushirishga qattiq tirishgan edi.  

Afsuski, Ibrohimbek Laqay bolsheviklarga qarshi jiddiy kurash olib borayotgan bir paytda – 1931-yilda maslakdoshlari bilan birga qoʻlga olinadi. Bu haqida “Qizil Oʻzbekiston” gazetasining 1931-yil 2-iyul sonida “Ibrohimbek va yordamchilarining ushlanishi” nomli kichik xabar chop etilgan. 

 

Qoʻlga olingan Ibrohimbek (1931-yil).

Xoʻsh, Ibrohimbek Laqayni rus bolsheviklari qoʻlga oldimi? Afsuski yoʻq! Ibrohimbekni oʻzi ozod qilishni istagan xalqning ichidan chiqqan xoinlar ushlab berdi. Bu toʻgʻridagi batafsil maʼlumot “Yosh Turkiston” jurnalining 1936-yilgi 74-sonida bosilgan “Ibrohim Laqayli qalay tutilgʻon edi?” nomli maqolada keltirilgan. Maqola “Janay” imzosi bilan yozilgan boʻlib, bu Mustafo Choʻqayning taxalluslaridan biridir. 

 

Mustafo Choʻqay maqolasining ilk sahifasi.

Mustafo Choʻqay maqolasining kirish qismida: “Bundan toʻrt yarim yil avval, 1931-yil oʻrtalarida, Chaqaboy oʻgʻli Ibrohimbek Laqay tutilib qolgʻon edi. Ibrohimbek tutilgʻoch Toshkentga keltirilgan va uning ochiq mahkama etilajagi, uning “baynalmilal imperalistlar” va yurt ichidagi va muhojirotdagi Turkiston millatchilaridan kimlar bilan munosabatda boʻlgʻonligʻi ochilib eʼlon etilajak deb kutilgan edi. Ish bu kutilgani kabi boʻlmadi. Ibrohimbek Toshkentga keltirilganidan soʻng, sudi Toshkentday jim-jit boʻlib ketdi. Ortiq na Moskov va na Turkiston gazetalari uning haqida bahs etdilar. Ibrohimbek va uningla birga tutilgʻon yoʻldoshlari ustida har qanday bir shaklda mahkama (sud) yuritildimi?  Bu ham anglashilmadi. Faqat aniq boʻlgʻon bir nuqta boʻlsa, u ham Ibrohimbekning bolsheviklar tarafidan oʻldirilganligidir…”, degan holda “bosmachiliq” harakatlari toʻgʻrisida yozilgan bolsheviklar matbuotida Ibrohimbekka keng oʻrin berilgani, biroq unda aytilgan gaplarning aksariyati yolgʻon va safsatadan iboratligini qayd etib oʻtadi.

Mustafo Choʻqay garchi bolshevistik matbuotda bosilayotgan Turkistondagi milliy istiqlolchilik harakati toʻgʻrisidagi maqolalarning aksariyati yolgʻon va boʻhtondan iboratligini taʼkidlasa-da, biroq Ibrohimbek Laqayni tutib bergan shaxslar toʻgʻrisidagi eʼtiroflar rost va chinligiga iymoni komilligini urgʻulab, “Известия” gazetasining 1935-yil 29-noyabr, 277-sonida chop etilgan Muqim Sulton oʻgʻlining xotiralaridan iqtiboslar keltiradi.

Xoʻsh, Muqim Sulton oʻgʻli oʻzi kim edi?

Muqim Sultonov 1894-yilda Buxoro amirligiga qarashli Karki qishlogʻida tugʻilgan. U 1912–1917-yillarda Karki boylari – Kandunboy va Shaymardonqulboyga xizmat qilgan. 1919–1921-yillarda Termiz shahrida istiqomat qiluvchi karvonboshi Valinazarboyning qoʻlida aravakashlik qilgan. 1922–1924-yillarda 13-oʻqchi korpusining razvedka boʻlimida ishlagan hamda hozirgi Tojikiston hududida qoʻrboshilar ichida yurib maxfiy xodim (agent) sifatida faoliyat olib borgan.

Muqim Sultonov 1924-yilda Kabodiyon tumani Davlat xavfsizlik boshqarmasi (GPU) xodimi, 1936-1937-yillarda Tojikiston Qishloq xoʻjaligi xalq komissarligi huzuridagi otchilik boshqarmasining boshligʻi, 1938–1942-yillarda Tojikiston mahalliy sanoat xalq komissari, 1942–1947-yillarda Tojikiston Oliy Soveti Prezidiumi raisining oʻrinbosari kabi yuksak lavozimlarda ishlagan. Endi Mustafo Choʻqayning maqolasiga qaytsak:

Mustafo Choʻqayning yozishicha mana shu Muqim Sulton oʻgʻli Moskovning “Известия” gazetasida (1935-yil 29-noyabr, 277-soni) Ibrohimbek Laqayni tutish jarayoni qanday kechganini xotira oʻlaroq hikoya qilib bergan. M.Choʻqayga koʻra Muqim Sulton oʻgʻlining hikoyasi quyidagichadir: “Mening hayotimda ikki baxtli kun bor. Bu baxtli kunlarimning biri tojik xalqining ashaddiy dushmani Ibrohimbekni oʻz qoʻlim bilan tutib bogʻlagʻon kunim edi (Muqimbekning umridagi ikkinchi eng baxtli kuni esa Moskovga kelgan kun emish). Men bu haqida biroz koʻproq anglatsam deyman.

Muqim Sulton oʻgʻli (1894–1976).

Ibrohimbekning Tojikiston chegarasini kesib oʻtganligi toʻgʻrisidagi xabar mening qishlogʻim Esonboygʻa kelganda yozgi ekin ishlarining qizgʻin davri edi. Ibrohimbekning doʻstlari bilan ilgari dafʼalarcha qarshilashgʻon edim. Men eski partizanlardan boʻlib, inqilobning birinchi yillaridayoq vaqtimni Sharqiy Buxoroda oʻz qishloqdoshlarim va yoʻqsullar bilan birgalikda yurtimni bosmachilardan tozalash uchun ot ustida oʻtkazdim.

Ibrohimbekning hududni kesib oʻtgani xabarini olar-olmas, uning eng avval eskida oʻz urugʻining ishgʻol etgan boylar orasidan yaqin va tanishlari qolgʻon Koʻktosh rayoniga kelishini angladim. Mening qishlogʻim Esonboy esa Koʻktoshning yaqinidadir. Men oʻzimning eski kurashchan yoʻldoshlarimdan kolxozchi Egamberdi Yoʻldosh, Karim Alimardon oʻgʻli, Abdurahmon, Qoraxon Sardor oʻgʻli, Choʻta Koʻchar oʻgʻli, Gilxoʻja Nazar oʻgʻli, Muhammad Rajab va Yormuhammad oʻgʻlilarni toʻpladim. Biz u zamon kolxozchiliqni endigina boshlagʻon edik. Biz kelajakka ishonar va oʻz tuprogʻimizni otalari otalarimizni qul qilib ishlatgan boylargʻa bermakni istamadik.

1931-yilning 23-iyul kechasi (Bu sana xato boʻlsa kerak. Chunki Ibrohimbek 23-iyun kechasi tutilgʻondir – M.Choʻqay) Ibrohimbek shiddatli oqadigan Kofirnixon nahri yoniga keladi-da, qayiqchilargʻa “Oʻldiraman” deb qoʻrqitib oʻzini nahrning u tarafigʻa oʻtkazishni buyuradi. Bu xabarni menga Egamberdi Yoʻldosh va Karim Alimardon oʻgʻillari keltirdilar. Men darhol yoʻldoshim Gilxoʻja Nazarga qayiqchi boʻlib kiyinib Ibrohimbekni nahrning bu sohiliga oʻtkazishini buyurdim. Gilxoʻja ham zimmasiga olgan vazifasini yaxshilab bajardi. Ibrohimbek bosmachilar qoʻmondoni sohib va oʻzining kotibi ila birgalikda nahrni kechdi. Gilxoʻja nahrning shiddatli oqimini bahona qilib ularni miltiq va toʻpponchalarini qayiqning chetiga bogʻlab olishga unatdi.

Ibrohimbek sohilgʻa kelgach men yashiringʻon yerdan sakrab chiqib miltiqni koʻkragiga tiradim va unga: “Ibrohimbek, endi sening ajaling yetdi. Orqanggʻa aylan. Men sening qoʻllaringni bogʻlayman” dedim”. Shunday qilib Muqim Sulton oʻgʻli Ibrohimbek Laqayni tutishda jonbozlik koʻrsatadi hamda “Sharq Napaleoni” deb atalmish buyuk Turkiston farzandini bolsheviklarning chirkin qoʻllariga topshiradi. Natijada Ibrohimbek oʻldiriladi.

Albatta, sovet hukumati Muqim Sulton oʻgʻlining bu koʻrsatgan “jasorati”ni ortigʻi bilan taqdirladi. U yuksak lavozimlardan tashqari bir marta “Lenin” ordeni, ikki marta “Qizil bayroq” ordeni, toʻrt marotaba “Sharaf belgisi” ordeni (bunaqasi SSSRda kamdan kam kuzatilgan – M.Alijonov), Tojikiston Oliy sovetining ikki faxriy yorligʻi (Aynan mana shu faxriy yorliq Ibrohimbekni tutgani uchun maxsus taqdim etilgan – M.Alijonov), “Bosmachilarga faol qarshilik koʻrsatgani uchun” yodgorlik nishoni va nihoyat SSSR Mudofaa xalq komissari K.Voroshilov tomonidan 1935-yilda oltin soat bilan taqdirlangan.