“Oʻzbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni oʻz hayotining maʼnosi deb bilmogʻi kerak! Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!”
Bu soʻzlar yaqinda, aniqrogʻi, Oʻzbekiston Respublikasining 32 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻining minbaridan tantanavor jarangladi. Ular oddiygina tovushlar birikmasi emas, qalb sadosi, koʻngil naʼrasi boʻlib, Oʻzbekiston osmonida mamlakat Prezidenti tilidan jaranglab, aks-sado berdi.
Barcha uchun aytolmasman-u, ammo mening qalbimda bu soʻzlar behad larzavor aks-sado berdi, vujudlarimni jimirlatib yubordi. Negaki, bu soʻzlar zamirida bori hayotimizning kechagi va bugungi kunlari armon-u alamlari, orzu-yu umidlari mujassam boʻlib turibdi. Buni tushungan tushunadi, bilgan biladi... Balki bu soʻzlar birikmasi qatidagi maʼno bugungi navqiron avlodimiz uchun goʻzal daʼvat boʻlib, qalb-u ongiga kirgandir. Balki bu avlod har bir farzandga otalar oʻgit berganidek, yurt rahbarining oʻz xalqiga aytgan oʻgiti deb qabul qilayotgandir. Bu tabiiy, albatta. Chunki yosh oʻgʻil-u qizlarimiz, nabiralarimiz bir boʻlmaslik, birlashmaslik alam-u anduhlari, xoʻrlig-u xorliklari nima ekanini bilmaydi, bilavermaydi. Kitob-u kinolarda oʻqigan, koʻrgan boʻlsa, mabodo, uni asosan maʼlumot, axborot, quruqqina tarix, deya oʻz fikratida qayd etadi, xolos...
Yetimlik nimadir
bizlardan soʻra,
Oʻninchi yillarning
sargardonligi
Isitma aralash
qoʻrqinch tush kabi
Xayol koʻzgusidan
oʻchmaydi sira.
Men yetim oʻtganman,
oh, u yetimlik...
Voy, bechora jonim,
desam arziydi.
Boshimni silashga
bir mehribon qoʻl,
Bir ogʻiz shirin soʻz
nondek arzanda
Men odam edim-ku,
inson farzandi.
XX asr oʻninchi yillarining ochlik, yupunlik, sarson-u sargardonliklarini tanasida his qilmagan biz ellikvoy-u oltmishvoylar, yaʼni yigirmanchi asr 50-60 yillarida tugʻilib oʻsgan avlodga yuqoridagi satrlar buyuk Gʻafur Gʻulomning ohu nolalari boʻlib sado bergandi, xolos. Ammo bu misralar maʼnosi nihoyatda achchiq alamli xotiralar oʻlaroq, ota-bobolarimizning betiyiq koʻz yoshlari, girya-yu ohlariga sabab boʻlgani aniq.
Xuddi shu kabi istiqlolimizning 32 yillik tantanasida “bir boʻlish”, “birlashishga” otashin daʼvat mening avlodim koʻz oʻngida ham oʻz hayot yoʻli, taqdiri bilan bogʻliq ne-ne voqe tarixlarni jonlantirgan boʻlsa, ajab emas. Harqalay, men – “Birlashsak – Vatanmiz!” degan iborani shunchaki soʻz birikmasi deb qabul qilolmadim. Inchunun, oltmish besh yillik umrimning tang-u tor puchmoqlari, ota-onamning biz jujuqlarining qornini toʻq, ustini but qilaman deb giryon yurishlari, saharmardondan to tun qorongʻusigacha ne bir yumushlar ila andarmon boʻlib, farzandlarining orzu-havaslari ilinjida tinim bilmaslari xotirimga keldi. Otamning vazmin oʻy surishi, olis xayollarga berilishi, onaginamning bizni uxlatib qoʻyib, “Popop” (“Zinger”) tikuv mashinasi gʻildiragini doʻqillatib dorpech, qiyiqcha hoshiyalarini bosib, anvoyi gul, qanot yozgan kabutar tasvirlarini matoga ip-ipak bilan chizib, koʻz nurini nisor etgancha to tongga qadar tinim bilmasligi koʻz qarogʻimni sogʻinch va alam suvlari bilan toʻldirdi. Uchini uchiga bazoʻr ulab, dasturxonni non-u choyga farovonroq qilarmikinman, deb sog‘-u nosog‘ urinib yotishi ustiga, vaqti-vaqti bilan qizil pogonli nozirlar kirib “zakon”ni peshlab turishi, taʼma-rishvat ilinjini qondirib, yana oʻsha yupun roʻzgʻorga mahkum etib ketishi xotira koʻzgusidan sira oʻchmaydigan manzaralar... “Bolam, hunarlik xor boʻlmaydi”, deya hali suyagi qotmagan men bolachani mahalladosh kosibga shogird berib, “oʻz koringga oʻzing yara” deb turishlar unutiladigan umr lavhalari emas. Shunda ham shukronalik tuygʻusini dilga va tilga tugib, bundan yomonroq boʻlsa nima qilarding, deb nasihat qilib turishlar ham hayotimizning keyingi kechishlarida beiz oʻtgani yoʻq. Har tong sahar koʻz ochib, yorug‘ dunyoni koʻrib turganimizning oʻziyoq shukronalik sururi edi, alhamdulilloh!
Kamina bu oʻtmishlarga shikastadillik bilan bejiz murojaat qilayotganim yoʻq. Umr daryosining oqimlarida bir boʻlmagan xalq, birlashmagan yurtning paxta deb, tilla-yu maʼdan deb “oʻzbek ishi”, “paxta ishi” degan malomatlar ostida ne-ne tahqirlarga duchor etilgani, el uchun bir imorat tiklayman desa ham “katta ogʻa”lardan izn soʻrab, Moskov eshiklarida sarson-u sargardor yurgan damlarni unutmoq bu xotiraga, millat xotirasiga xiyonat demakdir.
Oʻz kechmishlaring-u, unga esh ona yurtning uzogʻu yaqin oʻtmishini koʻz oldingda kino tasmalaridek jonlantirsang, ozurda koʻnglingning alam-armonlarini tanangda qayta his etsang, bir boʻlmaslik, birlashmaslik anduhlarining zahmi zahri yoʻqolmagan ogʻir xastalik boʻlib, yana ne-ne azoblarga duchor etishini anglab yetasan.
Xoʻp, oʻtmish-ku ortda qoldi. Oʻttiz ikki yildan beri mustaqil yurt, mustaqil davlat, yagona xalqmiz. Tilimiz, dinimiz, hududiy birligimiz barqaror. Xoʻsh, bir boʻlish, birlashishga endi nima mone? Nega hanuz bir boʻlish, birlashish qayta-qayta uqtirilib turibdi?! Demak, bu borada yirtiq-yamogʻimiz, nuqson-u kamimiz bor hali. Ayni shu hol siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy kamolimizni ne bir joylarida oqsoqlantirib, sekinlatib, balki toʻxtatib ham turibdi. Taassufki, bu holat-vaziyatni biz, oʻzbekistonliklarning aksariyati sezmay, anglolmay yuribmiz, shekilli. Demak, shunga yarasha ijtimoiy yuksak tuygʻular neligini bilmay, oʻz qobigʻimiz, oʻz manfaatlarimizdan baland boʻlolmay turibmiz.
Ijtimoiy tuygʻu Vatan hissi, xalq ekaningni idrok etib harakatlanish, jamoa-jamiyat bilan vobasta umrguzaronlik qilish demakdir. Faqat oʻz tomining but boʻlishi-yu oʻz qursogʻining toʻlib turishini koʻzlab yashash oxir-oqibat ilm tilida egosentristlarni, xalq tilida xudparastlar-egoistlarni, koʻchaning qoʻpol lahjasida yakkamoxovlarni urchitadi. Bot-bot ulugʻlarimiz yodga keladi. Nima, Hazrat Navoiy bobomiz, ota bobosi-yu doʻsti Husayn Bayqaro inʼom etgan mulkni tasarruf etib, bahuzur yashasa boʻlmasmidi?! Jadid bobolar-chi?! Ularning oʻzlari-da juda maʼmur boʻlmasalar-da, oʻrtahol turmush-roʻzgʻorlarini qiyib, topgan mablagʻlarini maktab, matbuot, teatr, xayriya kabi millat kamoliga xizmat etuvchi ishlarga sarflashdan ne naf topar edilar?!
Kel, ey millat, bu kun bir maslahat birlan qaror oʻlsun,
Bu kundan oʻtkan ishlargʻa pushaymon birla or oʻlsun.
Qilayluk bul kuni gʻayrat hamma birdan qilib himmat.
Jaholat choʻl-sahrosigʻa, minbaʼd sabzazor oʻlsun.
Mana sizga Abdulla Qodiriyning 21 yoshida – 1915 yilda yozgan satrlari. Otasi bergan bogʻda uzumzorini parvarishlab, dala-tuzdan topgan daromadini katta roʻzgʻorida gʻamlab, bemalol yeb yotaverishi ham mumkin edi-ku?!
Yoʻq, insonda hayvoniy instinkt, ehtiyojdan tashqari, jamiyat ichida yasharkan, ijtimoiy tuygʻu, ijtimoiy fikr ham boʻladi. Busiz u muayyan jamiyat aʼzosi emas. Vatan, ota yurt, ona til vakili emas. Qayda qorni toʻqlansa, shu yerni maskan tutguvchi maxluqot, xolos. Ijtimoiy tuygʻusi bor odamgina millat, xalq, Vatan degan tushunchalarni idrok etadi, munosib turmush tarzini belgilaydi, hayotini jamiyat hayoti bilan bogʻlaydi, ijtimoiy mazmun bilan toʻldiradi.
Shu maʼnoda, Prezidentimizning “Oʻzbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni oʻz hayotining maʼnosi deb bilmogʻi kerak”, degan soʻzlari vatandoshlarimizning barchasida ijtimoiy tuygʻu va fikr umr mezoniga aylanishini istash daʼvatidir. Bu daʼvatga qalban quloq tutgan odam oʻz xatti-harakatini shu mezon negiziga qurishi zarur, albatta. Shundagina inson har bir qadamini oʻylab, fikran tahlil etib, mulohaza bilan qoʻyadi.
Hozir axborot, raqamlashgan texnologiyalar davri. Savodi bor odam barchasi elektron axborot vositalarining “qul”i. Bu tabiiy jarayonni hech bir kuch toʻxtata olmaydi. Faqat har bir insonning maʼnaviy darajasi oʻsha elektron vositalardan oqib kelayotgan axborotni va oʻzi ham ishtirokchisiga aylangan mediamakon jarayonlarini oqilona yoki, aksincha, pala-partish, nodonlarcha oʻzlashtirishi va ishtirokchiga aylanishini belgilaydi. Ijtimoiy tarmoqlardan bori elga oshkor boʻlayotgan maʼlumotlar tom maʼnoda xalqimizni bir boʻlishga, birlashtirishga xizmat qilsa, biz yagona xalqqa, chin vatanparvarga aylana olamiz. Xudparast istak va kayfiyat bilan tarqatilgan har bir axborot, maʼlumot faqat va faqat buzgʻunchilikka, boshboshdoqlikka, parokandalikka xizmat qiladi. Kichik bir xabar katta talotoʻplarga, milliy parokandalikka, qonli urush, xunrezlik, dahshatli muhorabalarga bahona boʻlishi insoniyat tarixidan yaxshi maʼlum. Katta maydonlarni qoʻyib, kichik darchadekkina tuynukchalardan xudbin xohishlar, mayda gina, alamzadalik, hasadgoʻylik bilan boʻy koʻrsatib qolayotgan noxush, betayin, beasos maʼlumotlar, daʼvoyu iddaolar chivin qoʻngandek boʻlsa-da, katta ijtimoiy niyatlarni koʻzlab ish tutayotgan insonlarga nojoiz dilxiralik, asabbuzarlik, pirovardida hatto ogʻriqli xastaliklar olib kelishi ortiqcha isbot talab etmaydigan haqiqat. Bu hol eng yuqori kursilardagi davlat xizmatchilaridan to quyida oʻz kori aʼmoli bilan mashgʻul kishilargacha daxldor. Xoʻsh, shunday xudparast daʼvo va chiqishlar bir boʻlishga, birlashishga yoki yagona xalq, Vatan boʻlishga xizmat qiladimi?! Ehtiroslarni jumbushga keltirib, jamoalar orasiga qutqu solish, fitna uygʻotish oxir-oqibat qanday yakunga olib kelishi maʼlum-ku?!
Kaminani tanigan, bilganlar sezib turgandir. Shu kunlarda malomat-u tuhmat toshlari kino dargohlariga ham otib turilibdi. Biror asosi, isboti boʻlmagan iddaolar, hattoki nomini ham oshkor qilishdan qoʻrqqan quyonyurak kasga eʼtibor qilmay, qoʻl silkib qoʻya qolish ham mumkin edi. Kishi boʻy-bastidan tuban xor-u xasga oyoq qoʻyib, oʻzi-da kirlanib qolishi hech gap emas. Oʻsha Abdulla Qodiriy bobomiz “Millatga bir qaror” sheʼrida yozganidek, “Jaholat sassigʻi bizni hamisha behuzur etdi”, deya oʻgirilib ketaverish ham oqillik belgisi. Ammo boshqa bir ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripovning mana bu daʼvati kishini beparvolikdan qaytaradi:
Hushyor boq, to foniy umr kechadi,
Tegrangda turli xil toshlar uchadi.
Biri qora hasad yo gʻaraz toshi,
Biri yovuz tuhmat yo maraz toshi.
Mayliga qay biri kelmasin, qachon,
Ulardan muddao hamisha ayon.
Ular sabr kosang toʻldirmoq boʻlar,
Ular umring gulin soʻndirmoq boʻlar.
Boshimdan oʻtganin etsam gar ayon.
Hushyor boq ularga hamisha, oʻgʻlon.
. . .
Malomat toshi bu, malomat toshi!
Ha, millat ovozi boʻlgan buyuk shoirning oʻgitini hamisha yodda tutmoq zarur. Illo, bu oʻgit katta maqsadlargagina intilib, yoʻldagi mayda chaqir tikanaklarga loqayd boʻlmaslikdan ogoh etadi. Aslida bugun bizning yagona xalq, Vatan boʻlishdek ulugʻvor harakat va rejalarimizga soya solayotgan, aniqrogʻi, millatga raxna solishga urinayotgan uzogʻu yaqindagi illatlar mayda, tusi yolgʻon, tuturiqsiz behuda ikir-chikir amallar. Bulardan baland boʻlish, ularni ravon yoʻllarimizdagi xor-u xas deb qarashimiz joiz, albatta. Ammo aslo beparvo, bepisand boʻlish kerak emas.
Yana oʻsha Istiqlolimiz bayramida irod etilgan nutq xotirga keladi:
“Biz endi kechagi odamlar emasmiz. Xalqimiz ham kechagi xalq emas”. Shoyadki, “bir boʻlsak - yagona xalqmiz, birlashsak - Vatanmiz!”
Shuhrat RIZAYEV
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2023-yil 185-son.
“Birlashsak – Vatanmiz!” maqolasi