Savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi direktori oʻrinbosari Gʻulomiddin XOLBOYEV javob berdi.
Savol: Hozirgi kunda “nasiya” savdo ommalashdi. Biror molni “nasiya”ga sotish yoki sotib olish mumkinmi?
Javob: Ha, mumkin. Nasiyaga sotish (olish)da pulni toʻlash muddati aniq belgilanishi (masalan, falon oyning falon kunida pulini berasiz, deyish) lozim. Aks holda savdo fosid – buzuq boʻladi. Vallohu aʼlam.
***
Savol: Dorixonada ishlayman. Ayrim mijozlar: “Menga falon kasalimni tuzatadigan dori bering” deydi. Menimcha, bu shirk boʻlmoqda (Alloh asrasin). Shu kabi holatlarda qanday yoʻl tutaylik?
Javob: “Bu dori meni tuzatadi” deyish shirk hisoblanmaydi. Bunday vaziyatda dori kasallikni tuzatadigan vosita ekani nazarda tutiladi. Aslida kasalliklarni yolgʻiz Alloh taolo tuzatishini hamma biladi. Bu kabi holat Qurʼoni karimda ham kelgan. Masalan, Alloh taoloning Oʻzi oʻlim farishtasiga oʻldirish feʼlini nisbat berib: “Ayting: “Sizlarga vakil qilingan oʻlim farishtasi jonlaringizni olur, soʻngra Rabbingiz huzuriga qaytarilursiz” degan (Sajda surasi, 11-oyat).
Vaholanki, aslida oʻldirish ham, tiriltirish ham yolgʻiz Alloh taoloning feʼli hisoblanadi. Oʻlim farishtasi esa xuddi dardning tuzalishida dori kabi vositachi xolos. Vallohu aʼlam.
***
Savol: Baʼzan erkaklar tilla tish qoʻydirishi joiz emas degan gaplarni eshitib qolamiz. Musulmon kishi tilla yoki kumush tish qoʻydirishi mumkinmi?
Javob: “Moʻtabar toʻrt mazhab fuqaholari ham zarurat boʻlganda tilla va kumushdan tish qoʻydirish yoki qimirlab qolgan tishni mustahkamlashni joiz deb bilganlar” (“Quvayt Fiqh ensiklopediyasi”).
Kumush tish qoʻyish durustligiga mujtahid imomlarimiz ittifoq qilishgan. Tilla tish borasida Imomi Aʼzamdan ikki xil (yaʼni, durust va durust emas degan) rivoyat kelgan (Imom Tahoviy, “Mushkilul osor”).
Imom Hokim “Muntaqo” kitobida bunday deydilar: “Agar bir kishining tishi qimirlab qolsa va uni tilla yoki kumush bilan mustahkamlab qoʻysa, Imom Abu Hanifa va Imom Abu Yusuf nazdida zarari yoʻq” (Fatavoi Hindiya).
“Imom Muhammad qimirlab qolgan tishni tilla yoki kumush bilan mustahkamlashni joiz koʻrgan” (Raddul muhtor).
Bu masalaning yechimi borasida mazhab ichidagi mujtahid darajasiga yetgan olim Imom Karxiy, tishlarni tilla bilan qotirib qoʻyishni joiz deb bilganlar (Badoeʼus sanoe’).
Mashhur olim Zafar Ahmad Usmoniy bunday deydi: “Tilla tish qoʻyishning joizligi biz moyil boʻlgan ishdir. Imomi Aʼzam haqida, (ikkinchi soʻzlarida) shu fikrga qaytganlar deb bilamiz”. Qolaversa, salafi solihlardan Koʻfa amiri Mugʻiyra, Hasan Basriy, Musa ibn Talha, Basra qozisi Abdulloh ibn Hasan, Abu Hamza, Abu Navfal, Yaziyd Rishk rahmatullohi alayhim va boshqalarning tilla tish qoʻydirganlari va tishga tilla qoplaganlari haqidagi rivoyatlar bor (Eʼlous sunan).
Demak, zarurat boʻlganda (yaʼni, faqat ziynat uchun emas, balki tishlar kasallanganda) erkaklar ham tilladan tish qoʻydirishi mumkin.
Tishlar qoplanganda ostiga suv tegmay qoladi degan eʼtirozga olimlar: “Tishlarning usti qoplanishi “jabira” (jarohat ustiga bogʻlangan latta) hukmida boʻladi va ostiga suv tegmasa, zarari yoʻq. Kishi qoplama tish qoʻydirayotgan paytda tahoratli boʻlsa, har xil shubha va mulohazalarga oʻrin qolmaydi”, deb javob beradilar. Tahorat va gʻuslda qoplama tishning usti yuvilsa, ostini yuvgandek boʻladi. Vallohu aʼlam.
***
Savol: Ijtimoiy tarmoqlarda karmin E120 moddasi qoʻshilgan mahsulotlar harom ekani haqida xabar tarqaldi. Bu xabar qanchalik asosli?
Javob: Karmin – qizil rangli boʻyoq moddasi boʻlib, Ye120 raqami ostida oziq-ovqatga qoʻshimcha sifatida ishlatiladi. Ushbu modda yarim qattiq qanotlilar guruhiga mansub boʻlgan koshenil hasharotidan olinadi. Toʻrt mazhab ulamolarining nazdida chigirtkadan boshqa hasharotlarni isteʼmol qilish qatʼiy man qilingan. Lekin hasharotlardan olinadigan moddalar, shu jumladan, karmin Ye120 moddasi ham muayyan kimyoviy jarayon va ishlanmalardan oʻtishi bilan holati oʻzgarishi soha mutaxassislari va ulamolar tomonidan aytilgan. Bu boradi Iordaniya fatvo hayʼatining 3240-sonli Fatvosida quyidagilar bayon qilingan:
“Hasharotlardan olinadigan moddalar kimyoviy yoʻllar bilan boshqa moddaga aylanadi. Bu jarayonni Islom shariatida “Istihola” yaʼni bir moddaning boshqasiga oʻzgarishi deyiladi. Natijada nopok narsalar oʻz sifatlarini yoʻqotib boshqa narsaga aylanadi”.
Hanafiy mazhabining mashhur allomasi Kamol ibn Humom rahmatullohi alayh “Fathul-Qodiyr” kitobida bunday deganlar: “Shariat (biror narsaning) najosat boʻlishini muayyan mohiyatga bogʻlagan. Najosatning baʼzi sifatlari yoʻqolishi bilan najosatlik mohiyati yoʻqoladi. Agar najosatning barcha sifatlari yoʻqolsa, najosatlik mohiyati ham toʻliq yoʻqolgan boʻladi. Buning sharʼiy masaladagi misoli: uzum suvi pok sanaladi. (Vaqt oʻtishi bilan) xamr (mast qiluvchi ichimlik)ga aylanib, najosat boʻladi. (Yana vaqt oʻtishi bilan) xamr sirkaga aylanib, pok boʻladi”.
Karmin moddasi haqida Fatvolar va tadqiqotlar boʻyicha Yevropa Kengashi oʻzining 19-sonli fatvosida quyidagicha qaror qilgan: “Carmine E120 moddasi garchi kelib chiqishi hayvonlardan boʻlsa ham, kimyoviy ishlovdan oʻtadi, natijada oʻz tuzilishini oʻzgartiradi hamda asl xususiyatlarini yoʻqotadi”.
Demak, karmin – Ye120 moddasi qoʻshilgan mahsulotlarni isteʼmol qilish joiz. Ushbu fatvolar ulamolar tomonidan eʼlon qilingan boʻlsa-da, zamonamizdagi ayrim ahli ilmlar mazkur masalada ehtiyot yoʻlini tutishni tavsiya etgan.
Xulosa qilib aytganda, ulamolar ruxsat bergan tarafni olib baʼzi odamlar karmin moddasi qoʻshilgan mahsulotni isteʼmol qilsa, taqvo va ehtiyot yoʻlini tutganlar ularni malomat qilmasligi kerak. Vallohu aʼlam.
***
Savol: Baʼzi viloyatlarda ayollar “Mushkulkushod” va “Bibiseshanba” marosimlarini oʻtkazadi. Bu haqida dinimiz nima deydi?
Javob: Mushkul kushod – (“mushkul” – qiyin, “kushod” – ochuvchi) qiyinchiliklarni ochuvchi, mushkullik va chigalliklarni yechuvchi maʼnosini bildiradi. “Mushkulkushod” va “Bibiseshanba” – mushkullarni oson qilish maqsadida qilinadigan xurofot amallardan hisoblanadi.
Aslida, moʻmin-musulmon odamning hayotidagi har bir jabhasi Qurʼoni karim va sunnati nabaviya koʻrsatmasiga muvofiq boʻlmogʻi lozim. Ushbu ikki manbaga zid kelgan har qanday eʼtiqod yoki urf-odat rad etiladi.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bizning bu ishimizda undan boʻlmagan narsani yangidan paydo qilsa, u rad etilgandir”, deganlar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Mushkulni kushod yaʼni bandaning boshiga tushgan qiyinchilikni yengil qiluvchi Zot yagona Alloh taoloning Oʻzidir. Shuning uchun “Mushkulkushod” yoxud “Bibiseshanba” degan marosimlarning dinimizga mutlaqo aloqasi yoʻq.
Boshiga ogʻir ish, mushkul tushgan moʻmin-musulmon Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan kelgan sahih rivoyatlar asosida Qurʼon oyatlaridan oʻqib, salavotlar aytib, Alloh subhanahu va taoloning Oʻzidan mushkulini oson qilishni soʻramogʻi lozim. Vallohu aʼlam.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023 yil 2-son.
“Qaltis savollarga nozik javoblar” suhbati