Turkistonning dastlab Chor imperiyasi, keyin esa bolsheviklar tomonidan istilo qilinishi minglab insonlarni muhojirlik nomli ogʻir taqdirga duchor etdi. Har bir tong ularning oldiga yangi sinovlarni, zabt etilishi lozim ulkan dovonlarni roʻbaro qildi. Biroq ular chekinmadilar. Ana shu chidam, sabr va qatʼiyatning ortida Turkistonga boʻlgan cheksiz muhabbat yotardi.

Tarixchi olimlar Shodmon Hayitov va Nemat Sobirovlarning qayd etishicha oʻzbek muhojirlari tarixini 3 davrga boʻlish mumkin. Bu davrlar quyidagichadir:

– 1917-yil oktyabr toʻntarishiga qadar xorijga ketib qolgan oʻzbek vatandoshlar;

–                   XX asrning 20–30-yillarida xorijga ketgan vatandoshlar;

– II jahon urushi yillaridagi janglarda ishtirok etib, soʻngra turli sabablarga koʻra xorijda qolib ketgan vatandoshlar. Bizning ushbu maqolamiz ikkinchi davrga bagʻishlangan.

XX asrning 20–30-yillarida sovet hukumati tomonidan amalga oshirilgan yer-suv islohoti, “quloqlashtirish” jarayonlari, 1931–1933-yillarda minglab xususiy xoʻjaliklarni tugatish hisobiga millionlab odamlarni kolxozlarga  zoʻrlab kiritish siyosati, shuningdek “Milliy Ittihod” va “Narkompros” kabi soxtalik bilan uyushtirilgan oʻnlab jinoiy ishlar sabab koʻplab milliy ziyolilar, savdogarlar, hunarmandlar, oddiy dehqonlar oʻz vatanlarini tashlab chiqib ketishga majbur boʻldilar. Oʻsha ogʻir yillarning achchiq taʼmini tatib koʻrgan Shahobiddin Yassaviy oʻz suhbatlaridan birida shunday degan edi: “Kelajakni bashorat qilib, haqiqatni aytgan bobolarimiz oldida uch yoʻl bor edi: biri – haq yoʻlida jonni fido qilish, ikkinchisi – istibdodga koʻnib, taqdirga tan berish, uchinchisi – tarki dunyo qilib, gʻariblik jandasini kiyib, vatandan bosh olib ketmak. Ne taqdirki, bizlarning otalarimiz uchinchi yoʻlni tanlashgan”.

Vatandan ketishga majbur boʻlgan minglar vatandoshlarimiz Afgʻoniston, Turkiya, Hindiston, Eron, Arabiston  va boshqa yana koʻplab mamlakatlarga hijrat qildilar. Xoʻsh, ularning keyingi ahvoli qanday boʻldi, boshlaridan qanday azob va uqubatlar kechdi? Quyida shu haqda.

Maʼlumki, turkistonlik muhojirlar xorijda turib ham Vatani hurriyati uchun tinimsiz kurash olib bordi. Xususan, ular tomonidan “Yangi Turkiston”, “Milliy Turkiston”, “Yosh Turkiston”, “Sadoyi muhojirin”, “Turkiston sasi” kabi oʻnlab jurnallar chop etilib, sahifalarida bolsheviklarning vatanda olib borayotgan yovuz siyosati fosh etib borildi. Ayni shu nashrlardan “Yosh Turkiston”da turli mamlakatlarga borib joylashgan turkistonlik muhojirlarning vatanni tark etish dahshatlari va koʻchib borgan manzillaridagi turmushiga doir muhim maʼlumotlar chop etilgan.

Jumladan, ushbu jurnalning 1934-yil 55-sonida Turkiston muhojirlarining maʼnaviy rahnamosi, taraqqiyparvar ulamo Muftiy Sadriddinxonning (1878-1946) bir xotirasi chop etilgan. Muallif Orif Karimiy, Hibatulloh, Ibrohim, Ayyub, Islom ismli kishilar va oʻzining bolsheviklar tomonidan oʻlim bilan tahdid qilingach Turkistonni tark etishga majbur boʻlganini taʼkidlab, yoʻlda uchragan mashaqqatlari xususida quyidagilarni yozadi: “Qorateginning qorli togʻlarida yayov yoʻlgʻa tushgʻon zamonimizda yonimdan marhum Orif Karimiydan boshqa Ibrohim, Hibatulloh, Ayyub, Islom degan zobit tatar tugʻonlarimiz bor edilar. Orqamizda rus kuchlari bizni taʼqib etmakda edi. Men toqatim yetmay yurolmay qoldim. Yonimdagʻilargʻa ijozat berdim. “Menga qarasangizlar barchamiz tutilamiz. Har holda bandani Allohga havola etib, sizlar tez-tez ilgari yuringlar. Men esam bir chora koʻrarman”, deganimda, marhum Orifbek “Muftiy afandi, siz bu soʻzlarni kimga aytasiz! Oʻylanmang, hech istiholasiz rayingizni soʻylang. Biz sizni qoldirib, oʻzimizni qutqaruvchilar tugalmiz [emasmiz]. Oʻlim ekan barobar oʻlurmiz, najot ekan barobar yasharmiz. Sizni qoldirib oʻzni qutqarajaq qadar tuban sifat tarzda onadan tugʻilmadiq”, dedi. Bu chin insonlarning fidokorona soʻzi, vafodorligʻi menga qanoat berib, bu oqshom tog‘ ostiga qaytib istirohat etishni maslahat berdim. Nihoyat [sheriklarim] qorlarda namat uzra sudrab quruq yerlarda yelkasiga orqalab shu shaklda Qorateginga salomat oʻtkazdilar. Shu fidokorliqlar birgina shaxsimni hurmat uchun emas, balki turk millati va Turkiston hurmati, muhabbati uchun edi”.

Muftiy Sadriddinxon afandi.

 “Yosh Turkiston”ning 1933-yil 48-sonida chop etilgan “Turkistondan qochib Erongʻa sigʻingʻonlarning holidan xabar olinglar” nomli maqola ham bizga muhim maʼlumotlarni taqdim etadi. Unda yozilishicha, Turkistonning Turkmanistonidan panoh izlab Eronga oʻn minglarcha oila qochib chiqqan, – sabab bolsheviklar tomonidan talanganliklaridir. Ular hamma narsasini tashlab, yolgʻiz jonlarini oʻylab Eronga qochib oʻtganlar. Maqolada yana shunday alamli satrlarni oʻqiymiz: “Ularning kun kechirishlari koʻp ogʻir holdadir. Ochliq, yalangʻochliq, nohushliqqa yoʻliqqonlar. Shularning holidan xabar oladirgʻon bir musulmon bugun yoʻq desak xato qilmagan boʻlamiz. Bu turmushdan yurt hokimalriga xabar beradirgʻon bitta boʻlsa ham kishi yoʻqmu?”.

Haqiqatdan ham bolsheviklarning zulm va istibdodi natijasida Eronga qochib oʻtgan turkistonliklarning ahvoli nihoyatda ogʻir boʻlgan. Xuddi shu jurnalning 1932-yil 29-sonida chop etilgan “Turkiston qochqinlarining fojiasi” nomli maqola ham fikrimizni quvvatlaydi. Mustafo Choʻqay afandi maqolasining kirish qismida Turkistonda bolsheviklar tomonidan oʻrnatilgan proletariat diktaturasi mahalliy aholi hayotini chidab boʻlmas darajada ogʻirlashtirganini, sovetlar siyosati natijasida asrlar davomida oʻz mehnati bilan yashab kelgan tinch va mehnatkash turkistonliklar ona yurtlarida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan toʻla huquqsiz holatga tushib qolganini, xalqning tabiiy mehnati bilan obod qilingan yerlar ustidan nazorat markaz qoʻliga oʻtganini, mahalliy aholi esa bu boyliklardan foydalanish huquqidan mahrum etilganini qayd etib, mazkur ishlar mustamlakachilik siyosatining yaqqol koʻrinishi ekanini taʼkidlaydi.

Bundan tashqari muallif sovet boshqaruvi sharoitida Turkiston xalqlari nafaqat siyosiy hurriyatdan, balki milliy rivojlanish va madaniy oʻzlikni saqlash imkoniyatidan ham mahrumligini, sovet markaziy hokimiyati mahalliy iqtisodiy resurslarni toʻliq oʻz nazoratiga olib, aholining kundalik tirikchilik manbalarini keskin cheklaganligini, natijada xalqning tarixiy, diniy va maʼnaviy qadriyatlari tizimli ravishda kamsitilib, toptalib borilganini ham urgʻulagan. Mustafo Choʻqayning yozishicha, sovet hukumati tomonidan olib borilgan ana shu razil siyosat sabab turkistonliklar Eron, Turkiya va Afgʻonistonga qochib  chiqishga majbur boʻldilar va sovet chegarasidan oʻtish asnosida ularning baʼzilari oʻz hayotlarini qurbon berdilar.

Mustafo Choʻqay Eronga koʻchib borgan turkistonliklarning ogʻir ahvoli xususida yozar ekan: “Bu kunlarda biz Erondan, u yerga qochib kelgan turkistonliklarning ahvoli haqida maʼlumot oldik. Bu tinchlik va chidab boʻlurliq bir tirikchilikni umid qilib kelgan bu mamlakatdagi [turkistonliklarning] qanday bir kun kechirayotgʻonliklarini tasvir etmak koʻp ogʻirdir. Turkistonliklarning unsiz va qaygʻuli yuraklarini yaralamasliq uchun biz, qochqin yurtdoshlarimizning hayotlarini tafsiloti ila bu yerda takror naql etmaymiz. Shu qadarini demak kifoyadirki, olgʻon maktub shaklidagi maʼlumotimizgʻa koʻra ular “qordan qutilib yomgʻirgʻa uchragʻonlar” va yurtlaridan olib chiqa bilgan matolarining soʻnggi qismlaridan ham Eron bojxona idoralari foydasiga mahrum boʻlib, endi Hindiston hukumati himoyasiga oʻta bilishni oʻzlari uchun eng buyuk bir xushbaxtliq deb sanamoqdalar…

Turkistonlik qochqinlarning ahvoli va ulargʻa yordam haqida u yerdagi Turkiya va Afgʻoniston konsullari oʻz hukumatlariga yozgʻon boʻlsalar-da, hozirgʻacha hech bir javob olinmagʻon. Yurtdoshlarimizning falokatini yengillashtiradirgan bir javobning olinib-olinmasligʻi ham maʼlum emas.

Eronga qochib chiqqan turkistonliklarning bir guruhi.

Bu vatandoshlarimizgʻa bir yordam koʻrsata bilmak uchun, taassufki, oʻzimizda hech bir vosita yoʻqdir. Biz hukumatlarga murojaat etib qochqinlarning hollarini yengillashtirarlik bir yordam qilishlarini oʻtinamiz. Faqat bundan bizning istadigimiz foydali natija chiqajakmi? Hatto bizga yozmasdan avval Eron hukumatiga yozib hollaridan shikoyat ham qilgʻonlar. Anglashilgʻonigʻa qaragʻonda hatto shoh hazratlarigʻa ham yozib murojaat etganlar. Lekin bu murojaatlar natijasida qochqinlarning dardlari kamayishi oʻrniga, bilaks, avvalgi falokatlarining davom etishi toʻxtashi oʻrniga koʻrguliklarining maʼnaviy ogʻirligʻini orttirmoqdadir. “Doʻst falokat chogʻida sinalar” derlar. Bizning xalq eng katta falokat ichindadir. Vatanimiz, xalqimiz uchun eng qoʻrqinch bir zindongʻa aylantirilgan. Xalq tinmasdan kurashib oʻziga bir najot axtarmoqda. Umidsizlikning soʻng darajasiga keltirilgan va rus bolshevik idorasi dahshatlariga chidamak toqati yetgan turkistonliklarning chegaraga yaqin boʻlgʻonlari qochmoqdalar... Bular nazarida Eron, Afgʻoniston va Turkiya dunyo jannati boʻlib koʻrinadir. Bu oʻlkalarda oʻz dindoshlari va qon-qardoshlari yashaydirlar. Endi bu qochqinlarning dindosh Eronda qanday qabul etilganliklarini koʻrib turibmiz. Bu milliy fojiamizni tasvir eta bilmak uchun qanday qalam va qancha qogʻoz lozimdir? Ajabo, biz uchun milliy hurriyat va istiqlol quyoshi aslo tugʻmaydirmi? Ajabo, qardoshlarimizning (muhaqqaq) aniq oʻlimga qarshi najot axtarib kelgan mamlakatlari ularning moddiy va maʼnaviy azoblarigʻa qarshi karquloq va sovuq yurakli boʻlib qolaveradirlarmi? Biz turkistonliklar milliy dushmanlarimizgʻa qarshi kurashimizda hech kimsadan yordam oʻtinmaymiz! Bizning birdan bir oʻtinchimiz: oʻlimdan qochib oʻziga sigʻinarliq bir yer axtargʻon yurtdoshlarimizning yerlilashtirilishidir. Ajabo, bizning bu tovushimiz ham eshitmasmi ekan?”, deb yozadi.

Ushbu maqola sovet mustamlakachilik siyosati natijasida vujudga kelgan turkistonlik muhojirlar fojeasini aks ettiruvchi noyob va yuqori darajada ishonchli tarixiy manba sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Unda muhojirlarning faqatgina ogʻir moddiy ahvoli emas, chuqur ruhiy iztiroblari, milliy gʻururi, tahqirlangan insoniy shaʼni hamda begona siyosiy makonda duch kelgan siyosiy befarqlik holatlari ham yoritilgan. Bundan tashqari, Mustafo Choʻqayning “Biz hech kimsadan yordam oʻtinmaymiz” degan shiori u va boshqa turkistonlik muhojirlarning qalbida milliy gʻurur va siyosiy mustaqillik ruhining saqlanib qolganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga “Yosh Turkiston” jurnalining 1934-yil 59-sonida Hindistondagi turkistonlik muhojirlar toʻgʻrisida ham muhim maʼlumotlar keltirilgan. Maqola avvalida Turkiston muhojirlarining katta qismi Hindistonda yashayotgani, ular bu yerda turli tashkilot va uyushmalarga birlashib yurt ozodligi yoʻlida kurash olib borayotgani taʼkidlangan. Jurnal tahririyatining yozishicha Hindistonda milliy istiqlol uchun kurashuvchi faol shaxslardan biri A.Q. boʻlgan.

Jurnal tahririyatining fikricha Hindistonda ham sovet maxfiy xizmatlari doimo muhojir turkistonliklarni kuzatib borgan. Shu boisdan boʻlsa kerak, tahririyat A.Q. ning toʻliq ismini keltirmasdan, qisqartma shaklda yozishga majbur boʻlgan. Biz uning kimligini aniqladik – bu inson Abdulla Qayumbek edi.

Xuddi shu Abdulla Qayumbek jurnalga yoʻllagan maktubida Hind diyoridagi turkistonlik muhojirlarga doir quyidagi muhim maʼlumotlarni keltirib oʻtgan: “Men Bumbay, Ahmadoboddagʻi yurtdoshlarimiz orasinda uchratdigʻim baʼzi bir hodisalardan mutaʼassir boʻlib ayrilgʻondan soʻng, Ajmir shahriga kelib qoʻndim. Bu yerda yigirma qadar munavvar talaba yurtdoshimiz bor ekan. Dehli jamiyatiga bogʻlangʻon bu vatandoshlarimiz sabrsizliq bilan yurt qurtulishini [ozod boʻlishini] kutmakda va bu yoʻlda chalishmoqdadirlar. Mahalliy ulamo va talabalar bilan ham bogʻlanib ularni bizning vatandagʻi vaziyat bilan tanishdirishgʻa urinarlar ekan. Bu holni koʻrib juda sevindim”.

Parchasi keltirilgan mazkur xat XX asrning 1920–1930-yillarida Hindiston hududida shakllangan turkistonlik muhojirlar muhitining ichki hayoti, tashkiliy aloqalari va mafkuraviy yoʻnalishlarini aks ettiruvchi muhim tarixiy manba hisoblanadi. Muallifning Bombey (Bumbay), Ahmadobod va Ajmir shaharlarini tilga olishi turkistonlik muhojirlarning Hindistonda keng geografik makon boʻylab tarqalganini hamda ular oʻzaro madaniy-siyosiy aloqalar orqali bogʻlanganini koʻrsatadi. Shuningdek, xatda Ajmir shahrida yigirmaga yaqin “munavvar talaba”ning mavjudligi alohida urgʻu bilan qayd etiladi. Bu esa Ajmirning siyosiy ong va milliy tafakkur shakllanayotgan muhojirlik makoni sifatida ham faol boʻlganini koʻrsatadi.

Shuningdek xatdan anglishilinicha, Dehlida “Turkiston muhojirligi birligi” tuzilgan boʻlib, ushbu tashkilotning asosiy vazifasi Turkistonning ozodligi yoʻlida Hindiston boʻylab tarqalib ketgan yurtdoshlarni bir maqsad va maslak yoʻlida birlashtirish boʻlgan. Xususan, ushbu tashkilotning faol aʼzolaridan yuqorida nomlari zikr etilgan Abdulla Qayumbekdan tashqari Mahmud Husaynbek afandi ham boʻlgan. Mustafo Choʻqayning yozishicha, bu ikki shaxs 1934-yilning iyun oyigacha Hindistonning ayrim hududlarini kezib, Haydarabod va Bombeyga borib turli shaharlarda yashovchi Turkiston muhojirlari bilan koʻrishib, ularni milliy ozodlik harakatining mohiyati bilan tanishtirib kelganlar. Bundan tashqari ular turkistonlik muhojirlar bilan cheklanib qolmasdan, ayni paytda Hindistonning moʻtabar ulamolari bilan uchrashib, ularga Turkistondagi mavjud vaziyat hamda bolsheviklarning oʻlkada amalga oshirayotgan qatagʻon siyosati toʻgʻrisida maʼlumot bergan.

“Yosh Turkiston”ning 1934-yil 57-sonida yozilishicha, “Turkiston muhojirligi birligi” Hindistondagi turkistonlik muhojirlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida 1934-yil 21-mayda katta bir yerni sotib olib, u yerda “Dorul-muhojirin” (Muhojirlar uyi) nomli bino qurganlar. Oʻz navbatida ezgu tashabbusni qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir guruh turkistonlik muhojirlar, xususan Abdurahmon afandi 50 rupiya, Xoʻja Aʼzam afandi 33 rupiya, Xoʻja Masʼud afandi tomonidan 58 rupiya pul hadya qilingan. Muhojirlar uyida turkistonliklarga kasb-hunar oʻqitishdan tashqari savod chiqarishga ham katta eʼtibor qaratilgan.

Dehlidagi turkistonliklardan bir guruhi: Birinchi qator o‘ngdan: 1) Abdul A’zim; 2) Muhammad Ali; 3) Marhum Sayyid Abdulloh; 4) Abdulloh. Orqadagilar. Ikkinchi qator oʻngdan: 1) Xoʻja Masʼud; 2) Nomaʼlum; 3 Shahobiddin qori.

 Og‘ir ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy sharoitlarga qaramasdan turkistonlik muhojirlar ona vatanda bolsheviklar tomonidan qatag‘on etilgan jadidlarni eslab o‘zaro xotira kechalarini o‘tkazib turganlar. Xususan, “Yosh Turkiston” jurnalining 1934-yil 51-sonida qayd etilishicha Munavar qorining ham xotira kechasi oʻtkazilgan.

Ushbu xotira kechasi toʻgʻrisida jurnalda quyidagilar yozilgan: “Bir guruh kishilarning tashabbusi bilan shu yilning 3-fevralida Munavvarqorini esladik. Kechaga turkistonliklardan boshqa ozarboyjonlik, idil-urallik va turkiyalik boshqa tugʻonlarimizdan koʻpgina kishilar qatnashdilar. Kechaning toʻrida Munavvarqorining Turkiston milliy bayrogʻiga (!) oʻralgʻon, chechaklar ila bezangan buyuk bir rasmi osilgʻon edi. Munavvarqorining eng yaqin doʻstlaridan boʻlgʻon Mustafobek majlisni ochib, bu milliy kurash shahidimizning hayoti, faoliyati va uning yurtimiz, xalqimizgʻa qilgʻon xizmatlari, milliy tariximizda tutqon oʻrni haqida izohot berganidan soʻng, uning oʻldirilishi masalasiga toʻxtalib, Munavvarning sovet hukumati tarafidan yolgʻiz Turkiston xalqiga katta xizmat qilganligi, butun xalq tarafidan sevilgan bir millat xodimi boʻlgʻonligʻi uchungina oʻldirilganligini alohida eslatib oʻtdi. Mustafobek eski doʻsti haqidagi uzungina qilgan nutqini koʻzlaridan oqqan yoshlari ila tugatdi”.

Ushbu keltirganimiz iqtibosda yana bir muhim jihat bor. Bilamizki, shu paytgacha baʼzi bir tarixchi olimlar Turkiston Muxtoriyati davlat sifatida toʻla shakllana olmagan, masalan, u oʻz milliy bayrogʻini qabul qilishga ulgurmagan, Muxtoriyatning bayrogʻi sifatida koʻrsatib kelingan bayroq aslida unga mutlaqo aloqasi yoʻq degan fikrga egalar. Biroq Munavvar qorining xotira kechasida uning portreti ostiga ilingan bayroq (oʻsha Turkiston Muxtoriyatining bayrogʻi emas deb hisoblab kelingan bayroq) Turkistonning milliy bayrogʻi sifatida taqdim etilmoqda. Yaqqol koʻrinib turibdiki, muxtoriyatchilar milliy bayroqni qabul qilishga ulgurganlar. Quyidagi rasmga qarang: