Shavkat Mirziyoyev 8-oktyabr kuni Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Sammitda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ham qatnashdi.
Taʼkidlanishicha, yetakchilar dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashib, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollarini koʻrib chiqdi.

“Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda katta oʻzgarishlar boʻldi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning muhiti oʻzgardi. Biz tez-tez uchrashib, masalalarni ochiq muhokama qilib, yechimlar topib, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlay boshladik. Bunda bizning Maslahat uchrashuvlarimiz katta rol oʻynadi”, dedi Prezident nutq avvalida.
Shuningdek, davlat rahbari mintaqaviy jarayon doirasida katta va murakkab tuzilmalarni tashkil etishga intilish yoʻqligini qayd etdi. kuchli, suveren va mustaqil davlatlar oʻzaro hurmat, ishonch va pragmatizm asosida hamkorlik qiladigan moslashuvchan va tushunarli format kerakligini taʼkidladi.
Shundan soʻng Oʻzbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo mamlakatlari yaqinlashayotgan hozirgi murakkab xalqaro vaziyatga qisqacha baho berdi.
“Dunyo shiddat bilan oʻzgarib, keskinlik kuchaymoqda, savdo va transport aloqalari qayta shakllanmoqda, yangi xatarlar paydo boʻlmoqda”, dedi davlat rahbari.

Shu bois, hamkorlikning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha kelgusidagi qoʻshma faoliyatni yaqinroq muvofiqlashtirish ahamiyati koʻrsatib oʻtildi.
Avvalo, tarixiy, iqtisodiy va transport aloqalari mavjud mintaqalar bilan yagona hamkorlik makonini shakllantirish gʻoyasi ilgari surildi. Paydo boʻlayotgan imkoniyatlardan foydalanib, bu aloqalarni ancha mustahkamlash hamda savdo, transport, energetika, sanoat va yangi texnologiyalarni birgalikda rivojlantirish boʻyicha aniq mazmun bilan boyitish zarurligi taʼkidlandi.
Ushbu masalalarni kelgusi yili Toshkentda oʻtkaziladigan “Tinchlik va barqaror oʻzaro bogʻliqlik yoʻlida mintaqalararo muloqot: Markaziy Osiyo yondashuvi” xalqaro konferensiyasida batafsil muhokama qilish taklif etildi.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish ishlarini davom ettirish orqali mintaqaviy muloqot asoslarini mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
Iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Yirik loyihalarni tezroq ishga tushirishga xizmat qiladigan qoʻshma sanoat va texnologik zanjirlar, umumiy raqamli xizmatlar hamda investitsiya mexanizmlarini shakllantirish vazifalari belgilab berildi.
“Biz bir-birimiz bilan oddiy savdo qilishning oʻzi yetarli boʻlmay qolgan bosqichga yetib keldik. Yakuniy mahsulotni birgalikda yaratishimiz kerak. “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasi biz intilishimiz lozim boʻlgan maqsad mohiyatini yaxshi ifodalaydi”, dedi Prezident.
Ushbu yoʻnalishni rivojlantirish uchun 2027-yilda Xivada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini oʻtkazish, shuningdek, qoʻshma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus platformani tashkil etish taklif qilindi.
Savdo va investitsiyalar vazirlari kengashiga Ashxoboddagi navbatdagi yigʻilishida bu masalani batafsil koʻrib chiqishni topshirish zarurligi qayd etildi.

Shundan soʻng mintaqa mamlakatlarining zamonaviy transport-logistika tarmogʻi orqali oʻzaro bogʻliqligini rivojlantirish ahamiyati taʼkidlandi.
“Biz global savdoning asosiy quruqlik yoʻnalishlaridan biriga va ayni paytda yirik iqtisodiy faollik markaziga aylanishimiz mumkin. Biroq buning uchun avtomobil va temiryoʻllar qurishning oʻzi yetarli emas. Transport infratuzilmasini rivojlantirishda umumiy yondashuv zarur”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yirik loyihalar yagona tizim sifatida ishlashi uchun ularni muvofiqlashtirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.
“Yangi transport yoʻlaklari boʻylab ishlab chiqarish korxonalari, logistika va xizmat koʻrsatish obyektlari, sanoat zonalari paydo boʻlishi kerak. Shunda transport yoʻnalishi oʻz atrofida iqtisodiy faollikni yuzaga keltirib, u oʻtadigan har bir davlatga ancha katta samara keltiradi”, dedi davlat rahbari.
Shu maqsadda Infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha kengashni tashkil etishni tezlashtirish va uning birinchi yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazish taklif qilindi.
.png)
Energetika sohasiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Mintaqa uglevodorodlardan tortib, gidroenergetika, quyosh va shamol generatsiyasigacha boʻlgan turli resurslar va katta salohiyatga ega ekani qayd etildi.
“Yashil” rivojlanishning ahamiyatini hisobga olib, past uglerodli energetika salohiyati boʻyicha qoʻshma konsepsiyani tayyorlash tashabbusi ilgari surildi. Bu yangi generatsiya quvvatlarini qurish, zamonaviy energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish va yangi energetika yoʻlaklarini yaratish boʻyicha ishlarni yaxshiroq muvofiqlashtirish imkonini beradi.
Suv resurslari va iqlim oʻzgarishi ham birgalikda yechim topishni talab qiladigan yoʻnalishlar sifatida koʻrsatildi. Zamonaviy raqamli monitoring tizimlarini joriy etish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyalardan keng foydalanish zarurligi taʼkidlandi.
Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish boʻyicha amaliy harakatlar oʻn yilligini eʼlon qilishga doir umumiy tashabbusni toʻliq roʻyobga chiqarishga chaqirildi.
.png)
Kelgusi yili Oʻzbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raislik qilishini inobatga olib, jamgʻarma faoliyati samaradorligini oshirish, yangi ekologik loyihalarni ishga tushirish va qoʻshimcha moliyalashtirishni jalb etish boʻyicha ustuvor vazifalar taqdim etildi.
Afgʻoniston bilan suv resurslaridan foydalanish masalalari yuzasidan mintaqa barcha mamlakatlarining manfaatlarini hisobga olgan holda doimiy va predmetli muloqotni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratildi.
Havoning ifloslanishi mintaqa mamlakatlari shaharlari uchun jiddiy muammolardan biri ekani taʼkidlandi. Bunga javoban Oʻzbekiston ilgari surgan “Markaziy Osiyo toza havosi” xalqaro konsorsiumi faoliyatini mintaqa mamlakatlaridagi sanoat zonalari, agroklasterlar va transport uzellarini ekologik modernizatsiya qilish boʻyicha pilot dasturdan boshlash taklif etildi.
Ahamiyati tobora ortib borayotgan yana bir yoʻnalish – muhim minerallar. Oʻzbekiston tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Muhim minerallar boʻyicha mintaqaviy alyansni shakllantirish ishlarini faollashtirish, dastlabki qadamlardan biri sifatida Markaziy Osiyodagi muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratish taklif qilindi.
.png)
Navbatdagi yirik masalalar majmui texnologik taraqqiyotga bagʻishlandi. Sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlar bilan ishlash sanoat, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va davlat boshqaruvini allaqachon oʻzgarayotgani, iqtisodiyotning unumdorligi va kelajakda raqobatlasha olishi koʻp jihatdan shu texnologiyalarga bogʻliqligi aytib oʻtildi.
Shu munosabat bilan mintaqa mamlakatlari imkoniyatlarini birlashtirish va oʻzaro bogʻlangan milliy maʼlumotlar markazlari tarmogʻiga asoslanadigan umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratishni boshlash taklif etildi. Odamlar mintaqaning kelajagini belgilovchi eng muhim omil ekani taʼkidlandi.
Kelgusida mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotiga qanday mutaxassislar kerak boʻlishini tahlil qilish asosida talab yuqori boʻlgan kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqish taklif etildi. Unda bugunning oʻzida mutaxassislar yetishmayotgan va yaqin yillarda talab ortishi kutilayotgan yoʻnalishlar boʻyicha prognozlarni jamlash nazarda tutilmoqda.
Shu asosda universitetlar va professional taʼlim muassasalari iqtisodiyotning haqiqiy ehtiyojlarini oldindan hisobga olib, sanoat, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va boshqa tarmoqlardagi yirik loyihalar uchun kadrlar tayyorlay oladi.
Shavkat Mirziyoyev soʻzining yakunida soʻnggi yillarda koʻp narsaga erishilganini taʼkidladi. Endi bu yutuqlarni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni oʻn yillar davomida barqaror rivojlanadigan tizimga aylantirish muhim.
"Formula oddiy: hamjihatlik va ishonch – taraqqiyot va xavfsizlik yoʻlida. Biz kelgusi avlodlarga qanday mintaqani qoldirishimiz uchun masʼulmiz. U tinch, xavfsiz, iqtisodiy jihatdan kuchli boʻlishi, odamlarga munosib yashash, ishlash, oʻqish va farzand tarbiyalash imkoniyatini berishi kerak”, deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.