Oʻn yildan buyon savdo sohasidaman, baʼzan oʻzim ham usta sifatida ishlayman. Boshqa sohalarni aniq bilmayman-u, santexnikada koʻrganlarim koʻnglimni qattiq ogʻritdi. Usta bilan mijoz oʻrtasida yolgʻon va oʻgʻrilik odatiy holga aylangan. Ishlab chiqaruvchidan dillergacha butun zanjir halol mehnatga emas, oʻzaro manfaatga, yaʼni bir-birining choʻntagiga qarab qurilib qolgan.
Poraxoʻrlik faqat amaldorlar va davlat idoralarining kasali emas. Bu virus jamiyatning har bir tarmogʻigacha tomir otgan. Pora bermasang ish bitmaydi, pora bermasang savdo yurmaydi. Oqibatda halol savdo qilayotgan, halol ishlayotgan odam ham shu tuzumning zarbasini oʻz yelkasida koʻtaryapti.
Diller doʻkonchi ustalarga xotiniga ham ravo koʻrmagan iltifotni koʻrsatadi. Bonus, haftada bir marta osh, choyxonada davra, oylik pul mukofoti, yilda bir marta xorijiy sayohat. Tabassum bilan kutib oladi, aytmasdan choy-kofe tutadi. Lekin usta baribir kattaroq haq toʻlaganning ortidan ketadi. Unga qandli choy ham, hurmat ham, asbob-uskuna ham kerak emas, unga faqat pul kerak.
1971-yilda suratga olingan “Uchrashuv” filmida Ergash Karimov ikki mehmonga tinmay murabbo, qaymoq, sariyog‘ olib chiqaveradi, mehmonlar esa aroq kutib oʻtiradi. Aroq chiqavermagach, juftakni rostlashadi. Aksar ustalar ham xuddi shunday, ularga iltifot emas, axcha kerak.
Endi mijozning ahvolini koʻraylik. Usta unga qimmat detallar oldiradi, mijoz esa ustaga ishonadi. “Arzonroq va sifatliroq doʻkon bor ekan-ku” desa, usta oʻziga bonus beriladigan doʻkonga yetaklaydi. Baʼzan atayin ortiqcha yozdirib oladi, ortganini mijozga bildirmay doʻkonchiga qaytarib sotadi.
Bir kuni bir usta menga qoʻngʻiroq qildi.
– Uka, issiq pol shlangining metri necha pul?
– 10 ming soʻm.
– Menga-chi?
– Uyingizga olyapsizmi?
– Yoʻq, mijozga.
– Unda nega menga deyapsiz?
U gapni darrov boshqa tomonga burdi. Maqsadi aniq edi, mendan 9 ming soʻmga olib, mijozga 10 ming soʻmdan oʻtkazish.
Bu illatning ildizi ustalarning oʻzida emas, ularni shu yoʻlga solganlarda. Ishlab chiqaruvchilar va dillerlar ustalarning miyasini bonus bilan zaharlaydi, “yil oxirigacha shuncha millionlik mahsulot olsang, mashina sovgʻa”, “umra sayohati” bor. Shundan keyin mijozning ehtiyoji, mahsulotning sifati, narxning adolati ustaning nazarida ahamiyatini yoʻqotadi. Maqsad bittagina, bonusni olish. Qancha koʻp savdo – shuncha koʻp mukofot.
Ishlab chiqaruvchilar dillerlarning, dillerlar ustalarning miyasini zaharlaydi, bonus, pul mukofoti, mashina deb, ustalar shunda mijozlarning haqiga xiyonat qilishni boshlaydi.
Qoʻqonda olti-yetti yil avval bu illat yoʻq edi, boʻlsa ham pinxona edi. Toshkentda avjiga chiqqandi. Poytaxtga borib uch-besh oy ishlagan ustaning psixologiyasi oʻzgarib qaytardi. Bugun esa chekka qishloqda doʻkon ochsangiz ham, ustaga manfaat tegmasa, sizdan bir soʻmlik narsa olmaydi.
Ilgari usta mijozga roʻyxat yozib berardi, “mana bu firmalarniki yaxshi, shulardan birini olavering” deb. Mijoz oʻzi tanlab, oʻzi olib kelardi. Hozir esa ustaning mashhur bitta gapi bor, “falon firmadan olmasangiz, men javob bermayman”. Mijoz esa “bor-e” deb, masʼuliyatni ustaga tashlab qoʻyadi. Shu tarzda ishonch ham, nazorat ham, halollik ham qoʻldan ketdi.
Bunday yoʻl tutganlarning koʻpi shu dunyodayoq jazosini olganini koʻrdim. Birining boshi kasaldan chiqmadi, biri gemorroy bilan uzoq yotib qoldi, biri jigar, yana biri buyrak yetishmovchiligi bilan azob chekdi. Koʻplari hali shu yoʻlida yuribdi. Tavba qilmasa, holiga voy.
Ammo eng ogʻir savol boshqa – biz qachon adashdik?
Hamma narsani foydaga, bonusga, “menga nima tegadi” degan hisobga boʻysundirgan kunimiz adashdik. Sifat, halollik va mijozning haqi orqaga chekindi. Har bir boʻgʻin oʻz foydasini “ish” ustiga qoʻshaverdi, oxirida hammasini oddiy odam toʻladi. Narx-navo shunday oshdi.
Endi koʻraylik, bugun nima boʻlyapti. Biz tinmay tanqid qiladigan xitoyliklar oʻzlari kelib zavod va fabrika quryapti, bizga teng narxga emas, undan ham arzonga sotyapti. Tarjimonsiz, qoʻlidagi smartfonda bemalol gaplashib, oʻz mashinalarida mahalliy tadbirkorning eshigi oldigacha mol olib kelib beryapti.
Yaʼni oʻzimiz yomon koʻrgan “ish”ni oʻz qoʻlimiz bilan oldimizga olib keldik. Katta foyda qilamiz deb, undan ham katta raqobatni chaqirdik. Foyda muammoga aylandi.
Bu faqat santexnika dardi emas. Elektrchidan qurilish mollarigacha, tibbiyotdan oliygohgacha – manfaatlar toʻqnashuvi degan virus – hamma joyni zaharlagan. Samimiyat, manfaatsiz yaxshilik, rostgoʻylik va halollik asta-sekin yoʻqolib bormoqda.
Raqobat aslida sifat va narx boʻyicha boʻlishi kerak edi. Biz bir-birimizni sindirishni tanladik. Tashqaridan kelgan raqib aynan shu zaiflikdan foydalanib, bozorni oʻz qoʻliga olib turibdi.
Ertaga mana shular barcha maishiy va ijtimoiy tarmoqlarni egallab oʻzimizni qul qilib ishlatsa shunda tavba qilamizmi? Hozir toʻxtab, doʻppini yechib oʻylab koʻrishning ayni vaqti, ertaga kech boʻladi, tovoni juda ogʻir boʻladi.
Abdulloh ZIYO