Rossiyalik faylasuf va targʻibotchi, “Rus dunyosi” gʻoyasining asosiy mafkurachisi Aleksandr Dugin “dunyoning yangi modeli” toʻgʻrisida bergan intervyusida Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari suverenitetini shubha ostiga olib, ularni Rossiya “nazoratga olishi kerak” deya taʼkidladi. Dugin “uch qutbli dunyo” shakllanayotganini, Rossiya bu tizimda asosiy kuch markaziga aylanishi va bu mamlakatlarni nazoratga olishi kerakligini taʼkidlaydi. Ushbu chiqish oʻzbek jamoatchiligini gʻazabini qoʻzgʻash bilan birga, uning ortida turgan mohiyatni oʻylab koʻrishga undadi. Ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlar, mulohazalar bildirildi. Oyina.uz oʻzbek ziyolilarining bu borada tarmoqda aytilmagan fikrlarini taqdim qiladi.
Eshqobil Shukur, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir:
Bundan 3-4 kun avval jurnalist Solovyovning fitna magʻzavasiga botgan fasodlariga qarshi quyidagi fikrlarimni yozgan edim: Kreml targʻibotchisi Vladimir Solovyovning Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonga qarshi gapirgan gaplari sharmandalikdan boshqa narsa emas. Tagʻin bu kishim oʻzlarini ziyoli sanaydilar, xunukdan-xunuk yoqimsiz kibr bilan goʻyo dunyoni yaratib qoʻyganday gapiradilar. Bu ziyolilik emas, vijdonsizlikdir. Bu kimsaning butun boshli xalqlar va mustaqil davlatlar ustidan bunday gapirishga qanday haqqi bor? Uning “Xalqaro huquqlar va meʼyorlarga tupurish kerak” degan gapining oʻzi faqat fashizmga xos undovdir. Markaziy Osiyo va Armanistonda harbiy operatsiyalar oʻtkazish haqida ogʻzingizdan tupuk sachratib nutq irod qilgandan koʻra, oʻz nomusingizni oʻylasangiz yaxshi boʻlardi...
Shu oʻrinda Rossiya kinematograflari tomonidan suratga olingan “Sergey Yesenin” filmida Yesenin tilidan aytilgan bir gapni eslatib oʻtmoq joiz. Bu shunday: “Men Rossiyani ulugʻlab kuylayman, sizlar esa uni sharmanda qilasizlar!”. Sizning Markaziy Osiyo xalqlariga qarata qilgan tajovuzkorona, razilona gaplaringizning oqibati ham shu. Bu xalqlar harbiy operatsiyalar natijasida vayron boʻlib, qonga botsa, siz uchun bayrammi, taqsir? Har kuni televizorga chiqib olib, sotadigan safsatangizdan maqsad qon va zoʻravonlikmi? Lev Tolstoy aytganiday, Xalqning gurzisidan, qargʻishidan qoʻrqing, Vladirmirvoy”.
Solovyovning bu gaplarining badboʻy havosi tarqalib ulgurmasdan endi Aleksandr Dugin degan kimsa undan-da badboʻyroq nafas bilan kekirib sahnaga chiqdilar. Bu kishim ham oʻzlarini ziyoli va faylasuf sanaydilar. Oppoq soqoli bilan qora fikrlarni ilgari surishdan uyalmaydilar. Yoʻqsa, bu odam butun boshli mustaqil mamlakatlar mustaqilligi, millatlar erkinligiga nisbatan bunday gaplarni gapirmasdi. Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjon xalqlari uchun eng aziz boʻlgan tuygʻu bu mustaqillikdir, ozodlikdir. Boshqa xalqlarning eng aziz tuygʻusiga nisbatan bunday tajovuzkorona gapirish faylasuflik emas, ablahlikdir.
Bu kimsalar yana bir narsani unutmasinlar. Bizning odamlarimizda nomusga yoʻgʻrilgan bir qarash bor: Birovning Vataniga koʻz olaytirishni, uning sevgan yoriga, onasiga koʻz olaytirish bilan barobar deb hisoblaydilar. Bizda oʻzini hurmat qilgan har bir er kishi shuni yaxshi biladiki, Vatan masalasi oq sut berib boqqan onangning, nikohingdagi ayolingning, boʻy yetib kelayotgan qizingning nomusi, shaʼni bilan teng! Bu qutlug‘ bisotlarning hali biz uchun qimmati tushgan emas! Biz uchun Vatan bu nomusdir. Dugin yuqorida bepisandlik bilan tilga olgan xalqlarning kuchi ham, qudrati ham shunda. Bu kuchga yadro qurollari ham qarshi turolmaydi. Chunki, nomus Xudoning qurolidir. Imonli bandalariga bergan quroli. Dugin degani nomus tuygʻusining qudrati haqida tasavvurga ega emas, shekilli.
Anvar BOʻRONOV, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi:
Rossiyalik mafkurachi Aleksandr Duginning Oʻzbekiston mustaqilligi va suverenitetini shubha ostiga oluvchi fikrini koʻrdim. Ijtimoiy tarmoqlardagi raddiyalarni ham kuzatdim. Oʻzbekiston jamoatchiligi va ekspertlari Duginning fikrlarini mustaqil davlatning ichki ishlariga aralashish va xalqaro huquq meʼyorlarini buzish deb baholamoqda.
Shu oʻrinda oʻz fikrlarimni bayon qilsam. Avvalo, Aleksandr Dugin kim, degan savolga javob bersak. Oʻrganib koʻrsam, bu janob biron institutda ham yolchitib oʻqimagan, 1979-yilda Aviatsiya institutiga kirib, ikkinchi kursdan haydalgan ekan. Keyin antisovet toʻgaraklarga qatnashib, ishlamay yurgan. Hatto, neofashistik harakatlarga ham aʼzo boʻlgan. Uning bunday “ishyoqmas va tekinxoʻr” boʻlib yurishi jazosiz qolgan, chunki u Sovet generalining oʻgʻli boʻlgan.
Qayta qurish boshlangach, turli ijtimoiy-siyosiy harakatlarga aralashib yurgan. Oʻzining intervyusida aytishicha, u 1991-yilgacha Antisovet kayfiyatida yurib, keyin afsus qilgan va fikridan qaytib, chirib bitgan Sovet Ittifoqini himoya qila boshlagan emish. 1990-yildan siyosiy faolligi oshgan. Turli jurnallar chop etgan. Siyosiy qarashlarini matbuotda yoritib borgan. Oʻsha, “telba, telba, telba dunyo...”da taniqli odamga aylangan.
Mashhurlikdan foydalanib, dissertatsiya yoqlagan. Dissertatsiya yoqlash jarayonida Ilmiy kengash oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat talab qilganda, oʻzi umrida bormagan Novocherkassk muhandislik-melioratsiya institutini sirtdan tugatgani toʻgʻrisida diplomni taqdim qilgan ekan. Ana endi, Aleksandr Duginning fikriga javob bersak boʻladi.
Oʻzini falsafa, siyosatshunoslik, sotsiologiya fanlari doktori sifatida taqdim qilayotgan bu odam aslida, qonunsizlik hukm surgan “90-yillar”ning zurriyoti. Mashhurlikka erishish uchun, har ishga tayyor, axloq tamoyillarini bir tangaga olmaydigan “shaltoq ogʻiz”lardan biri. “Shaltoq ogʻiz” dan esa ahmoq gap chiqadi. Uning gaplari siyosiy fitna boʻlib, xalqning birdamligi va davlat suverenitetiga boʻlgan ishonchini sinashga qaratiladi. Bunday fitnalar oldin ham boʻlgan, bu ham oxirgisi emas. Mening fikrim: Oʻzbekistonning suveren davlat ekanligi muhokama qilinmaydigan fakt. Bir fitnachining gapi bilan yangi muhokamalarga yoʻl ochmaslik kerak.
Qolaversa, Oʻzbekiston tashqi siyosati doimo mamlakat mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va milliy manfaatlarini himoya qilishga asoslangan. Bu boradagi ishlar ham sharqona bosiqlik bilan diplomatik platformalarda hal etilishi kerak.
Muhammad QURONOV, Pedagogika fanlari doktori, professor: