Inson boʻlishni oʻrgatadigan kitob
Harper Li. Mazaxchini oʻldirish. Toshkent, “Akademnashr”, 2025.
Bu roman Amerika adabiyotida tom maʼnoda voqea oʻlaroq baholangan. BBC talqiniga koʻra, XX asrda yaratilgan eng yaxshi asarlar roʻyxatiga kiritilgan. Nashr etilishi bilan Pulitser mukofotiga loyiq koʻrilgan.
Aka-singil Jin Luiza va Jeremining onasi vafot etgan. Ellik yashar advokat Attikus Finch norasida bolalarini yolgʻiz oʻzi tarbiyalaydi. Aka-singilni qoʻshni uydagi Artur alvasti juda qiziqtiradi – maktabda shoʻxlik qilgani sabab otasi uni 17 yoshida uyga qamab qoʻygan. Kim oʻzi bu Artur alvasti? U rostdan ham mushuklarni tiriklay yeydimi? Onasini oʻldirganmi? Nega ostona hatlab koʻchaga chiqmaydi? Axir, uni qamagan ota oʻlib ketganiga necha yillar boʻlgan-ku?.. Attikus uni oʻz holiga qoʻyish zarurligini aytadi: “Odamlarning koʻchaga chiqmaslikni ixtiyor etish huquqi bor va biz uni hurmat qilishimiz kerak”.
Asarda Artur Redli va Tom bilan bogʻliq ikki syujet liniyasi bor. Artur oʻsmirligida nohaq ayblov bilan uyga bandi etilgan va jamiyatdan yuz oʻgirgan. Oq tanli dehqon uyida xizmat qiladigan qora tanli nogiron Tom esa tuhmatga uchraydi: tajovuzda ayblanadi va hibsga olinadi. Attikus davlat tomonidan advokat etib belgilanadi-yu, hamshaharlar bosimi ostida qoladi. Oʻziga ochiq gapira olmaydilar, lekin bolalarini “ahmoq”ning, “xoin”ning bolasi deya mazaxlab kamsitishadi.
Oʻsha davrda Amerikada istalgan qora tanli odamga ehtimoliy jinoyatchi deb qaralgan ekan! Oq tanli kimsa zanjiga tuhmat qilishi, u shoʻrlik esa adolatsiz ravishda oʻlimga mahkum etilishi oddiy hol boʻlgan. Qora tanli begunoh boʻlsa-da, sudyalar odil qaror chiqara olmas edi. Hal qiluvchi soʻzni aytishi lozim boʻlgan sud maslahatchilari ham qora tanlining aybsiz deb topilishini oq tanlini yolgʻonchiga chiqarish deb bilar va hech qachon oqlov xulosasi bermas edi. Hatto qonun himoyachilari ham qora tanli aybdor emasligini bilsa-da, uni oʻlim jazosidan saqlab qololmas – jamoatchilik zugʻumi qonundan ustun edi. Amerika kabi qonun ustuvor deb bilinadigan jamiyatda bor-yoʻgʻi yuz yil oldin hukm surgan bunday qabohatlar odamni juda sergak torttiradi.
Ammo Amerikani Amerika qilib turgan boshqa narsa bor. Bu – vijdonli odamlarning jasorati, haq yoʻldan qaytmasligi, adolat, toʻgʻrilik va halollik uchun jins-u irq tanlamay kurashishi. Ha, hatto yutqazishini bilsa ham kurashdan chekinmasligi! Chunki ular bugun behuda tuyulgan saʼy-harakatlar vaqti kelib katta natija berishiga ishonadi.
Jamiyatni illatlardan bir kunda butunlay tozalab boʻlmaydi, ammo oʻzingiz yashayotgan muhitdagi yanglish fikrlarni amallaringiz orqali oʻzgartirib borsangiz, kun kelib jamiyat ham uygʻonadi. Advokat Attikus Finch shunday yoʻl tutadiki, Tomning begunohligiga hech kimda shubha qolmaydi. Oq tanli olomon esa ichida haqiqatni tan olsa ham, sirtiga chiqarishni istamaydi. Tom oʻlimga hukm qilinishi, undan ham oldin oqlardan birovi kelib oʻzini qamoqdayoq tinchitib ketishini fahmlab turardi. Axir, qonun koʻpchilik tarafida boʻlsa, kim ham eshitardi faqir, huquqsiz bir qora tanlining dodini?! Chorasiz qolgan Tom qochishga urinadi. Biroq majruh, nogiron odam qanday qilib simtoʻrdan oshib oʻtsin?! Shuni bilaturib, nazoratchilar uni otib tashlaydi...
Attikus aslo chekinmaydi. Uning maqsadi faqat Tomni qutqarish emas, nohaqlik, qonunsizlik, notenglik hukm surayotgan jamiyatni oʻzgartirish ham edi. Ozodlik, tenglik, hurriyat – bu jozibali soʻzlar davralarda baralla yangraydi, ammo ularni hayotga joriy qilishga baʼzan bir odamning, goho jamiyatlarning kuchi-yu umri yetmaydi, millionlar hayoti qurbon beriladi. Gʻoya – qiroat qilib yurmoq uchun emas. Odamlar hayotiy aʼmolga aylantirsagina gʻoyalar jamiyatga singadi, bilʼaks, oʻlik gapligicha qoladi. Attikus buni amalda isbotlab beradi.
Tom oʻldi, ammo uni ayblaganlar sharmanda boʻldi. Yovuz niyatli kimsalar tuhmatni fosh qilgan advokatdan oʻch olmoq uchun uning bolalarini oʻldirishga urinadi. Qarangki, uzoq yillardan beri hech kimsaga qorasini koʻrsatmagan Artur Redli bolalarni asrab qoladi, ablahni esa narigi dunyoga ravona qiladi. Arturni hech kim ayblamaydi – uni ayblash xuddi mazaxchi qushni oʻldirish kabi gunoh boʻlardi: axir, u qush faqat va faqat bizning qalbimiz rohati uchun sayraydi; na tabiatga, na odamga undan biror ziyon yetadi. Artur jamiyatning ana shunday aʼzosi edi. Ayblash kerak boʻlsa, boshqalarni – loqayd, johil olomonni ayblash lozim.
Keyinroq Amerikada qoralar ham oqlardek huquq va erkinliklarga ega boʻldi. “Mazaxchini oʻldirish” asari esa maktab dasturiga kiritildi. Harper Li qalamiga mansub roman, tanqidchilar toʻgʻri taʼkidlaganidek, insonga inson boʻlishni oʻrgatadi.
Sirti xandon, ichi zindon
Fransuaza Sagan. Assalom, qaygʻu! Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2025.
Ikki romanini oʻqidim-u fransuz adibasi Fransuaza Sagan tasavvurimda jikkakkina, yovvoyi xandon va damdoʻz, shu bilan birga oʻyin-kulgiga mukkasidan ketgan qiz boʻlib gavdalandi. Oila qurib, farzand koʻrgan boʻlsa-da, olamshumul shuhrat evaziga kelgan moʻmay pulni qimorxonada birvarakayiga yutqazib ship-shiydon boʻlish, soʻng yangi asar yozish va olingan doʻrjigina qalamhaqini yana doʻstlar bilan sayr-u sayohat, koʻngilxushlikka sarflash ham Saganga xos edi. U kibor fransuz jamiyatidagi nihoyatda orolangan goʻzallar orasida juldurvoqi kiyimda, boʻyog‘-u taroshsiz yurgan.
Bir qarashda shamoldek yashagan shunday ayolni doim yerga tortib turadigan katta-katta toshlar bor edi – botiniy qaygʻu! Oʻn yetti yoshida yozgan olamshumul asarini “Assalom, qaygʻu!” deb atagani ham bejiz emas. Yosh, asov, xush-xandon, otasi bilan gap-gashtak, sershovqin ziyofatlardan ortmaydigan qiz hayotiga qaygʻu qachon kirib kelgan? Bu savolning aksar yoshlarga tegishli jihati bor. Negaki, biz qachon bolalikni tark etganimiz, oʻsmirlik va yoshlik chogʻi maʼyus tortib qolganimiz sababini tushuna olmay qolamiz. “Assalom, qaygʻu!” ana shu savolga javob beradi.
Saganning barcha asarlarida aql-zakovatli ayollarga mahliyolik seziladi. Yozuvchi ularning boy zakosi va teran qalb dunyosiga maftun; men hech qachon bunday boʻlolmayman deb biladi, ular qarshisida oʻzini ojiz-u notavon sezadi. Shu vajdan, yaʼni hayotda istaganidek boʻlolmagani uchun oʻzini yomon koʻradi.
Odamda oʻzidan qoniqmaslik oʻsmirligida paydo boʻladi va bu his uni umrbod tark etmaydi. Bu kayfiyat gohida inson ruhiyatini izdan chiqarishi mumkin. Saganning qahramoni oʻn yetti yashar Sesil kurashib oʻtirmaydi, shunchaki oʻzidan nafratlanishga koʻnib qoʻyaqoladi. Buni unutmoq uchun esa har tun otasi bilan sarxush davralarga boradi. Ammo yomon koʻrish degani shunday maxluqki, hech yerda ozod nafas olishga qoʻymaydi, koʻnglingiz, asabingizni itday tirnayveradi. Ana shu nuqtadan – inson oʻzini tahlil qilishga kirishgan ondan qaygʻu boshlanadi.
Sesil otasining Anna ismli mahbubasini ham yaxshi koʻradi, ham undan nafratlanadi. Anna – oʻta baland ichki ehtiros, tarbiya, axloq va intellektga ega ayol. Sesil va otasi esa bugunni huzur-halovatda oʻtkazmoq uchun hech narsadan qaytmaydigan ikki qayqibosh. Otaning ayollar bilan munosabati ham jiddiy emas, shunchaki ishq oʻyini. Sesil ham hayotga xuddi otasi kabi qaraydi. Biroq qirqqa kirib ham birovni tuzuk-quruq sevmagan Anna boshqacha koʻradi hayotni. U uchun muhabbat – jiddiy masala; hayotni ishonch, sevgi, sadoqat ustiga qurish va ularni mudom toʻgʻri parvarishlash kerak, deb hisoblaydi. Koʻngil qoʻygan odamiga ishonishni hayotga eʼtimod qoʻyish deb biladi. Ammo Annaning qatʼiy prinsiplari Sesil va otasiga daqqi boʻlib tuyuladi.
Anna ota-bolaning turmushini risoladagidek qilmoq uchun kurashga bel bogʻlaydi. Sesilni universitetga kirishga undaydi. Yanada muhimi, sevgi nihoyatda qadrli tuygʻu ekanini his etishini istaydi. Qiz esa buni magʻlubiyat deb qabul qiladi – xuddiki hayoti taomildagidek boʻlmagani vajidan kimdir uni turtkilayapti, izza qilyapti. Sesil Annadan xalos boʻlish maqsadida otasining eski maʼshuqasi bilan ittifoq tuzadi. Ammo shunda ham murodi hosil boʻlmaydi: endi oqila Anna oldida oʻzini ojiz his qilish tuygʻusiga aybdorlik tuygʻusi ham qoʻshiladi. Sesil endi tinmay oʻzini taftish qilar, ayblar, avvalgi quvnoqligi qaygadir yoʻqolgan edi. Annaga boʻlgan nafrati yanada ortadi. Qalbiga bir umrlik qutquni, doim oʻzini oʻzi sarhisob etib, koyib, azoblashdek qaygʻuni soldi, axir. Endi oʻsmir qizga ishq oʻyinlari, sarmast yurishlar ham lazzat bermay qoʻyadi. Yuragi abadiy azobga mustahiq!..
Axir, Sesil otasi kabi erta-yu kech qovoqxonada umr oʻtkazsa, hech narsani oʻylamay yashasa boʻlardi-ku?! Ammo hayotida bir zakiy ayolning paydo boʻlishi uni oʻsha halovatdan mahrum etdi. Endi uning butun hayoti qaygʻuga hamnafas oʻtadi. Shu tariqa kitobxon bilib oladiki, iztiroblarning manbai – oʻz-oʻzini tahlil qilish ekan.
Darvoqe, Annaning taqdiri qanday kechadi? Jondan sevgan odamini eski jazmani bilan koʻrgach, oʻzini oʻzi halok etadi. Chunki bu oliyjanob qalbda endi na hayot, na sevgi, na odamzodga ishonch qolgan edi. Ha, u ham boshqalar kabi ishonch va sevgidan mahrum holda yashashi mumkin edi. Lekin bunday qilsa, oʻzi hazar qiladigan toifa – Sesil, otasi, doʻstlari va dunyodagi mutlaq koʻpchilikning darajasiga tushgan boʻlardi.
Bu hol ayb emasdir-u, ammo chinakam fojia-da! Mehr koʻrmagan, hayotini izga solishga irodasi yetmagan, keyin bariga qoʻl siltab, maishatga mukkasidan ketgan, hamma narsani oʻyinga aylantirgan eʼtiqodsizlar fojiasi! Oʻsha baxtsizlarning qalbida ham Annaniki kabi ulkan oliyjanoblik boʻladi, faqat uni hech kim parvarishlamaydi, hatto ilgʻamaydi va hech kim ularga chinakam muhabbatni ravo koʻrmaydi. Pirovardida ular ham boshqalarni chinakam samimiyat, muhabbat va munosabatga arzitmay qoʻyadi.
Anna oliy qadriyatlarga suyanib yashadi. Qadriyatlar koʻpchilik uchun ahamiyatsiz ekanini tushunib yetganida esa hayot bilan vidolashdi. Ayol oʻz iztirobining eng oliy nuqtasida halok boʻldi, Sesil kabi butun umr sirti xandon, ichi zindon boʻlib yashash alamidan qutuldi.
Mangulikning muvaqqat ustunlari
Shahzod Shomansurov. Kungaboqar. Toshkent, 2024.
Shahzod Shomansurovning “Kungaboqar” toʻplamidan oʻrin olgan “Fransuz buldogi” hikoyasi bahona poststruktral tahlil, metamodern haqida gaplashsak. Poststrukturalizm – strukturalizmning davomi va inkor etuvchisidir. Strukturalizm shveysariyalik olim Ferdinand de Sossyurning lingvistik qarashlaridan ibtido olgan. Unga koʻra, til – strukturalar tizimi, struktura esa har doim birning ikkinchisi boʻlishini talab qiladi. Deylik, “S” tovushi ilonning harakatiga taqlidan, undan esa “soy” soʻzi paydo boʻlgan, chunki suv toʻgʻri chiziq boʻylab emas, ilonizi boʻlib oqadi. “Y” esa maʼlum narsaning aksini ifoda etadi. Soy – oʻzida akslantirish xossasiga ega va ilonizi boʻlib oqadigan biron moddaning ramzi; oʻz-oʻzidan u miyamizda ramz belgisiga aylanadi. Ongimizga taʼsir oʻtkazadigan ham oʻsha belgi ortidagi strukturadir (oyna, oy soʻzlari ham akslantirishni ifoda etadi, shu maʼnoda soyga juda yaqin). Demak, olam bu – belgilar tizimi va u qatʼiy strukturaga ega. Jamiyatdagi har qanday udum, misol uchun, toʻy marosimlari ham muayyan belgini ifodalaydi va u orqali jamiyat strukturasini tasavvur qilsa boʻladi. Nutqning vizual koʻrinishi sanalgan yozuv ham eng katta belgi ekan, strukturalizmning tadqiq obyekti, shubhasiz, adabiyotdir.
Poststrukturalizm esa dekonstruksiya konsepsiyasiga asos solgan fransuz faylasufi Jak Derridaning Sossyurdan taʼsirlanishi va gʻoyalarining koʻp qismini shubha ostiga olishi natijasida shakllandi. Derrida til va nutq ong belgisi ekanini tasdiqlaydi, biroq yozuv ongdagi narsa ekanini inkor etadi. Yozuv orqali biz doim ham haqiqatni bayon etmaymiz, nutqda voqealanadigan emotsiya, ohang, maʼnoni yozuv toʻliq qamrab ololmaydi. Masalan, “bor” soʻzining qanday maʼno anglatayotganini ogʻzaki nutqda buyruq, his-hayajon yoki darak ohangi belgilaydi, yozuvda, kontekstdan tashqarida esa bu imkonsiz.
Feminizm ham poststruktral konsepsiyadan oʻsib chiqqan. Misol orqali tushuntirsam: Hollivud suratga olgan va oʻtgan yili nufuzli xalqaro mukofotga loyiq deb topilgan “Anora” badiiy filmi oʻzbek jamoatchiligi orasida keng muhokamaga sabab boʻldi. Fikrimcha, filmning mohiyati ongimizdagi haqiqatni parchalagani – dekonstruksiya qilganida. Amerika dunyodagi koʻplab xalqlar uchun “sehrli diyor”, u yerda daraxtdan pul yogʻiladi deb ishonadigan anoyilar ham bor. Ammo “Anora” filmi buning mutlaqo aksini koʻrsatadi. Amerikadagi ishchi sinf (iyerarxiyaning eng pastki qavatidagi ayol) uchun hayot nihoyatda mashaqqatli va shafqatsiz kurashga toʻla. Ertakshunos Vladimir Proppga koʻra, oq otli shahzoda yoʻliga koʻz tikkan qizlarga bagʻishlangan barcha ertaklar bosh qahramonning murod-maqsadiga yetishi bilan tugashi kerak, chunki anʼanaviy struktura va arxetipik tasavvur doim shunday boʻlib kelgan (“Oppogʻoy”, “Zolushka”, “Sohibjamol va maxluq”, “Zumrad va Qimmat” kabi). “Anora” filmida esa syujet anʼanaviy tarzda xotima topmaydi. Bosh qahramon ham ana shu universal strukturaga ishonardi. Korchalon yigitcha uni botqoqdan qutqarishini orzu qiladi. Shuning uchun kurashadi, lekin yakunda teshik togʻora bilan qoladi. Vujudga kelgan tavofut hozirga qadar shakllangan tasavvurlarimizni dekonstruksiya qiladi. Amerikancha orzu biz oʻylagandek jozibali emas, u faqat iyerarxiya tepasidagilar koriga yarar ekan, xolos. Quyi qatlamda tugʻilgan odam moʻjiza tufayli ham iyerarxiyaning tepasiga chiqishi dargumon. Alqissa, kino koʻz oldimizda ozod, sehrli, moʻl-koʻl Amerika haqidagi universal (abstrakt) xayolni barbod etadi. Filmning dekonstruktiv, poststruktural mohiyati ana shu.
Shahzod Shomansurovning “Fransuz buldogi” hikoyasi jinoiy toʻdaga xizmat qiladigan ikki goʻsht tashuvchi, demak, iyerarxiyaning eng pastidagi odamlar haqida. Hikoya boshdan-oyoq chalgʻitish usuliga qurilgan: “qanjiq yoʻqolib qoldi” degan gapdan boshlanadi-yu, qolgan tafsilotlar yashiriladi. Shu oʻrinda poststrukturalistlarning yana bir yetakchisi Jan Bodriyyarning simulyakr nazariyasiga murojaat qilish zarur. Simulyakr – asosi yoʻq, chalgʻitadigan yolgʻondir. Bodriyyar zamonaviy OAV shunga tayanib ishlashidan yozgʻirgan edi. “Fransuz buldogi”da ham hokimi mutlaq janoblari goʻyoki odamlarga goʻsht yetkazayotgandek, aslida esa, shaxsiy manfaat yoʻlida oʻyin oʻynaydilar. Bundan ham dahshati – muzxonalarda baʼzi-baʼzida odam goʻshti tashiladi...
Strukturalizm hamma narsa koʻringaniday ekani va olam shu tarzda mavjudligini yoqlasa, poststrukturalizm voqelik koʻringaniday emas deb uqtiradi. Xoʻsh, bizning dunyoda faqat qullar xojalariga yem boʻladimi yoki farqli holatlar ham bormi? Albatta, bor. Hikoyada burilish yasaydigan nuqta aynan universal dunyoning istisnosini namoyon etadi.
Ikki sherik yukmashinalarni oʻgʻirlash vazifasini oladi va... ular oʻmargan ulov oʻzlari xizmat qiladigan Janobniki boʻlib chiqadi! Ikkovlon qiduruvdan qochib, charchoqdan uxlab qolarkan, marvaridli kolbasani fransuz buldogi chaynamay yeb qoʻyadi. Boz ustiga, koʻppaklar uydan ham ketib qoladi. Hukm tayin: kalla ketadi! Qahramon oʻlimni boʻyniga olib, Janobnikiga borsa, itlar tumshugʻidagi qonni yalab yotibdi – kimning goʻshtini yegan boʻlsa? Janobga tegishli qora kursida esa... sherik! Bu oʻrinda qatʼiy qonun-qoidaning tasodifiy oʻzgarishi sheriklardan koʻra Janobning hayotida keskin burilish yasaydi. Yaʼni, obro‘-eʼtibor, mol-davlat ham xavfsizlik kafolatini bermaydi, u soniyalardayoq kuchini yoʻqotishi mumkin. Biz qassob yigit (sherik) yangi xoʻjayin boʻlishiga ishonamiz, zotan, struktura shuni taqozo etadi. Biroq u barchani hayron qoldirib, oʻzini Xudo yoʻliga bagʻishlamoqchi ekanini eʼlon qiladi. Qarangki, axloqsizday koʻringan odam yuksak axloqni – transsendentni qidirib yurgan ekan! Transsendent – aqldan tashqaridagi oliy tartiblar va axloq, oliy gʻoyalar dunyosi borligiga ishonchdir. Diniy talqinga koʻra, bu – Xudo.
Poststrukturalizm moddiy dunyodan tashqaridagi olamni inkor etadi. Shu sabab matn shaklan poststruktural boʻlganiga qaramay, hikoya yakuni metamodernga xosdir. Metamodern zamonaviy insonning yana anʼanaviy himoya qoʻrgʻonlariga qaytishini asoslab beradi. Metamodern davrda inson koʻproq dindorlik, xudojoʻylik yoʻliga kiradi, axloq borasida universal jiddiylik hamda qatʼiylikka ehtiyoj sezadi. Biroq mangu deya hisoblangan oʻsha maʼnaviy olam strukturalari ham qachondir zaif bir tasodif sabab qulashi mumkin. Zero, tiriklik qonuniyati shunday. Hatto mangulik strukturalari ham muvaqqatdir.
Hikoyaning bor-yoʻq maʼnosi shumi? Yoʻq, unda birgina maʼno ustuvor emas, yana boshqa taqdirlar yozugʻi ham bor. Uni oʻqib, xulosa qilishni oʻquvchiga havola etaman. Kitobxon asarni oʻqirkan, dominant maʼno qidirmay, til-tasvir goʻzalligidan zavq ololsa, badiiy didni dekonstruksiya qilgan boʻlar edi.
Alpomish yotgan zindonda
Alisher Fayzullayev. Ajdar sayyorasi. Toshkent, 2024.
Alisher Fayzullayevning “Baxt” va “Toʻngʻich Botir” hikoyalari tush motivi asosida bitilgan. Olam matosiga – matrisaga kosmik jism ogʻirlik qilsa, qora oʻra paydo boʻladi. Fazoda qora oʻralar hosil boʻlishi, yulduz yashab-umrini tugatib qulashiga million yil ketgani kabi, “Ajdar sayyorasi” ham ijodkor qalbida uzoq vaqt mobaynida pishib yetilgan. Har bir jumla uzoq fursat hissiy yashalgandan soʻng tafakkur qatlamiga oʻtib mifologik obrazlar vositasida qayta tiriltirilgan. Bu zamonaviy mif tushda yo olis oʻtmishda emas, yonginamizda – Qatortol dahasida sodir boʻladi.
Darvoqe, nega gapni qora oʻradan boshladim? Chunki Ajdar sayyorasi aynan qora oʻrada qaror topgan. Oʻra va tuproq motivi, 40 yil odam nigohi tushmagan ilonning ajdarga aylanishi hodisasi muallifga zamonaviy mif yozishga ilhom bergan. Alisher Fayzullayev vaqt oʻtib ikkinchi hikoyani yozishga ehtiyoj sezadi. Unda oʻzbek mifologik dunyosini zamonaviy inson qalbida tiriltirib koʻrmoqchi boʻladi. Alpomishga tuproq yediradi, ilonga evriltiradi. “Biz millat sifatida xuddi Alpomish yotgan zindondamiz, hali undan chiqolmadik”, dedi yaqinda folklorshunos olim, ustoz Shomirza Turdimov. A.Fayzullayev esa uch-toʻrt yil oldin yozgan “Ajdar sayyorasi 2” nomli hikoyasida Alpomishning zindondagi holatini badiiy qayta ishlab, zamonaviy hikoyaga aylantirgan edi.
Alpomish oʻz qudugʻida (zindoni) chuqur qaza-qaza ilonga evriladi, ammo oʻradan chiqolmaydi... Muallif oʻzi-yu zamondoshlarini chohda yotgan deb biladi va ming urinib-chiranib undan chiqolmayotgan inson qalbidagi oʻsha kuchanish, intilish, umidsizlig-u soʻngsiz kurashlarning badiiy solnomasini yaratadi. Hikoya oʻzbek xalqi ong-u shuurida ming yillar davomida yashab kelgan alp haqidagi xotiraning yangi talqini asosiga qurilgan.
Tinch urush qurbonlari
Temur Poʻlatov, Sherzod Komil Xalil. Odam Atoning soʻnggi avlodi. “Sharq yulduzi”, 2024 yil 12-son.
Nazarimda, mazkur asar 2024-yilda eʼlon qilingan qissalar ichida eng yaxshisi. Avvalo, asar uchun tanlangan mavzu originaldir. Sherzod Komil Xalil 2014-yilda “Biz yoʻq boʻlamiz” degan hikoyasi bilan yozuvchi oʻlaroq eʼtirof topdi. Oʻzbek adabiyotida til, uslub borasida oʻziga xos izlanishlar bor-u, ammo ohorli mavzuni deyarli uchratmay qoʻydik. Ayniqsa, realistik asarlarda. Mazkur boʻshliqni oʻsha asar bir qadar toʻldirdi.
“Biz yoʻq boʻlamiz” hikoyasi Rossiya shimolida yashaydigan bir siqimgina kerek xalqi haqida. Sevgi iztirobi orasida bir elatning yoʻqolib ketishidek fojeiy taqdirga duch kelib, nimaga kuyunishni bilmay qolasiz: qay biri choʻngroq – abadiy judolikka mahkum yigit-qiz gʻussasimi yo yaqin oʻn yillarda elining yoʻq boʻlib ketishidan iztirob chekayotgan kerek otaning qaygʻusimi? Hozir butun dunyo eʼtibori urush mavzusiga qadalgan. Ammo “tinch urush”da qirilib ketayotgan xalqlar haqida deyarli gapirilmaydi. Chunki bunga oʻsha qavmlarni idora etayotgan hukumatlar yoʻl bermaydi. Bu darddan chetdagilar soʻz ochib, ularning qaygʻusiga chorasiz sherik boʻladi.
“Odam Atoning soʻnggi avlodi” qissasi Shimolning yana bir yoʻqolib ketayotgan xalqi – ijorlar toʻgʻrisida. Kereklardan farqli oʻlaroq, ijorlarning barhayot qolishiga hali umid bor: ming yillik “Kalevala” eposi yozib olinsa, bu xalq haqidagi xotira ham soʻnmaydi. Ijorlar qishlogʻidan Leningradga borgan talaba jon-jahdi bilan asarni yozib olish va tadqiq qilishga urinadi. Afsus! Ilmiy doiralar kichik etnosning katta eposiga qiyo boqmaydi. Ammo qahramon ahdidan qaytmaydi. Qishloqdagi eng keksa, eng zehni oʻtkir kampirdan dostonni yozib olmoqqa tutinadi, chop ettirmoqchi boʻladi – yoʻqlik sari ketayotgan xalq oldida qilishi mumkin boʻlgan birdan-bir xizmati shu. Taassufki, epos chop etilgan, uni ilmiy oʻrganish boshlangan kunlarni koʻrish qahramonga nasib etmaydi. Shoʻro davrida tinimsiz zaharlanaverib, oʻlik suvga aylangan dengizda ijorlarning kelajagini – bolakayni qutqaraman deb halok boʻladi. Kereklar umid koʻzlarini yigit va qiz nikohidan tugʻiladigan farzandlarga, ijorlar esa qishloqda qolgan yagona bola – Anterga tikkan. Qolganlar qishloqni tark etib, allaqachon boshqa elatlarga qorishib ketgan...
Ijoriya mifologiyasi bilan bogʻliq voqealar tasviri tufayli hech qachon bormaganingiz Nikola qishlogʻini sevib qolasiz. Temiryoʻl oʻtkazish bahonasida tabiat vayron qilinganini koʻrib qishloq ahliga qoʻshilib yigʻlaysiz. Zavod barpo etib, chiqindisini dengizga otganlar, baliqlarni qirib, el rizqini kesganlardan gʻazabingiz toshadi... Qirgʻinbarotdan koʻzlangan gʻarazli maqsad aniq – odamlar oʻz ixtiyori bilan bu zaminni tark etsin. Bir vaqtlar xudo suygan joyni xudo urgan joyga aylantirgan qizil tuzum!..
Qissadan olgan hissam shu: ehtimol, ijorlar yoʻqolib ketar, ammo bu xalqning dard-u iztirobi bashariyat qalbida, ong-u shuurida mangu qoladi.
Tillaniso NURYOGʻDI
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Bir umrlik qaygʻu” mutolaasi