Esse

1991-yilning oktabr oyida harbiy xizmatdagi akamdan navbatdagi xat keldi. Xat sentabr oyining ikkinchi sanasida yozilgan ekan. Biz akamni qattiq sogʻinganimizdan va undan keladigan maktublar bizga eng aziz sovgʻa boʻlganidan bu gal ham juda quvondik. Ammo bu galgi xat mazmuni avvalgilariga oʻxshamas, oldingilardek, shaxsiy gaplardan iborat emasdi. Balki Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar, ayniqsa Mustaqillik eʼlon qilingani, bu jarayonlarni olis Taygada oʻrmon  kesayotgan oʻzbek askarining teleekran orqali koʻrib, oʻn toʻqqiz-yigirma yoshli oʻzbek yigitlarning quvonib, bir-birini tabriklaganlari haqida edi. Xat soʻngida akamning ism-sharifidan keyin hayajon bilan “Mustaqil Oʻzbekiston fuqarosi” deb yozganlari menga juda boshqacha taʼsir qilgan. Bu jumladagi soʻzlarning har biri menga – 10-11 yoshli bolakayga yangilik boʻldi. Bu jumlani oddiygina qilib bitib yoki oʻqib qoʻyish ortida ne bir zahmatlar borligini hali tushunmas edim.

Mustaqillik degan soʻz ilk bor, ana shu tarzda – akam joʻnatgan xat orqali shuurimga kirgandi...

Oʻsha yili oktabr oyida akam harbiydan qaytdi. Dasht farzandi ikki yil mutlaqo boshqa osmon ostida, oʻrmonlar qurshagan Taygadan koʻpdan-koʻp taassurotlar bilan kelgan edi. Akam harbiyda koʻrgani bir oʻrmon qushi haqida aytib bergan edi. Qushning nomi – Gluxar. Kar, anqov qush degani. Kurkadan kichik, tovuqdan katta bu parrandalar oʻntalab bir shoxda qator boʻlib oʻtirarkan. Odamni yoki miltiqni koʻrsagina shatir-shutur qilib uchib ketarkan. Ammo mohir ovchi panada turib shoxda qunushib turgan qushlarni otib olaveradi. Ulardan bittasi oʻqqa uchib yerga qulasa, qolgani angrayib, yiqilganining ortidan qarab, “unga nima boʻldi” deganday anqayib turarkan. Usta mergan bir vaqtning oʻzida hamma Gluxarni otib ololadi. Akam bu – sherigi yiqilsa-da uchib ketishga aqli yetmaydigan, oqibatda qurbon boʻladigan qushlar hayotini askarlar turmushiga bogʻlab oʻziga xos  xulosaga kelgandi.

Gap shundaki, akamlar 600 kishilik harbiy qismda birgina Qumqoʻrgʻon tumanidan 24 nafar sof oʻzbek yigiti birga xizmat qilishgan. Odatda, bir millatdan, ayniqsa, bitta joydan oʻnta askarning uchrashi qiyin. Bunga shoʻro harbiy siyosati imkon qadar yoʻl qoʻymagan. Ammo bu jihatdan ularga omad kulgan. Harbiy xizmatda millatlar orasida boʻladigan kurashlarni, liderlik daʼvosida talotoʻplarni yoshi kattalar yaxshi biladi. Xullas, shu oʻzbek bolalarning birontasiga boshqa millat vakillari hujum qiladigan boʻlsa, qolganlari birlashib, oʻsha zoʻravonning taʼzirini berishgan. Natijada oʻzbeklar butun harbiy qismni qoʻlga olishgan. Aytgani-aytgan, degani-degan! Ammo vaqt oʻtishi bilan oʻzbek yigitlar orasidan sotqin chiqib, oʻzaro dushmanlashib qolishgan. Qariyb bir yil muddat butun harbiy qismni “qoʻlga olib” yurgan oʻzbeklar xizmat soʻngida tarqoqlashib, gapini oldirib, yengilib qolishgan. Hatto ulardan biri shu ogʻiz birligi yoʻqolgani hisobiga, nohaqdan bir necha yilga qamalib ham ketgan.

Ana shunday vaqtda televizorda Oʻzbekiston Mustaqilligi eʼlon qilingan. Shunday moʻtabar ayyomni oʻttizga yaqin oʻzbekdan faqatgina oʻn bir kishi nishonlaganlar. Qolganlari esa boshqalarga qoʻshilib ularni mazax qilishgan. Bu gaplar bor, achchiq haqiqat. Akam: “Biz oxirida Gluxarga oʻxshab qoldik”, degan edi. Bu ogʻriqlarning mazmunini endi-endi his qilyapman. Koʻp ming yillik tariximiz, yoʻqotishlarimiz lopillab koʻz oldimga keladi. Bizni – turkiy qavmning oʻq tomiri boʻlgan, hamisha jasur, kurashchan xalqni yovlar qanday qilib zabt etganini elas-elas angalaganday boʻlaman.

***

Tabiatni teran oʻrganish kerak. Agar inson shunga yetarlicha erisha olsa, koʻplab muammolarni oson hal qiladi.

Tog‘ bagʻrida yashnab turgan archa yoki oʻrmondagi qaragʻayning toshkoʻmirga aylanishi uchun taxminan 400-500 yil oʻtishi lozim.

Radioaktiv kimyoviy unsur Uranning 1 gramm miqdori zararsiz metal – qoʻrgʻoshinga doʻnishi uchun 800 yil vaqt oʻtishi kerak boʻladi.

Inson ong va tafakkuri shakllanishi uchun tugʻilgandan sakkiz yoshigacha boʻlgan vaqt kifoya qilarkan.

Bu tabiatdan uchta misol. Tabiatga qiyoslansa, millat oʻzini tanishi uchun qancha vaqt kerak? Oʻzini tanishdan nima naf boʻladi? “Oʻzini tanish” degani nima aslida? Oʻzini tanish – Yaratganning har bir bandasi uchun ham, muayyan xalq uchun ham erishishi mumkin boʻlgan saodatning, murod-maqsadning oliy nuqtasi. Bu baxt, taassufki, barqaror emas. Qay bir asrlarda bu iqbol bir xalqqa nasib etgan boʻlsa, keyingi asrlarda bu saodat qushi bu elni tark etgan.

Har bir davlatning rivojida muhim omil hisoblanuvchi iqtisodiy farovonlik, aholi soni, demografik jihatdan ijobiy siljishlar, yer osti, yer usti xazinalar bilan siylanganlik, hududiy omuxtalik, geosiyosiy jihatdan qulay sharoitlar kabi koʻpdan koʻp omillar bor. Qaysidir davlatga egallagan maydoni kamlik qiladi, iqtisodiy rivojiga toʻsqinlik qiladi, boshqasiga aholi – ishchi kuchi yetishmaydi, tagʻin biri tabiiy boyliklardan qisilgan, bir mamlakat esa qoʻshnidan yolchimagan va hokazo...

Ammo bu sanaganlarimiz moddiyat koʻzgusida koʻrinadigan omillardir. Asl maqsadga, taʼkidlaganimizdek – oʻzini tanishga yetish uchun esa bu jihatlar shunchaki vosita, xolos.

Dini, tili, adabiyoti, ilmi, sanʼati tanazzulga yuz tutgan xalq – yoʻqolayotgan xalqdir. Bu tutumlarsiz har qancha yer maydoni, resurslari, aholisi boʻlsa ham xalqning, muayyan mamlakatning kelajagi xavf ostida. Bularning har biri katta tushunchalar. Bular – xalq or-nomusining, nafsoniyatining belgilari. Oriyatsiz odamdan hayvon behroq boʻlganidek, nafsoniyatsiz, oʻz haqiga egalik, oʻz zaminiga mehr tuygʻusi majruh xalq ham hurmatga sazovor emas. Bunday xalq oʻzining chivinini oʻzi qoʻriyolmaydi. Dardini har kimga doston qilaveradi. Birovga tobe boʻlishga moyil boʻladi. Va tobe boʻladi ham. Xalqning gʻururi qindagi qilich kabi bilinib, xezlanib turmas ekan, bu xalqning istiqboli nigundir.

Tarixi ulug‘, dini mukammal, ilm-u ijodi dunyoga ulgu boʻlgan ajdodlarning merosxoʻrimiz. Ayni damda siyosiy mustaqilligiga rasman 30 yil toʻlayotgan mamlakatmiz.

Shu fazilatlar bilan bir paytning oʻzida yunon, arab, moʻgʻul, rus bosqinlarini boshdan kechirgan, bu mustabid davrlardan koʻp ozor chekkan millat hammiz.

Tarix karvoni xalqimizni shu olis yoʻldan olib oʻtarkan, nimalarni berdi, nimalarni oldirdik?

Oʻzini tanimoq haqida soʻz ochgan edik. Biz koʻp bora aytgan, matbuotda yozadigan gaplarimizning mazmuni taxminan shunday: “Oʻzini tanimoqning ilk belgisi, oʻzini hurmat qila olishdir. Buning uchun oriyat, gʻurur tuygʻusi birlamchi boʻlishi lozim. Xalqning har qanday moddiy boyligidan bu xususiyatlar ustun turmogʻi shart.”

Ha, bu toʻxtamlar haqiqat. Ruh yangilanmay turib, ong mustaqillikka erishmay turib inson mustaqil boʻlolmaydi.

Rossiyaning olis oʻlkalaridan birida Ira degan tilda gaplashadigan xalqning oxirgi vakili haqida eshitdim. Tasavvur qiling: ming-minglab soʻzlar, maqol-u matallar, asarlar bagʻrida yashab kelgan butun boshli tilda bugun bittagina odam – uyam yoshini bir joyga borib qolgan kampir – qolibdi. Kampir yolgʻiz qolgan chogʻlarida oʻzidan boshqa hech kim tushunmaydigan ona tilida oʻlanlar aytarkan. Oʻlanlarki, alamga, dard-u firoqqa, hasratga toʻla. Uning atrofidagi millatdoshlari kampirni allaqachon telbaga chiqarib qoʻyishgan ekan. Oʻzlari esa rus tilida soʻzlashadi. Ona tilidan uyaladi, hazar qiladi. Oltmish yoshdan oshgan kampirning kechalarda oy nuridek soʻlgʻin, gʻamangiz nolasi aslida bashariyatga aytgayotgan ogohlik hayqirigʻidir. Bu nido, insonni inson qilib turgan maʼnaviy olam oʻpirilishidan, tanazzuldan ehtiyot boʻlmoqqa chorlov nidosi. Bu maʼnaviy inqiroz insoniyat boshiga kulfat keltirgan Koronavirus ofatidan katta fojiadir. Ha, shunday. Bir millat, Olloh yer yuziga urugʻini sochgan bir xalq yoʻq boʻlib bormoqda. Uning tili, shu tilda yaratilgan dostonlari, qoʻshiqlari yer yuzidan yoʻqolmoqda.

Har butaga oʻt tushsa, oʻzi yonib, oʻzi oʻchadi, degan naql bor. Olis oʻlkadagi bu halokatga balki bizga aloqasi yoʻqdek, ekrandagi kino kabi beparvo qararmiz. Biroq toʻqson birinchi yilgacha boʻlgan ahvolimizni, maʼnaviy qiyofamizni bir koʻz oldimizga keltirib koʻrsak, odamni seskantirib yuboradigan belgilarni, holatlarni koʻrishimiz mumkin.

“Dini, tili, adabiyoti, ilmi, sanʼati tanazzulga yuz tutgan xalq – yoʻqolayotgan xalqdir.” Qoʻshtiroq ichidagi gapni teran tadqiq etib koʻring. Istibdod zamonida xalqning asl tutumi boʻlgan ana shu jihatlarning barchasiga ham bolta urilganiga guvoh boʻlasiz, oʻkinib eslaysiz. Yelkasini qisib, oʻz yurtida oʻzbekcha gapirganiga tahqirlanib, namoz oʻqigani uchun qamalish darajasiga borgan, janozada qatnashgan kishi ishidan, obroʻsidan, nomusidan ayrilgan, ilmi, sanʼati, adabiyoti qolipga solingan, ziyoliman, millatparvarman, degani borki, vaqti-vaqti bilan qaychilab turilgan, mudhish rejaga koʻra, yoʻq qilib yuborish, bir toʻda olomonga aylantirish koʻzda tutilgan odamlar emasmidik. Ming afsuski, shunday edi. Ming shukrki, bu kechmishlar tarixga aylandi. Oʻz oʻrnida aytib oʻtish kerakki, bunday tanazzul chohidan bizni omon olib chiqqan asosiy kuch xalqimizning xulqi, feʼl-atvoridir. Feʼlimizdagi birgina xususiyatga toʻxtalaylik. Biz oʻzimizni bolajon xalq deb bilamiz. Chindan ham shunday: farzand, oila oʻzbek uchun eng katta boylik. Shu xususiyat, bizga uzun tarix yoʻlida koʻp marta asqotgan. Agarda shu xususiyatimiz boʻlmaganida, bugungi istiqlolga yetib kelmagan boʻlardik, balki. Ha, buning oʻzi alohida mavzu.

Shu oʻrinda zanjirband fil haqidagi gap yodimga keldi. Bir filni oʻn yil zanjirband qilib qoʻyishibdi. Filning oyogʻidagi zanjir besh-olti yilda zanglab, uzilib ketgan ekan. Ammo fil shundan keyin ham yana toʻrt-besh yil shu zanjir yetadigan joyda aylanib yurgan ekan.

Tabiatning katta ishorasi bu. Ongli insonga, borliqning gultojimiz deb jar solayotgan odam bolasiga katta ishora bu. Mustaqillik bizning yurtigimizda qoim boʻlmas ekan, erkinlikning nimaligini aql bilan yashab oʻtmas ekanmiz, koʻplab muammolarga duch kelaveramiz. Jamiyatimizda uchraydigan laganbardorlik, xushomadgoʻylik, rahbarlarga yaxshi koʻrinish, manfaatparastlik kabi illatlarni yaxshi bilamiz. Bundan koʻz yumolmaymiz.  Nafsi uchun oʻzi yashab turgan mahallani ham sotishga shay odamlar hanuz bor, ular mustaqillik soʻzini hali-beri tushunmaydilar. Donishmad Abdulla Oripov aytganidek, “ularning Mustaqil boʻlganimizdan hali xabari yoʻq”. Ular yuqorida tabiat eslatgan filga juda oʻxshaydilar.

Bugun xalqaro vaziyatni kuzata turib, dunyoni qayta boʻlib olish siyosati haliyam oʻz ishini qilayotganini tushunish qiyin emas. Bunday holatda kelajagidan umidi bor har bir xalq, jumladan, biz ham ichki hurriyatga, chin maʼnodagi vatanparvarlikka erishishimiz, hamma narsadan muhim. Bu borada gap ketganda, Prezidentimizning bundan 5 yil avval “Vatanni sevish kerak, boshqa gap yoʻq. Boshqacha boʻlishi mumkin emas!” degan soʻzlari esimga kelaveradi. Vatanni sevish degani, har bir odam oʻzini qayta koʻrib chiqish, oʻzini isloh qilish, bir soʻz bilan aytganda, iymonli boʻlish degani. Xudodan qoʻrqish, degan soʻzdir. Shu asnoda bizga yetishmayotgan vatan tuygʻusini toʻsayotgan bir ogʻriqlarni qalamga olish lozim boʻldi. Butun boshli idora tashkil etilib, qarorlar chiqarilish darajasiga, qasamyod qilishgacha (Oliy taʼlim dargohlari rahbarlari taʼlimda poraxoʻrlikka yoʻl qoʻymaymiz, deb qasamyod ham qilishdi.) borgan poraxoʻrlik xususida soʻz aytmoqchiman. Pora harom rizq, birovning haqi, degani. Kunday ravshan boʻlgan shu haqiqatni anglash uchun qaror chiqarish darajasiga keldikmi biz? Buning tub sababi nima? Sababi – maʼnaviy yetilmaslik. Maʼnan badbaxtlikdir. (Shunday vaziyatdamiz-u, lekin oramizda “Maʼnaviyat, maʼnaviyat” deyaverib hammaning boshini qotirib yuborishyapti”, deydiganlar ham bor-a?!)

Bozorda arava suradigan bir tanishni koʻrib qoldim. U yetishmovchilikdan soʻz ochdi. Vaqt bemalol edi, u bilan bozordagi daromadi, topish-tutishi haqida gaplashib biroz turdim. Maʼlum boʻlishicha, bu yigit mendan – olti yil oʻqib, oliy maʼlumot olib idorada ishlab yurgan bir qalamkashdan 3-4 barobar koʻproq pul toparkan. Ajablandim: men maoshim, qoʻshimcha qoʻlyozmalar titishim hisobiga uch bola bilan oilamni eplab yuribman. Nolimayman, noligulik  ham emas. Xudoga shukr! Ammo hamqishlogʻimning boshqa dardi bor ekan. U bu yil bahorda uy solibdi. Aniqrogʻi, uy boshlabdi. Aytishiga koʻra, 22 metrga, 11 metr kenglikda uy qurayotgan ekan. Nimaga buncha katta? dedim, anqayib. U bidirlab tushuntira ketdi. Mehmonxonasi 8 metr, ayvoni 7 metr. 310 dona shifer ketadi. Hali shifer olmagan. Uy devorlari suvoq qilinmagan. Shu maʼlumotlarni berayotgan tanishim kir yengi bilan peshonasidagi terni artdi. Men u bilan xoʻshlashdim: “Ha, xayr ishi – gʻoyibdan! Gʻayrat qiling.” Ichim achidi unga. Bunga nima balo boʻlgan oʻzi. Bungamas, bularga. Birgina aravakashim shunday boʻlsa, boshqalarniki ayb emas. Ha, biz bodi boʻlib ketdik. Oʻtar dunyoda ish qilish, yaratish, elga naf berish oʻrniga nafsimizga qul boʻldik-qoldik. Aravasini surib don bozoriga ketayotgan alpqomat yigitga boqib: sen nima balo boyvachchamisan, hokimmisan? Bir toʻy qilsang, hozir nima koʻp toʻyxona koʻp – oʻtadi-ketadi. Maʼrakang boʻlsa ham shu, eh oʻzini qiynagan, degim keldi. Lekin foydasi yoʻq-da. Bu illat, bu kasallik, rahmatli Hojiboy Tojiboyev aytgan “vasvasagen”. Ana shunday chogʻini bilmay, chiranib, katta uylar, toʻylar qilish kasaliga chalindik biz. Bu Koronavirusdan yomon. Shu aravakash yigitga kattaroq pul vaʼda qilsangiz, har baloga tayyorligiga amin boʻlasiz. Poraning tub ildizi – maʼnaviy yoʻqchilik, deganim shu.

Asosiy gapdan chalgʻib ketdim biroz. Biroq bular ham kerak, deb oʻylayman. Axir, gap millat, chin maʼnodagi mustaqillik borasida, taqdirimiz haqida ekan, bular ham lozim.

***

Abdulla Oripovning “Pora boʻlibdimi bir burda nonim, Pora boʻlibdimi bir piyola choy” degan satrlari bor. Anvar Obidjonning “Oʻzbek deganlari juda katta xalq, Qullik zindoniga sigʻmaydi xalqim” degan koʻksingni koʻtaradigan satrlari bor. Mashqlarim orasida “Oʻzbek katta xalq-u, peshonasi tor” degan gap ham mavjud.

Ushbularni eslashim bejiz emas, albatta. Har bir xalqning xuddi bir inson kabi oʻz taqdiri, qismati bor. Baxtiyor boʻladimi, jahonning oldi boʻlib yashaydimi yoki xorlikda, urushlar-u bosqinlar ichida kun kechiradimi, bu uning taqdiri. Va albatta taqdirini qurishi, ilohiy kitoblarda taʼkidlangani kabi, oʻz niyatiga muvofiq. Oddiygina qilib aytsak, taqdiri – oʻz qoʻlida!

Shunday ekan, 30 yillik yoʻlni bosib oʻtgan, shu vaqt ichida qanchadan-qancha dovonlardan oshgan, keyingi 5 yilda taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab, shunga bel bogʻlayotgan yurtimizda avvalo oʻzimiz, oʻzligimizga munosabatni oʻzgartirishimiz lozim boʻladi. Ruh yangilanmogʻi, tafakkur tarzimizda tub burilish yasalmogʻi lozim.

Yuqorida turli bosimlar ostida ruhimizda paydo boʻlgan illatlarni tilga oldik. Bular laganbardorlik, oʻzini yaxshi koʻrsatish (bugun bu “hunar” populizm deb atalmoqda) manfaatparastlik (korrupsiya), sotqinlik (millat taqdiriga xavf soladigan turli gʻoyalarga qullik), oʻzidan gʻururlanmaslik (oʻzidan hazar qilish, oʻzgalarga mahliyolik) kabilar. Bu qusurlar millat ruhiga singib ketgandi. Endi bu xastaliklardan ruhimizni ozod qilishimiz lozim boʻladi. Aks holda bu bizni boshqa xalq vakillari oldida oʻz yurtdoshini sotgan, natijada oʻzi ham, quroldoshlari ham yomon ahvolda qolgan xoin askar va boshi xam safdoshlar holiga olib keladi. 1991-yilda olis Taygadan kelgan maktubda bitilgani kabi “Mustaqil Oʻzbekiston” soʻzini hech bir hoy-u havolarsiz gʻururlanib aytishimiz kerak emasmi?!

Shodmonqul SALOM

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2021-yil 3-son