2020-yil fevral oyida Markaziy Osiyo mintaqasida navbatdagi etnik fojia roʻy berdi: Qozogʻiston hamda Qirgʻiziston chegarasidagi Masanchi qishlogʻida yashovchi qozoqlar va doʻngonlar oʻrtasida kelib chiqqan maishiy janjal etnik nizoga aylanib ketdi. Yaqin oʻtmishda mintaqada amalga oshirilgan etnik tozalashlarda qoʻl kelgan ssenariy bu safar ham soat mexanizmidek aniq ishladi: xitoycha gapirib, islom diniga eʼtiqod qiladigan doʻngonlarning boshpanalari bir kechada yoqib yuborilgach, oilalar qoʻshni Qirgʻizistonga qochib oʻtdi. Albatta, bitta qishloq miqyosidagi mojaroni Janubiy Qirgʻizistonda, Fargʻona vodiysining Oʻzbekiston qismida boʻlgan dahshatli voqealarga qiyoslash nooʻrin tuyular, lekin bu kabi hodisalar zamirida bir motiv yotibdi: etnik ziddiyat.
Masanchi voqeasi boʻyicha kelgusida jiddiy akademik tadqiqotlar oʻtkazilsa ajab emas. Biroq hozirdanoq ilmiy izlanishlar yakunida etnik ixtilofning asosiy omili sifatida Markaziy Osiyo mintaqasidagi milliy oʻzlik inqirozi va postsovet millatchiligi koʻrsatilishini taxmin qilish mumkin.
Markaziy Osiyo aholisi bolaligidan milliylik ruhida tarbiyalanib, bu unga maktab darsi-yu ommaviy axborot vositalari orqali singdiriladi. Rasmiy tadbirlarda milliy gʻurur, milliy tarix, milliy anʼanalar, milliylik haqida bot-bot gapiriladi. Pirovardida, markaziy osiyolik oʻzini muayyan millat vakili oʻlaroq tanib, millatga mansubligidan shubhalanmay; qadriyatlar, tarix va madaniyatni “milliy meros” deya qadrlab, milliy anʼanalarga rioya etib yashashga harakat qiladi. Milliy nizo kelib chiqqach, munosabatlar ziddiyatli tus olarkan, aksar aholi radikal xatti-harakatlarni millatchilik deb baholab, milliylik aslo toqatsizlikka undamaydi deb hisoblasa, boshqalar, aksincha, milliylik yoʻlida kerak boʻlsa radikal harakatlar ham lozimligini taʼkidlaydi. Lekin hech kim muammo aynan u bolaligidan inongan milliy qadriyatlar, ilmiy tilda aytganda, milliy kontekstdagi narrativlar yigʻindisida ekanini tan olmaydi yoki bunga jurʼat etmaydi; milliylik yakkash ijobiy hodisa sifatida talqin qilinarkan, u birovga ziyon keltirishi, millatchilikka oʻtib ketishi mumkinligi inobatga olinmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, milliylikka fitratan mavjud, qon bilan singgan mutlaq haqiqat oʻlaroq eʼtiqod qoʻyilgan.
Olamni milliylik prizmasi orqali koʻrish va anglash koʻnikmasining shakllanishi soʻnggi 200–300 yil mobaynida fanda hukmron boʻlgan nazariyalar hamda ularga tayanib yuritilgan siyosatga bogʻliqdir. Paradoks ham aslida ana shu nuqtada: yaʼni milliylik, millatchilik konsepsiyalari insoniyatning yangi tarixida vujudga kelgan esa-da, lekin ularning postulatlari oʻtmish davrlarga ham bogʻlanadi. Bugun oʻzini muayyan millatga mansub deb bilgan odamlar ota-bobolarining tarixini ham shu millatning oʻtmishi deya talqin etadi, bu bilan millatning mavjudligiga “qonuniy” tus beradi goʻyo. “Tarix aslida kimniki?” mazmunidagi bahslar – alohida va juda keng mavzu. Bizni qiziqtiradigan masala esa boshqa.
Koʻplab mutaxassislar taʼkidlayotganidek, insoniyat yangi – postmilliy bosqichga qadam qoʻymoqda. Bu bosqich kishilik jamiyatiga qulay ideologik muhit taqdim etishi kutilayotganiga qaramay, milliy mafkura tizimlari, umuman, milliy-etnik oʻzlik tushunchasiga ogʻir zarba berishi mumkin. Bunday toʻqnashuv esa odamlarni ruhiy muammolarga, jamiyatni esa ommaviy bahslarga duchor qilsa ehtimol. Boz ustiga, bahs-munozara ilmiy va siyosiy idoralar eshiklaridan chiqib, koʻchalarga yoyilishi va mafkuraviy jarayonlardan uzoq odamlarning hayotida ham tub oʻzgarishlar yasashi mumkin. Shunday ekan, “oʻzliklar kurashi” konsepsiyasining tarixi va mazmun-mohiyatidan xabardor boʻlish, bugunni anglash va ertani oʻrganish maqsadga muvofiqdir.
Inson – ijtimoiy mavjudot
Ha, u jamiyat tuzib yashashni maʼqul koʻrib, hayotini individual emas, jamoaviy shaklda quradi. Albatta, buning aksini koʻrsatuvchi dalillar-da mavjud: chunonchi, odam yolgʻiz holda ham tabiat qoʻynida yashay olishini oʻz vaqtida liberallar otasi Henri Toro “Uolden” tajribasida isbotlagan ekan (Thoreau Henry. Walden. Literary Classics of the U.S. reprint, 1985). Lekin insonning aksar holda jamoaviy yashashida kuch va saʼy-harakat birlashib, taraqqiyotning shiddatli rivojiga xizmat qiladi.
Primitiv yashab qolish instinkti asosida shakllangan jamoalar (yoki toʻdalar) ibtidoiy davrga ham xos boʻlgan. Lekin inson ongining rivojlanishi jamoalarni yangi bosqichga koʻtargach, sharoit oʻzgarishi, qirilib ketish xavfi ortda qolishi ularga boshqacha vazifalar yuklaydi.
Soʻnggi yillarning eng dongdor tarixchilaridan biri Yuval Harariga murojaat etamiz. Ong inqilobi tufayli odam fikrlashni oʻrgangan. Endi jamiyatni yaxlit, butun saqlab turish uchun yashab qolish mantiqining oʻzi yetarli boʻlmay, jamiyat uning aqliy ehtiyojlarini ham qondirishi lozim boʻladi. Aytaylik, oldin moddiy mulk taqsimotida jismoniy kuch yetakchi boʻlsa, bora-bora jismonan zaifroq odam “Toʻxta, nega u neʼmatlarni koʻproq olyapti? Biz bir jamoamiz-ku?” deb oʻylab, buni soʻzda ifodalagan, uning eʼtirozini aqliy qobiliyatga ega boshqa jamoadoshlari esa tinglab, tushungan.
Shu tariqa ong inqilobi inson jamoalari oldiga yangi muammolar qoʻyib, ularga javob ham topib beradi. Fikrlash qobiliyati odamga reallikdan uzilib, xayolot – fantaziya olamiga shoʻngʻish imkonini hadya etgan. Odamlar kollektiv miflar oʻylab topib, ularga haqiqat oʻlaroq ishona boshlagach, ijtimoiy robitalar ham oʻshalar asosida qurila boradi. Ushbu individual ermak sekin-asta jamoaviy tafakkurga koʻchirilgan (Harari Yu.N. Sapiens: Insoniyatning qisqacha tarixi. Elektron nashr).
Ilgari instinktlar negiziga qurilgan jamoalar kognitiv mulohazalarga asoslana boradi. Jamoalarning yaxlitligini saqlash uchun dastlab tirik qolish ilinjining oʻzi yetarli boʻlgan boʻlsa, bora-bora koʻproq argument kerak boʻlgan. Kutilmaganda bu voqelik jamoalarni parokanda etish oʻrniga ularni yanada jipslashtiradi: kollektiv fantaziya qobiliyati jamoaga oʻzini shunchaki omon qolish yoʻlida birlashgan quroldoshlar toʻdasi sifatida emas, azaldan mavjud boʻlgan, tirikchilikdan yuqoriroq ideallar asosida bir mushtga doʻngan, gʻayriixtiyoriy tarzda, tugʻilishidanoq oʻzaro bogʻlangan odamlar guruhi sifatida tasavvur qilish imkonini bergan. Bu esa aʼzolarning jamoaga boʻysunuvchanligini, keyingi avlodlar ham ana shu ruhda tarbiyalanishini taʼminlab, alhosil, ijtimoiy munosabatlar yangi pogʻonaga koʻtarilarkan, jamoa jamiyatga aylanadi.
Ibtido: qondoshlik prinsipi
Aslida ilk jamoaviy oʻzlik tushunchasi ancha oldinroq paydo boʻlgan. Bir gʻorda istiqomat qiluvchi ibtidoiy odamlar kognitiv inqilobdan soʻng oʻzini bir gʻorga mansub deb bila boshlaydi. Lekin bu mansublik hali sakral – muqaddaslik kasb etmagan.
Odamzod nega muayyan jamoada yashashi, nega unga ipsiz bogʻlanganini birinchi galda oʻziga, soʻng boshqa jamoadoshlariga tushuntirish uchun dalil-isbot qidirarkan, qondoshlik prinsipi uning diqqatini tortadi: bir jamoada yashovchi odamlar oila qurib oʻzaro qarindosh boʻlgach, farzand koʻrgan. Shu tariqa umumiy qon-qarindoshlik – jamiyatning mavjudligini asoslab, muayyan odam maʼlum jamoaga nega gʻayriixtiyoriy bogʻlanganini koʻrsatadigan birlamchi mezonga, ilk jamiyatlar poydevoriga aylanadi.
Qon prinsipi bir qarashda oʻta ishonarli, zohiriy belgilarni namoyon etuvchi mifologema sanalgan. Zotan, qondoshlik odamlarning tashqi koʻrinishida aks etadi. Qarindoshlar irsiy boshlangʻich tufayli bir-biriga oʻxshashi bor gap. Ibtidoiy mantiq oddiy boʻlgan: qoning birmi, tashqi koʻrinishing oʻxshashmi, demak, shu jamoa aʼzosisan, undan oʻz ixtiyoringga koʻra chiqib ketolmaysan. Qon – biologik fakt, shu tufayli qavm va jamoani tanlash imkoni yoʻq!
Bu sodda, lekin yashovchan prinsipning boshqa ustunligi shuki, u “begona”larni ajratib olishni ham yengillashtirgan. Jamoalarni jipslashtirish barobarida “begona” obrazi shakllanib, kun tartibiga kira boshlagach (axir, “biz” “ular”siz mavjud boʻlolmaydi-ku), jamoalar orasida raqobat tugʻiladi. Bir jamoa aʼzolarining birligi va bogʻliqligini tushuntirib beruvchi dalil-isbotlar ters tarafga ham ishlab, “ular” “begona”ligiga, “ular”dan hadiksirash, “ular”ni oʻldirish kerakligiga rad etib boʻlmas mantiq tusini bergan. Ushbu raqobat dushmanlikka aylanib, istiqboldagi urush va qirgʻinlarga yoʻl ochadi. Kishilik jamiyati rivojining yana bir paradoksi shu: necha ming yillik tadrij va taraqqiyotga qaramay, eng birinchi toʻqnashuv ham, eng oxirgi va dahshatli jahon urushi ham “biz” va “ular” ziddiyati tufayli kelib chiqqan. Odamlar bugun ham milliy oʻzlik tushunchasini tinch-totuvlik omili deb bilib, uni ijobiy hodisa deya baholaydi. Ammo taʼkidlash joizki, eng qadimgi davrdayoq oʻzlik tushunchasi ziddiyat asosida barpo boʻlgan: oʻzlik qarama-qarshiliksiz mavjud emas. Yaʼni, sirasini aytganda, hamma “biz” boʻlsa-yu, “ular” mavjud boʻlmasa, “biz”likning maʼnosi qolmasdi.
Demak, eng qadimgi birlashmalar – qarindoshlik jamoalari, urug‘ va qabilalar qondoshlik tutumiga tayangan. Jamoalar jamiyat bosqichiga oʻtib, murakkablashib, kengaya borarkan, bu prinsipning kamchiliklari yuzaga chiqa boshlaydi: kichikroq miqyosda ish bergan argumentlar yuqori bosqichlarda yaramay qolgan. Zero, qondoshlik bir guruh odamlarni birlashtirsa-da, ularni ommadan ajratib, begonalik va dushmanlikni kuchaytiradi. Qolaversa, faqat qondoshlikka suyangan jamiyatning rivojlanish imkoniyati cheklanib, qarindoshlar nikohi genetik buzilishga olib kelgan.
Qarindoshlik jamoalari odamzodga kollektivlashishning yangi choʻqqilarini zabt etishda oʻziga xos pillapoya vazifasini bajargach, ilgʻor jamiyatlar asta-sekin shahar va davlatchilik pogʻonasiga oʻtadi.
Etnos va siyosiy elita
Yangi siyosiy birlashmalar – shaharlar va davlatlar murakkab ierarxik tuzilmaga ega boʻlib, ularni idora etish oʻzlik tushunchasini va ularni tutib turuvchi mifologemalarni qayta koʻrib chiqish ehtiyojini tugʻdirgan. Bu davrga kelib avomdan ajralib chiqqan siyosiy elita yangi oʻzlik tushunchasining asosiy buyurtmachisiga aylanadi. Zotan, jamiyatni jips tutib turishdan birinchi galda ular manfaatdor boʻlgan.
Yozma tarix davrida odamlarni bir-biriga bogʻlab turish, oʻzlik tushunchasini shakllantirishda diniy, geografik, etnik omillar asosiy oʻrin tutadi. Geografik omilga koʻra, inson mansubligi, birdamlik asoslari muayyan hudud, shahar yoki davlatga daxldorlikka tayangan; u qondoshlik prinsipidan keyingi odim – qishloqlar, shaharlar va davlatlar oʻzligiga zamin boʻlib, keyingi bosqichda biologik va geografik prinsiplar oʻrnini muqaddasotlar egallaydi.
Bir dinga eʼtiqod qilish odamlarda kuchli ruhiy robita hosil qilishi, dindoshlar bir-birini birodar sanashi maʼlum. Elita dinning bu moʻjizakor qudratidan foydalanib, oʻzini odamlar va xudolar orasidagi vositachiga aylantirishga uringan. Xudoning yerdagi soyasi, ilohiy firʼavnlar haqidagi mifologemalar shu tariqa paydo boʻladi. Maʼlumki, inson azaliy, samoviy va oʻzgarmas qonuniyatlarga qatʼiyan ishongan. Firʼavnlar hokimiyatini, ijtimoiy birlikni ana shunday qonuniyat oʻlaroq talqin etish jamiyat aʼzolarida mutlaq ishonch va moyillik keltirib chiqaradi.
Nisbatan keyingi davrda vujudga kelgan etnik konstrukt ilgarigi mifologemalarning barchasini birlashtirdi (Bu oʻrinda “etnos” istilohi shartli ravishda ishlatilayotganini taʼkidlash lozim. Turli xalqlarda bir-biriga oʻxshash, bugungi antropologiyadagi “etnos” tushunchasiga mos keluvchi oʻzlik kategoriyalari mavjud boʻlgan. Masalan, Yevropada “folk”, “tribe”, “populi” singari atamalar turfa zamon va makonda ishlatilgan. Bular bizdagi “xalq”, “elat” tushunchalariga mos kelishini inobatga olib, barchasini birlashtiradigan va bugungi fanda shartli qabul qilingan “etnos” atamasidan foydalanmoqdamiz). U oʻzlik tushunchasini biologik, geografik yoki diniy-eʼtiqodiy argumentlar yigʻindisi emas, tartibli, tizimli qadriyatlar majmuasi sifatida anglashga yoʻl ochdi. Bitta etnosni tashkil qiluvchi odamlar bir-biriga qarindosh boʻlishi, yagona dinga, tilga, madaniyatga sohib boʻlishi, bir jugʻrofiy hudud va davlatda yashashi darkor edi.
Taʼkidlash joizki, oʻzlik shakllari maʼlum bosqichda zamona talabiga javob bermay, asosu ahamiyatini yoʻqotgan. Biroq kishilik jamiyati bir tekis rivojlanmagani bois “falon asrlar – diniy oʻzlik davri”, “falon asrlar – etnik oʻzlik davri” qabilida uzil-kesil tasniflash imkonsiz. Jamiyat taraqqiyotning turli bosqichida yashar ekan, tamaddun tarozisi goh u, goh bu jugʻrofiy pallani bosib ketavergan; natijada eng ilgʻor oʻzlik taʼlimotlari rang-barang geografik muhitda tarqalib boradi. Muayyan davrda sayyoramizning bir chekkasidagi jamiyatlar diniy oʻzlikni birinchi oʻringa qoʻygan; yana qaerdadir geografik mansubiyat dolzarbroq ahamiyat kasb etgan; ibtidoiy tuzumda qolib ketgan jamoalar esa qondoshlik va oʻrmon ruhlariga inonib yashayvergan. Turfa xillik hamon davom etayotir – hali ham qabilaviy turmush kechiruvchi jamoalar mavjud, davlatlar va jamiyatlar esa taraqqiyotning har xil bosqichida.
Etnos konsepsiyasi, etnik oʻzlik dunyoga nazar solishning universal shakli oʻlaroq maydonga kelganiga qaramay, boshqa yondashuvlarni butunlay siqib chiqarmasdan, iqtisodiyot tilida aytganda, bozorning kattaroq qismini egallagan, xolos. Shu tariqa u asrlar mobaynida nashʼu namo topib turibdi.
Etnik yondashuv ibtidoiy qarash emas, balki bugun ham millionlab odamlar ongini band etgan jonli gʻoya boʻlgani bois uni nazariy oʻrganish hamon davom etmoqda. Bugungi kunda etnos tavsifida uch asosiy qarash mavjud:
1) primordializm: bunga koʻra, etnos – hudud, qon, til va din bilan bogʻliq azaliy va gʻayriixtiyoriy birlashma; muayyan bir etnosda tugʻildingmi, undan chiqib ketish yoki voz kechish amrimahol;
2) istorizm: etnos – ijtimoiy birlashma; tarixan shakllangan jamiyat, qondoshlik va dindoshlik esa uni mustahkamlovchi ixtiyoriy omillardir;
3) dualizm: yuqoridagi ikki qarashni uygʻunlashtiruvchi nazariya; unga muvofiq etnos tor maʼnoda etnikos, yaʼni qondoshlik jamoasi, keng maʼnoda esa bir davlat chegarasida qoni turfa odamlardan shakllanadigan jamiyatdir.
Dualistik etnos nazariyasi sovet etnologiyasi otalaridan biri Yulian Bromley tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, SSSRda hukmron mavqega ega edi (Bromley Yu. Ocherki teorii etnosa. Moskva, “Nauka”, 1983). Dualistik nazariyaga keyinroq toʻxtalamiz; hozir esa etnosga asosiy raqobatchi boʻlmish millat nazariyasi haqida.
Diniy oʻzlikni hisobga olmaganda, boshqa koʻrinishdagi oʻzlik taʼlimotlari etniklikka deyarli muammo tugʻdirmagan edi. Millat nazariyasi esa etnos taʼlimoti yakkahukmronligiga chek qoʻyibgina qolmay, uni tubdan oʻzgartirib yubordi.
Millat atamasi musulmon Sharqida azaldan mavjud. U islom ummati – butun musulmonlar jamoasi maʼnosini ifodalagan. Yaʼni eskidan oʻzlik koʻrsatkichi boʻlgan. Modern asriga kelib musulmon xalqlari ham Yevropa millatchiligidan (natsionalizmi) rang olib, milliy ideologiyalar ishlab chiqishga bel bogʻladi. Shu asnoda ovrupocha nation istilohiga muqobil ravishda millat istilohi urfga kirgan. Shu bois millat tarixini taftish qilar ekanmiz, tahlilni natsiya atamasi kechmishidan boshlaymiz.
Qiziq jihati, lotincha “natio”ning maʼnosi joʻn: urug‘-aymoq, avlod. U bugungidek global maʼno kasb etguncha uzoq yoʻl bosgan. Dastlab Yevropa universitetlaridagi talabalar birlashmalari shunday ataladi. XIV asr – Gʻarbiy Yevropadagi buyuk oʻzgarishlar davrida yangi intellektual kuchlar ilmiy ixtirolarga qoʻl urgan, ular ortidan yuzaga chiqqan buyuk geografik kashfiyotlar yevropaliklar dunyoqarashi va olamni bilish koʻlamini oshirish barobarida moddiy boyliklarning ham koʻpayishiga asos boʻlgan. Moddiy kapitali ortgan yevropaliklar maʼnaviy kapitalga eʼtibor qaratar ekan, jamiyat tuzilmasi, uni birlashtirib turgan yoki birlashtirishi kutilayotgan rishtalar – madaniyat, qadriyat, oʻzlik qayta koʻrib chiqilib, bugungi Germaniya hududida yashagan mayda german davlatlarida zamonaviy millatchilik kurtak otadi.
XVI asrda olmon intellektuallari, xususan, mashhur Martin Lyuter ilk bor oʻz xalqiga german (deutsche) atamasini qoʻllagan. Qiziq tomoni shundaki, germanlar u davrda hali yagona nom, til va davlatga ega boʻlmay, niderland, shvab, bavar, tyuring, sakson kabi xalqlar (etnos) alohida siyosiy tuzilmalarda yashar, oʻzini yagona xalq, yagona millat deb bilmasdi. Lyuter va boshqa ziyolilar ularni yagona birlik oʻlaroq koʻrib, millat deb atagani siyosiy elitaga maʼqul keladiki, 1512-yildan Muqaddas Rim imperiyasi german millatiga tegishliligini rasman eʼtirof etish maqsadida davlat nomi German millatining muqaddas Rim imperiyasi deb oʻzgartiriladi.
Xayoliy jamiyat va konstruktivizm
Xayoliy jamiyat istilohi ilk bor britaniyalik sotsiolog va siyosatshunos Benedikt Anderson tomonidan istifoda etilgan. Olim shu nomdagi shov-shuvli kitobi bilan antropologiya va sotsiologiyaga yangi atama kiritish barobarida konstruktivizm taʼlimotining mutlaq gʻalabasini ham taʼminlaydi (Anderson B. Imagined communities. Reflections on the origins and spread of nationalism. London – New York, Verso).
Konstruktivizm taʼlimoti jamiyat xayolot va tasavvur mahsuli ekaniga urgʻu bergan. Unga koʻra, har qanday jamoa, jamiyat, hamjamiyat aslida qoʻl bilan ushlab boʻlmaydigan voqelikdir. U ongimizdagina mavjud va biz uni tasavvur qilamiz. Jamiyatlar shunday paydo boʻladi.
Bir zamonlar zoʻr berib birlashuvning kognitiv asoslarini qidirgan ibtidoiy odamlar qon prinsipini kun tartibiga olib chiqqan ekan. Mantiqan mushohada qilinsa, qondoshlik biologik nuqtai nazardan birga yashashni taqozo etmaydi. Bu shunchaki birlashuvni asoslash uchun mezon sifatida tanlab olingan, xolos. Yaʼni biologik omil ramziy kapitalga aylantirilib, shu asosga qurilgan jamiyat tasavvuri hosil qilinadi.
Deylik, Martin Lyuter oʻz tasavvurida german millatini jonlantirgan. Uning xayoloti jamoaviy xayolotga koʻchgach esa, dastlab german davlatlari elitasi, soʻng german xalqlarining aksari bu talqinni qabul qilib, oʻzini yagona millat deb ataydi.
Konstruktivizm faqat milliylikni emas, oʻzlik taʼlimotlarining har qanday shakli, turfa jamoa va hamjamiyatlar mohiyatini ham ochib bergan. Biz oʻzimizni bir millat vakili deb xayol qilganimiz kabi, bir mahalla, shahar, qishloq, kasb, yosh, jins guruhi vakili deb ham hisoblaymiz. Demak, har qanday etnik guruh, oʻzlik taʼlimoti xayoliydir. Masalan, bir odamni musulmon, oʻzbek, mangʻit, buxorolik, erkak, oilali erkak, qirq yashar erkak, muhandis, koʻp qavatli uy istiqomatchisi, muayyan rusumdagi mashina egasi, kashanda... tarzida taʼriflash mumkin. Nazariy jihatdan bularning barchasi oʻzlik qirralari boʻlib, ushbu palitra kishi “men”ining oʻzagini tashkil etadi.
Shunday qilib, konstruktivizm oʻzliklarning qatlamlarini (strata) oʻzaro tenglashtirib, bir darajaga olib chiqqach, milliylikni muqaddaslik maqomidan mahrum qilib, uni mustahkamlashga qaratilgan dalillar shunchaki ramziy kapital ekani, undan voz kechish, uni oʻzgartirish mumkinligini koʻrsatib beradi. Bu hol oʻzlik nazariyalarining umriga zomin boʻlmay, bilʼaks, zamonaviy odam oʻzlikning bir necha qatlamini ajabtovur tarzda uygʻunlashtirib yashashni oʻrgandi. Bir odam ham rus, ham pravoslav, ham menejer, ham kommunist, ham vegetarian boʻlishi mumkin. Mazkur xususiyatlar bir-biri bilan raqobatlashmay, inson ongidan qatma-qat joy olgani yaxshi, lekin birortasiga koʻproq urgʻu berilsa, muvozanat buziladi. Holbuki, maqola avvalida qayd etganimizdek, ilgari buning aksi oʻlaroq oʻzlik jibilliy (tugʻma) hol sifatida qabul qilingan, undan voz kechib, oʻzgartirib boʻlmaydi deb qaralgan. Ushbu ilmiy muammo rossiyalik taniqli olim Sergey Abashin tomonidan ham teran tadqiq etilgan (Abashin S. Svoy sredi chujix, chujoy sredi svoix. // Etnograficheskoe obozrenie, №2-2003. Str. 3-25).
Konstruktivizm bugungi gumanitar fanning oʻziga xos evolyutsion taʼlimotiga aylanib qolganki, usiz makrotarix, antropologiya, sotsiologiya, etnologiya va lingvistikada metodik yondashuvni tasavvur ham qilib boʻlmaydi. Rivojlangan mamlakatlar akademik muhitida konstruktivizm oʻzidan oldin urfda boʻlgan nazariy qarash – primordializmni siqib chiqardi. Lekin u oʻz navbatida bizni yangi savollar qarshisiga qoʻydi.
Millat oldin paydo boʻlganmi yo millatchilik?
“Tovuq oldin paydo boʻlganmi yoki tuxum?” degan savol tildan tilga oʻtib yuradi. Mushtariylarimiz ham muhaqqaq bu savolga duch kelgandir. Kamina har safar bu soʻroqqa quyidagicha javob qaytarganman: tuxum oldin paydo boʻlgan, albatta – negaki, tuxumni faqat tovuq qoʻymaydi!
Antropologiya va unga yondosh gumanitar sohalarda yuqoridagi savolga oʻxshash yana biri koʻp muhokama etiladi: millat oldin paydo boʻlganmi yoki millatchilik?
Bu juda qiziq masala. Millatchilik (bu istiloh xalq tilida milliyatchilikning radikal koʻrinishini ifodalasa, fanda dunyoga milliy nigoh bilan boqishni anglatadi) gʻoyasini ilgari suradiganlar hech ikkilanmay millat birlamchi deb javob beradi. Lekin bugungi ilmiy diskursga ishonadigan boʻlsak, millatchilik millatni shakllantirgan. Yana oʻsha misolga murojaat qilamiz: Martin Lyuter avval millatni tasavvur qilib, millatchilikni yuzaga keltirgan, soʻng esa millat shakllangan. Bu borada Italiyani birlashtirish gʻoyasi otalaridan biri boʻlmish Massimo de Adzeloning mashhur soʻzlarini keltirish oʻrinlidir: “Biz Italiyani yaratdik, endi italyanlarni yaratsak bas”.
Yevropaning boshqa oʻlkalarida ham millatchilik harakatlari yuzaga keladi. Feodal tuzumdan, elitaning adolatsiz taqsimotidan charchagan oʻrtahol shaharlik va ziyolilar (bu qatlam buyuk geografik kashfiyotlar va moddiy resurslar koʻpayishi bilan vujudga kelgan) jamiyatning yangi, milliy modellarini taklif eta boshlaydi. Ushbu modellarni tinch yoʻl bilan joriy etish imkonsiz boʻlgani bois Yevropa inqilob alangasi domida qolgan. Inqilobiy olov, millatchilik toʻlqinida Niderlandiya, Britaniya, Fransiya va AQShda birin-ketin Gʻarb millatlari shakllanib, dunyo millatchilik davriga qadam qoʻyadi.
Etnos va millat munosabati
Millat konsepsiyasi Yevropada yoyilishi bilan muqarrar etnos kategoriyasiga roʻbaro‘ kelgan. Millat istilohining oʻzi aniq taʼrifga ega boʻlmay, turli davlatlar intelligensiyasi uni ayricha tushunib tatbiq etadilar. Buning oqibati ham har xil boʻlib, ayrim mamlakatlarda millat va etnos tushunchalari uygʻunlashadi (Britaniya va Germaniyada millat etnik belgilarga koʻra shakllangan). Baʼzi oʻlkalarda esa millat – etnosni ham oʻz ichiga oluvchi universaliya deya talqin qilinadi. Dunyoga milliy qarash va uni etnos bilan chogʻishtirish shu darajaga yetadiki, hatto yangi manbalarda oʻtmish xalqlari ham “millatlar” deb yuritila boshlaydi. Jumladan, XVIII–XIX asrlarda yashab ijod qilgan ingliz tilli shotland adibi Valter Skott “Ayvengo” degan mashhur tarixiy romanida XII asr oxiridagi Angliyani tasvirlar ekan, qahramonlari mansub boʻlgan saks, normann va yahudiy xalqlarini “millat” deb atagan.
Fransiyada siyosiy vaziyat boshqacharoq kechadi. Germaniya bir-biriga yaqin xalqlar yashaydigan mayda davlatlardan bunyod boʻlgan boʻlsa, Fransiya allaqachon yagona esa-da, lekin u yerda oʻzini fransuz deb bilmaydigan xalqlar yashagan. Buyuk fransuz inqilobining tarixiy ahamiyati shundaki, u bir mamlakatda yashab, farqli tilda soʻzlashuvchi elatlardan yagona millat yasaydi. Yangi taʼlimotning mezonlari qon prinsipiga asoslanmagan xilma-xillik, liberalizm va tenghuquqlilik hisoblangan. Fransuz millatchiligi etnik xususiyatga ega boʻlmay, mamlakatdagi barcha etnoslarni birlashtirib, davlat, fuqarolik millatini tuzishga yoʻnaltirilgach, ana shu qiyofada roʻyobga chiqadi. Fransuz namunasi boʻyicha dastlab Yevropada, soʻng butun dunyoda zamonaviy millatlar paydo boʻlgan (Fransiyaning kuchli taʼsiri ostidagi Italiya birinchilardan boʻlib shu yoʻlni takrorlaydi).
Millatchilikning bu ikki koʻrinishi uzoq vaqt yelkama-yelka yashaydi va Yevropa davlatlari boshqa qitʼalarni mustamlaka qilarkan, u yerlarga ham jamiyat qurishning ovrupocha modelini olib kiradi. Kolonializm davrining oxirgi bosqichiga kelib Afrika va Osiyoda ham milliy loyihalar muhokama qilina boshlaydi. Ammo bir necha yoʻnalishda kelib chiqqan ziddiyatlar millatchilik qarashlarining inqiroziga olib keldi.
Birinchidan, texnik va moddiy resursi yuqori boʻlgan Yevropa millatlari qoloq mustamlaka xalqlariga past nazar bilan qaraydi; shu tariqa yevropaliklar ongida irqiy va aqliy ustunlik haqida yanglish tasavvur ildiz otgach, bu natsizm va fashizm mafkuralariga yoʻl ochadi.
Ikkinchidan, hatto fuqaroviy millatchilikka asoslangan fransuz milliy modeli ham irqchilikka nisbatan betaraflik maqomini saqlay olmaydi. Aslida Fransiya irqiy ustunlik, oriylik qarashlari vatani hisoblanib: oriylik nazariyasini yaratgan sotsiolog Jozef Gobino fransuz boʻlgan. Toʻgʻri, ushbu qarash Fransiyada Italiya, Germaniya yoki Britaniyadagi kabi keng tarqalmaydi. Shunga qaramay, fransuzlar ham mustamlaka xalqlarni oʻziga teng koʻrmagan.
Uchinchidan, yangi tuzilgan Germaniyaning siyosiy daʼvolari Rusiya, Ispaniya, Fransiya va Britaniya bilan ixtilofga sabab boʻladi. Buyuk geografik kashfiyotlardan soʻng dunyoni boʻlib olgan eski saltanatlar esa yangi qudrat sohibi bilan hisoblashish, boyliklarni boʻlishishni istamaydi.
Nemis millatchiligi oʻzida avval-boshdan shunday qasoskorlik va kechikkan hukmfarmolik daʼvosini jo etgan. Kechikib birlashganidan afsus chekkan olmonlar Yevropadagi qoʻshnilaridan “qonuniy” ulushini tortib olish payiga tushadi. Bu istak nemis millatchiligining yanada radikallashuvi hamda Birinchi jahon urushiga zamin hozirlagan. Urushda magʻlubiyatga uchragach esa, nemis millatchiligining dalil-dastaklari qatoriga endi yutqiziq alamini olish ham qoʻshiladi. Shu tariqa irqi oliya gʻoyasi choʻqqisiga yetib, nemis millatchiligi tarixdagi eng qoʻrqinchli mafkura – natsizmga doʻngach, Ikkinchi jahon urushi va Holokost roʻy beradi.
Multikulturalizm: muvaffaqiyatli muvaffaqiyatsizlik
Ikkinchi jahon muhorabasining asosiy qurboniga aylangan Yevropa vayronalar ichida qolib, oʻn millionlab odam halok boʻlgach, bir zamonlar dunyoni boʻlib olgan hokimiyatlar endi oʻzi yordamga muhtoj boʻlib qoladi. Millatchilikdan xoʻb aziyat chekkan Yevropa milliy oʻzlikning ters tomoniga boqarkan, bu gʻoya ulgʻayib-kengayib, irqiy oʻzgachalik inonchiga aylanadi. Yevroittifoq va “yevropalik” atalmish oʻzlik maydonga kelib, bu yangi gʻoya – multikulturalizmning boshlanishi Yevropa yaralariga malham boʻlmogʻi, odamlarga umid bagʻishlab, qitʼani birlashtirmogʻi koʻzda tutilgan.
Shimoliy va Gʻarbiy Yevropa davlatlari umuminsoniy qadriyatlarni tizimlashtirish va targʻib qilish harakatining oldingi safida boradi. Urushdan soʻng koʻhna qitʼaning valineʼmati va himoyachisi toʻnini kiygan AQShda qora tanli aholi va ishchilar huquqini poymol qiladigan yovvoyi kapitalizm gullab-yashnayotgan choqda Yevropada shiddatli evrilish roʻy beradi. Mustamlaka oʻlkalar langari koʻtarilgan kemalar kabi ummon uzra erkin suzishga qoʻyib yuborilgan, SSSR voqeligidan ilhomlangan soʻl harakatlar qitʼani larzaga keltirayotgan edi. Oʻtmish jinoyatlaridan uyalish va sobiq qurbonlar oldidagi aybdorlik hissi koʻhna qitʼani oʻzgartirib yuboradi. Ayni choqda, markazdan ajralib chiqib, mustaqil davlatga aylangach, anʼanaviy iqtisodiy tizimdan ayrilgan sobiq mustamlakalar aholisi tirikchilik maqsadida sobiq metropoliyalarga oqib kela boshlaydi. Yangi Yevropa muhojirlarni oʻz bagʻriga olib, ular bilan birgalikda yangi millatlarni shakllantirishga kirisharkan, endilikda fransuz, olmon, ingliz, shved – qon mansubiyati emas, fuqarolik ekani borasida ijtimoiy murosaga erishiladi.
Yevropa mamlakatlarida millatlar qayta tashkil topgach, bir zamonlar ularning tarkibiga kirgan bask, katalon, oksitan, irland, shotland, friz, friul kabi kichik mahalliy xalqlar endi oʻzligini anglab, mikromillatchilik bosh koʻtaradi. Bir tomondan, anʼanaviy millatlar, tillar boʻlinib ketib, galisiyaliklar va vallonlar oʻzlarini fransuzlardan ajratib, alohida til, tarix va madaniyat mafkurasini ishlab chiqish, yaʼni simvolik kapital yaratish borasida bosh qotira boshlaydi. Boshqa tomondan, Afrika va arab davlatlaridan koʻchib kelgan aholi yagona fransuz qobigʻiga kiradi. Urushning aybdori va qurboni boʻlgan Yevropa oʻz tarixi va bugunini qayta koʻrib chiqib, millatchilik borasidagi yanglish qarashlardan voz kechdi va yangisini oʻzlashtirdi. Hech ikkilanmay jahon urushidan keyin Yevropada yangi millatlar shakllandi, desa boʻladi.
Yangi milliy oʻzlikka mansub guruhlarning qadriyatlarini saralab-sayqallab, barcha uchun umumiy qadriyatlarni shakllantirish koʻzda tutilgan edi. Shu tariqa umuminsoniy qadriyatlar boʻy koʻrsatib, umumevropa oʻzligining poydevoriga aylanishi kutila boshladi hamda yagona Yevropa va umuminsoniy qadriyatlar geosiyosat kun tartibiga keldi.
Avvalboshdan yagona Yevropa gʻoyasi yoʻlida gʻov boʻlgan tashqi omillar sirasida jahonning qutblanishi, AQSh va SSSR oʻrtasidagi sovuq urushni qayd etish joiz. Yevropa xohlasa-xohlamasa bu muhorabada ishtirok etishga majbur, chunki qitʼa shimoli SSSR nazorati ostida, qolgan qismi esa AQShning moliyaviy va harbiy yordamiga suyanib qolgan edi. Qolaversa, qitʼani tebratayotgan soʻl harakatlar poʻrtanasi “qizil tahdid”ni yodga solib turardi.
Bu orada jahon yetakchiligiga daʼvogar u ikki davlat boshqa mamlakatlarda bir-biriga qarshi olib borgan bilvosita jang – proksi urushlarda katta yoʻqotishga uchrab, tashqi siyosatini qayta koʻrib chiqishga majbur boʻladi. Masalan, Vetnamga tajovuz yillarida Amerika tinchlikparvarlik harakatlari girdobida qolib, urush va qurbonlardan charchagan aholi tinchlik talab qilib koʻchalarga chiqadi. Bu esa qora tanlilar huquqi, ishchilarning adolatli ish haqi va mehnat soati uchun kurashiga ulanib ketadi. Afgʻonistonga bosqin uyushtirgan SSSR ham shunday muammoga duch keladi. Toʻlaqonli harbiy amaliyot olib borish uchun qizil imperiyaning oʻtmishdagi kuch-quvvati yoʻq, boz ustiga, ittifoqdosh respublikalarda evrilishlar epkini esayotgan edi. SSSR koʻplab imperiyalarni qulatgan shafqatsiz haqiqatga duch keldi: bir avlodning qoniyu joni evaziga barpo etilgan davlat yangi avlodga kerak boʻlmay, birgina shartnoma bilan tarqalib ketdi. AQSh, SSSR, keyinroq Sharqiy Yevropada roʻy bergan oʻzgarishlar Yevropaga multikulturalizm siyosatini joriy etish uchun yangi makon taqdim etgan, lekin qitʼada “ichki bomba”ning harakatga kelishi rejalarni yoʻqqa chiqardi.
Yevropada yagona oʻzlik, yaxlit siyosiy, iqtisodiy va madaniy muhit yaratishga intilish qanchalar kuchli boʻlmasin, asrlar mobaynida har bir mamlakatda oʻziga xos lisoniy, madaniy va ijtimoiy muhit shakllangan, uni yengib oʻtib, barchani “birinchi oʻrinda yevropalikman” deb oʻylashga majburlash juda qiyin edi. Qolaversa, kapitalistik Gʻarbiy Yevropa va sobiq kommunistik Sharqiy Yevropa oʻrtasidagi tafovut yaqqol sezilar, uni bartaraf etishga juda koʻp vaqt ketishi tayin edi. Buning ustiga, qitʼaning yangi aholisi – Osiyo va Afrika mansublari bilan integratsiyalashuv, yagona millatga uyushish kutilganidan mushkulroq vazifa boʻlib chiqdi: muhojirlar Yevropani yangi uy deb tan olganiga qaramay, tarixiy vatanida oʻzlashtirgan tafakkur tizimidan voz kechishni istamadi. Yana deng, Yevropa oʻlkalari aholisi turfa kayfiyatda boʻlib, hamma ham yangi oʻyin qoidalariga – “begona”lar bilan millatdosh boʻlishga rozi emasdi. Multikulturalizm harakati kengroq yoyilgani sari unga qarshilik ham kuchayib bordi. Radikal millatchilik harakatlari faollashdi. Neofashizm uygʻondi. Ayniqsa, 2010-yillardagi “Arab bahori” ortidan Yevropaga yopirilgan millionlab qochqinlar vaziyatni keskinlashtirib yuborgach, “Sobiq mustamlakalardan tirikchilik ilinjida kelib qolgan yakkam-dukkam muhojirlarni integratsiya qilishning bu qadar past-balandi bor ekan, sel kabi oqib kelgan millionlab migrantlar bilan uygʻunlashuv deyarli imkonsiz”, degan toʻxtamga kelindi. Muhofazakorlar, anʼanadorlarning ovozi koʻtarildi. Asrlar davomida oʻz vatanida, soʻlim tabiat va folklor ogʻushida umrguzaronlik qilgan, salb yurishlari va buyuk geografik kashfiyotlardan faxrlangan yevropaliklar sipo bagʻrikenglikdan ham; hatto zoʻravonlikka ham “Bu sening huquqing, hurmat qilaman”, deyishdan iborat boʻlib qolgan liberalizmdan ham; atrofidagi tushunarsiz madaniyatga ega muhojirlardan ham bezib, “Yetar!” dedi. Ortga qaytish, “koʻhna va badastir” Yevropani koʻrishni xohlab qoldi. Bu kayfiyatdagi aholi oʻng radikallar va konservatorlar safini toʻldirdi. Ayni choqda, multikulturalizm ham qadriyatlar tizimiga aylangan, liberallar maʼnaviy dastakka ega edi. Oʻrtada bahslar avjiga chiqdi.
Oxirgi yillardagi umumiy holat konservatorlar qoʻli baland kelayotganini koʻrsatayotgandek. Polsha va Vengriyada millatchilik va migratsiyaga qarshi kayfiyat davlat siyosati darajasiga chiqayozdi, Fransiya va Germaniyada oʻnglar zalvorli kuchga aylandi, AQShda anʼanador aholi xavotirlarini saylovoldi dasturiga jo etgan Donald Tramp Oq uyni egalladi, Buyuk Britaniya esa Yevropa oʻzligidan voz kechishga qaror qildi. Shu bois ayrim ekspertlar Gʻarb eski qadriyatlar va tor millatchilikka yuz burayotgani, yagona Yevropa oʻzligining tanazzuli va multikulturalizm siyosatining muvaffaqiyatsizligi haqida gapira boshladi. Lekin boshqa bir yondashuv ham bor. Unga koʻra, oʻng harakatning bosh koʻtarishi, aslida, ajdarning jon taslim qilish oldidan chekkan ohi, xolos. Muhaqqaq intihosiga yaqinlashayotganini payqagan konservatizm bir qalqdi, ammo u ortiq yangilikka qarshi turolmaydi, oldingidan-da ayanchliroq bir alfozda tubga qulaydi. Negaki, dunyoda kosmopolitizm hukmronligi oʻrnatiladi.
Eldor ASANOV
“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 2-son