Bobooxun Salimovning xalqaro miqyosdagi diplomatik faoliyati

1920-yilning iyun-sentyabr oylarida Xorazm Xalq Respublikasining Bobooxun Salimov boshchiligidagi delegatsiyasi Kremlga diplomatik muzokara uchun borishgandi. Muzokara toʻrt oyga choʻzilganligiga sababli masofaning uzoqligi emas, bolsheviklar rahbariyatining hiyla-nayrang bilan ish tutishi, baʼzi masalalarda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar, ammo Bobooxunning qatʼiyati sababli amalga oshirilgan shartnomani imzolash edi.

Maʼlumki, 1920-yil 30-apreldagi I-Butun Xorazm qurultoyida, Polvonniyozhoji Yusupov boshchiligida nozirlar XXR nomidan RSFSRga borib, Lenin boshliq bolsheviklar rahbariyati bilan muzokara olib borish uchun davlat delegatsiyasini tashkil etishni eng asosiy, dolzarb masala qilib qoʻyishadi.

Natijada delegatsiyaga rahbar etib yetuk huquqshunos, adliya noziri Bobooxun Salimov saylanadi. Jumaniyoz Olloquliyev, Mulla Nurmuhammad, Mulla Oʻroz, Matyoqub oxun, Mulla Ibrohim, Madrimboy, Shix Muhammad, Mulla Oʻroz Abdulla, Mulla Jumaniyozlardan iborat delegatsiya shu tariqa 3-iyun kuni Xivadan yoʻlga chiqadi.

Bobooxun Salimovning “Kundaliklari”da yozilishicha, “1338-tarix hijriyda Xorazm xalq qurultoyi ittifoqlari birlan Rusiya shoʻrolar hukumatining markazi Maskov shahriga qurultoy tarafidin vakil boʻlib, shoʻrolar hukumatini tabrik qilib, baʼzi iltimoslar qilmoq uchun biz faqirvakil Bobooxun hayʼat raisi, Jumaniyoz Olloquliyev, Mulla Nurmuhammad, Mulla Oʻrozlar hayʼat aʼzolikka saylanib, Muhammad Yoqub Oxun, Mulla Ibrohim va Madrimboylar rais xizmatchisi, Shix Muhammad va Mulla Oʻrozning odami Abdulla, Jumaniyozning odami va tovarish Lutkevich, tovarish Izmaylov tarafidin yoʻlboshchi qilib mazkur tarixda mohi sharif ramazonning 17-sida payshanba kuni yoʻlga chiqib, Xonqaga kelib, Olloberganboy Gavdon va Xonqa shoʻrosi raisi Matyoqub xoʻja istiqbol qilib daryo labiga keltirib, hammalarimizni qayiqqa mindirub uzotib qoldilar.

Qayiqlarimiz Shohobod yopi ichidan daryoga chiqqan vaqtda kech boʻlib, qorongʻi tushgan sababli kemachilarimiz yura bilmay noiloj bir qayiqda yotib juma kuni erta birlan daryodin oʻtib Bekliboy Boyakning joyiga borib rohatlanib taom yeb, peshin vaqtdin soʻng chiqib shaharda Jumaniyoz Olloquliyev uyiga borib asoyish qilib taomdin soʻng daryo boʻyiga borib paroxodda perviy klassda joylashduk. Paroxod shanba kuni yoʻlga ravona boʻldi...”

Shu tarzda delegatsiya vakillari Amudaryodan paroxod orqali Chorjoʻyga, undan Buxoro, Samarqand orqali Toshkentga yetib borishadi. Bobooxun Salimov Toshkentdalik paytida u yerdagi hindistonlik Mavloviy Barakatillo, istambullik Kozimbey, qoshgʻarlik Ibrohim Afandi singari sharq davlatlarining konsullari bilan uchrashib, dunyodagi vaziyat, sharqdagi siyosat, Rossiyaning taʼsir-u tazyiqi boʻyicha suhbatlashadilar.

Eʼtiborlisi shundaki, Turkkomissiyaning V.Kuybishev, M.Frunze, Krijaniskiy kabi rahbarlari Bobooxun Salimov bilan Toshkentda oʻtkazgan muzokaralarda, Xorazm Xalq Respublikasi tomonidan tasdiqlangan delegatsiya aʼzolarini oʻzgartirishni talab qilishadi. Bobooxunning xotiralarida yozilishicha, “Jumaniyoz Olloquliyevni baʼzi vajlardin mandat bermay, bizlarga yoʻldosh qilmoqdin olib qoldilar”. Buning ustiga Jumaniyoz Olloquliyev XXR delegatsiyasi aʼzosi boʻlsa-da, Turkkomissiya tomonidan Toshkentda hibsga olinib, to delegatsiya Moskvaga ketguncha soʻroqsiz turmada saqlanadi. Maqsad, gʻoyatda siyosatdon, milliy kayfiyatdagi arbobni Kremlga yubormaslik, delegatsiya aʼzolari orasida tushkunlikni yuzaga keltirish edi.

Shuningdek, delegatsiyaga Turkkomissiya tomonidan yana 4 rus askar va tarjimon Ibrohim Burnashev qoʻshib qoʻyiladi. Xullas, XXR delegatsiyasi katta qiyinchiliklar bilan 18-iyul kuni Moskvaga yetib kelishadi.

Garchi delegatsiya Moskvada RSFSR tashqi ishlar vaziri G.Chicherin, oʻrinbosari L.Karaxan, sharqshunos olim va jamoat arbobi A.Samoylovich, Xorazmda faoliyat koʻrsatgan G.Broydo kabi arboblar bilan bahamjihat har ikkala davlat oʻrtasidagi shartnomalarni ishlab chiqishga kirishsalar-da, ish olgʻa siljiyvermaydi.

Xorazmda boʻlib haqiqiy vaziyatni kuzatgan, Bobooxun Salimovning doʻsti Broydo Kremldagilarning XXR delegatsiyasiga nisbatan shovinistik munosabatda boʻlayotganini aytadi. Bobooxunning xotirlashicha, Broydo bu borada shunday degan: “Sizlarning ishingiz shu kungacha tagyir boʻlgani (yurishmaganining), shartnomaning imzo qilinmayotganining sababi, baʼzi kishilar onga rozi boʻlmay moni (qarshi) boʻlib turganlar. Xususan, tovarish Izmaylov Xorazmdin kelgandin soʻng mazkur shartnomalaringizni koʻrub, debdurkim, bu shartnomadagi soʻzlar aslo Xiva xalqi va hukumatining yod-u xayollarida yoʻq turur. Olarga bu tariqa koʻp huquq bermak lozim ermas”, degan. Yaʼni, delegatsiyani Lenin qabul qilishni ortga surib, tashqi ishlar vaziri Chicherin uchrashuvidan keyinoq asosiy maqsad boʻlgan XXR suvereniteti toʻgʻrisidagi shartnomani imzolashdan oʻzini olib qochadi.

Delegatsiya rahbari Bobooxun Salimov muzokara oʻtkazish va shartnomani imzolatish borasida Lenin, Troskiy kabi bolshevik arboblar bilan uchrashish imkonini topolmaydi. Garchi ular har kun Kreml va tashqi ishlar vazirligida sarson boʻlsalar-da, ortga qaytishni oʻylamay, Lenin bilan uchrashtirishni talab qilishadi. Bu borada delegatsiyaga Bobooxunning doʻsti G.I.Broydo yordam berib Lenin bilan uchrashtirishga harakat qiladi. U 1920-yil aprel­iyul oylarida RSFSRning XXR dagi muxtor elchisi boʻlib ishlagan, vohadagi koʻplab ziyolilar, xususan, Bobooxun bilan doʻstlashgan, hatto uning Gurlandagi uyida mehmon ham boʻlgandi.

Biroq XXRning iqtisodiy, siyosiy, milliy xususiyatlarini yaxshi bilgan Broydo respublika rahbarlariga yon bosgan deya ayblanib, shaxsan Leninning koʻrsatmasiga koʻra ishdan chetlashtirilib, Moskvaga chaqirib olingandi.

Xorazm delegatsiyasining Moskvadalik paytida shahardagi koʻplab saylgoh, teatr, konsertlarga borishi bolsheviklar tomonidan atayin tashkillashtiriladi. Maqsad chekka bir hududdan kelganlarga goʻyo oʻzlarining meʼmorchiligu madaniyatini namoyish etib, qudratini koʻrsatish va ularni qoyil qoldirish edi. Ammo delegatsiya aʼzolari uchun birinchi galdagi maqsad sayr-u tomosha emas, Xorazm bilan Rossiya oʻrtasida shartnoma imzolash boʻlgan. Shu bois ular Lenin bilan uchrashish imkoni boʻlmayotgan paytlarda Moskvadagi sharq mamlakatlaridan kelgan elchi, konsul, harbiylar bilan suhbatlashadilar.

Xususan, izmirlik Nazmiy Sodiqbey va doktor Fuvodbey, buxorolik Mirza Maʼdi Xoʻja dodho, Tatariston jumhurraisi Saidaliyev, Turkiya hukumati xorijiya noziri Jamol poshsho, eronlik Mirsolih Muzaffarzodalar bilan uchrashib suhbat quradilar.

Xorazm delegatsiyasi Lenin bilan uchrashib muzokara olib borish choʻzilavergan oʻsha kezlarda Petrogradda, Bokuda boʻlib oʻtgan xalqaro sharq xalqlarining kongressida ham ishtirok qilib keladilar. Sharq xalqlarining hayoti va oʻsha paytdagi siyosat muhokama qilingan har ikkala kongressda Bobooxun Salimov sharq davlatlaridan kelgan vakillar, xususan, Xorazmlik Bekjon Rahmon va uning safdoshlari bilan fikrlashib oladi.

Bu orada Broydoning xatti-harakatlari bilan Lenin xorazmliklarni qisqa fursatga qabul qiladigan boʻladi. Nihoyat, 1920-yil 10-avgust juma kuni Lenin Bobooxun Salimov, Mulla Oʻroz va Mulla Nurmuhammadni Kremlda qabul qiladi. Kreml xodimi Burnashev va Kelber kuzatuvida Lenin xonasiga kirgan xorazmliklar hol-ahvol soʻrashib, vohadagi vaziyat haqida soʻzlab beradilar. Bobooxun Leninga qarata: “Kelganimizga ancha boʻldi, to shu vaqtgacha bizlar sizga yoʻliqa bilmaduk”, deydi. Shunda Lenin hozir urush ketib turganini bahona qilib, “mundin soʻngra har vaqt sizlarga birovdin zulm-sitam yetishsa, darhol maning xususiy oʻzimga bir xat yozib bildirgaysizki, oni darhol daf qilurman”, deya javob beradi. Shu vaqt xonadagi telefon jiringlab, kim bilandir gaplashgach, “mani bir ishga chaqiradurlar, afu qilinglarkim, yana har vaqt soʻzlashmak koʻngillaringizga tushsa, albatta, yana yoʻluqurmiz” deydi.

Goʻyoki xorazmlik vakillar bilan shunchaki oʻtirgan, bu ish emasdek. Shu bois Bobooxun sipolik bilan Leninga “Ishlarimiz bitsa tezroq ketmoqchimiz” deya har ikkala davlat oʻrtasida shartnomani imzolashni unga eslatib qoʻyadi.

Lenin esa Bobooxunning xotiralarida yozilishicha, “man ushbu kun sizlarning ishlaringizni komissiyaga ayturman. Albatta, tez bitkarurlar”, deya javob beradi. Shu tarzda muzokara boshlanganiga endi 20 daqiqa boʻlganida Lenin vaʼdani quyuq qilib, “ish” bahona Bobooxunni oʻzidan uzoqlashtirishga harakat qiladi.

Leninning vaʼdasiga ishongan xorazmliklar bir haftacha yana sarson boʻlib, RSFSR tashqi ishlar vazirligiga qatnaydilar. Imzolanajak shartnomani muhokama qilib, tayyor holga keltirishadi. 15 moddadan iborat iqtisodiy aloqalar, 8 moddadan iborat harbiy va siyosiy sohalar boʻyicha shartnoma tayyorlanadi. Shartnomalarda har ikkala davlatning teng huquqliligi va manfaatlari ifodalangandi.

RSFSR tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari L.Karaxan Bobooxunga shartnomalarning ruscha matni bilan tanishib chiqqanini, yana bir haftadan keyin shartnomani imzolash mumkinligini aytadi. Leninning “tez” degan vaʼdasi, xullas, ikki haftagacha choʻziladi. Ammo yana hafta oʻtadiki, shartnomani imzolash boʻyicha aniq fikr RSFSR tashqi ishlar mahkamasida yoʻq edi.

Yetmaganiga Lenin tomonidan ularga Moskvadalik paytida hamroh qilib qoʻyilgan kuzatuvchilar Xorazm delegatsiyasini mazax qilib ustidan kuladigan odat chiqaradi. Bobooxun xotiralarida bu haqda shunday yozadi: “Kelber birlan tarjimonimiz Ibrohim Burnashev kam-kam bizlarni sodda va bechora koʻrub beadobona soʻzlari va xoinona harakatlari haddin oshgan jihatdin, olarning ahvolotidin tovarish Broydo birlan tovarish Yansonni ogoh qilib xizmatlaridin bekor etib, Kelberning oʻrniga Krashilov, Burnashev oʻringa Bakievni tayin qildurdik”.

Bu orada Leninning topshirigʻiga koʻra, A.Izmaylov tayyor holga kelgan, RSFSR tashqi ishlar mahkamasida G.Broydo, Chicherin, Karaxanlar tomonidan Bobooxun hamkorligida tayyorlangan shartnomaga ilova qoʻshishni talab qiladi. Izmaylov Bobooxunga RSFSR tashqi ishlar mahkamasi komissiyasining ilova masalasida majlisini oʻtkazishni aytadi.

Xorazm delegatsiyasi oʻzlarining manfaatlariga zid, Rossiya foydasi uchun tayyorlanayotgan ilova haqidagi majlisga bormay baykot eʼlon qiladilar. Bobooxunga maslakdosh doʻsti Broydo shunday deydi: “Sizlarning foydangiz uchun birinchi darajali muhim va darkor moddalarga ilova qoʻshib, Xorazm haqida foydasiz, balki zararli boʻlgudek ish olib bormoqchi ular. Nechuk boʻlsa ham gʻayratli boʻling, man ham qoʻldin kelgan yordamni darig‘ qilmasman”.

Garchi Broydo yordam berishga intilsa-da, A.Samoylovich, L.Karaxan kabi RSFSR tashqi ishlar mahkamasi xodimlari Bobooxun oldiga Lenin topshirigʻiga koʻra tayyorlatilgan ilovani berib, uni imzolashni taklif qiladilar.

Bobooxun fikriga koʻra, “bu ilova Xorazm haqinda general Kaufman va Galkinlar yasagan shartnomalardin ming martaba yomonroq turur. Shu bois ilovaning oxirroqlarini quloq eshitsa ham, koʻngul fahm etmay, kursiga suyanib, lol-u hayron boʻlibmanki, ilovalar oʻqilib tamom boʻlgandin soʻng, hammalari mani yonimdin chiqib ketganlarini ham onglamay qolubman”.

Bobooxun Chicherin, Karaxan kabi rus diplomatlari bilan muzokara olib borib, Xorazm delegatsiyasi ilovani imzolamasligini bildiradi. Delegatsiya rahbari sifatida Bobooxun: “Bizlarning ishlarimiz bul tariqa chuvalashaversa, bizlarga shartnoma darkor ermas”, deya Lenin bilan uchrashtirishni talab qiladi.

Chicherin ilova boʻyicha Karaxanga uchrashish kerakligini aytadi. Karaxan esa betobligini bildirib uzr soʻraydi. Shunda byurokratik toʻsiqlar joniga tekkan Bobooxun Chicherinning yordamchisi Krashilovga: “Tovarish Lenin bilan tovarish Chicheringa telefon qiling, oʻzim yoningizda tururman, to olarni koʻrmaguncha bizlarni ishlarimiz bitgudek oʻxshamaydur”, deydi. Krashilov esa telefon buzuq deya bahona topadi. Ikki oydan beri tayyor shartnomani imzolatolmay sarson boʻlayotgan delegatsiya oxiri RSFSR xalq komissarlari kengashi bosh nazoratchisi Bakiev oldiga shunday shart qoʻyadi. Bobooxunning xotiralarida quyidagicha keltiriladi: “Oʻzim yugurmaguncha, kishiga inonib ish bitmaydur. Krashilov bizga aytadurkim: “Man Lenin birlan Chicherin ikkisiga ham telefon berdim. Javobida ikkisi ham dedilarkim, Xiva vakillari soʻzlarini Karaxanga aytsunlar. Karaxan bizlarga aytur deb. Krashilovning bu soʻzi Karaxan birlan maslahat aytilgan soʻzdir. Man bunga ishonmasman. Ulugʻlar hargiz vakillar soʻzlarini bizlarga bevosita aytmasun demaslar, bu yolgʻon turur. Bizning joydagi telefonlarni buzuq degani ham yolgʻon turar. Bizlarni tovarish Leninga yoʻliqmogʻimiz ziyoda zarur va lozim erkanini, to shul kungacha hech bir ishlarimizni bitmay turganini aytub qoʻydik. Javobida dedikim: ushbu soʻzlaringizni Leninga bildirurman. Nima javob aytsa yana sizlarga ayturman, dedi”.

Ammo na Lenin, na Chicherin har ikkala davlat oʻrtasida imzolanajak shartnoma yonidan, Xorazm manfaatlari uchun zid, Rossiya manfaati ustun ilovani olib tashlashni istamasdi.

Shundan soʻng Bobooxun Salimov Chicherin va Karaxanga, agarda ilovani imzolagan taqdirda, bolsheviklarning sharqdagi siyosati, xususan Leninning Chor Rossiyasi zulmi ostidagi Oʻrta Osiyo xalqlari mustaqildir degan gʻoyasiga putur yetajagi, shundan keyin bolsheviklar siyosatiga hech kim ishonmasligini batafsil tushuntiradi.

Ana shundan soʻnggina Lenin, Chicherin va Karaxan Xorazm manfaati uchun zid boʻlgan ilovani olib tashlab, shartnomani imzolashga rozi boʻladilar.

Shu tariqa “1920-yil 13-sentyabrda Kremlda RSFSR va XXR oʻrtasida shartnoma imzolanadi. Shartnomani RSFSR tomonidan tashqi ishlar vaziri G.V.Chicherin, XXR nomidan adliya vaziri Bobooxun Salimov imzoladilar” (Oʻzbekiston Milliy arxivi, R-71-fond, 1 roʻyxat, 6-delo, 128-129-varaqlar).

Ushbu shartnomaga koʻra, RSFSR hukumati XXR mustaqilligini va daxlsizligini tan oldi. Rossiya imperiyasi davrida rus kapitalistlari tomonidan Xiva xonligi hududida bunyod qilingan barcha banklar, zavodlar, fabrikalar, savdo korxonalari va boshqa inshootlar XXR mulki deb tan olinadi. Davlat chegarasi deb, 1920-yil 13-sentyabrdagi chegara tan olindi va chegara belgilab qoʻyiladigan boʻldi. RSFSRda yashaydigan XXRning fuqarolari, XXRda yashaydigan RSFSR fuqarolarining huquq va burchlari belgilab olinadi.

“Imzolangan shartnoma 1920-yil 29-sentyabrda RSFSR MIK sessiyasida va 1920-yil 26-oktyabrda XXR nozirlar kengashida tasdiqlanadi” (Oʻzbekiston milliy arxivi, R-71 fond, 1-roʻyxat, 6-delo, 128-129-varaqlar).

Shu tariqa ikki oy davomida Bobooxun Salimov boshchiligidagi delegatsiya Leninni oʻzlari tayyorlagan XXR mustaqilligi toʻgʻrisidagi shartnomani tan olishga majbur qiladi.

15-sentyabr kuni Bobooxun Salimov Moskvada Anvarposhsho bilan uchrashib, qoʻlga kiritilgan diplomatik gʻalaba, bundan keyingi XXRning siyosati masalasida suhbatlashadilar.

17-sentyabr kuni esa Xorazm delegatsiyasi rahbari Bobooxun Salimov Moskvadagi XXR elchilari va hamrohlari bilan oʻzlarining XXR mustaqilligi haqidagi shartnomani RSFSR tomoniga imzolatgani sharafiga tantanali ziyofat beradilar. Ushbu tadbirda Turkiya vakillari Anvarposhsho, Samiybek, Afgʻonistonning muxtor vakili Muhammad Valixon, dogʻistonlik Shamil afandi, Moskvadagi musulmonlar kengashi raisi Sulton Aliyev va boshqalar ishtirok qilishadi.

Ushbu tantanada Anvarposhsho shunday nutq soʻzlaydi: “Birodar Bobooxun, bu Osiyo iqlimining, xususan Islom mamlakatlari xarob va beeʼtibor boʻlib, aksari yerlari musulmonlarining qoʻlidan ketub turgan bir vaqtda siz ruslar birlan bul tariqa musulmonlarga manfaatli ahdnomani Xorazm uchun yasaganingiz bir ulug‘ qahramonlik va favqulodda boʻlibdurkim, bul tariqa boshdan-ayoq musulmon foydasiga boʻlgan ahdnomani necha yuz yillardin buyon hech islom mamlakati qila bilgan ermasdur. Alloh taolo bu ishingizni doimo muborak qilgʻay. Necha yuz ming askar kuchi birlan qilib boʻlmagan ishni, yolgʻiz til va qalam kuchi birlan bitkazibsiz”.

Xullas, tantanali tadbirdan keyin koʻpga choʻzilgan, mashaqqatli safar yakun topadi va Bobooxun Salimov boshchiligidagi delegatsiya RSFSR, XXR mustaqilligini tan olgan shartnomani olib, Moskva, Samara, Orenburg orqali oktyabr oyida Xorazmga yetib keladilar.

Bobooxun Salimov faoliyatining soʻnggi davri

Bobooxun Salimov boshchiligidagi diplomatik missiya oʻz maqsadlarini toʻlaqonli bajarib, strategik jihatdan muhim shartnomani imzolaganiga qaramasdan, RSFSR tomonidan turli taʼsir choralari koʻrib boriladi. Xususan, XXR mustaqilligini tan oldirgan “Yosh xivalik”larning amalga oshirayotgan faoliyatlari RSFSRning muxtor vakili M.Safonov, Xorazmdagi Qizil Armiya qoʻshinlarining Xorazm ishtirokiyun partiyasi rahbarlariga maʼqul kelmas, ular qogʻozda tan olingan mustaqillikni amalga oshirishga toʻsqinlik qilishardi.

Natijada 1921-yilning martida bir guruh kommunistlar va qizil armiya siyosiy xodimlari Polvonniyozhoji Yusupov va safdoshlarini badnom qilib ishdan olishga intildilar. Natijada ular oʻz niyatlariga erishadilar ham.

Vaziyat taqozosi bois Polvonniyozhoji Yusupov va uning hukumati aʼzosi boʻlgan Bobooxun Salimov, Nazar Sholikorov hamda boshqa safdoshlari qochib yashirinishga majbur boʻldilar. Polvonniyozhoji Yusupovning “Xotiralari”ga koʻra, aynan 1921-yil martidagi toʻntarishidan soʻng M.Safonov va uning tarafdorlari “shul vaqtda Gurlanga Bobo Oxun Eshonga bir necha militsiya yuborgan erkanlar. Militsiyalar borib, Bobo Oxun Eshonni uyini musodara qilib, oʻzini orestovat qilib, olib qaytganlar. Qoʻshkoʻprikka kelgandin soʻng Bobo Oxun Eshon tahorat qilmoqchi boʻlgan. Shul vaqtda militsiyalar otlarini yoniga kelganlar. Bobo Oxun Eshon vaqtni gʻanimat topib, qorongʻi oqshomda bir tarafga qochib ketgan. Militsiyalar otlaridin faraxat boʻlgandin soʻng kelib Bobo Oxun Eshonni tamomi har taraflarga yugurub, qarab hech yerdan topmay, yoʻldosh boʻlib kelgan Murodboy Oxunga koʻp izo va haqoratlar berganlar. Shuning birlan tong otub tamomi qalʼa va qishloqlarga otliq yurib, hech bir asar topmay, qaytib shaharga kelib maʼlum qilganlar...”. Yaʼni, Bobooxun Salimovni Gurlandan oldirib uni Xivaga keltirish boʻyicha M.Safonovning saʼy-harakatlari barbod boʻladi.

Natijada Bobooxun Salimov yana oʻzini himoyalanishga, maʼlum bir muddat siyosatdan chekinishga majbur boʻladi. Shu tarzda M.Safonovning va bolsheviklar taʼsiri, talabi bilan XXR hukumat nozirlari ham yangidan tayinlanadi, ularning koʻpchiligi kommunistik partiyaning aʼzolari edi. RSFSRning Xorazmdagi muxtor vakili M.Safonov, Purxiv boshligʻi – X.Musayev, Sh.Hasanov, X.Vaisov kabi qizil armiyachilar esa oʻzlarini xuddi xonlik davridagi Chor Rossiyasi amaldorlaridek tutishar, shuning uchun ham “Yosh xivaliklar” ishlariga doimo aralashib turishardi.

Vaziyat shu darajaga yetadiki, bolsheviklar xalqaro huquqni buzib, Bobooxun Salimov va G.V.Chicherinlar imzolagan RSFSR va Xorazm oʻrtasidagi shartnomani buzib kelishar va buning yaqqol isboti 1921-yil 6-martdagi mashʼum voqea – hukumat toʻntarishi edi. Bolsheviklarning oʻzlarini chor amaldorlaridek tutganligini XXR rahbarlarini “oʻz vazifasini bajarmagan” degan bahona bilan har 2 oyda oʻzgartirib turganligidan ham bilish mumkin.

1921-yilning 6-martidan sentyabr oyigacha boʻlgan qisqa muddat ichida J.Qoʻchqorov, M.Olloberganov, M.Ibnyaminov va yana M.Olloberganovlar XXR hukumatini boshqardilar. Bundan tashqari, qizil qoʻshin tomonidan koʻplab nozirlar ham bir necha bor almashtirib turilgan.

1921-yilning sentyabrida XXR MIK raisi qilib Otamaxzumoxun Muhammadrahimovning tayinlanishi esa XXR faoliyatida oʻzgarish yasadi. U hukumat boshligʻi boʻlgach, amalga oshirgan ishlar, hatto bolsheviklar “dohiy”sini ham choʻchitib qoʻydi. O.Muhammadrahimov Moskva topshirigʻiga koʻra XXR favqulodda komissiyasi raisi boʻlib kelgan A.A.Ioffeni XXR ichki ishlariga aralashgani uchun 24 soat ichida Xorazmdan chiqib ketishni talab qilib ultimatum topshiradi.

Otamaxsumoxun Muhammadrahimov, shuningdek, 1921-yil 6-martda nomi badnom qilingan, bolsheviklar taʼqibi tufayli yashirinib yurgan shaxslarni XXR rahbarlari sifatida ishga taklif etadi. Jumladan, Bobooxun Salimovni ham. Toʻrtkoʻl, Yumritog‘ va turkmanlar orasida yashirinib yurgan Bobooxun Salimov shundan soʻnggina Xivaga borib, yana siyosiy faoliyatga kirishadi.

XXR MIK hayʼatining qarori bilan diplomatik tajribaga ega boʻlgan Bobooxun endi Afgʻonistonga elchi qilib tayinlanadi. Biroq 1922-yil 5-fevraldan XXR tashqi siyosatini RSFSR hukumati orqali olib borilishi munosabati bilan qoʻshni davlatlardagi elchilar qatori Bobooxun Salimov ham chaqirib olinadi. Endi u Xorazmda maorif va madaniyat nozirligida maktablar uchun yangi oʻquv qoʻllanmalari yaratish komissiyasining raisi boʻlib ishlay boshladi. Polvonniyozhoji Yusupovning “Xotiralari”ga koʻra, u Moskvaga borib Broydo, Karaxanlar bilan uchrashadi. Oʻsha suhbatlarda Broydo, Karaxan kabi Bobooxun Salimovning doʻstlari Polvonniyozhojidan uni soʻrab, surishtiradilar. Oʻsha suhbatdan maʼlum boʻlishicha, Bobooxun shu davrda Xivadagi madrasada mudarrislik faoliyati bilan shugʻullangan.

Bobooxun Salimov ushbu vazifada ishlab turib oʻzi ham maktablar uchun “Alifbe” va “Oʻqish” kitobini yaratadi. Shuningdek, maslakdosh jadid birodari Mulla Bekchon Rahmonov bilan hamkorlikda oʻquv qoʻllanmalari yozadi. Ayniqsa uning “Maktab” sarlavhali sheʼri xalq maorifi uchun sidqidildan ishlagan jonkuyarning yorqin qiyofasini koʻrsatadi:

 Xushdur ne balo havoyi maktab,

 Jon oʻlsa ravo fidoyi maktab.

 Maktab demaki madori ilmdir,

 To ilm iladur baqoyi maktab,

“Xorazm elin aylagay munavvar maktab” deb bilgan Bobooxun Salimovning davlat boshqaruvidagi tajribasi inobatga olinadi va 1923-yil butun Xorazm ahlining IV qurultoyida XXR adliya nozirining muovini, 1924-yil 26-martdan XXR adliya noziri vazifalarida faoliyat boshlaydi. Shuningdek, u 1924-yil 17-apreldagi ruhoniylarning I qurultoyi chaqirilishi va oʻtkazilishiga rahbarlik qildi.

Polvonniyozhoji Yusupovning “Xotiralari”ga koʻra, ushbu qurultoy tashkil etilishi va oʻtkazilishida Broydo faollik qilgan. U Xivaga kelgach, Bobooxunni Gurlandagi uyidan Xivaga chaqirtirib aynan unga qurultoyni yuqori saviyada oʻtkazishiga ishonch bildiradi. Broydoning taklifi bilan Polvonniyozhoji, Bobooxun va Nurjon oxun rahbarligidagi komissiya tashkil etiladi va ularning saʼy-harakati bilan qurultoyga nafaqat Xorazm, balki boshqa hududlar, jumladan, Buxoro va turkman urugʻlaridan vakillarning ishtiroki taʼminlanadi.

Afsuski, 1924-yil 22-noyabrdagi milliy davlat chegaralanishidan keyin Bobooxun Salimov siyosiy faoliyatini toʻxtatib avval Gurlanda, keyin Yumurtog‘ etagidagi, Eshonyop boʻyidagi qishloqda dehqonchilik bilan shugʻullanishga majbur boʻladi...

Bu vaqtda jamiyatdagi ongli, fikrlash tarziga ega boʻlgan insonlarni “xalq dushmani” deb atash boshlangandi. Bobooxun Salimovning koʻpgina tanish-bilishlari ham shu tarzda “xalq dushmani”ga chiqarilib, qamoqxonaga tashlanadi. U bir tanishining haqligi va hech qanday “xalq dushmani” emasligini isbotlab, Qipchoqdagi qamoqxonadan chiqaradi.

1929-yil 10-mayining kunchiqar mahali Bobooxunni yoʻq qilish uchun tuzilgan maxsus guruh Yumritogʻdagi qishloqqa boradi. Qodirbergan Nizomiddinoxunning xotirlashicha, “bemahaldagi otlar dupuri va nihoyat eshikning qattiq taqillashi Bobooxun va uning umr yoʻldoshi Shukurjon ayani bezovta qiladi. Dolonda turgan Bobooxun ularni kuzatib “Axir, bu tanish yigitlar-ku” deya hayron boʻladi. Biroq ularning vajohatini koʻrib, qochmoqchi boʻladi. Afsuski, uni tutib otib oʻldirishadi. Oʻgʻli Soataddin qochib borayotganida unga ham ikki oʻq uzishadi. Shukurki, oʻq tegmaydi. Biroq 1930-yillar qirgʻinidan qochib qutula olmay “xalq dushmani” deb qamaladi”.

Bizni koʻp yillardan beri bir savol oʻylantirardi: Bobooxun “Axir, bu tanish yigitlar-ku” deya tanigan kimsalar kimlar boʻlishi mumkin? Sobiq ittifoq paytida aytib kelingan “bosmachilar”mi, yoxud GPU (Davlat bosh siyosiy boshqarmasi)chilarmi? GPUchilar nega sudsiz, soʻroqsiz uning uyiga bostirib kelganicha otib oʻldirishdi? “Bosmachilar” degan taxmin oʻz-oʻzidan yoʻqqa chiqadi. Zero, bu paytga kelib Xorazm vohasida sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakat – “bosmachilik” deyarli tugatilgan, chekka hududlardagina ayrim qoʻrboshilarning kichik guruhlari saqlangan va ular vohada dong qozongan yetuk davlat arbobiga suiqasd qilishga, bizningcha, botina olmas edi.

Demak, GPUmi? Maʼlumki, bu paytda ushbu tashkilot takomillashib oʻz ish uslubiga ega boʻlgan edi: qaysidir ish boʻyicha aybdor deb gumonlangan shaxs hududdagi boʻlimga chaqirtirilar va tergov harakatlari olib borilardi. Qolaversa, Bobooxun 1924-yildagi milliy chegaralanishdan keyin umuman siyosatdan chekingan va oʻz yerida tinchgina dehqonchilik qilib kelardi. Xullas, bu savol, yaʼni Bobooxunni aynan uyiga borib oʻldirishdan qaysi guruh, kimsalar, tashkilot manfaatdor edi, degan savol meni tarixchi sifatida koʻp yillardirki oʻylantirib keladi. Shundan kelib chiqib guvohlar (turmush oʻrtogʻi Shukurjon aya, oʻgʻli Soataddinning) koʻrsatmalari, xotiralari, yoxud bironta arxiv hujjati yoʻq yoki topilmagan ekan, savol, mening nazarimda javobsiz boʻlib kelar edi...

Shunga oʻxshash bir holat: Bobooxunning safdoshi Bekjon Rahmonov ham ayrim tarixchilar, xususan, professor Ollanazar Sobirovning (“Xorazm haqiqati” gazetasining 1992-yil 18, 27-fevral soni) maqolasida 1929-yil Amudaryodagi kemada oʻldirib ketilgani yoziladi.

Agarki, Bobooxunning oʻtmishdagi siyosiy faoliyati yoxud Kremldagi shijoati, qatʼiyati tufayli desak, oradan 9 yil oʻtgach uni jisman oʻldirishga zarurat bormidi? Negaki Polvonniyozhoji Yusupov, Nazir Sholikorov, Xudoybergan Devonov singari Bobooxunning safdoshlari bu paytda Xivada odatiy turmush tarzi bilan hayot kechirishardi. Shuningdek, 1924-yildagi milliy chegaralanish paytida Xorazm manfaatlari uchun qatʼiyat bilan kurashgan Sultonqori Jumaniyozov, Qalandar Odinayevlar esa sovet idora-tashkilotlarida faoliyat koʻrsatishardi. Xoʻsh, Bobooxun Salimovni kimlar, nimaga, qanday maqsadda oʻldirishgandi?!

 Ushbu savolga javobni Salimoxunning Gurlan tumanida yashovchi avlodlari, shajaraning vakillari quyidagicha izohlashdi:

“Bobooxun oʻziga respublika davridagi adliya noziri, Moskvaga borgandagi berilgan daxlsizlik mandatini saqlab qolgan boʻlib, shu asosda 1928-1929-yillarda aksilinqilobchilikda ayblanib, nohaq qamalgan yurtdoshlarini ozodlikka chiqargan edi. Tabiiyki, Mangʻit, Qipchoq va okrugdagi GPUchilar bu haqda oʻzining yuqori idoralariga maʼlum qilishadi. Natijada yuqori boshqaruv tuzilmasi, ishlariga toʻsqinlik qilayotgan Bobooxunni yoʻq qilishga buyruq berishadi. Natijada buyruqni ijro etish uchun tuzilgan guruh 8-may kuni (yaʼni, suiqasddan bir kun oldin) Eshonyop boʻyi qishlogʻiga borib tunab qolishadi. Mahalliy aholi kiyimidagi (jumladan, turkman libosidagi) qurollangan otliqlarning bedazorda nimanidir muhokama qilishayotgani, tunni shu yerda oʻtkazishayotganini qishloqdagi ayrim kishilar koʻrishgan. Aynan ana shu guruh ertasiga bemahalda Bobooxunning uyiga borib, unga suiqasd qilishgan”.

Maʼlumki, Bobooxunning safdoshlaridan Polvonniyozhoji Yusupov, Sultonqori Jumaniyozovlar 1936-yilda xastaligi tufayli vafot etishadi va Xivaga dafn qilinishadi. Biroq ular bilan bir safda, bir gʻoya uchun kurashgan xorazmlik jadidlardan Xudoybergan Devonov, Nazir Sholikorov va boshqalar “Katta terror” – 1937-yilda “xalq dushmani” sifatida qamalib, 1938-yil 4-oktyabrda otib oʻldirilgan.

Agarki... taqdir Bobooxun Salimovga ham atigi 7 yil, Polvonniyoz hojiga 1 yil yashashni inʼom qilganida, ham davr toʻfonlari ularni oʻz domiga tortib ketardi.

1929-yil 10-may. Bobooxun hayotining soʻnggi kuni...

Umr intihosi fojiali tugagan Bobooxun Salimovning hayoti tarixchi Jumaboy Rahimov yozganiday: “Chaqmoq kabi chaqnab oʻtdi. U gʻoyat mushkul bir paytda haq va haqiqat uchun kurash yoʻliga kirdi”.

Jadid ziyolisi Bobooxun Salimovdan Yoqutjon, Hadiyaxon, Isomiddin, Soataddin, Abdulla, Hamidulla, Shukurilla ismli farzandlar va eng asosiysi, yaxshi nom qoldi va sulola davomiyligi davom qilmoqda.

(Boshini oʻqish)

Umid BEKMUHAMMAD,

 tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2026-yil 5-son.

“Xorazm jadidlari sardori” maqolasi