Hazrat Mir Alisher Navoiy nomi yetti iqlimda maʼlum-u mashhur. Yigit kezlaridayoq Oqquyunlilar davlatidagi muxlislari tomonidan ilk devoni tartib berilgan, shoirning dilbar gʻazallari Usmoniylar davlatidan Qozon xonligiga qadar yetib borgan edi.
Navoiyning nomi Hind oʻlkasiga Boburdan ancha avval yetib borgani maʼlum. Husayn Boyqaro Loʻdiylar (1451–1526), Sharqiy Hindiston (1394–1479), Bahmaniylar (1347–1527) davlatlari bilan savdo va diplomatik aloqalarni yoʻlga qoʻygan edi. Jumladan, loʻdiylarning mashhur shoiri Mavlono Jamoliddin Jamoliy 1492-yili Hirotga kelib shoir-u fozillar bilan hamsuhbat boʻlgan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan “Tazkirai Husayniy” asarida Jamoliddin Jamoliy Hirotda Alisher Navoiy bilan ham uchrashish baxtiga muyasar boʻlgani qayd etilgan.
Bahmaniylar saroyining noziktaʼb shoirlaridan biri, vazir Xoja Mahmud Govon ham xurosonlik shoirlar, jumladan, Abdurahmon Jomiy bilan yozishma olib borgan. Shu orqali Navoiy ijodi va faoliyati bilan yaqindan tanish boʻlgan.
Bahmaniylarning yana bir shoiri Mir Hoshimiy Kirmoniy “Maxzan ul-asror” (Nizomiy Ganjaviy) dostoniga javoban yozgan “Mazhar ul-asror” masnaviysida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy nomini hurmat bilan tilga olib oʻtgan. Jumladan, Navoiyni “ming bir fazilatga ega amir”, “barchaga oʻrnak boʻladigan mumtoz va nodir inson” deya taʼriflaydi.
Hindistondagi Raza kutubxonasida Navoiy bilan bogʻliq bir qancha qoʻlyozmalar mavjud. Shulardan biri “Tuhfai murshidiy” asaridir. Izohda mazkur risola Alisher Navoiyning iltimosiga koʻra yozilgani qayd etilgan.
Bobur Mirzoning qizi Gulbadanbegim “Humoyunnoma” asarida akasi Humoyun Mirzo saroyida Turkiston, Samarqand va Buxorodan kelgan shoirlar ishtirokida muntazam mushoiralar oʻtkazilgani haqida soʻz yuritadi.
Boburiylar davrida Alisher Navoiy devonlari koʻchirilgan, ularga miniatyuralar ishlangan. Jumladan, Vindzor kutubxonasida Navoiyning nodir qoʻlyozmasi saqlanadi. “Buxoro qoʻlyozmasi” deb nomlanadigan mazkur “Terma devon” xattot Sulton Ali Mashhadiy tomonidan Hirotda 1491-1492-yilda koʻchirilgan va unga shoirning muborak nigohi tushgan boʻlsa ajab emas. Keyinchalik Hindistonga – boburiylar saroyiga kelib qolgan ushbu qoʻlyozmaga hind rassomlari rasm chizgan.
Ikkinchi qoʻlyozma “Xamsa”ning toʻliq toʻplami boʻlib, u ham Sulton Ali Mashhadiy tomonidan koʻchirilgan. Unga Laʼl, Manohar, Mukund singari hind rassomlari suvrat ishlagan. Ushbu noyob qoʻlyozmalarga boburiy hukmdorlar – Jaloliddin Muhammad Akbarshoh (1556–1605) va Nuriddin Muhammad Jahongir (1605–27) saroyi kutubxonasida ziynat berilgan.
“Xamsa” miniatyuralari hind va Xuroson ijodiy anʼanalari asosida chizilgan. Sulton Husayn Boyqaro taxtda, qoʻlida piyola tutib oʻtiribdi. Temuriy hukmdor musavvir Behzod chizgan miniatyuralarga mos ravishda yashil libosda tasvirlangan. Alisher Navoiy sultonga tavoze bilan kitob koʻrsatmoqda. Navoiy ham boshqa tasvirlardagi singari sargʻish libosda. Atrofda mulozimlar jiddiy bir marosimga hozirlik koʻrayotir. Taxt poyidagi kichik xontaxtaga noz-neʼmatlar keltirilmoqda. Qassoblar qoʻylarni soʻyishga shay turibdi. Xizmatkor hind miniatyuralaridagi singari engil-boshda tasvirlangan. Bu musavvirning hind millatiga mansubligi, xurosonliklarning kiyinishi haqida tasavvurga ega emasligi bilan bogʻliq boʻlsa kerak. Sahifa tepasida Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidan Sulton Husayn Boyqaro madh etilgan bobning dastlabki baytlari bitilgan. Sheʼriy parchadagi “Sulton Husayn” soʻzi zarhal boʻyoqda yozilgan. Shu holatning oʻziyoq boburiylar xonadonida oʻz ajdodlari – temuriy hukmdorlarga ehtirom yuksak boʻlganidan dalolat beradi.
“Hayrat ul-abror”da keltirilgan ikki vafodor yor hikoyatiga ham alohida rasm ishlangan. Hikoyatda Amir Temur Hindistonni zabt etganida yuz bergan bir voqea bayon qilinadi. Sohibqiron oʻlkani egallagach, yuz ming kishini oʻlimga buyuradi. Oʻsha mahal jallod ikki vafoli yorni kunda boshiga keltiradi. Ammo har ikkisi ham sevgilisiga bir necha daqiqa uzoqroq umr bagʻishlamoq uchun oʻzini oldin oʻldirishini soʻraydi. Bu hodisa Amir Temur qulogʻiga yetib boradi va u barcha asirlarni oʻlimdan ozod qiladi.
Shuningdek, ushbu qoʻlyozmada “Hayrat ul-abror”dagi Ibrohim Adham va Robiyai Adaviya, Muhammad Xorazmshoh va Imom Faxriddin Roziy hikoyatlariga atab ham miniatyuralar chizilgan.
Sulton Muhammad Akbar (1542–1605) zamonida tarixchi Abulfazl Allomiy tomonidan “Boburnoma”ga taqlidan bitilgan “Akbarnoma” asarida muallif shoh Bobur bilan janglarda yonma-yon yurgan Sulton Muhammad Koʻsa ismli mulozimni zikr etarkan, “Juda xushxulq kishi edi, tabʼi nazmi bor edi, Mir Alisherning safdoshlaridan biri boʻlib, aʼlohazratning sharafli jamiyatida yashagan edi” deydi (Abu-l Fazl Allami. Akbar-name. Samara, “Agni”, 2005. Str. 83). Ushbu misol Navoiy zamonasi va Hirot adabiy muhitida yashagan tarixiy shaxslar boburiylar davrida ham oʻziga xos mavqega ega boʻlganini koʻrsatadi.
Boburiylar davrida fors tilida ijod qilgan shoirlar ham Navoiy ijodidan xabardor boʻlgan. Jumladan, Mirzo Abdulqodir Bedil (1644–1721) Navoiydan ulgi olganiga guvoh boʻlamiz. Chunonchi, Navoiyning “Badoyi’ ul-bidoya” devonidagi ushbu baytlarga eʼtibor qarataylik:
Koʻz xonasini qildi barandoxta bu ashk,
Koʻz bordi vale xonabarandozi qoliptur.
Koʻnglum qushi to sunbulunguz domigʻa tushti,
Bulbul kibi har gul sari parvozi qoliptur.
Bedil Navoiydan ikki asr keyin yashagan. Bu davr ichida Navoiyning turkiy va forsiy asarlari musulmon Sharqida, xususan, Hind zaminida keng yoyilgan edi. Bedilning ota-bobolari ham shahrisabzlik, turkiy barlos urugʻidan boʻlgan. Demak, u turkiy adabiyotning eng ulug‘ shoiri ijodiga befarq boʻlishi mumkin emasdi. Bedilning quyidagi gʻazalida Navoiyning yuqorida keltirilgan baytlariga xos qarashlar sezildi:
Qufli vasvos ast chashmi man dar in ibratsaro,
Hamchu mijgon umr dar bastu kushodam raftaast.
Sayri gul nazri chununi beniyozy kardaam,
Pesh-peshi rang-u buho eʼtimodam raftaast.
(Bu ibrat saroyida koʻzlarim xuddi vasvos qulfiga oʻxshaydi. Umrim xuddi kiprik singari ochilib yopilguncha oʻtib ketibdi. Beniyozlik, telbalik ila vaqtimni gul sayriga bagʻishladim. Xuddi gullarning rangi va hidi singari mening ishonchim ham soʻnib bitdi.)
Har ikki gʻazalda vaqtning yugurikligi, umrning bevafoligi, lahzaning gʻanimat ekani badiiy sanʼatlar yordamida tasvirlangan.
Navoiyning “Qaro koʻzum...” gʻazalidagi ushbu misra barchamizga yaxshi tanish:
Takovaringgʻa bagʻir qonidin xino bogʻla,
Itinggʻa gʻamzada jon rishtasin rasan qilgʻil.
Takovar – tulpor degani. Shoir otingning oyogʻiga jigar qonidan xino qoʻyib, jon ipi bilan itingni bogʻla, demoqda. Bedilning quyidagi forsiy misralarida ham ana shu mazmun yashiringan:
Bo xino rabte nadorad rashki istigʻnoi noz,
Menihi po bar dili purxun-u gulgun mekuni.
Rashk, noz-u istigʻno bilan xinoning qanday aloqasi bor? Oyoqni qon toʻla yurakka bosib ham uni xino qoʻygandek gulgun qilish mumkin. Bedil bu oʻrinda iyhom sanʼatidan mohirona foydalangan. Gulgun soʻzining birinchi maʼnosi qizil tusli, guldor degani boʻlsa, ikkilamchi maʼnosi Nizomiy dostoni qahramoni Shirinning otiga ishoradir.
Umuman olganda, boburiylar hukmronligi davrida Navoiy asarlari kotiblar tomonidan qayta-qayta koʻchirilishi barobarida Hindistondagi turkiy va forsiy adabiy muhit rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan.
Rustam JABBOROV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.
“Hindni cheriksiz zabt etgan zot” maqolasi