Adabiyot va jamiyat dialektikasini tadqiq etishda metodologiya muhim oʻrin tutadi. Mamlakatimizda siyosiy tizim oʻzgarishi bilan ilmiy-metodologik masala ham kun tartibiga chiqdi.
Xorijda metodologiyaga tayanmagan tadqiqot chinakam ilmiy ish hisoblanmaydi. Xalqaro ilmiy tadqiqot etikasi boʻyicha adabiyotlar tahlili, metodologiya, ilmiy masalaning qoʻyilishi, tahlil va muhokama shakllari kabilar asosiy shartlar sirasiga kiradi. Zamonaviy ilm-fan talabiga muvofiq metodlar tadqiqotni ixchamlashtirish, modellashtirishga xizmat qiladi.
O‘zbek adabiyotshunosligi ham rus fani orqali yevropa metodologiyasidan xabardor boʻlgan esada, oʻzbek sovet adabiyoti, adabiyot tarixi shoʻro mafkurasi nuqtayi nazaridan sotsialistik realizm asosida oʻrganilgan. Bu esa, tabiiyki, tarixiy tahlilda mahdudlikka olib kelgan.
Adabiy-badiiy ong – ijtimoiy ong shakllaridan biri. Zotan, jamiyat voqeligi adabiyotda aks etadi. Dunyo adabiyotshunosligida ijtimoiy idrok (ong) turi ekani adabiyotni sotsiologik yondashuv orqali tadqiq etishga asos beradi degan qarash mavjud. Bu metod yagona yoki umumiy boʻlmay, adabiyotshunoslikning boshqa metodlari bilan birgalikda mazmun kasb etadi.
Mustaqillik davrida shoʻrocha ilmiy-materialistik metodologiyadan voz kechilib, adabiy hodisalar kengroq koʻlamda tadqiq etiladigan boʻldi. Bu vaqtda adabiy tadqiqot ustida ishlashning aniq va yaxlit ilmiy-nazariy asoslari shakllanmadi. Shoʻro adabiyotshunosligining ayrim sinfiy-sotsialistik prinsiplaridan voz kechilmagan holda, adabiyot tarixi subyektiv qarashlardan kelib chiqib hamda mavjud amaliy metodlardan (qiyosiy-tipologik, statistik, umumlashtirish, tasnif, tahlil kabi) foydalangan holda yoritildi.
Adabiyotshunoslik atamasi ruscha “литературоведение” soʻzini kalkalashdan paydo boʻlgan. Gʻarbda esa bu fan “literary critique” (adabiy tanqid) deb ataladi. U turli metodlardan (struktural, formal tanqid, feministik tanqid, postkolonial tanqid, axloqiy tanqid, marksistik tanqid, psixoanalitik tanqid, tarixiy, sotsiologik) foydalanadi. Mazkur metodlar faqat filologik yondashuvdan iborat boʻlmay, barcha ijtimoiy-gumanitar soha uslublarini qamrab oladi.
Gʻarb adabiyotshunosligida voqelikka, subyekt, shaxs va jamiyatga nisbatan sotsiologik yondashuv ustun. Bu metod kirib bormagan soha qolmadi. Gʻarb adabiyotshunosligida sotsial metodning paydo boʻlishi sotsialistik gʻoyalar keng tarqalgan XIX asrga borib taqaladi. Metod quyidagi faktorlarga ega: tarixiylik (umumiylik), shaxslar va jarayonlarga eʼtibor qaratish, adabiyotni xalq madaniyati qonuniyatlarining ifodachisi sifatida tadqiq etish, badiiy ijodni sotsiologiya, iqtisodiyot va boshqa fanlarning qonuniyatlari yordamida tushuntirish, adabiyotning siyosiy vaziyat va ijtimoiy hayotga taʼsirini oʻrganish. Sotsiologik yondashuv davr hodisalarining adabiyot bilan bogʻliqligiga alohida urgʻu beradi. U soʻz sanʼatini tarixiy va ijtimoiy oʻzgarishlar prizmasidan oʻtkazib tekshirishda faol qoʻllanayotir. Biz ham, deylik, Navoiy asarlaridagi odil podshoh, adolat gʻoyalari yoki jadidlarning asarlarida ilgari surilgan ijtimoiy-gʻoyaviy islohotlar haqida gapirar ekanmiz, sotsiologik yondashuvga suyanamiz.
Sotsial metod shoʻro davrida mafkuraviy tor maqsadda qoʻllangani bois dogmaga aylandi. Hatto Tolstoy va Dostoyevskiy asarlarining yakkash sinfiy kurash nuqtayi nazardan oʻrganilishi vulgar sotsiologizmni keltirib chiqardi. Keyinchalik shoʻro adabiyoti shu metod asosida yozilgan asarlarga toʻlib ketdi. Asardan nuqul sinfiylik, gʻoyaviylik, mafkuraviy xato izlangani senzurani kuchaytirib, badiiy asardagi tabiiylik, jonlilikni yoʻqqa chiqarardi. Shu bois biz hamon mazkur metoddan choʻchiymiz. Mafkuraviy qullik iskanjasiga tushib qolish xavfi bizni xavotirga soladi. Aslida adabiy metodologiyada aynan sotsial yondashuv muhim hisoblanadi. Jamiyat koʻzgusi deganda ham adabiyotning ijtimoiy va shaxs muammolarini koʻtarib chiqishi koʻzda tutilgan.
Dunyo adabiyotshunosligida sotsial metod samarali, erkin uslub hisoblanadi. Bu – matnning qaysi jihatlariga eʼtibor qaratilishiga bogʻliq. Muayyan tadqiqotchi asarni jamiyat voqeliklari bilan bogʻlab oʻrgansa, boshqa biri sevgi motivini shaxsning ichki xususiyatiga uygʻun tarzda tekshirishi mumkin.
Zamonaviy ilm-fanda tadqiqotchining metodologiyadan instrument sifatida foydalanib matnning kontekstual mazmunini chuqur va haqqoniy yoritishi va hatto yangi metodologik kategoriyalar yaratishi mumkinligi dastaklanadi. Demak, tadqiqotchining matnni talqin etishdagi roli yanada oshgan. Dialogli muloqot konsepsiyasini ishlab chiqqan Mixail Baxtin asarlaridagi madaniyat va til sotsiologiyasining rivojlanishi haqida ham shunday deyish mumkin. Olim oʻrtaga tashlagan dialog konsepsiyasini sotsiologik tafakkursiz tushunib boʻlmaydi.
Shunday qilib, sotsial yondashuv – keng tushuncha. Shaxsning (biror guruhning) muayyan muallif yoki asarni qanday qabul qilishidan tortib (assotsiatsiya), jamiyatdagi voqea-hodisalarning adabiyotda qay darajada aks etishi, jamiyat va adabiyotning oʻzaro taʼsiri kabilargacha qamrab oladi. Bizning ilmiy muhitda sotsial metod deganda qizil bayroq koʻtargan mafkurachilar koʻz oldimizga keladi. Gʻarbda, qolaversa, rossiyada ham bu metodning vulgar-sotsiologik jihatlari tanqid qilinib, u qayta nomlanib (rossiyada – sotsiologik; Gʻarbda – marksistik, baʼzan sotsialistik), asosiy aspektlari koʻrsatib oʻtilgan. Yaʼni, bu metod butkul inkor etilmagan, balki uning mafkuraviy jihatlari tanqid qilingan.
Gʻarb adabiy tanqidchiligidagi metodlardan yana biri tarixiy tanqiddir. U adabiy matn yozilayotgan vaqtda sodir boʻlayotgan tarixiy-ijtimoiy va madaniy voqealarga kengroq qarashni nazarda tutadi. Muallif yashagan dunyoni (ijtimoiy voqealar, mafkura, madaniyat, turmush tarzi...) oʻrganish asarni toʻliqroq tushunishga yoʻl ochadi deb hisoblanadi. Adabiyot vakuumda paydo boʻlmaydi, u tarixiy jarayonlar va ijtimoiy-madaniy munosabatlarning ajralmas qismidir. Tarixiy tanqid jadid ideallarini koʻrsatishda yuqori samara beradi. Aynan shu metod adabiyotning tarixiy kontekstda jamiyat, madaniyat va davr ideallarining koʻzgusi ekanini koʻrsatishga qodir. Bizda tarixiy tanqid qisman istifoda etilayotgan boʻlsa-da, bu metodning barcha vositalarini ishlab chiqib, ulardan tizimli foydalanish vaqti kelgan, deb hisoblaymiz.
Retseptiv metod ham bizda qisman qoʻllanayotir. Oʻtmish va hozirgi har bir asar bugungi kitobxon uchun bitilgan; kitobxonning assotsiativ qabullashi gʻoyat muhim; badiiy asarning bugungi kun uchun foydasi ham ahamiyatga molik... – retseptiv metod ana shularni tadqiq etadi. Asarni qabul qilish oʻquvchi shaxsiyati, qiziqishi, dunyoqarashi, hayotiy tajribasiga bogʻliq. Matnni individual qabul qilish haqidagi mushohadalar XX asrda, ayniqsa, fenomenal falsafa va germenevtika rivojlanishi bilan tahlilning asosi sifatida faollashdi. Olmon faylasufi Hans-Georg Gadamer “Haqiqat va metod” (1960) kitobida aytishicha, matnni tushunish oʻquvchining tarixni bilishiga, uning mushohadalariga (bilim, tajribalariga) bogʻliq. Aynan oʻquvchigina turlicha talqin orqali matnning mohiyatini yuzaga chiqarishga qodir. Yevropada zamonaviy adabiyot va taʼlim oʻquvchi shaxsini markazga qoʻyadigan subyektiv madaniy-kontekstual yondashuvga koʻra yoʻnalish oldi.
Qizigʻi shundaki, bizda bu metodlardan taʼkidlamagan holda foydalanib kelinadi. Deylik, sobiq Ittifoq davridagi mafkuraviy sotsialistik realizmni tanqid qilib, ayrim voqeliklarga qaytadan baho berdikmi, demak, dunyo adabiyotshunosligida keng qoʻllanadigan postkolonial tanqid metodidan foydalangan boʻlamiz. Tarixiy hodisa yoki faktga murojaat qildikmi – tarixiy metodni; jadidlarning xalq qaygʻusida faoliyat olib borgani haqida yozdikmi – sotsial yondashuvni qoʻllaymiz.
Demak, Gʻarb ilm-fani kontekst va ijtimoiy vazifani urgʻulaydi, adabiyotning ratsional-ijtimoiylik va funksionallik jihatlariga ustunlik beradi. Matnning insonga koʻrsatadigan taʼsiri ham ana shu funksionallik jihatlariga kiradi. Shu bois ham Yevropada Bobur va “Boburnoma” Navoiy va uning asarlariga qaraganda koʻproq dong qozongan. Sharqda esa emotsional aspekt – adabiyotning inson qalbi, his-tuygʻulariga taʼsiri va shu orqali komil insonni tarbiyalash muhim.
Gulshan RAHIM,
filologiya fanlari nomzodi
“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 4-son.