Oʻnlab yillar davomida oʻzi sevmagan kasb bilan shugʻullanib, umrini yoqtirmagan ishga bagʻishlaganlarni “toqatli” deya olqishlab, qarorini taqdir taqozosiga yoʻyamiz-u, hayotining chorak qismiga kelgach, deylik, 30-40 yoshlar atrofida kasbini oʻzgartirgan, keskin burilish qil(moqchi boʻl)ganlarlarga hayrat bilan qaraymiz. Aslida, bu tashqaridan koʻringanchalik “qoʻrqinchli” qaror emas, uni maʼlum maʼnoda oʻzlikka qaytish, deyish ham mumkin.
Oyina.uz yoshidan qatʼi nazar orzulari yoʻlida hech narsani toʻsiq deb bilmay, toʻxtamaganlar haqida hikoya qiluvchi “Maqsaddan kechmaguncha kech emas” loyihasini boshlaydi. Bu orqali jamiyatning har qanday stereotipi-yu gʻayritabiiy qarashlariga chalgʻimay kamoloti uchun kun tartibi, kasbiy faoliyati va hatto, odatlarini ham oʻzgartirganlar misolida oʻquvchiga “hayot davom etyaptimi, demak kech emas”, degan xabarni yetkazishni koʻzda tutadi.
Svitcher oʻzi kim?
Hayotining maʼlum davriga kelib ish almashtirish, yangi faoliyat bilan mashgʻul boʻlishni oʻylab qolganlar haqida eshitganmisiz? Gap doimiy muhokama qilinadigan “oʻrta yosh krizisi” emas, balki tajribali mutaxassislarning ham ongli ravishda boshqa professional yoʻnalishdan ketish istagi haqida bormoqda. Uzoq yillik tajribadan keyin kasbini tubdan oʻzgartiradigan odamlar svitcher deb ataladi.
Ushbu qarorga kelish motivlari turlicha: masalan, professional faoliyatdagi statusini oshirishga urinish yoki yangi koʻnikma va bilim talab etadigan lavozimda yuqoriroq ishonch bilan faoliyat yuritish ishtiyoqi boʻlishi mumkin.
Bu holat ayniqsa, 30 yosh atrofidagilar uchun dolzarb boʻlib, mazkur davrda odamlar mustahkam karyera darajasiga yetgan, shu bilan birga, energiya va professional rivojlanish uchun yangi ambitsiyalarga ega boʻladi. Bularga qoʻshimcha ravishda, mutaxassislik koʻnikmalarini kengaytirish, shu tariqa, yuqoriroq daromadga intilish, yangi yutuq va muvaffaqiyatlar orqali oʻzini kashf etish ishtiyoqi ham kasbiy faoliyatni oʻzgartirish uchun asos boʻlishi mumkin.
Dunyoga mashhur svitcherlar
Aslida, ulgʻaygan sayin qiziqishlar oʻzgarib turishi inson xilqatiga bolalikdanoq xos, normal holat sanaladi. Masalan, farzandlaringiz yoki oʻz bolaligingizdagi “katta boʻlsam…” deb boshlanadigan orzularingiz necha marta oʻzgargani eslang, mana shu yorqin misol boʻla oladi.
Bu hodisa inson katta hayotga qadam qoʻyayotganda, hatto, undan keyin – professional faoliyatining eng qizgʻin nuqtasida, 40, 50 va undan keyingi yoshlarda ham kuzatilishi mumkin. Biz koʻpincha bu xohishni “vaqtinchalik ishtiyoq” deb, inkor qilamiz. Ichki istak, asl qiziqishlarga koʻz yumish turli koʻngilsizliklar, xususan, ruhiy xastalik va agressiyaga olib kelishi mumkin.
Bunday vaziyatda oʻzini tinglash boʻlsa dunyo tajribasida yaxshi natijalar koʻrsatgan.
XX asr afsonasi Devid Uork Griffit, “Oltin palma yaprogʻi”dan “Oskar” mukofotigacha loyiq topilgan Roman Polanski va kino sanoati oʻrni beqiyos boʻlgan Jorj Lukas — ularning barchasini kino va unga qadar bosib oʻtgan yoʻllari birlashtiradi. Shuningdek, ularning barchasini “muvaffaqiyatli svitcherlar” deyish mumkin.
Liftyor, kuryer, oʻt oʻchiruvchi, va nihoyat dunyoga mashhur rejissyor — Devid Uork Griffit
Amerikalik rejissyor, prodyuser va aktyor Devid Uork Griffit “Millatning tugʻilishi” nomli Amerika fuqarolik urushi haqidagi epik dramasi bilan mashhur. U XX asr boshlarining eng keng qamrovli va bahsli kino-loyihasi sanaladi. Uch soat davom etuvchi ushbu film 1,5 mingdan ortiq sahnani ichiga olgan. Film Oq uyda rasman tomosha qilingan va Fransiyada taqiqlangan.
Griffitning muvaffaqiyati qiyinchilik va magʻlubiyatlardan soʻng, 32 yoshidan keyin keladi: uning kino olamidagi asl iqtidori “Dolli sarguzashtlari” nomli ilk qisqa metrajli filmi ortidan yuzaga chiqadi. Filmda ijodkorning “tomoshabin qiziqishlari” bilan ishlash mahorati yaqqol koʻzga tashlanadi. Bu esa uning avvaliga “Bayograf” studiyasida bosh rejissyor boʻlishiga va vaqt oʻtib, afsonaga aylanishiga turtki boʻladi.
Lekin Griffit bu darajaga osonlik bilan erishmaydi. Ijodkorning oʻziga toʻq, plantator otasi 1882-yilda toʻliq inqirozga uchragani toʻgʻrisidagi hujjatni qoldirib, vafot etadi. Uning oilasi oʻqituvchilik qilib, ukasini ham oʻzi oʻqitgan opasining daromadi orqali kun kechiradi.
Griffit oʻzini juda koʻp kasblarda sinab koʻradi. Gazetada redaktor boʻlib ishlaydi, soatbay ishlar qiladi, oʻt oʻchiruvchi, metallurg, kutubxonachi, liftyor va hatto, yetkazib beruvchi boʻlib ham ishlaydi. Mana shu bosqichlardan kino olamiga kelgan ijodkorning “ixtiro”lari hali-hanuz qoʻllaniladi.
Xususan, tasvirga olish maydonchasidagi “Chiroq, kamera, motor!” iborasini ilk bor Uork Griffit ishlatgan, va haligacha hech bir ekran mahsuloti bu buyruqsiz suratga olinmaydi. Yirik plan va parallel montaj ham aynan shu rejissyorning kashfiyoti sanaladi.
Autizmda gumon qilinib, velosportda omadi chopmagan “Oskar”, “Oltin palma yaprogʻi” va “Sezar” mukofotlari sovrindori Roman Polanski
Polanskining shaxsiy hayoti namunaviy darajada emas. Filmlarining vahima, jirkanchlik, zoʻravonlik va oʻlim sahnalariga boyligi ham bejiz emas. Kelib chiqishi polyak-yahudiylardan boʻlgan Romanning bolaligi Natsistlar Germaniyasi davrida Krakovda kechadi. 10 yoshida u bor-budini yoʻqotib, Krakov Gettosining yoʻq qilinish jarayoni guvohiga aylanadi.