– Bogʻcha bolaning qobiliyati kashf etiladigan, zehni ochiladigan maskanga aylanishi zarur,

– dedi Prezidentimiz.

Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur va Xitoy tajribasi asosida milliy qadriyatlarimizga mos dastur ishlab chiqildi. 180 ming tarbiyachi va pedagog yangi metodika boʻyicha oʻqitilmoqda.

Oʻyin orqali taʼlim berishga qaratilgan dastur hozir bogʻchalarning 30 foizida amal qiladi. Yil yakuniga qadar u 38 mingdan ortiq bogʻchaning barchasiga joriy etiladi.

Toshkentda UNESCO shafeligida Bolalarni erta yoshdan taʼlimga jalb qilish mintaqaviy markazi va Italiyaning Rejjio Emiliya markazi ish boshladi. Ular xalqaro standartlar va innovatsion yechimlarni joriy etish, oʻyin orqali taʼlim boʻyicha amaliy qoʻllanmalar tayyorlashga xizmat qiladi.

Har yili 50 nafar ilgʻor tarbiyachi xorijda stajirovka oʻtaydi, barcha bogʻchalar uchun 100 ta videokontent tayyorlanadi. Uch yillik dastur asosida davlat bogʻchalari elektron doska, kompyuter va rangli printer bilan jihozlanadi.