Oila mustahkamligiga darz yetkazuvchi “ommaviy madaniyat” koʻrinishlaridan biri “Childfree” gʻoyasidir. Mazkur atama “bolalardan xoli hayot” degan maʼnoni anglatib, bu yoʻnalish tarafdorlari farzand koʻrishni istamaydi.
Farzand koʻrmasdan yashash tarzi oʻtgan asrning 70-yillarida Gʻarbda rusum boʻla boshlagan. “Childfree” tarafdorlari bola tarbiyasi bilan shugʻullanish – eskilik sarqiti, degan kurakda turmaydigan bahona bilan oʻzlarini oqlamoqchi boʻlishadi.
Rossiyaning “TOK” kanali ushbu mavzuda lavha tayyorlab, gʻoya tarafdorlarining bir nechasidan intervyu olgan. Ularning fikricha, intellektual qoloq ayollargina erlarini oilaga bogʻlab olish maqsadida farzand koʻrib, bolalardan maʼnaviy qurol sifatida foydalanadi. Bolalarni yaxshi koʻrmasliklarini, goʻdaklarni koʻrganda asabiylashishlarini ham aytib oʻtishgan.
Insoniyat uchun falokatli bu gʻoyaga ergashayotgan balogʻat yoshidagi qizlar bola shaxs kamoloti, karera qilishga halaqit beradi, degan mulohaza bilan farzandli boʻlishni istashmayapti. Gʻoya tarafdori boʻlgan erkaklar esa “Rivojlangan davlatlarda ijtimoiy himoya yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Inson qariganida davlat unga gʻamxoʻrlik koʻrsatar ekan, bolaning nima keragi bor?” deyishmoqda.
Baʼzi “aqlli”lar Yer yuzida aholi sonining geometrik progressiya tezligida oʻsishi ekologik muammolarga sabab boʻlayotganini aytib, farzand koʻrishdan voz kechishga chaqirmoqda. Ayrim juftliklar vaqt oʻtishi bilan bu qarorlaridan afsuslanishsa, boshqalari esa toʻgʻri ish tutganliklarini taʼkidlashmoqda.
Eng fojiali tomoni, bugungi kunda AQShda “childfree” gʻoyasini qoʻllab-quvvatlovchi 40 dan ortiq tashkilot mavjud. AQSh milliy sogʻliqni saqlash markazi maʼlumotlariga koʻra, oʻz xohishiga koʻra farzandsiz hayotni tanlayotgan insonlar soni yildan yilga oshib bormoqda. Ayollarning 25 foizi shuni maqbul koʻrishmoqda.
2020-yil maʼlumotlariga koʻra, 18 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan Rossiya aholisining yarmi farzandli boʻlishni istamayapti. Bularning aksariyatini oliy maʼlumotli, hayotda muayyan maqsadga ega, bolalarni deb oʻz rohat-farogʻati va karerasidan voz kechishni xohlamaydigan insonlar tashkil etadi.
Albatta, birovning tanlovini muhokama qilish umuminsoniy qadriyatlarga xos emas. Lekin oila va farzandlar odamni egoizm illatidan qutqarib, boshqalar manfaati haqida oʻylash, sabr-toqat kabi xislatlarga oʻrgatadi. Rizq masalasiga kelsak, Qurʼoni karimning “Anʼom” surasi 151-oyatida “...bolalaringizni kambagʻallikdan (qoʻrqib) oʻldirmangiz – biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz”, deyiladi.
Amerikalik olim Patrik Jozef Byukenen Amerikadagi demografik inqiroz haqida tashvishlanib: “Odamlarning farzandli boʻlish va bola parvarishi bilan shugʻullanishni istamasligi, oila qurmasdan, pala-partish hayot kechirishi Amerikani ommaviy muhojirlikni har jihatdan ragʻbatlantirishga majbur qilmoqda. Amerikaliklar oʻz tamadduni, madaniyati va davlatini saqlab qolmoqchi boʻlsa, bola tugʻilishi, oila mustahkamligiga eʼtibor berishi, bolalar va oilalarga gʻamxoʻrlik esa davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylanishi darkor”, deb yozadi.
Dildora MIRAKBAROVA,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tayanch doktoranti