Shavkat Mirziyoyev 5 ta kodeks va 6 ta qonunga oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi.
Xabarga koʻra, 14 yoshga toʻlmagan bolaga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Bunday ogʻir jinoyatlar boʻyicha javobgarlikka tortish muddatida cheklov boʻlmaydi.
“Bolaga zulm qilgan, unga jismoniy yoki ruhiy azob bergan har bir kimsa — u xoh taʼlim muassasasi xodimi boʻlsin, xoh yaqin qarindoshi — javobgarlikka tortiladi. Bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan jinoyatlar uchun berilgan jazo aslo yengillashtirilmaydi.
Yosh bolaning xavfsizligi shart-sharoit yoki vaziyatlarga bogʻliq boʻlishi mumkin emas. Bolalar hayoti, sogʻligʻi, or-nomusiga tajovuz qilgan har qanday kimsa qatʼiy jazodan qochib qutula olmasligini bilishi shart”, deb yozadi Saida Mirziyoyeva.