“Millat xarakterini shakllantirgan oʻyinlar – nega bolalar oʻyin oʻynashi kerak?” sarlavhasi ostida mutaxassis tahlili eʼlon qilingandi. Oyina.uz tahlilning mantiqiy davomi sifatida quyidagi maqolani taqdim etadi.

Bu maqolani oʻqiyotgan ekansiz, demak, allaqachon ulgʻaygansiz. “Bolalik” deganda xayolingizga koʻcha changitib oʻynayotganlaringiz, olgan hayitliklaringiz, kattalar uxlayotganidan foydalanib oyoq uchida yurib, choʻmilishga qochganlaringiz, oʻyinga berilib qorongʻi tushganini bilmay qolgan kezlaringizda uzoq-uzoqdan onangizning suvda shimdirilgan daraxt novdasini havoda silkitib, sizga oʻqtalayotgani keladimi?! Agar javobingiz “ha” boʻlsa, tabriklayman, siz eng yaxshi bolalikni yashab oʻtgan ekansiz.

Bolalik turli xil oʻyinlar bilan maroqli kechadi. Oʻyinlar yosh avlodni tarbiyalash, milliy madaniyatni davom ettirish va jamiyatda sogʻlom avlodni shakllantirishda muhim oʻrin tutadi. Bolalarda doʻstlik, halollik, jasorat, hurmat kabi insoniy fazilatlar oʻyinlar orqali shakllanadi. Shu sababli ular xalq pedagogikasining muhim vositasi sifatida qadrlanadi. Masalan, “Oq terakmi, koʻk terak”, “Chillak”, “Bekinmachoq”, “Arqon tortish” kabilar bolalarning epchilligi, chaqqonligi va jamoaviy hamkorligini rivojlantiradi. Ayrim oʻyinlarda esa qoʻshiq, sanama va sheʼriy parchalar qoʻllanib, bolalarning nutqi va xotirasini mustahkamlaydi.

Shuningdek, bolalar oʻyinlari orqali milliy til, urf-odat va anʼanalar oʻrganiladi, bu esa xalq madaniyatining saqlanishiga va rivojlanishiga yordam beradi. Bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar va oʻyin-kulgining boshqa turlari milliy bolalar oʻyinlariga boʻlgan qiziqishni kamaytirmoqda, shu bois ularni saqlash va rivojlantirish masalalari dolzarb hisoblanadi.

Ushbu maqola orqali biroz muddatga boʻlsa-da bolalikka qaytib, koʻchalarni toʻldirib oʻynagan oʻyinlarimizni eslaymiz.

“Beshtosh” (Sopalak/Toʻptosh)

Bu oʻyinda mayda toshlar yigʻiladi. Bitta tosh qoʻlda boʻladi. Uni tepaga otib, to qoʻlingizga tushgunga qadar yerdan yana bitta toshchani olishga ulgurishingiz kerak. Ulgurmasangiz, yutqazasiz.

Oʻyin tobora murakkablashib boradi: dastlabki bosqichda bittadan toshcha olgan boʻlsangiz, keyingilarida ikkitadan, uchtadan… Oxirgi bosqichda esa qoʻlingizdagi toshchani osmonga otib, to tushguncha yerdagi hamma mayda toshlarni terib olishga ulgurishingiz kerak boʻladi.

Bu oʻyin diqqatni jamlash muddatini va tezkorlikni oshirishda samaralidir. (Instagram, Tik-Tok kabi media tarmoqlarga joylanayotgan qisqa soniyali videolar diqqatni jamlash muddati kamayishiga sabab boʻlayotgan bir zamonda bolalarga milliy oʻyinlarimizni qaytarish foydali boʻlardi deb oʻylayman.)

“Mak-mak” (Lappak)

Bu oʻyinda yerga uzunasiga yetti qatorli katakchalar chiziladi – toq qatorlarga bittadan, juft qatorlarga esa ikkitadan gʻishtin uslubda. Katakchalar ichiga birdan oʻngacha boʻlgan raqam yoziladi. “Mak-mak” oʻynida toq katakchaga bir oyoqlab (hakkalab), juft katakchalarga ikki oyoqlab sakrash, “10”ga yetganda ortga ham xuddi shu zaylda qaytish kerak. “Lappak” oʻyinida esa lappa (yapaloq) toshni raqamlar ketma-ketligida katakchalar boʻylab, bir oyoqlab surib borish kerak. “10”ga yetganda (ikki oyoqni qoʻymagan holda) sakrovchi oyogʻingizni almashtirishingiz mumkin va ortga ham xuddi shu yoʻsinda qaytishingiz kerak. Qoida buzilish holatlaridan oʻyindan chetlatilasiz.

Bu oʻyin bolaning chidam va bardoshini mustahkamlabgina qolmay, boshqa bolalar bilan ijtimoiylashuviga yordam berib, jamiyatga qoʻshilib keta olish koʻnikmasini ham shakllantiradi. (Bundan tashqari, maktab yoshiga yetmagan bolalarga sanashni va katakcha chizishni ham oʻrgatadi.)

“Argʻamchi” (Rezinka)

Bu oʻyinda argʻamchining uchlari bir-biriga bogʻlanadi. Ikki ishtirokchi argʻamchini ichki tomonidan oyogʻi bilan ikki tomonga tarang tortadi. Avvaliga balandligi toʻpiqqacha boʻlgan argʻamchidan bola turli usullarda sakrab oʻtadi. Keyingi bosqichlarda argʻamchi balandligi koʻtariladi. Oʻyin bola argʻamchiga oyogʻi tegib ketgunga qadar davom etadi.

 

Bu oʻyin bolada jismoniy faollikni va kuzatuvchanlikni oshiradi.

“Posma-pos”

Bu oʻyin hududlarga qarab “Posildoq”, “Paqilloq”, “Loypasilloq” kabi turlicha nomlanishi ham mumkin.

Oʻyinda oddiy loy tayyorlanadi. Bola xuddi novvoy kabi loyni dumaloq shaklga keltirib, chetlarini qalin, oʻrtasini yupqa holatda yasaydi. Tayyor boʻlgan loyni kaftiga qoʻyib, yerga zarb bilan tashlaydi. Cheti qalin, oʻrtasi yupqa loy ters tomoni bilan yerga urilgani uchun ichida qamalib qolgan havo yupqa qismidan yorilib chiqqanda “piss” degan tovush chiqadi. Kimning loyi yorilmasa, u oʻyindan chetlatiladi.

Ushbu oʻyin bolani tabiat, shuningdek suv, tuproq, havo kabi elementlar bilan tanishtiradi. Bu esa insonning psixologik rivojlanish ontogenezida muhim bosqichlardan biri, bolaning immuniteti mustahkamlanadi va kelajakda tabiatsevar boʻlib ulgʻayishiga turtki beradi.

“Toshotar”

Bu oʻyinda gorizontal qoʻyilgan gʻisht tagiga turli xil qandqogʻoz bostiriladi-da, oʻsha gʻishtni belgilangan masofadan turib, tosh (yo kaltak, yo ichiga qum solinga baklashka) bilan chiyish (urib yiqitish) kerak boʻladi. Gʻishtni agʻanatgan bola gʻolib hisoblanib, gʻisht ostidagi qandqogʻozlarga ega boʻladi. (Qandqogʻozlar oʻyinda valyuta vazifasini bajaradi.)

 

Ushbu oʻyin bolaning koʻzini oʻtkirlashtiradi. Diqqatini jamlash qobiliyatini oshiradi. Moliyaviy savodxonlikka zamin yaratadi.

“Lanka” (Pari)

“Lanka/Pari” yungli teridan yasaladi. Yungning oʻrtasini ochib, qoʻrgʻoshin/tugma/baklashkaning qopqogʻi sim bilan qotiriladi. “Lanka” oyoqni bukkan holda kaft qismning ichki yon tarafi bilan tepaga tepib-tepib oʻynaladi. Lankani yerga tushirib yuborgan bola yutqazadi. Eng yuqori natija koʻrsatgan bola esa jamoada obro‘ qozonadi.

Ushbu oʻyin bolada mehnat layoqatini, jamoa bilan ahillikni shakllantiradi.

“Solay-solay” (Tashang-tashang)

Bu oʻyinda bir ishtirokchi kaftlari orasiga nimadir yashiradi-da, bir qator boʻlib tizilgan bolalar hovuchiga solayotgandek koʻrsatadi. Yashirilgan narsani kimningdir hovuchiga tashlaganda uni qatordan yulqib oladi. Keyin ikkalasi “adashib” kelish uchun bir chetga ketadi. Oʻsha vaqt qatordagi ishtirokchilarga qaysi topishmoqni aytishni maslahatlashib olishadi. Qaytib kelgach, qatorda tizilib turgan bolalarga topishmoq aytishadi. Birinchi boʻlib toʻgʻri javobni aytgan bola yana kaftlari orasiga narsa yashirib oʻyinni shu zaylda davom ettiradi. Boyagi topishmoq aytganlar esa qatordagi bolalarga qoʻshiladi.