Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Bayramga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayoni “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!”, degan bosh gʻoya asosida amalga oshirilishi belgilab olindi. Hech shubhasiz, mustaqillik yillari xalqimizning ming yillar davomida orzu qilib kelgan ozodlik, erk va erkinlik yoʻlidagi kurashlarining mantiqiy natijasi boʻldi. Bu yillar mobaynida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi. Oʻzbekiston jahon hamjamiyatining haqli ravishda toʻlaqonli aʼzosiga aylandi.
Ayniqsa, soʻnggi olti-yetti yil avval boshlangan yangilanishlar, xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda oʻtkazilayotgan islohotlar, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi dadil qadamlar nafaqat mamlakatimiz aholisida, shuningdek, jahon hamjamiyatida ham hursandchilik bilan kutib olinmoqda.
Bugun xalqimiz Yangi Oʻzbekiston aslida yangi hayot uchun kurash ekanligini, bu yoʻldagi saʼy-harakatlarsiz mamlakatimizda uzoq yillar davomida toʻplanib qolgan barcha sohalardagi muammolarni hal etish aslo mumkin emasligini yaxshi anglab turibdi.
Qolaversa, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi har bir kun biz uchun avvallari xayolimizga ham kelmagan imkoniyat va istiqbollarni yaratib bermoqda. Shu nuqtai nazardan ham, yuqorida nomi qayd etilgan qarorda oʻtgan qisqa, ammo tarixiy jarayonlar, islohotlarga boy tarixiy davr mazmun-mohiyatini ochib berish lozimligi taʼkidlanadi. Mazkur vazifani “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor”, degan hayotiy shior mohiyati va ahamiyati ila ochib berilishiga eʼtibor qaratilgani ham bejiz emas.
Shunday ekan, bizning vazifamiz ana shu ikki davrni adolat tamoyillariga amal qilgan holda xolis tahlil qilishdan iborat. Tahlillarni “Kecha” (1991-2016 yillar) va “Bugun” (2016-yildan hozirgacha) rukni ostida amalga oshiramiz. Ularning ayrimlari quyidagilardan iborat:
Kecha mamlakatimizda majburiy mehnat avj olganligi bilan ajralib turadi. Maʼlumki, 1930-yilda Xalqaro mehnat tashkilotining Majburiy mehnat toʻgʻrisidagi 29-konvensiyasida, keyinchalik, uning 2014-yildagi qoʻshimcha bayonnomasida majburiy mehnat qattiq taqiqlangan, uni amalga oshirish inson huquqlarini paymol qilishdan iborat ekanligi qayd etilgan boʻlsa-da, biroq uzoq yillar davomida bu masalaga bizda eʼtibor berilmadi.
Ayniqsa, oq paxta biz uchun “qora dog‘” boʻldi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, 2010-yilda mamlakatdagi va xorijdagi inson huquqlari faollari Oʻzbekistonda paxta yetishtirishda majburiy mehnat, ayniqsa, bolalar mehnatidan foydalanilgani uchun oʻzbek paxtasiga boykot eʼlon qilish boʻyicha petitsiyaga imzo chekdilar.
Mazkur davrda ijtimoiy hayotning qaysi jabhasida boʻlmasin xodimlarni asosiy faoliyatidan ish paytida ajratib olib, goʻyoki, “ijtimoiy foydali mehnat” bahonasida turli vazifalarni bajarishga majbur qilish odatiy hol boʻlib qoldi. Bu narsa ayniqsa, taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlarida hamda sogʻliqni saqlash sohasida avj oldi. Maktab oʻqituvchilari oʻz faoliyatining qariyb chorak qismini qishloq xoʻjaligi, obodonlashtirish, boshqa tashkilotlar funksional vazifalariga kirgan topshiriqlarni bajarishga majbur boʻldilar. Natijada taʼlim tizimi sifati keskin pasayib ketdi. Oʻqituvchi, murabbiylarning taʼlim tizimidan boshqa sohalarga oʻtib ketish darajasi oʻsdi. Bolalarning taʼlim olish darajasi tushib ketdi, ularning dunyodagi ilgʻor mamlakatlardagi oʻz tengdoshlaridan bilim saviyasi boʻyicha koʻrsatkichlari salbiy mazmunga ega boʻldi.
Bugun esa mamlakat rahbarining saʼy-harakatlari bilan majburiy mehnatga barham berildi. Aslida majburiy mehnatni taqiqlash boʻyicha jiddiy ishlar 2017-yilning boshidanoq boshlangan edi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining faol harakatini ham esdan chiqarmaslik lozim.
Xalqaro tashkilotlar, ekspertlar Oʻzbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlarini doimo qoʻllab-quvvatlab turdi. 2022-yil 10-mart kuni mamlakatimizda majburiy mehnatning bekor qilinganligi, rahbariyatning mazkur masala boʻyicha qatʼiy munosabatini eʼtiborga olib, “Cotton Campaign” xalqaro kaolitsiyasi Oʻzbekiston paxtasiga joriy qilingan boykotni bekor qildi. Shunday qilib, 12 yil davom etgan boykot barham topdi. Bu Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida erishgan katta va salmoqli yutugʻi edi. Mazkur masalada Oʻzbekiston rahbariyatining munosabati qatʼiy ekanligini yangi tahrirdagi Konstitutsiya misolida ham koʻrish mumkin. Uning 44-moddasiga koʻra majburiy mehnat taqiqlandi.
Kecha biz uchun koʻplab masalalar, bajarilishi qiyin boʻlgan vazifalar atayin jamiyatdan yashirildi. Shuning uchun ham bu davrda “yopiq mavzu”lar soni talaygina edi. Ana shunday “yopiq mavzu”lardan biri – kambagʻallik masalasi edi. Inson har doim yaxshi yashashga farovon turmush kechirishga, birovdan kam boʻlmaslikka harakat qiladi. Ammo Oʻzbekiston sharoitida biz kambagʻallik degan soʻzni ishlatishga shoshmadik. Aniqroq aytadigan boʻlsak, biz oʻzimizni oʻzimiz aldadik, rasmiy maʼlumotlarda bu haqida axborotlar berishni oʻzimizga ep bilmadik. Kambagʻallik soʻzi oʻrniga “ehtiyojmand”, “kam taʼminlangan” kabi soʻzlarni ishlatishga majbur boʻldik. Bu narsa rasmiy doiralarda muayyan darajada xotirjamlik kayfiyatini paydo qilgan boʻlsa-da, biroq aholining kambagʻallik darajasi, shunga mos ravishda, ijtimoiy norozilik holati yildan-yilga ortib boraverdi.
Bugun esa Oʻzbekiston hukumati katta siyosiy iroda koʻrsatib, mamlakatimizda kambagʻallik muammosi mavjud ekanligini, u uzoq yillar davomida shakllangan, oʻta ayanchli holatga aylanib borayotganligini baralla aytishdan choʻchimadi. Mamlakatimiz tarixida ilk bor mazkur masala 2020-yilning 24-yanvarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida koʻtarildi. Shuni taʼkidlash kerakki, bu masala ana shu paytdan boshlab Oʻzbekiston iqtisodiy-ijtimoiy siyosatining eng dolzarb masalasiga aylandi. Ayrimlarda aholiga moddiy yordam koʻrsatish, ijtimoiy nafaqa tizimini yaxshilash, turli imtiyozlar berish bilan kambagʻallik muammosini hal etsa boʻladi, degan fikr bor. Qayd etish lozimki, masalaga shu taxlitda yondashuv bir yoqlama yondashuv hisoblanadi. Buning natijasida ayrim masalalarni muayyan makon va vaqt holatida hal etish mumkindir. Ammo bunday yondashuv jamiyatda yillar davomida shakllangan kambagʻallik muammosini aslo hal etmaydi. Kambagʻallikni kamaytirishning eng ishonchli va tez etish yoʻli esa aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iboratdir.
Oʻzbekistonda kambagʻallikni kisqartirish boʻyicha xorij tajribasi jiddiy ravishda oʻrganildi. Uning aniq mexanizmlari ishlab chiqildi, kambagʻallik darajasini aniqlash mezonlari va baholash usuli, aholi moddiy taʼminotining minimal standartlari va meʼyoriy asoslarini puxta ishlab chiqish maqsadida Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro tashkilotlarning 14 nafar ekspertlari jalb qilindi. Bugungi kunda “2021-2023 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida kambagʻallikni qisqartirish konsepsiyasi” asosida jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda. 2022-yil yakunlariga koʻra kambagʻallik darajasi 17 foizdan 14 foizga kamaygan. Yil davomida 200 ming tadbirkorlik subʼektlari tashkil etildi. 10 ming korxona faoliyati kengaytirildi. 11 mingtasining quvvati tiklandi. Olib borilgan ishlar natijasida bugungi kunga kelib 1 million kishi kambagʻallikdan chiqarildi.
Kecha nihoyatda katta imkoniyatlarga ega boʻlgan holda mamlakat iqtisodiyoti, hususan sanoat sohasida olib borilgan tub oʻzgarishlar, islohotlar Oʻzbekistonni jahondagi yirik sanoati rivojlangan mamlakatga aylantirishga imkon bermadi. Ayni paytda, mavjud sanoat sohasi mamlakat va millatning toboro ortib borayotgan tabiiy ehtiyojlarini ham qondira olmadi. Ayniqsa, davlat korxonalarining transformatsiyasini hamda xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish yuz bermadi. Samarasiz korxonalar soni yildan-yilga ortib boraverdi. Oʻzbekiston sanoatini rivojlantirishning fundamental drayverlari yaratishda sustkashlikka yoʻl qoʻyildi. Sohaga zamonaviy, yuksak texnika va texnologiyalarning joriy etilishidagi kamchiliklar esa mehnat unumdorligini oshirishga yoʻl qoʻymadi. Yalpi ichki maxsulot tarkibida sanoat ishlab chiqarishi sohasining ulushi 2016-yilda 19,5 foizni tashkil etdi, xolos. Sanoat ishlab chiqarish sohasiga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 2010-yilda arang 4,9 trillion soʻmga yetdi.
Bugun esa Yangi Oʻzbekiston milliy iqtisodiyotining eng asosiy yoʻnalishi boʻlgan sanoat sohasini rivojlantirish asosiy vazifaga aylandi. Mamlakatimiz “agrar-industrial davlat”dan “industrial-agrar davlat”ga aylandi. Sanoat sohasidagi siyosatni samarali amalga oshirish, sanoatni innovatsion asosda tashkil etish, uni rivojlantirishda drayver va oʻsish nuqtalarini belgilab olish, ishlab chiqarishga ilgʻor texnologiyalarni jalb etish orqali sanoat tarmoqlari raqobatbardoshligi va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Olib borilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi. Bunday muvaffaqiyatlarga erishishda yalpi ichki mahsulotning chorak qismini tashkil etuvchi sanoat sohasining ulushi sezilarli boʻldi.
Hozirda jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay, Oʻzbekiston sanoati Mustaqil davlatlar hamkorligi mamlakatlari orasida jadal oʻsmoqda. Masalan, Oʻzbekistonda 2022-yilda sanoat ishlab chiqarishi fizik hajmi indeksining oʻsishi 5,2 foizni tashkil etga boʻlsa, bu raqam Qozogʻistonda 1,1 foizga, Rossiyada 0,6 foizga, Ozarbayjonda 1,1 foizga pasaygan. Mamlakatimizda sanoat sohasiga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli yutuqlar salmogʻi tobora ortib bormoqda. Masalan, 2022-yilda sanoat ishlab chiqarish hajmi 551,1 trillion soʻmga yetdi. Vaholangki, bu raqam avvallari 63 milliard soʻmdan iborat edi, xolos. Yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ishlab chiqarish sohasining ulushi 2022-yilda 26,7 foizni tashkil etdi, sohaga jalb etilgan investitsiyalar hajmi mazkur yilda 124,6 trillion soʻmga yetdi.
Kecha “mamlakat xavfsizligini taʼminlash” bahonasida oʻta qattiq va mutlaqo mantiqsiz pasport tizimi amal qildi. Oʻsha davrda Oʻzbekiston hududida 60 dan ortiq tekshirish punktlari tashkil etildi. Jumladan, Xorazmdan Toshkent shahrigacha 17 ta, Fargʻona vodiysidan poytaxtgacha 8 ta shunday punktlar faoliyat koʻrsatdi. Bunday punktlarning vazifasi davlat va millat xavfsizligiga “rahna solayotgan shubhali shaxslar”ni aniqlash, ularning respublika hududida erkin harakatlanishiga yoʻl qoʻymaslik edi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, odamlar oʻz yaqinlarining janoza tadbirlariga, toʻy-marosimlariga ham bora olmay qoldilar. Bahona bitta: tekshiriluvchining yo pasporti yodidan chiqib qolgan yoki bunday shaxslar tekshiruvchilarda shubha uygʻotgan. Tabiiyki, bunday holat odamlarimizda haqli noroziliklarni keltirib chiqarardi. Ayniqsa, xorijdan kelgan mehmonlarning bunday punktlardan oʻtishidagi jiddiy muammolar vaziyatni yanada keskinlashtirar, ularda Oʻzbekistonga boʻlgan ishonch kayfiyatining soʻnishiga sabab boʻlardi.
Bugun esa oʻsha tekshiruv punktlari bekor qilindi. Mashhur qiziqchimiz aytgani kabi “endi fuqarolarimiz oʻzlarini bemalol Oʻzbekistonlikmiz, deya olyaptilar”. Bugun yoʻllarimizda hech qanday punktlar, postlar, sunʼiy toʻsiqlar yoʻq. Odamlarimizning mamlakatimiz boʻylab erkin-emin harakatlanishini koʻrib inson hayratga tushadi:
– Boʻlar ekan-ku, nahotki, bir mamlakatning aholisi boʻlsakda, bir-birimizga ishonmasak, hujjatsiz harakat qila olmasak?
Tekshiruv punktlarining bekor qilinishi oqibatida odamlar orasida muayyan darajada shakllanib borayotgan ishonchsizlik kayfiyati yoʻqoldi, kishilar va kuch ishlatar organlari oʻrtasida oʻzaro ishonch va samimiylik rishtalari paydo boʻldi.
Kecha mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotini korrupsion holatlarsiz tasavvur etib boʻlmas edi. Oʻzbekiston jamiyatida “sendan ugina, mendan bugina” qabilida ishlash tizimi avj olgan edi. Ayniqsa, taʼlim, sogʻliqni saqlash, qurilish sohalarida korrupsiya holatlari juda koʻp uchrar, odamlarning norozilik kayfiyati esa tobora ortib borardi.
Korrupsiya holatining jamiyat ijtimoiy qiyofasiga salbiy taʼsiri kuchlidir. Bu narsa jamiyatda ijtimoiy tabaqalanishning kuchayishiga, qonun ustuvorligi tamoyillarining obroʻsizlanishiga taʼsir etadi. Ayniqsa, mazkur salbiy holat xalqning davlatga, hukumatga boʻlgan ishonchini yoʻqotib, xalqaro hamjamiyatda mazkur mamlakatga boʻlgan doʻstona munosabatlarga putur yetkazadi.
Taʼlim tizimida shakllangan korrupsiya holatlari, poraxoʻrlik, taʼmagirlik jamiyat uchun zarur boʻlgan har tomonlama yetuk mutaxassis kadrlar korpusining shakllanishiga imkon bermadi. Toʻgʻri, ana shunday murakkab sharoitga qaramasdan oʻz hayotiy prinsiplaridan voz kechmagan minglab vatandoshlarimizni topish mumkin edi. Ular jamiyat hayotining barcha jabhalarida oʻz vazifalariga vijdonan munosabatda boʻldilar. Ommaviy axborot vositalarida, turli anjumanlar, yigʻilishlarda korrupsiya jamiyatni ichidan turib yemiradigan qurt ekanligini, u bilan jiddiy, tizimli ravishda kurashish davlat va jamiyatning hayot-mamoti ekanligini qayd etishdan charchamadilar.
Bugun esa ana shunday mexanizm, chuqur oʻylangan taʼsirchan tizim yaratildi. Taʼbir joiz boʻlsa aytish kerakki, 2016-yilning oxiridan mamlakatimizda boshlangan yangilanishlarning aynan korrupsiya balosidan qutqarishdan boshlanganligi juda toʻgʻri boʻldi. Chunki, jamiyatda amalga oshirilishi moʻljallangan barcha islohotlar taqdiri oʻsha mashʼum holatni yoʻq qilish bilan bogʻliq edi. Shuning uchun ham muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Qonunchilik palatasida 2016-yil 24- noyabrda tasdiqlangan, oʻsha yilning 13-dekabrida Senat tomonidan maʼqullangan va 2017-yil 3-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzosi bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni mamlakatimizda mazkur masalaning oʻta jiddiy maʼnoga ekanligiga qaratilgan yana bir eʼtibor edi. Ushbu farmonga binoan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Bu esa shubhasiz, jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning davomiyligi va hayotbaxsh ekanligini taʼminlash yoʻlidagi dadil qadam edi. Shuningdek, sohadagi ijobiy oʻzgarishlar mamlakatimiz taraqqiyotini taʼminlash bilan birga xalqaro reytinglar va indekslarda yuqorilashga va yurtimiz nufuzini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Masalan, 2022-yil uchun “TRANSPARENCY INTERNATIONAL” tashkilotining korrupsiyani qabul qilish indeksi reytingida Oʻzbekiston 2021-yilda 2020-yilga nisbatan 7 pogʻona yuqorilab, 140-oʻrinni, 2022-yilda esa 14 pogʻonaga yuqorilab, 126-oʻrinni egalladi hamda indeks bahosida qatorasiga 5 yil davomida barqaror oʻsishga erishdi.
Bugun bu borada olib borilayotgan tizimli ishlar tufayli, ayniqsa, korrupsiya holati juda avj olgan taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida mehnat qilayotgan yuz minglab xodimlar maoshlarining oshirilishi, ular mehnatini munosib baholash mexanizmlarining yaratilishi, hech shubhasiz, Oʻzbekiston jamiyatida uning ildizlarini yemirishda asosiy rol oʻynaydigan korrupsiya holatlarining tag-tomiri bilan yoʻq qilishga xizmat qiladi.
Kecha odamlarimiz oʻz peshona teri bilan ishlab topgan pul mablagʻini naqdlashtirish borasida azob chekdi. Banklar bu vazifani uddalab berolmadi. Doʻkonlardan maxsulot oladigan boʻlsak ularning narxini 10 foizga qimmat baholarda olishga majbur boʻldik. Bozorlardan maxsulot sotib olishdan ham murakkabroq muammo yoʻq edi. Oʻsha paytlari hayotimizda “обнальшик” degan “ishbilarmonlar”ning yangi toifasi yuzaga keldi. Bunday ishbilarmonlar pulni naqdlashtirish uchun odamlar ustidan 30, hatto 40 foizgacha sudxoʻrlik qilishdi. Biz esa chidashga majbur edik. Bu borada ayniqsa davlat sektorida ishlaydiganlar, oʻqituvchilar, sogʻliqni saqlash xodimlari eng koʻp zarar koʻrdilar. Oladigan maoshning tayini, choʻgʻi yoʻq. Biroq biz farzandlarimiz rizqini qiyib, katta-katta foiz hisobiga oʻz mehnatimiz evaziga ishlab topgan pulimizni qandaydir “ishbilarmon”larga berishga majbur boʻldik.
Milliy valyuta almashinuv jarayoni ham jiddiy ravishda buzilgan edi. “Qora bozor” savdosi avj oldi. Buning natijasida savdo-sotiq, tadbirkorlik va ishbilarmonlik jarayonlarida sunʼiy toʻsiqlar yuzaga keldi.
Bugun esa oʻsha muammo tag-tugi bilan hal boʻldi. Barcha qishloq-shaharlarda bank kartalaridagi pullarni naqdlashtirishning 24/7 tizimi ishga tushdi. Ayni paytda pul-kredit siyosati sohasida koʻlamli islohotlar amalga oshirildi, jumladan, toʻlov tizimlari rivojlantirildi, chet el valyutasini sotib olish imkoni yaratildi, naqd pul muammosi hal etildi, uzluksiz ishlovchi avtomatlashtirilgan bankomatlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu esa odamlarda ertangi kunga boʻlagan ishonchini yanada mustahkamladi.
Kecha mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoyalash boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilganini taʼkidlash lozim. Kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muxtoj fuqarolar roʻyhati tuzildi, ularning munosib turmushini tashkil etish boʻyicha choralar koʻrildi. Qator-qator dasturlar, konsepsiyalar yaratildi. Biroq bu ishlar oʻz samarasini bermadi. Biz yuqorida qayd etganimiz kabi, kambagʻallik darajasi pasaymadi, aksincha, uning salmogʻi ortib boraverdi. Turar joyga ega boʻlmaganlar soni yildan-yilga koʻpayib bordi. Ishsizlik muammosi hal etilmadi. Har yilgi xisobotlarda ish bilan taʼminlanganlar soni 700 mingdan bir million kishigacha etib taqdim etilgan boʻlsa-da, ammo real hayotda ularning soni juda kam edi. Mamlakatda xalq manfaatlarini ifoda eta olmaydigan “davlat – jamiyat – inson” tamoyiliga amal qilindi. Davlat qurilishi va boshqaruvi, barcha siyosiy tuzulmalar, ularning ish uslublari va faoliyati ham ana shu tamoyil asosida shakllangan edi.
Bugun esa inson, uning haq-huquqlari va baxt-saodati davlat siyosati, barcha davlat organlari faoliyatining eng ustuvor va muqaddas maqsadiga aylandi. Jamiyat qurilishi va davlat boshqaruvida ana shu muhim va ezgu gʻoyaga suyanilmoqda. Bunday siyosat “Davlat – inson uchun” va “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.
Bugun davlat budjetining asosiy qismi ijtimoiy sohaga ajratilmoqda. 2023-yili davlat budjetida 130 trillion soʻm, yaʼni jami xarajatlarning salkam 50 foizi ijtimoiy sohaga ajratilgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, ularning har bir qatlamini manzilli qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim mexanizmi joriy qilindi. Xususan, 2017-yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, bugun 2 milliondan ortiq oilaga koʻmak berilyapti. Ajratilgan mablagʻlar esa 7 baravarga koʻpaydi.
Alohida eʼtibor kam taʼminlangan oilalardagi bolalarga qaratilmoqda. Bunday bolalarni parvarishlash uchun toʻlanadigan nafaqa qamrovi kengayib, nafaqa tayinlashda inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi, mazkur toʻlov muddati 6 oydan 12 oygacha hamda nafaqa miqdori oʻrtacha 1,5 barobar oshirildi.
Masalaning huquqiy asoslari ham yaratildi. Jumladan, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 115- va 122-moddalari bilan aholini ijtimoiy himoyalash masalalari huquqiy kuchga aylantirildi. Umuman, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq normalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda 3 barobar oshdi.
Oʻzbekiston davlatining aholi ijtimoiy himoyasini toʻlaqonli ravishda taʼminlashga doir faoliyatida, soʻzsiz, Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 1-iyundagi farmoni bilan Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi katta voqea boʻldi. Bu – juda katta, misli koʻrilmagan yutuq.
Kecha ming yillar davomida oʻzaro qardoshlik munosabatlarini yoʻlga qoʻyib kelgan, anʼanaviy tarzda bordi-keldi aloqalari asosida yashab kelgan qardoshlarimiz – Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Turkmaniston davlatlari bilan boʻlgan chegaralarimiz taqa-taq berk edi.
Hech qachon yodimdan chiqmaydigan hayotiy misol: 2014 yili Namangan viloyatining Kosonsoy tumani va Qirgʻiziston Respublikasi chegarasida bir tomonda mushtipar ona, chegaraning narigi tarafida bir necha yillar avval qoʻshni davlatga kelin boʻlib tushgan oʻsha onaning qizi bir-birlariga qarab yum-yum yigʻlab turibdilar. Kelin oʻz farzandiga toʻy qilyapti. Ona esa oʻz nabirasining toʻyida ishtirok eta olmaydi. Chunki chegaradan oʻtish mumkin emas. Bunday holatni koʻrishning oʻzi azob. Afsuski, ana shunday vaziyatni barcha qoʻshni davlatlar chegaralarida ham koʻrish mumkin edi. Qanchadan-qancha vatandoshlarimizning yurak-bagʻri ezilib ketmadi-ya...
Bugun esa sunʼiy ravishda qoʻyilgan va qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarning keskinlashishiga salbiy taʼsir koʻrsatgan barcha toʻsiqlar olib tashlandi. Toʻgʻri, davlat chegaralari muqaddas hisoblanadi, ularni koʻz qorachigʻidek asrash har birimizning burchimiz. Masalan, Oʻzbekiston bugun Qozogʻiston bilan 2356, Qirgʻiziston bilan 1476, Tojikiston bilan 1282, Turkmaniston bilan 1831 kilometr chegaralarga ega. Ularning har bir qarichini himoya qilish fuqarolik vazifamizdir. Biroq bugun butun dunyoda kuchli globallashuv ketayotgan bir davrda u yoki davlatning faqat oʻz qobigʻida yashashi mutlaqo mumkin emas. Ayniqsa, asrlar davomida bir daryodan suv ichib, qiz berib, qiz olgan oʻzbek-tojik, oʻzbek-qozoq, oʻzbek-qirgʻiz, oʻzbek-turkman oilalarini qanday qilib ajratib tashlash mumkin?!
Shuning uchun ham Markaziy Osiyo davlatlari Oʻzbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbusni qoʻllab-quvvatladilar, ular kuchli siyosiy iroda namoyish qildilar. 2017-yili Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi chegaralar ochila boshladi. 2019-yil holatiga kelib, Oʻzbekiston va Tojikiston chegarasidagi barcha 17 ta nazorat-oʻtkazish punktlari faoliyati qayta tiklandi. Huddi shunday ishlar boshqa qoʻshni davlatlar bilan chegaralarda ham amalga oshirildi. Buning natijasida bir tomondan, har ikki davlat fuqarolarining azaliy doʻstlik rishtalari yana jonlandi, uzoq yillar bir-birining diydoriga toʻymagan yaqinlar, doʻst-birodarlar yana yaqinlashdilar.
Kecha Oʻzbekistonda kichik vatani – oʻz uyiga ega boʻlmagan yuz minglab oilalar bor edi. Odamlarni munosib uy-joy bilan taʼminlash haqida koʻp gaplar boʻlgan boʻlsa-da, biroq, mazkur masalani real hayotda amalga oshirish imkoni boʻlmadi. Oʻsha paytlarda turli oilalardagi hayot tarzidan xabarimiz bor: katalakdek kichik uylarda uch, toʻrttalab oilalar oʻnlab yosh bolalari bilan istiqomat qilar, munosib turmush uchun ularda na sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilinar, na normal ijtimoiy muhit bor edi. Hayotning ogʻirligidan oilaviy kelishmovchiliklar kuchayib borar, ajralishlar salmogʻi esa yildan-yilga ortib bordi.
Keling, yaxshisi, birgina misol keltiraylik: 1991 – 2016 yillarda Toshkent shahrida 77,2 ming xonadonli 1287 ta koʻp qavatli uylar qurildi xolos. Toshkent shahridek azim makonda bu raqam dengizdan tomchi edi. Uy-joyga muxtoj boʻlganlarni har bir toifadagi fuqarolar ichidan topsa boʻlardi. Qanchadan-qancha olimlar, ziyolilar, hatto mamlakat va millat xavfsizligini taʼminlashga masʼul boʻlganlar uy qidirib sarson-sargardon boʻldilar. Axir buni unutib boʻladimi?! Yaqin tarix-ku!
Bugun mamlakatimiz katta qurilish maydoniga aylandi. Natijada soʻnggi 6 yilda mamlakatimiz boʻyicha 300 mingta yoki avvalgi yillarga qarganda 10 barobar koʻp uy-joy qurildi. Bugungi kunda mamlakatimizning qaysi hududiga bormang, barchasida jadal ravishda uy-joy qurilishi davom etmoqda. Baʼzan odam hayron qoladi: nahotki, Oʻzbekistonda oʻz kichik vatani – uy-joyiga ega boʻlmaganlar shunchalik koʻp boʻlsa?! Ha, haqiqatdan ham shunday edi. Bugun Oʻzbekistonda har bir oilani uy bilan taʼminlash davlat oldidagi eng katta vazifaga aylandi. Shu maʼnoda, 2023-yil 13-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “2023 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni alohida taʼkidlash lozim. Odamlarni uy-joylar bilan taʼminlashda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish alohida ahamiyatga ega boʻldi. Jumladan, “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa davlat dasturlari doirasida qurilgan massivlarning boʻsh yerlarida koʻp qavatli uy-joylar qurish davom ettiriladi va 2023-yilda qurish hajmlari 90 mingtaga yetkaziladi. Birgina joriy yilda 38 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 31 mingta, boshqa davlat dasturlaridagi massivlarda 8 mingta, xususiy pudrat tashkilotlari hisobidan 51 mingta kvartiralar qurilishi belgilandi. Kelgusi yetti yilda 15 milliard AQSh dollari yoʻnaltirish hisobiga, qoʻshimcha 1 million xonadonli uy-joylar qurilishi taʼminlanadi. Bu tom maʼnoda buyuk gʻalaba boʻladi.
Kecha milliy madaniyatimiz aholining madaniy ehtiyojlarini qondirish borasida maʼlum darajada ish olib borgan boʻlsa-da, biroq bu borada toʻlaqonli faoliyat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlmadi. Koʻplab islohotlar oʻtkazishga harakat qilingan boʻlsada, ularning samaradorlik darajasi past boʻldi. Madaniyat maskanlarini boshqarishning huquqiy bazasi juda eskirgan, madaniyat va sanʼat xodimlarini ijtimoiy himoyalash tizimi yaroqsiz holga kelib qolgandi. Uzoq yillar davomida “Madaniyat toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinmadi.
Bugun esa madaniyat va sanʼat tom maʼnoda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Shuni alohida qayd etish lozimki, 2017-2023-yillar mobaynida madaniyat va sanʼat sohasiga oid 4 ta Qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 35 tadan ortiq farmon va qarorlari, Hukumatning 100 dan ortiq qaror va farmoyishi qabul qilindi. Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bora 2021-yil 23-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinib, madaniyat va sanʼat muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi belgilandi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratildi. Ilk marotaba 15 aprel – Madaniyat va sanʼat xodimlari kuni etib belgilandi. Milliy va jahon madaniyati namunalari bilan aholiga sifatli madaniy xizmat koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, Oʻzbekiston Teatr arboblari uyushmasi, Xalqaro festivallar direksiyasi, “Bahor” davlat raqs ansambli faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Oʻzbek milliy maqom sanʼati va Respublika Baxshichilik sanʼati markazlari hamda uning huzurida Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi, Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek Milliy musiqa instituti, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada instituti, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari tashkil etildi. Adolat yuzasidan qayd etish lozimki, uzoq yillar mobaynida Oʻzbekiston sanʼatiga bunchalik darajada katta eʼtibor berilmagan edi.
Kecha mamlakat taʼlim tizimi muammolar girdobida oʻralashib qolgan edi. 2016-yilda bolalarni maktabgacha taʼlim tizimiga qamrab olish darajasi 27 foizdan oshmas edi. Bunday muassasalarning moddiy-texnik bazasi oʻta nochor boʻlib, ularning binolari deyarli yaroqsiz holga kelib qolgan, bogʻchalarni malakali tarbiyachilar bilan taʼminlash holati barchani tashvishga solar edi. Xususiy maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etish amri mahol edi. Maktab taʼlim tizimidagi ahvol esa undan ham battar edi. 1997-yilda qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun va Kadrlar tayyorlash boʻyicha milliy dastur zamonaviy talablarga javob bermas, uning konseptual jihatlari allaqachonlar eskirgan boʻlib, samaradorlik darajasi juda past edi. Taʼlimga zamonaviy metodikani olib kirish masalasi esa oʻtkir muammo boʻlib qolaverdi. Maktablarda taʼlim sifatining pastligi, xorij tajribasiga beeʼtiborlik, majburiy mehnatning avj olganligi, oylik maoshlar hajmining oʻta kamligi tufayli oʻqituvchilar, ayniqsa, erkak oʻqituvchilar taʼlim muassasalarini tark etishga majbur boʻldilar.
Kasb-hunar kollejlarini tashkil etish biror-bir natija va samara bermadi. Uzoq yillar davomida bunday taʼlim muassasalarida millionlab oʻgʻil-qizlarimiz taʼlim va kasb-hunar egallagan boʻlsalarda, uning natijasi jamiyatni qoniqtirmadi. Oliy taʼlim tizimidagi ahvol ham deyarli qoniqarsiz edi. 2016-yilgi maʼlumotlarga koʻra yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 9 foizdan oshmadi. Shu davrda mamlakatimizda birorta ham nodavlat oliy taʼlim muassasasi tashkil etilmadi. Sirtqi taʼlim tizimi yopildi.
Bugun esa taʼlim tizimi tom maʼnoda yangilanmoqda. 2023-yilgi maʼlumotlarga koʻra bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 72 foizga yetdi. Maktab taʼlimida qisqa vaqt ichida qoʻshimcha 700 ming oʻquvchi oʻrni yaratildi, 200 ga yaqin mutlaqo yangicha mazmun va shaklga ega boʻlgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda 400 ta xususiy maktab tashkil etildi.
Taʼlimga zamonaviy metodika, sifat va raqobat kirib kelishi, darsliklarning eng ilgʻor xorijiy tajribalar asosida toʻliq yangilanishi, maktablarga minglab xorijiy muallimlarning taklif etilishi maktab taʼlimining yaxshilanishida alohida rol oʻynadi. Ayniqsa, oʻqituvchi va murabbiylar mehnatiga munosib haq toʻlash boʻyicha aniq chora-tadbirlarning koʻrilishi ushbu soha mutaxassislarining nufuzini yanada oshirdi.
2022-yilgi maʼlumotlarga koʻra yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 38 foizga yoki 4,2 barobarga ortdi. Oliy taʼlim muassasalarining soni 2016-yildagi 77 tadan bugungi kunda 210 taga oshdi. Shuningdek, 65 ta nodavlat oliy taʼlim muassasalari tashkil etildi, xorijiy oliy taʼlim muassasalari soni 4,2 barobar koʻpaydi.
Yana shu narsani qayd etish lozimki, qisqa vaqt ichida avvallari biz uchun mutlaqo notanish boʻlgan, bizning tassavvurimizda ham boʻlmagan, mohiyatan yangi tushunchalar, atamalar paydo boʻldi. Gap “Yangi Oʻzbekiston”, “Uchinchi Renessans”, “Prezident Xalq qabulxonalari”, “Ijtimoiy axloq”, “Maʼrifatli jamiyat”, “Yangi maʼnaviy makon”, “Davlat – inson uchun” kabi koʻplab yangi atamalar nomlanishi xususida ham emas. Eng asosiysi, bugun shu kabi tushunchalar mamlakatimiz aholisining real hayotiga toʻliq kirib kelganligi, ular xalqimiz hayotida aniq samara va natijalar berayotganligidadir. Aslida “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun”, degan bosh gʻoyaning roʻyobi ham shunda, deb oʻylaymiz.
Abduxalil MAVRULOV,
tarix fanlari doktori, professor