Bugungi kunda slavyan til turkumining bir tarmogʻida soʻzlashuvchi bolgar (bulgʻor)lar ilk oʻrta asrlarda Bolqon yarim orolining kunchiqar boʻlagida – Qora dengizning kunbotar qirgʻoqlarida muqimlashdi. Deyarli bir yarim ming yildan beri shu yerda istiqomat qiladilar. Dunyoga bolgar yoki bulgʻor nomi bilan tanilgan bu elning oʻtmishi oʻrta osiyolik turkiylarga ulanishi, Bolqon yarim orolida ilk turkiy davlatni qurib, Sharqiy Yevropada turkiylar salmogʻining oshishiga ulush qoʻshgani haqida oʻzbek matbuotida onda-sonda boʻlsa ham maʼlumotlar oʻqib qolamiz. Biroq bulgʻorlar soʻzlashgan til qanday boʻlgan, nega ular oʻz tilini unutib, slavyan tiliga oʻtib ketgan degan savollar kishini ikkilantirib qoʻyadi. Bugun oʻzlarini “bolgar” deb ataydigan xalq bu toʻgʻrida nima deydi-yu, kelib chiqishi turkiylarga borib taqalishiga qanday qaraydi, – bu koʻpchilikni qiziqtirsa kerak.

Yunon, slavyan, arab, fors va boshqa tillardagi yozma manbalar va oʻzlari yozib qoldirgan eski bitiklardan anglashilicha, VI–IX yuzyilliklarda Sharqiy Yevropada – Bolqon yarim oroli, Dunay irmogʻi qirgʻoqlari, Qora dengizning shimoli, Shimoliy Kavkaz va Volgaboʻyida yashagan turkiylar sezilarli darajada bir-biriga yaqinlashadi, bundan ming yil oldin turkiy tilda soʻzlashib, xon va beklari oʻzlarining turkiy ismlari bilan dovruq qozonadilar.

IV-V yuzyilliklarda Oltoy – Tangritogʻdagi ona yurtlaridan kunbotarga yoʻl olib, Sharqiy Yevropa tuproqlarini egallagan xunlarning bir tarmogʻi boʻlgan bulgʻorlar qardoshlari avarlar, xazarlar, mojor (venger)lar bilan birga uzoq yillar turli slavyan, german va rumin elatlari bilan qoʻshni boʻlib yashaydilar. Yevropaning kunchiqaridagi Dunay va Dnestr, Kuban va Volgaboʻyida ilk turkiy siyosiy uyushmalarni qurib, turkiylarning dovrugʻini yoygan Yevropa Xun imperiyasi (370-469), Avar xoqonligi (562–823), Xazar xoqonligi (650–955) va Venger (Oʻn-oʻgʻur) qirolligi (X–XII yuzyil.) kabi turkiy davlatlardan biri oʻlaroq I Bulgʻor qirolligi (632–671) oʻzidan koʻplab madaniy izlar qoldiradi.

Turkiylar va slavyanlar kelishlaridan oldin Bolqon yarim orolida tili hind-yevropa til oilasining bir tarmogʻi boʻlgan frakiylar deb ataluvchi elat yashagan. Bundan ikki ming yilcha oldin – I yuzyillikda Rim imperiyasi tomonidan bosib olingan frakiylar oʻlkasiga turkiylar odimi V yuzyillikning birinchi yarmida yetadi. Xun imperatori Atilla (434–453) boshchiligidagi qoʻshinlar, ayniqsa, bulgʻorlarning ilk ota-bobolari bugungi Bolgariya oʻlkasini qoʻlga kiritgach, bu yerda turkiy elatlarning salmogʻi oshadi. Qubrat-xon (632–665) Buyuk Bulgʻor qirolligini tuzib, Bolqondagi oʻnlab el-uluslarni qoʻl ostida birlashtiradi, frakiylar yurtida turkiylar bilan birga turli slavyan elatlari ham oʻrnasha boshlaydi. Vizantiya imperiyasining shimoliy tuproqlaridan german yerlarigacha yoyilgan Bulgʻor qirolligi Qubrat-xon vafotidan soʻng uning 5 ta oʻgʻli – Bat-Boyon, Qutrag‘, Asparux, Kuber va Alchek tomonidan ayri-ayri “oʻrda”larga boʻlinib boshqariladi. Ular orasida Asparux (Ishbara – 640–700-yy.) tomonidan qurilgan Dunay Bulgʻor davlati (681–1018) bugungi kunda Bolgariya oʻtmishining eng yorqin chogʻi – “oltin davri” oʻlaroq ayricha ardoqlanadi (Bolgariyaga yoʻlingiz tushsa, birgina Asparux-xonga atalgan oʻnlab yodgorliklarga koʻzingiz tushishining oʻziyoq turkiy bulgʻorlarning oʻzlaridan qanchalik yorug‘ iz qoldirganini koʻrsatib turadi).

Bolgariyada Asparux-xon uchun oʻrnatilgan haykallar

(Strelcha, Plisk, Dobrich shaharlari)

Qubrat-xon yodgorligi

Dunay Bulgʻor davlatining atoqli boshqaruvchisi Bars (Boris – 852–889 yy.) Vizantiyaga yaqinlashib, xristianlik inonchini oʻz elida yoya boshlagach, boshqaruvchi elat – bulgʻorlar va ular qoʻl ostidagi slavyanlarning oʻzaro birlashish jarayoni yanada kuchayadi va eng soʻnggida slavyan tili ularning yalpi soʻzlashuv tiliga aylanadi. Bulgʻor turkchasi esa oradan koʻp yillar oʻtib, unutiladi. Bu tilning bir tarmogʻi boʻlmish Volga bulgʻorchasi yana yuz yillar yashab, oʻz oʻrnini chuvash turkchasiga boʻshatib beradi.

Bulgʻor tili

Eng eski turkiy til tarmoqlaridan biri boʻlgan, koʻpincha “Dunay bulgʻorchasi”, “Volga bulgʻorchasi” atamalari ostida tanilgan bu turkiy til oʻrta asrlarga kelib oʻlik tilga aylanadi. Sharqiy Yevropadagi Dunay daryosi qirgʻoqlarida yashagan bir turkum bulgʻorlar bitiklarini eski turk-run yozuvining bir tarmogʻida bitganlar va ulardan ayrimlari bizgacha yetib kelgan. “Dunay bulgʻorchasi”, “Volga bulgʻorchasi” atamalari shundan kelib chiqqan. Shuningdek, Volga daryosi qirgʻoqlarida, bugungi Tataristonning boshkenti Qozon shahri tegrasida XIII-XIV yuzyilliklarga oid yuzlab qabrtosh bitiklari bugungi kungacha saqlanib qolgan. Dunay bulgʻorchasiga tegishli bir necha oʻnlab soʻzlar yunon va slavyan yozuvlarida bitilgan boʻlib, ular ilk oʻrta asrlarga borib taqaladi. Bundan tashqari, bugungi kungi slavyan tilli bolgar va ularga qoʻshni ayrim slavyan tillarida, fin-ugor elati vengerchada, Shimoliy Kavkazdagi cherkaslarda eski bulgʻorchadan oʻtgan yuzlab oʻzlashma soʻzlar uchraydi. Ayniqsa, venger tilida 500 ga yaqin bulgʻorcha soʻz borligi aniqlangan. Kuban bulgʻorlari va qipchoqlarning izdoshlari deb qaraladigan qorachoy-bolqor, qrimchak va qarayim turkchalarida ham bir necha oʻnlab eski bulgʻorcha soʻzlarga duch kelinadi.

“Bulgʻor” etnik atamasining oʻziyoq ularning turkiy elat boʻlganini koʻrsatadi. Eski turkcha “bulgʻamoq, aralashtirmoq, qorishtirmoq” feʼli – bulgʻa- + är/er “er, kishi” qoʻshimchasi negizida yasalgan deb qaraladigan “bulgʻor” etnik atamasi koʻpgina turkiy tillarda, ayniqsa, oʻzbek tilida Bolqondagi slavyan tillilarning bir boʻlagi uchun, shuningdek, Volga boʻyining turkiy aholisi bilan bogʻliq qoʻllanilgan: “bulgʻori” (terining bir turi), “bulgʻori etik” va boshqalar. Shu bilan birga, ayrim izlanuvchilar bulgʻor atamasining kelib chiqishi “Oʻzak turkcha” yoki “Oʻzak oʻgʻur-bulgʻorcha” bel / bul “besh (5)” + oʻgʻur “oʻgʻuz (urugʻlar birlashmasi)” soʻzlariga borib taqalishini, bel-oʻgʻur atamasi “besh oʻgʻuz (5 ta qabila) uyushmasi” anglamida ekanini ilgari suradilar. Shu oʻrinda, bel-oʻgʻur – bulgʻor soʻzining oʻziyoq bu elatni turkiylarning oʻgʻur-bulgʻor tarmogʻiga tegishli degan qarashni kuchaytirishni aytib oʻtish kerak.

Shu oʻrinda, bugungi slavyan xalqlarining eng janubiy tarmogʻi boʻlgan, deyarli ming yildan beri Bolgariya oʻlkasining tub yerliklari boʻlgan bolgar tili bulgʻor tilidan butunlay boshqachadir. Ilk oʻrta asrlarda Bolqon yarim oroliga kelib oʻrnashgan bulgʻor turklari koʻp oʻtmay oʻz qoʻl ostidagi slavyanlarning tilida soʻzlashishga oʻtgach, bu til muomaladan toʻxtadi: bugungi kunda “bulgʻor” degan nomdan boshqa deyarli biror narsa saqlanib qolmagan. Shunday boʻlishiga qaramay, ayrim izlanuvchilar Bolgariya oʻlkasining ilk oʻrta asrlar tarixini, ayrim soʻz va atamalarni bulgʻor turklari bilan bogʻlab tushuntirishga intiladilar.

Bulgʻor tilining toʻgʻridan-toʻgʻri izdoshi bugungi kunda chuvash turklaridir. Quyida birmuncha toʻlaqonliroq koʻrib oʻtish uchun keltirilgan bulgʻorcha va chuvashcha sanoq sonlarining deyarli bir ekani buni koʻrsatib turibdi: 2 – bulgʻorcha eki – chuvashcha ikkĕ; 3 - weç – vişşĕ; 4 – töet – tăvattă; 5 – biel – pillĕk; 6 – alti – ulttă; 7 – ciyeti – şiççĕ; 8 - sekir – sakkăr; 9 - tohir – tăhhăr; 10 - wan – vunnă.

Milodiy bir mingyillikning oʻrtalaridan boshlab Vizantiya (yunon) va arman tilli yozma manbalarda tilga olinib, oʻsha chogʻlardan XIII-XIV yuzyilliklargacha boʻlgan, deyarli bir yarim mingyillik vaqt kesimida soʻzlashuv va yozma til oʻlaroq qoʻllanilgan bulgʻor tili oʻz oʻrnini qipchoq tiliga boʻshatib beradi. Shuningdek, bu tilda soʻzlashgan turkiy elatlarning bir boʻlagi butunlay boshqa til turkumlarida soʻzlashuvchi slavyan, fin-ugor va kavkaz tilli elatlar orasiga singib ketadi.

Eski xun tilining bir tarmogʻi deb qaraladigan bulgʻor turkchasi oʻgʻuz, qarluq va qipchoq turkchalaridan keskin ajralib turadi, bir qaraganda ularni tushunish qiyin. Bulgʻorcha soʻzlarni tushunish uchun bu borada anchagina oʻqib-oʻrganish kerak boʻladi. Bu tilning oʻziga xos soʻzlarga ega boʻlganligi, ayrim tovushlarning butunlay boshqacha qoʻllanilishi boshqa turkiy el-ulus vakillariga qiyinchilik tugʻdiradi. Bulgʻorcha va unga yaqin xazar tili bilan boshqa turkiy elatlar bir-birini yaxshi tushuna olmaganliklari oʻz davri yozma manbalarida ham oʻrin olgan, – boshqa-boshqa tillar deb keltirilgan.

Dunay bulgʻorlarining tili

Osiyoning kunchiqari – Moʻgʻiliston va Shimoliy Xitoydan kunbotar tomoniga yoʻl olgan koʻpsonli xun elatlarining bir boʻlagi 370–375-yillarda Volga daryosini kechib oʻtib, Shimoliy Kavkaz qir-adirlarida oʻrnasha boshlaydi. Ular Kuban daryosi qirgʻoqlaridagi Alan (eroniy), Kasog (cherkas) kabi yerli elatlarni boʻysundiradilar. Gʻarbiy xunlarning bir tarmogʻi boʻlmish bulgʻorlar III-IV yuzyilliklarda Kuban boʻyiga kelib oʻrnashganliklari Vizantiya yozma manbalarida eslatiladi. Vizantiyalik tarixchi Dionis 330-yillarda Kavkaz togʻlarining kungay tomonlarigacha yurish qilgan xunlar toʻgʻrisida yozgan boʻlib, ayrim izlanuvchilar ularni bulgʻorlar bilan tenglashtiradilar.

Ulardan birmuncha keyin – 558-yilda Kavkazga kirib kelgan avarlar esa xunlarning bulgʻorlarga yaqin bir tarmogʻi boʻlib, bu yerda bir muddat yashagandan soʻng bulgʻorlar bilan birga Bolqondagi Dunay oʻlkasiga koʻchib oʻtadi. 671-yilda Asparux yoʻlboshchiligida bulgʻorlar bugungi Bolgariya oʻlkasida oʻz boshqaruvini oʻrnatgach, qoʻl ostidagi slavyanlar orasida erib, ona tilini yoʻqotsalar-da, oʻz nomlari va ayrim etnik belgilarini saqlab qoladilar. Kavkazda qolgan Kuban bulgʻorlari esa alan va adige (cherkas) elatlari bilan qoʻshni yashay boshlaydilar. Ular bugungi qorachoy-bolqor turklarining ilk ota-bobolari sanaladi.

Vizantiya yozma manbalarida bulgʻorlarning VII yuzyillikkacha Qora dengizning shimolida – Azov dengizi yuqorisidagi qir-adirlarda yashaganliklari, boshqaruvchisi Qubrat-xon oʻlgach, tushkunlikka yuz tuta boshlaganliklari tilga olinadi. Qubratxonning tungʻich oʻgʻli Bat-boyon Azov tegrasida, ikkinchi oʻgʻli Qotrag‘ Don daryosi qirgʻogʻida, uchinchi oʻgʻli Asparux esa Dunay boʻylarida bulgʻorlarga boshchilik qiladi. Azov boʻyidagi Bat-boyon boshchiligidagi bulgʻorlar yunon (Vizantiya) va rus yilnomalarida “Qora-bulgʻor” atamasi ostida eslatilib, bugungi qorachoy-bulgʻorlarga ularning izdoshlari deb qaraladi.

Ilk oʻrta asrlarda Ural togʻlari tegralaridan yoʻlga chiqib, Kuban oʻlkasiga kelib oʻrnashgan vengerlar uzoq yillar Shimoliy Kavkazdagi bulgʻorlar bilan qoʻshni yashaydilar. Madaniy tomondan ancha yuqori boʻlgan bulgʻorlardan venger tiliga koʻplab soʻzlar oʻtgan boʻlib, ayrim izlanuvchilar vengerchadagi turkiy soʻzlardan 300 ta, ayrimlar esa 500 ga yaqini oʻzlashganini ilgari suradilar. Venger tilidagi ekin-tikinchilik, bogʻdorchilik va chorvachilik, shuningdek, boshqaruv bilan bogʻliq sezilarli bir boʻlagi bulgʻorcha ekanligi anglashiladi. Qizigʻi shundaki, bu kabi oʻzlashma soʻzlarning anchaginasi qorachoy-bolqor turkchasi va ularga qoʻshni kavkaz va osetin tillarida saqlanib qolgan.

Bunga Kuban bulgʻorchasiga tegishli deb qaraladigan “yomgʻirlik, yomgʻirpush” anglamidagi jaqu, chaqu soʻzi bugungi cherkas tilida shaqu deb qoʻllanilishini oʻrnak oʻlaroq koʻrsatsa boʻladi. Bu soʻz oʻgʻuz, qarluq turkchalarida yaqu / yagʻqu koʻrinishida boʻlgani kuzatiladi. Shuningdek, eski chogʻlarda turkiy tillarning oʻgʻur-bulgʻorchasida dag‘ oʻlaroq ishlatilgan “yog‘” (moy) soʻzi qipchoq turkchasining bir tarmogʻi boʻlmish qorachoy-bolqorchada jav boʻlsa, cherkaschada esa dagʻe (dagʻe) koʻrinishida uchraydi.

-sh undoshi oʻrniga -l undoshi ishlatilgan oʻgʻur-bulgʻor turkchasining izlari qorachoy-bolqorcha qalaq soʻzida saqlangan boʻlib, boshqa turkiy tillarda bu soʻz qashiq (qoshiq) koʻrinishidadir. Cherkas tilida “qamish” anglamidagi kʼamil soʻziga esa oʻgʻur-bulgʻorchadan oʻzlashgan, deb qaraladi.

Shuningdek, Dunay bulgʻorchasiga tegishli soʻzlarning ayrimlari Sharqiy Yevropa va Vizantiyada yaratilgan quyidagi yozma yodgorliklarda uchraydi:

1) VIII yuzyillikda slavyan (eski rus) tilida yozilgan va izlanuvchilar tomonidan “Bulgʻor xonlari roʻyxati” deb ataladigan bitikda oʻrin olgan. Ular Bulgʻor xonlarining ism va unvonlari, sonlar va muchal yili bilan bogʻliq hayvon otlaridir.

2) Vengriyadan topilgan VIII yuzyillikka tegishli eski turk-run yozuvli “Nad-Sent Miklosh koʻmmasi (xazinasi)” deb ataluvchi oltin buyumlar, IX yuzyillikka borib taqaluvchi yunoncha-bulgʻorcha bitiklar; Oltin idishlar sirtidagi bitiklardan namuna keltiramiz: Buyla Jopan düge(r)tögi. Butaul Jopan tagrogi. İçigi tesi “Buyla Choʻpon tosni toʻldirdi, Butaul Choʻpon (qabrga) taqdi (=osdi). Ichki(lik) tosi”.

3)  Oʻrta yunoncha eski bulgʻor bitiktoshlari va Vizantiya yozma manbalarida uchraydigan kishi ismlari va unvonlar;

4) Dunay bulgʻorchasidan eski xristian slavyanchasiga oʻtgan ayrim oʻzlashma soʻzlar;

5) Vizantiya yozma manbalarida tilga olingan kishi ismlari va unvonlar.

Shu oʻrinda Sharqiy Yevropadan, ayniqsa, Vengriyadan topilayotgan eski turk-run yozuvli bitiklarning tili bugungacha toʻlaqonli aniqlanmagan boʻlsa-da, koʻpchilik tilchilar ushbu bitiklarning Kuban, Don, Volga, Oʻrta Osiyo, Janubiy Sibir, Oltoy va Moʻgʻulistondan topilgan eski turk bitiklariga ancha-muncha oʻxshashlikka egaligi hamda V–IX yuzyilliklarda yaratilgani, koʻpincha oʻgʻur, avar, bulgʻor, kuman kabi turkiy elatlar bilan bogʻliq qabr-qoʻrgʻonlarda uchrashidan kelib chiqib, ularni turkiy tilli yodgorliklar sirasiga kiritishlarini aytib oʻtish kerak.

№

Dunay bulgʻorchasi

Oʻrta turkcha

oʻzbekcha

1

Kana ~ kanna ~ kane

Qan

Xon

2

Sübigi

*sü-begi / sü-başı

“qoʻshin boshligʻi”

3

Boyla; içurgu boyla

boyla; içräki boyla

“ichki (saroyga) tegishli boʻyla”

4

Kawhan ~ kaphan~kopan

Qapğan

5

Bayan ~ bayen

Bayan

Boyon, boy

6

kolovr-os, kuluvr-os

qulavuz / qulaguz

Qulovuz, yoʻlboshchi

7

Tarkan ~ trakan

Tarqan

Tarxon

8

Bagatur ~ bogatur

Bağatur

Bahodur


Buyuk Bulgʻor qirolligi

Gʻaybulla BOBOYOR,

professor