Eshitgil, ey ulusning podshohi,

 Yetimlarning bu kun pushti panohi.

 Sayyid Ahmad

Temuriy hukmdorlar adabiyot, fan va sanʼat homiysi boʻlish bilan birga oʻzlari ham badiiy ijod bilan shugʻullanganlari tarixdan maʼlum.

Mir Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasida Sohibqiron Amir Temur Koʻragonning oʻgʻli Shohrux Mirzo ham sheʼr yozganini eslatib, uning bittagina forsiy baytini keltirgan.

Kunlardan bir kun meʼmor Qavomuddin Shohruxga zij, yaʼni osmon jismlari tasvir etilgan xarita chizmasini taqdim etganida hukmdor shu zahoti unga javoban oʻsha yerda tugʻilgan ushbu baytni aytib beradi:

Tu kori zaminro neku soxty,

Ki to osmon niz pardoxty.

Tarjimasi:

Sen yer ishin yaxshi butkara olib,

Qoqding qanot koʻk yuziga koʻz solib.

Izlanishlar Shohrux qalamiga mansub boshqa baytlar ham borligini koʻrsatdi.

Zaki Validiy Toʻgʻonning “Buyuk turk hukmdori Shohrux” nomli maqolasida yozishicha, Turkiyadagi Ali Amiriy kutubxonasida Nizomiy “Xamsa”si nusxasi saqlanadi. Oʻsha kitob hoshiyasida Shohruxning bir bayti yozilgan:

To chand gʻam-u gʻussa xoʻry, ey dili miskin,

Xush bosh, ki “Allohu roufun b-ibodih”.

Tarjimasi:

Muncha chekding gʻam-alam, yetar, ey yoʻqsil koʻngil,

Yaxshi bilki, Allohu roufun bi-ibodih”.

(“Allohu roufun b-ibodih” oyati Olloh oʻz bandalariga shafqatlidir, degan maʼnoni bildiradi.)

Shohrux bayt ortidan shularni qoʻshimcha qilgan:

“Li musavvada Shohrux binni Amir Temur Koʻragon” (Bu qoralama (bayt) Amir Temur Koʻragonning oʻgʻli Shohruxga tegishlidir).

Biz Shohrux Mirzoning bu keltirilgan ikki baytini Navoiy tili bilan aytganda “har bayti shoh bayti, har bayti shohnoma” oʻrnida koʻramiz.

Tehron shahridagi milliy kutubxonada “Yodgor” toʻplami boʻlib, unda Hofiz Abruning bir tarix kitobi saqlanmoqda. Bu kitob dastavval Shohrux Mirzoning shaxsiy kutubxonasidan oʻrin olgan ekan. Mazkur kitobning oʻn ikki imom haqidagi bobida bir imomning kelib chiqishi xususida bahs ketadi. Tortishuv abbosiy xalifasi Al-Qodir Billoh huzurida olimlar oʻrtasida yuz beradi. Shu bahs voqeasi tasvirlangan sahifa hoshiyasiga Shohruh oʻz qoʻli bilan fors va arab tillarida shunday izoh yozib qoʻygan: “Va goʻyandki, dar on mahzar hatta ... Muhammad al-Gʻazzoliy rahimahulloh buda ast. Katabahu al-abd al-faqirul haqir Shohrux Bahodur”. Yaʼni, “Oʻsha majlisda Muhammad al-Gʻazzoliy rahimahullohning ham qatnashganini aytibdurlar. Buni (Ollohning) faqir va haqir quli Shohrux Bahodur yozdi”.

Bu muhim qayd Shohrux Mirzo tarix fanining ikir-chikirlarigacha bilganini koʻrsatadi.

Shohrux Mirzo 1377-yilning 21-avgustida Samarqandda tugʻilgan boʻlib, 1447-yil 14-mart kuni vafot etgan. U otasidan qolgan davlatni 43 yil, Xuroson viloyatini esa 50 yil boshqargan.

Hukmdor adabiyot shaydosi boʻlib, hisob va tarix fanlari rivojiga homiylik qilgan. U Toji Salmoniy va Hofizi Abrularga tarix asarlari yozdirgan. Sakkokiy, Lutfiy, Durbek va Sayyid Ahmad kabi turkigoʻy shoirlarni qoʻllab-quvvatlagan.

Turk sultonining maktubi

Sohibqiron qurgan davlat shaʼn-u shavkatiga hurmat uning oʻgʻli Shohrux Bahodur davrida baland boʻlib qoldi. Shohrux Mirzo davlati gʻarbda Rum diyoridan sharqda Xitoy hududigacha, shimolda Sirdaryo quyilishidan janubda Sind daryosigacha choʻzilgan edi. Uning davrida Usmonli turk davlatida Amir Temur nomiga pul zarb etilib, Shohrux nomi juma namozi xutbasida oʻqilgan.

Usmonli hukmdori Sulton Murod II (1402–1451-yillarda yashagan, taxallusi Murodiy) Shohrux Mirzoga soʻzsiz itoat qilardi. U Hirotga elchilik karvoniga qoʻshib 40 nafar qurollangan xos gʻulom va sovgʻa-salomlar yuborgan. Elchilik hayʼati poytaxt Hirotda katta tantana bilan kutib olingan. Turk sultonining yuborgan maktubi saroyda oʻqib berilgach, undagi maqtovlar Shohruxni behad sevintirgan. Maktubda shunday baytlar bor edi:

Dam andar dami noyi zarrin damid,

Ki ayyomi davlat ba shody rasid.

Chu Shahrux ba taxti saodat nishast,

Ba iqbol-u davlat saodat nishast.

Tarjimasi:

Oltin nay ufurgach yoqimli kuyin,

Yangradi davlat kuni kulgu-oʻyin.

Olib davlat, yetib kutgan baxtiga,

Oʻltirdi Shohrux saodat taxtiga.

Keyingi satrlarda Shohruxning ilm, muloyim xulq, adolat va muruvvat bilan oʻz otini dunyo uzra tug‘ qilib koʻtargani, uning davlati chodiri falak gumbaziga yetgani, har ikki olamni tutib turuvchi Tangri hukmi bilan u zamon xalifasi va bayroqdori boʻlgani, Hind-u Chin, Xitoy-u Xoʻtan oʻlkalaridan chinni laganlarda sovgʻalar kelgani, “Biz sizning qullaringizmiz, Siz podshohlar podshohi shahanshohimiz, bizni (oʻzingizga) boj-u xiroj va rusum toʻlashdan mahrum etmang”, deb arz qilishgani, Misr sultoni hamma vaqt duo-salom bilan elchi yuborib hurmat izhor etgani haqida soʻz boradi. Rum diyoridan Sulton Murodxon “amali Banot” (Qizlar kashtasi) yulduzlar burji kabi bezatilgan Venetsiyaning noyob matolari (keyinchalik Navoiy bu matolarni “Bursa jinsi Farang debosi” deb taʼriflagan, mazkur matolar Zayniddin Vosifiy kitobida ham maqtalgan), shohona gilamlar, kelishgan jussali, poʻlat zirhli, oq tanli qirqta xos gʻulom, oʻrgatilgan yopiqli otlar sovgʻa qilib yubordi. Sulton Murodxon yana oʻz davrining kuchli adibiga shu soʻzlarni yozdirdi: “Shohrux toj-u taxt egasi, podshohlar podshohidir. Unga bu tuhfalar gʻoziylar shohi (yaʼni Sulton Murodxon)dan mol-u xiroj yoʻlida yuborildi. Bularning bari halol-pok, hech shubhaga bormasin. Ollohga duo qilarkan, bizni eslab, bizga Olloh roziligi yoʻldosh boʻlishini tilasin”. Sulton Murodxon xossa askaridan boʻlmish qirq qurollangan gʻulomni Shohruxga vakil qilib Xuroson diyoriga yuborar ekan, “borib uning etagini oʻping, yengini koʻzga surting, chunki u dunyo amirlarining amiri, u aysh-ishrat qilmaydi, bir valiy kabi yashaydi, uning davri tinchlik, omonlik zamonidir” deb tayinlaydi.

Alqissa, turk sultonining elchilik hayʼati Hirot saroyida shohona izzat-hurmat bilan kutib olinib mehmon qilindi. Qoʻnoqlar temuriy hukmdorning etagini oʻpib, yengini koʻzlariga surtdilar. Oʻtirishlari uchun ularga qirqta oltin kursi qoʻyildi. Tantanalardan keyin dam olishlari uchun ruxsat beriladi. Vaqt-soati yetgach hayʼat munosib tuhfalar bilar yurtiga kuzatiladi.

Oradan qirq yil oʻtgach, shoir Maoliy oʻsha unutilmas voqealarni oʻzining “Xunkornoma” dostonida tarannum etdi. Shohrux va oʻgʻillari Ulugʻbek, Boysunqur Mirzolar haqida masnaviylar bitdi. Dostonda avvalgi Usmonli sultonlari ham, Yildirim Boyazid ham koʻkka koʻtarib maqtaladi. Rum diyoriga yurish qilgan Sohibqiron Amir Temurga Xizr alayhissalom yoʻldosh boʻlgani kuylanadi.

Tolib NOSIR