Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Turkiyaning Istanbul, Yalova va Kojaeli viloyatlarida yashayotgan hamda vaqtincha boʻlib turgan oʻzbekistonliklarni ob-havo sharoitining yomonlashishi munosabati bilan ogohlantirdi.
Maʼlumotlarga koʻra, kuchli yomgʻir, shamol va noqulay ob-havo sharoitlari suv toshqinlari, yoʻllarda harakatlanishning qiyinlashishi hamda boshqa favqulodda holatlar xavfini keltirib chiqarishi mumkin.
Shu munosabat bilan fuqarolarga zarurat boʻlmasa, uzoq masofalarga safar qilmaslik, kuchli yogʻingarchilik vaqtida suv toʻplanishi mumkin boʻlgan pastqam hududlar, yerosti yoʻllari va tunnellardan uzoqroq boʻlish tavsiya etildi.
Shuningdek, dengiz sohillari, daraxtlar, elektr uzatish tarmoqlari va mustahkam oʻrnatilmagan konstruksiyalar yaqinida ehtiyotkor boʻlish, avtomobil boshqarishda tezlikni kamaytirish va xavfsiz masofani saqlash soʻraldi.
Bosh konsulxona fuqarolarni Turkiyaning vakolatli idoralari tomonidan eʼlon qilinayotgan rasmiy ogohlantirish va tavsiyalarga amal qilishga, oʻz xavfsizligi hamda yaqinlari salomatligiga alohida eʼtibor qaratishga chaqirdi.