Shavkat Mirziyoyev Samarqandda boʻlib oʻtayotgan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yoʻl” butunjahon sammiti ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi.
Quyida tabrik matni toʻliq keltirilmoqda:
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Qadrli mehmonlar, xonimlar va janoblar!
Sizlarni boqiy shahar – Samarqandda “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yoʻl” butunjahon sammitining ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Ushbu anjumanni tashkil etishda hamkorlik qilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning Bolalar jamgʻarmasi – YUNISEF, Jahon banki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Xalqaro ijtimoiy taʼminot uyushmasi hamda barcha hamkorlarimizga minnatdorlik bildiraman.
Bolalar farovonligi haqida gapirganda, avvalo, ularning bugungi hayotini nazarda tutamiz. Har bir bola hozirning oʻzida mehr, xavfsizlik, sifatli taʼlim va zarur tibbiy yordamga haqli. Uning qadri kelajakda qanday kasb egasi boʻlishi yoki qancha daromad keltirishi bilan oʻlchanmaydi.
Bolaning sogʻlom oʻsishi va qobiliyatini roʻyobga chiqarishi uchun yaratilgan sharoit mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotiga ham mustahkam asos boʻladi. Shu bois bolalikka yoʻnaltiriladigan mablagʻlar davlat siyosatida izchil va barqaror oʻrin egallashi zarur.
Oʻzbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, maktabgacha taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy xizmatlarni oilalarga yaqinlashtirish boʻyicha islohotlarni davom ettirmoqdamiz. Nogironligi boʻlgan bolalarning taʼlimda ishtirok etishi, bolalarni zoʻravonlik va ekspluatatsiyadan himoya qilishga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz.
Keng qamrovli islohotlarimiz natijasida tugʻruq jarayonida onalar oʻlimi, bolalarning oʻsishdan ortda qolishi ikki barobar qisqardi, maktabgacha taʼlim qamrovi 27,7 foizdan 78 foizga oshirildi, olti yoshli bolalarning qariyb 100 foizi maktabga tayyorlovga jalb etildi, oliy taʼlim bilan qamrov 5 barobar – 9 foizdan 45 foizga oshdi.
Biz mamlakatimizda yaratilgan oila va bola ehtiyojini barvaqt aniqlab, yordam beradigan ijtimoiy himoya tizimi orqali soʻnggi besh yilda bolalar kambagʻalligi qariyb 4 baravarga qisqardi.
Shu bilan birga keyingi ikki yildagi islohotlar orqali inklyuziv maktablar soni 5 barobar ortib, nogironligi boʻlgan bolalarning 85 foizdan ortigʻi taʼlim xizmatlariga jalb etildi.
Bu ishlarning haqiqiy natijasi har bir oila hayotida sezilisi kerak. Chekka hududdagi bolaga shifokor oʻz vaqtida yetib boryaptimi? Maktabda unga oʻrganish uchun zarur sharoit bormi? Zoʻravonlikka duch kelganida u ishonch bilan yordam soʻray oladimi? Biz oʻz faoliyatimizni ana shu savollarga beriladigan amaliy javoblar bilan baholashimiz lozim.
Biz uchun oilani qoʻllab-quvvatlash – bolaning xavfsizligi va eng ustun manfaatlarini taʼminlash demakdir. Bu ota-onaga vaqtida koʻmak berishni, bolaning oiladan ajralib qolishining oldini olishni, zarur hollarda esa unga xavfsiz va barqaror oilaviy parvarish topishni talab qiladi.
Shu bois, har bir bola mehr va gʻamxoʻrlikka asoslangan oila muhitida voyaga yetishi biz uchun ustuvor ahamiyatga ega. Bugungi kunda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum bolalarning 100 foizi oila bagʻrida tarbiyalanmoqda.
Oʻzimizda “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan hikmat bor. Unda bolaga befarq boʻlmaslik, oilani yolgʻiz qoldirmaslik maʼnosi mujassam. Bugun bu anʼana davlatning aniq kafolatlari, malakali mutaxassislar xizmati va har bir bolaning shaxsiy daxlsizligiga hurmat bilan mustahkamlanishi kerak.
Milliy tajribamizdagi mehr va hamjihatlikni dunyoning ilgʻor bilimlari bilan boyitishga intilamiz. “OʻZ” gʻoyamizni biz shu maʼnoda tushunamiz: oʻz qadrini anglash, oʻzganing qadrini hurmat qilish va kelajak uchun masʼuliyat olish.
Bola oʻz tili va madaniy ildizlaridan kuch olib, boshqa xalqlarga hurmat bilan qarab ulgʻayishi kerak. Uning savol berish, mustaqil fikrlash, ijod qilish va dunyo bilimini egallash imkoniyatini kengaytirish – bu gʻoyaning hayotdagi ifodasidir. Oʻzbekistondagi har bir bola millati, tili, eʼtiqodi, salomatligi yoki oilasining daromadidan qatʼi nazar, shunday imkoniyatga ega boʻlishi lozim.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Qurolli mojarolar, majburiy koʻchish, iqlim oʻzgarishi va iqtisodiy qiyinchiliklar bolalar hayotiga ogʻir taʼsir koʻrsatmoqda. Har bir davlat oʻz masʼuliyatini bajarishi, xalqaro hamkorlik esa milliy imkoniyatlarni toʻldirishi zarur.
Samarqanddagi muloqotimizni quyidagi amaliy yoʻnalishlarga qaratishni taklif etaman.
Avvalo, bola hayotining ilk davridan uzluksiz koʻmakni kuchaytirishimiz kerak. Ona salomatligi, toʻgʻri ovqatlanish, erta rivojlanish va maktabgacha taʼlimni oʻzaro bogʻlash muhim. Ehtiyoj qancha erta aniqlansa, oilaga yordam shuncha oʻz vaqtida yetib boradi.
Bolalarning ogʻir kasalliklarini erta aniqlash va davolashda hamkorlikni kengaytirishni taklif qilamiz. Xususan, bolalar onkologiyasi boʻyicha mutaxassislar tajriba almashishi, tashxis imkoniyatlari va sifatli dorilardan foydalanishni yaxshilash zarur. Bolaning yashash joyi uning yordam olish imkoniyatini cheklab qoʻymasligi kerak.
Shu maqsadda Birinchi xonimlarning bolalar onkologiyasi boʻyicha xalqaro hamkorlik tashabbusini qoʻllab-quvvatlaymiz. Uning jamoatchilik va xayriya salohiyati tibbiy ekspertlar tavsiyalari, ehtiyojga asoslangan yordam hamda mablagʻlarning ochiq sarfi bilan bogʻlanishi maqsadga muvofiq. Bu hamkorlik milliy sogʻliqni saqlash tizimlari imkoniyatini mustahkamlashga xizmat qilishi lozim.
Yana bir ustuvor vazifa – bolalar uchun xavfsiz taʼlim va raqamli muhit yaratish. Kiberbulling, ekspluatatsiya va shaxsiy maʼlumotlardan suiisteʼmol qilishga qarshi hamkorlikni kuchaytirishimiz zarur.
Ayni paytda bolalarning bilim olishi, ijod qilishi va xavfsiz muloqot imkoniyatlarini kengaytirishimiz kerak. Buning uchun bolalarga ham, ota-onalar va pedagoglarga ham raqamli savodxonlik boʻyicha amaliy koʻmak lozim.
Bolalar ishtirokini qarorlarimizning ajralmas qismiga aylantirishni ham taklif etamiz. Ular uchun yaratilayotgan xizmatlar haqida oʻzlarining fikrini eshitishimiz kerak. Bunday ishtirok bolaning yoshiga mos, ixtiyoriy va xavfsiz tashkil etilishi lozim.
Ushbu yoʻnalishlarda hamkorlikni davom ettirish uchun Samarqand platformasini amaliy muloqot mexanizmi sifatida shakllantirishdan manfaatdormiz. U mavjud tashkilotlar bilan hamkorlikda samarali tajribalarni almashish, ixtiyoriy qoʻshma loyihalarni tayyorlash va natijalarni muhokama qilishga xizmat qilishi mumkin.
Sammitning yakuniy deklaratsiyasi umumiy intilishlarimizni ifodalaydi, deb umid qilaman. Uni amaliy ishlarga aylantirish uchun manfaatdor hamkorlar bilan masʼullar, resurslar va muddatlar belgilangan rejalarni ishlab chiqish muhim. Kelishilgan koʻrsatkichlar asosida natijalarni ochiq muhokama qilish oʻzaro ishonchni mustahkamlaydi.
Bunda eʼtiborimiz, ayniqsa, yordamdan chetda qolayotgan bolalarga qaratilishi zarur. Farovonlik yoʻlidagi taraqqiyot har bir bolaning hayotida sezilganida umumiy yutugʻimizga aylanadi.
Qadrli doʻstlar!
Bola qaysi mamlakatda va qanday oilada tugʻilishini tanlamaydi. Ammo uning xavfsiz oʻsishi, oʻz qobiliyatini kashf etishi va kelajagini qurishi uchun qanday sharoit yaratish bizning qarorlarimizga bogʻliq.
Samarqandda boshlangan hamkorligimiz bolalarning bugungi hayotini yaxshilaydigan aniq ishlar bilan davom etishini tilayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyat, sammit ishiga samarali natijalar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti