Mansur Jumayev haqida yozarkanman, Yunus Emroning mashhur qoʻshiqqa aylanib ketgan quyidagi satrlari qulogʻim ostida jaranglamoqda:
Yunus oʻldi deya sado berurlar,
Oʻlgan badan erur, oshiqlar oʻlmas…
Mansur ham Haqning oshigʻi edi. Mahbubi qoshiga oshiqdi…
“Usmon sheʼriyatimizga shamolday kirib keldi. Balki boʻronday! U shunday toʻpolon va toʻlqin bilan keldiki, uncha-muncha sheʼriy uslub va ijodni toʻs-toʻs qilib yubordi…” Turob Toʻlaning ushbu taʼrifi Usmon Nosir ijodiga berilgan munosib baho edi. Hech ikkilanmasdan mazkur taʼrifni marhum shoir Mansur Jumayevga nisbatan ham ishlatish mumkin.
U qisqa umri davomida oʻzidan katta lirik meros qoldira oldi. Shoir juda ham shoshilib yashaganini, judayam shoshqinlik bilan ijod qilganini uning sheʼrlarini mutolaa qilish davomida yanada teran anglash mumkin.
Shoirlar yarim avliyodirlar, degan bir hikmatni oʻqigandim bir mahallar. Ularga oddiy odamlarga maʼlum boʻlmagan sirlar ayondir. Mansur Jumayevning “Hazrati ishq” kitobini oʻqish jarayonida shoir oʻzining har bir sheʼri, har bir satri bilan Oliy Jamolga bir qadam yaqinlashib borganini his qilish mumkin.
Shoir sheʼrlarini shartli ravishda 3 guruhga boʻlib tadqiq etish oʻrinlidir:
1. Ilohiy ishq (hazrati Ishq) navolari.
2. Insoniy muhabbat kuylangan ijod namunalari.
3. Ijtimoiy motivlar asosidagi sheʼrlari.
1. Ilohiy ishq yoʻlida yozilgan ashʼorlar bizni olis tarix tomon yetaklaydi. Tasavvufning sirli ohanglarini, Ishqi haiqiqiyning nozik asrorlarini ongimizda jonlantiradi. Navoiy va Fuzuliy, Nasimiy va Mashrab kabi shoirlarimizning ohangini tinglaganday boʻlamiz.
Popuklari kuloh darvesh boʻlganman,
Ozod shamollarga tanish boʻlganman,
Qanday unutayin, eh ona daryo,
Nay boʻlishdan oldin qamish boʻlganman.
Ushbu toʻrtlikda shoirona iqrorlar oʻqirmanni olis moziyga olib boradi. Mavlono Rumiyning “Bishnav az nay, chun hikoyat mekunad, Az judoyiho shikoyat mekunad” (“Tinglagil, nay ne hikoyat aylagay, Ayriliqlardan shikoyat aylagay”) satrlari beixtiyor qulogʻimizda jaranglaydi.
Yuqoridagi toʻrtlikdayoq lirik qahramon samimiyati, rostgoʻyligi bilan oʻquvchini oʻz ortidan ergashtira oladi. Sheʼrxon shoirning darvesh boʻlganiga, ozod shamollarga tanish ekaniga va nay boʻlishdan oldin qamish boʻlganiga ishona boshlaydi. Nay – ayriliqdagi solik timsoli boʻlib, mumtoz adabiyotimizda koʻp qoʻllanadigan obrazlardan biridir. Quyoshdan ayro tushgan zarra, ummondan uzilgan qatra holati ayni nayda mujassam. Nay – qamishzordan ajralgan yolgʻiz qamish, u oʻz toʻpidan ajralib, yoʻnilib, teshilib sehrli sado chiqaradigan cholgʻuga aylandi!
Shoirning sheʼrlarida insoniy muhabbat Ilohiy ishq uchun koʻprik vazifasini bajaradi. Buni mumtoz adabiyotda mazhar ishqi deb ham yuritishadi. Mazhar – Majnun uchun Layli, Farhod uchun Shirin edi. Mazhar – Yaratganning nuri tushgan yaratiq edi. Ayni shu holatlarga ishora qilib shoir yozadi:
Netong, bu yoʻl tumani
Vidoga olib borsa;
Bir gulning ishqi mani
Xudoga olib borsa!
Insoniy ishq orqali poklanib, Xudoga yuzlashish haqidagi fikrlar tarannum etilgan bu satrlarda Hazrat Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida Farhodning taʼrifida aytilgan “Haqiqatga badal boʻldi majozi” misralarini eslatuvchi ifoda mavjud.
Mansurning “Tangriga maktublar” deb nomlangan turkumi adabiyotimiz tarixidagi munojotlarni yodga soladi. Toʻrtta maktubdan iborat turkumning birinchi maktubida quyidagi satrlar bor:
Ey koʻzimni aylagan soqiy,
Ey soʻzimni sor aylagan zot.
Sheʼrlarimni shifo qil boqiy,
Sheʼrni menga kor aylagan Zot!
Shoir oʻzining ijtimoiy pozitsiyasini eslab oʻtgan ushbu toʻrtlikda ijodining asosiy fenomeni boʻy koʻrsatgan. Mazkur bandda muallif oʻz sheʼrlarining abadiyatga insoniyat uchun shifo boʻlishini duo qilib soʻramoqda. Mansur Jumayev sheʼrlari xasta dilga shifo boʻladigan, huzunli qalbga taskin bagʻishlaydigan xususiyatlarga ega durdonalar ekanini uning iltijolari, munojotlari, Tangriga toʻgʻridan toʻgʻri qilingan murojaat shaklidagi sheʼrlarida koʻrish mumkin.
Ikkinchi maktubda munojot isyonga aylana borganini kuzatish mumkin. Haqiqiy shoir boshqa insonlarning ham dardini his qila oladi. Shu sababli muallif dunyodagi turli ijtimoiy muammolarni oʻz dardi kabi qalb prizmasidan oʻtkazadi. Shoir ijtimoiy masalalarni nazarda tutar ekan, dunyodagi urushlar, talotoʻplarni koʻrib nega jimsan, deya Yaratganga isyon qiladi.
Bir janggohga aylandi dunyo,
Bu janggohda nahot Sen yoʻqsan?!
Bu oniy holat barcha ijod ahliga tanish boʻlsa kerak. Soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiyda ham shunday isyonli holatlar lahzalik tarzda boʻy koʻrsatganki, Hazrat ham Taqdirga tadbir yoʻqligi haqida yozarkan, “Ne dersen bas bu jamʼi benavogʻa, Gunohe qilmayin qolgʻon balogʻa?” deya isyon qilgan oʻrinlarini oʻqiganimiz bor.
Maktublar soʻngida lirik qahramon yana umid va ishonch asosida iltijo qila boshlaydi:
Yoshimizni yomgʻir aylagan,
Sochimizni qor aylagan Zot.
Dardimizni yoʻq qila qolgin,
Yoʻqdan bizni bor aylagan Zot!
Ayni shu misralar oʻqirmanning ham koʻngliga taskin boʻlib yogʻiladi. Yoʻqdan bizni bor aylagan Zot, albatta, bor dardimizni yoʻq qila olishiga komil ishonch paydo boʻladi.
Shoirning tamsillar asosida bunyod boʻlgan yana bir sheʼri “Yarashmoq uchun ham nizo tugʻilgan” misrasi bilan boshlanadi. Boshdan oxir hayotiy misollarni oʻzining fikrlariga uygʻun tarzda keltirgan mazkur sheʼrining soʻngida shoir Yaratganga murojaat va munojot qiladi:
Kel, vahm sherini jayron qil, Xudo,
Chavandoz nafsimni vayron qil, Xudo,
Mendek bir yomondan yaxshi ogʻochlar
Undirib meni bir hayron qil, Xudo.
Mazkur toʻrtlikda vahm sheri, chavandoz nafs, yaxshi ogʻochlar kabi tamsillar keltirilishi tasodifiy emas. Shoir Yaratganning cheksiz qudrati oldida oʻzini ojiz-u notavon his qilarkan, nafsidan panoh tilaydi, dunyoviy vahimalardan asrashini, yaxshi ogʻochlar – farzandlar kamolini Tangridan soʻraydi. Hazrat Navoiyning “Nafs itin qilsang zabun, olamda yoʻq sendek shujo” misralarining bevosita davomiday oʻqiladigan yuqoridagi satrlar muallifning mumtoz adabiyotimiz buloqlaridan qonib-qonib suv ichganini bildiradi.
2. Mansurning insoniy muhabbat kuylangan sheʼrlari orasida ona timsoli alohida ahamiyatga ega. Shoirning ona haqidagi satrlari “Hazrati ishq” kitobining ichidan turli mavzudagi sheʼrlar oralab joy olgan.
Mening bir qarzim bor yorug‘ dunyoda,
Umrim yillariga urgay u taroq.
U men kutganimdan ancha ziyoda,
U sen oʻylagandan ancha kattaroq.
Muallifning qarzi nima boʻlishi mumkin? Umrining yillarini har yonga tarayotgan qarz nima boʻlishi mumkin? Matn osti maʼnolaridan bilish mumkinki, shoir bu oʻrinda onasining oldidagi uzilmas qarzi haqida iqrorlik keltirmoqda. Shoir yana bir toʻrtligida shunday xulosa beradi:
Topganimni yoʻlga xarj qilaman men,
Onam diydorini vaj qilaman men.
Kaʼba tavofidir onam diydori,
Bir yilda oʻn marta haj qilaman men.
Shoir onaizor oldida ham ulkan burch va masʼuliyat his qilganini yuqoridagi satrlar isbotlaydi. Shoirning dunyoviy ishq kuylangan sheʼrlarida hayrat, erkalik, samimiyat, xokisorlik kabi tuygʻular boʻrtib koʻzga tashlanadi.
Yorijon,
ay yorijon,
ketdi jon sen sori, jon:
koʻrmadim koʻrkam naqsh
koʻzlaringday,
yorijon!
Bu sheʼrni har kim oʻzicha his qiladi, oʻzicha tahlil qiladi. Bu sheʼrda Naqqoshning naqshidan hayratlangan muxlisni ham, mahbubasining goʻzalligi oldida bosh eggan oshiqni ham, farzand neʼmatining shukrini ado etayotgan bir bandani ham koʻrish mumkin. Shoirning ayolining taʼkidlariga koʻra, bu sheʼrni Mansur qizi Orzuga alla sifatida ijro etib berar ekan. Shu bois ham bu sheʼrda har qanday sevgi mushtarak va uygʻun holda kelganini koʻrishimiz mumkin.
Boridan bezdi jonim,
borligin sezdi jonim;
jonim yo yerga kirdi,
yo koʻkda kezdi jonim.
Koʻzimdan sizdi jonim,
bir savol ezdi jonim:
jonim-ay,
jonim beray,
seni kim chizdi, jonim?!
Seni kim chizdi, jonim?!
Mazkur sheʼrda lirik qahramonni hayajonlantirgan, uning cheksiz hayratlariga sabab boʻlgan timsol bu Yorning goʻzalligi. “Seni kim chizdi, jonim?!” ritorik soʻroq gapi ayni Oliy Naqqoshga – Yaratganga ishora qilmoqda. Yaratganning yaratiqlaridan hayratlanish ham aslida insonlikning asosiy mezonlaridan biridir. Naqqoshning naqshidan hayrat tuyish sanʼatni yaxshi his etish, anglash belgisi. Yaratganning goʻzal naqshlarini anglash uchun esa koʻngilda Uning ishqi boʻlmogʻi lozimdir, aslida. Alisher Navoiyning “Barchasi Ezid taolo sun naqqoshindadur” kabi hayratlariga hamohang tarzda bitilgan mazkur satrlar hayrati ishqning goʻzal tasviri hisoblanadi.
3. Ijtimoiy mavzular Mansurning sheʼrlarida boʻrtib koʻzga tashlanadi. Uning “Beshinchi musofir” sheʼri shoirning ijtimoiy missiyasi haqidagi yirik planda yaratilgan kartinadir. Sheʼr shimol tomonlarga ishlagani ketgan musofirlarning hayot tarzi haqidagi tasvirlar bilan boshlanadi. Tun choʻkib, hamma uxlayotganda konteyner ichidagi shoir yigit ijod dardi bilan toʻlgʻona boshlaydi:
Uygʻondi,
toʻlgʻondi:
sogʻinch,
ilhom,
sheʼr.
Bu tun butun sheʼrdir –
koʻngil toʻq edi.
Oltiga uch metr vagon-konteyner
ichra undan boʻlak shoir yoʻq edi.
Ushbu banddagi bu tun, butun kabi soʻzlar oʻyini zulmatni yoritayotgan chiroqni oʻquvchi koʻz oldida namoyon qiladi. Ilhomning choʻqqisida ijod qilayotgan shoir elektr uzilishlariga guvoh boʻlarkan, darhol qolgan toʻrt sherigini uygʻotib, ularga sheʼr oʻqib beradi:
Temir boshpanani daqiqa sayin
ishgʻol qilar ekan sovuq ayoz, qish,
toʻrtta hamxonasin uygʻotib tayin,
sheʼr oʻqib berguvchi shoirga olqish!
Albatta, sheʼr ayozga bas kela olmasligini taʼkidlarkan, muallif shoiri bor vagondagi besh musofir kechasi bilan harakatda boʻlgani sabab ayoz zahriga bas kelishganini takidlaydi. Ammo shoiri yoʻq boshqa vagondagi musofirlar esa sovuqdan muzlab vafot etishadi:
Ne chora bor, axir,
kim nima ham der,
barisi navqiron,
gʻayir yoʻq edi,
lekin bu vagonda
uygʻotib,
sheʼr-per
oʻqib beradigan shoir yoʻq edi.
Ayni shu nuqtada muallifning asl maqsadi voqeani shunchaki bayon etish emas, balki ushbu voqeiy sheʼr orqali shoirning insoniyat yashab qolishi uchun, oʻzligidan, jonidan judo boʻlmasligi uchun naqadar zarur shaxs ekanligini taʼkidlashdir. Ushbu sheʼrdagi tirik qolgan besh musofir, vafot etgan musofirlar, konteyner, shoir, chiroq, ayoz – bularning bari ramz boʻlib umumiy bir gʻoyani: shoirning insoniyat oldida burchi nihoyatda zalvarli ekanini isbotlaydi. Shoir chiroq kabi xalqini ayozlardan asramogʻi, ularning uyquga bosh qoʻyishlariga izn bermasdan, kerak boʻlsa, majburan bedor tutib, asramogʻi lozimligi “Beshinchi musofir” sheʼrining asosiy xulosalaridan biridir.
Hali ham sovuqdir shimol, doʻstlarim,
hali ham bir gʻaflat quvar erlarni...
Ayozda chiroqsiz qoldirma, Tangrim,
shoiri yoʻq konteynerlarni!
Xulosa qiladigan boʻlsak, Mansur Jumayevning “Hazrati ishq” toʻplami Hazrati Ishqning yuksak ohangdagi tarannumi boʻlgan sheʼriy guldastadir. “Hazrati ishq” – hayrati ishq! Shoirning umri uning sheʼrlari, munojotlari, maktublari, kitoblari orqali davom etaveradi. Muhammad Yusuf yozganiday:
Oʻlsa, oʻzi oʻlar, soʻzi oʻlmaydi,
Hamisha barhayot nasl – shoirlar.
Haqiqiy shoirning qabri boʻlmaydi,
Yurakka koʻmilar asl shoirlar!
Sitorabonu HOSHIM qizi,
Xalqaro Nordik universiteti dotsenti,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi