Alp Er Toʻnga oʻldimi?

Esiz, dunyo qoldimi?

Falak oʻchin oldimi?

Endi yurak yirtilur...

Emdi yurek yirtilur...

Boʻri boʻlib ulidilar,

Yoqa yirtib turdilar,

Yigʻlab-siqtab yurdilar...

Yirtip yaka urlayu...

Yirtip yaka urlayu...

Urlayu, urlayu-yu... oh... tushida alahsib, ichikib otasini qoʻmsab yigʻlayotgan goʻdakday, olis sahrolar, davron dovonlaridan shamol uchirib kelayotgan qorning sovuq epkiniday, tush va hush orasida ranglari chaplashib ketayotgan vaqt va manzilning oraliq bir quyuni ruhimga bostirib kiradi. Soʻzlar maʼnosini uncha anglamayman, ammo anglamaganim sari bu yoʻqlovning yuki, ogʻir, qaygʻuli zalvori koʻnglimni ezadi, qaddimni buka boradi.

Toki, bu nido eng qadimgi kitobdan ekanini bilgunimcha, boʻlayotgan voqelik tushida ekanini bilguncha gangib turgan norasida kabi shu holda turaman. Bu koʻhna ganj – “Devonu lugʻotit turk”dagi bir marsiya ekanini anglagunimcha... lekin anglagach, yoʻqlayotgan va yoʻqlanayotgan zotlarning kimligini anglaganimdan soʻng ruhimda yorqin bir dard endi boshqa ravishda nishona beradi.

Bexosdan xalqning ildiz, qon-qardoshlik toʻgʻrisidagi sodda, boyir bir iborasi tilimga keladi: “Sigirning shoxiga ursang, tubi sirqiraydi”. Bu iborani ilk bor nima munosabat bilan eshitganim yodimdamas, ammo ichimda “sigirning tubi qayeri, nega sirqiraydi, bu nima degani?” degan soʻroq turgani esimda. Men Mahmud Qoshgʻariyga, u marsiya yozgan turkiy xalqlarning boshbobosi Alp Er Toʻngaga naqadar yaqinligimni shu sodda ibora orqali, tuyqus teran his etaman. Goʻyo ul zotlar bilan oramizda ming yillar yoʻqdek. Ammo ichimdagi kechimni ifodalab berishga soʻz yoʻq hali...

* * *

Tovush va soʻz. Soʻzning matnga doʻnish moʻjizasi. Toshga, teriga, sopol parchasiga, qogʻozga bitilgan soʻzlar qoldi. Avlodlar almashaverdi. Tojdorlar dovruq solib keldilar, minoralar, qasrlar bunyod etdilar. Vaqt shamoli ularning oʻzlarini ham, yiqqan mol-u davlatini ham, qurgan qasrlarini ham uchirib, tarix qaʼriga uloqtirdi. Ularning yodi, xotirasi ham oʻchdi. Oʻchmaganlari – faqat nomi va shuhrati qolganlari oddiy teriga, xitoyi qogʻozga bitilgan soʻz orqali bizga yetib keldi. Qancha toshlar sellarda oqdi, daryolarga gʻarq boʻldi, qancha qogʻoz-u terilar kul boʻlib ketdi.

Ammo yozilgani yashab qoldi. Soʻz yashab qoldi. “Devonu lugʻotit turk” qoldi. Asrlarning qoyalari ortidan baland boʻylari koʻrinib, muhtasham, qulamas ilohiy obidaday boʻlib shu kitob qoldi.

Insoniyat bir butun holida, paydo boʻlib, ongli hayotini boshlagan bobokaloni va bugungi avlodlari bilan qoʻshib olganda bitta, tanho yoʻlovchidir. Bu yoʻl odami bosgan manzillarida koʻpni koʻrdi. Adashdi, yoʻlidan toydi, soʻng uni qayta topdi. Soʻqmoq ochdi, uni manzil sari eltadigan ulug‘ yoʻlga aylantirdi. Goho manzil oʻzgarib turdi, muqaddas degan tutumlari ham oʻzgardi. Yoʻlovchi adashganini anglab, yangidan yoʻl ochmoqqa urindi va qay maʼnoda muyassar ham boʻldi. Bu olis safarda unga eng katta hamroh tafakkurini yoritib turgan soʻz boʻldi. Soʻzda sehr, sheʼrda hikmat bor demishlar. Shu ilohdan tomgan sehr bashar yuzini yorug‘ etdi. Soʻzdan kitoblar bino boʻldi.

* * *

Bu qanday kitob oʻzi?

“Men bu kitobni maxsus alifbo tartibida tuzdim, hikmatli soʻzlar, sajʼlar, maqollar, qoʻshiqlar, rajaz va nasr deb atalgan adabiy parchalar bilan bezadim”, – deydi Mahmud Qoshgʻariy oʻzining oʻlmas asari haqida.

“Bu asarga nihoyatda yuksak baho berishimiz kerak, chunki u kitoblardan olib yozilmagan, balki jonli materialni shaxsan kuzatishga asoslangan... Muallif bergan maʼlumotlar, arxeologik kashfiyotlar bu maʼlumotlarning aksariyatini isbot etmoqda”, – degan tilshunos olim Viktor Belyayev.

Bu kitob odamzod oʻziniki qilgan turli ilm hosillari xirmonidan ulush olib yuksalgan kitobdir. Til, adabiyot, tarix, falsafa, geografiya, huquq, tabobat, ilohiyot, hayvonot, nabotot, mantiq, astronomiya, siyosat, harbiy sanʼat, axloqshunoslik, etnografiya kabi oʻnlab sohalarning magʻzi, shirasi shu kitobga singib ketgan.

Garchi Mahmud Qoshgʻariy asarga “Turkiy soʻzlar devoni” deb nom bergan boʻlsa-da, til haqidagi bu qomus 200 dan ortiq dori turi, 30 dan ortiq kasallik va unga shifo boʻluvchi davo unsurlari, ular haqidagi noyob xabarlar berilgan ajoyib tibbiy qoʻllanma hamdir.

“Devonu lugʻotit turk” – adabiyot namunasi. Namunaki, bizga mualliflarining aksariyati nomaʼlum boʻlgan 764 misra – 289 ta toʻrtlik va ikkilik(bayt)dan, goʻzal nasriy matnlardan iborat adabiy yodgorlik.

Kitob hali bugungi kunda mavjud boʻlgan, bu shahardan boshqasiga safar qilish uchun oddiy vositalarning hech birovi boʻlmagan bir zamonda el oralab, yurtlarni piyoda kezib, xalqlarning 318 ta maqoli va hikmatli soʻzlari yigʻilgan ajoyib etnografik manba ham hisoblanadi.

Sayyohlar Misr ehromlariga boqib lol boʻladilar. Bir uyum toshning nimasi hayratli? Ha, gap toshda emas, uni tartib bilan taxlay olgan, ulkan ehrom paydo qilolgan inson ilmi va matonatida. Hayrat shu zahmat va ilmgadir.

Ammo bundan salkam 1000 yil avval 8 mingdan ortiq soʻzdan bino boʻlgan, biror buzgʻunchi portlatib yubora olmaydigan (2001-yili Bomiyondagi Buddaning eng qadimgi haykallari johillar tomonidan portlatilgan edi!) tilning buyuk obidasi qoshidan hayron qolmay oʻtadilar.

Vaholanki “Devon...”dagi tilda soʻylashgan, Qoshgʻariyni mahliyo qilgan odamlarning kimligi, turmushi, hayot darajasi, soʻylashuv tarzi shu kitobda yashab qolgan, oʻzlari esa, tabiiyki, yoʻq.

Oʻzlarini Alp Er Toʻnga avlodi sanagan qoraxoniy podsholar davrida yaratilgan bu asar oʻsha mashhur shohliklar tarixini oʻzida saqlab keldi.

Bu kitob – kitoblarning bobosi! Aynan tarixga bagʻishlanmagan boʻlsa-da, xalqlar tili tarixini oʻzida jam etgan. Tilning tarixi esa oʻsha xalqlarning oʻtmishiga kalitdir.

Bu kitob koʻhna konga oʻxshaydi. Ming yil burun ochilganu hanuz avlodlar undan dur-u javohir teradi. Bir qarasang, tugab qolganday, ammo yana kovlasang, yana oltin chiqaveradi. Oltoydan, Sibirning bepoyon dashtlaridan tortib Himolay etaklarigacha, Bolosogʻun-u Xitoy, Qoshgʻardan arab diyorlarigacha yastangan ulkan kon bu. Shu manzil-makonlarda yashagan va yashab kelayotgan turkiy qavmning katta-kichik millat-u elatlaridan toʻragan har bir jonning bu konda ulushi bor, bu konga koʻshishi ham bor.

Shoir Sherzod Komil Xalil “Biz yoʻq boʻlamiz” nomli hikoyasida Sibir oʻlkasida yashagan kerek deb ataluvchi xalq haqida yozgan. Qachonlardir yuz minglab nufusga ega boʻlgan kereklar uzoq vaqt mobaynida rus tili oʻpqoniga yutilib ketadi. Butun boshli xalqdan ikki kishi – keksa ona va rus yigiti bilan turmush qurishga jazm qilgan qizi qolgan. Kampir yigʻlaydi. Ochlik yo yoʻqchilikdan emas – uning uyi, nafaqasi, kichikroq boʻlsa-da mulki bor – tili yoʻqolib ketayotganidan xun boʻlib yigʻlaydi. Va asar muallifiga “Sizlar yurtingizda necha kishisizlar, oʻzbeklar koʻpmi?” deb savol beradi. Adib, albatta, oʻzbeklar haqida mamnuniyat bilan maʼlumot beradi. Kampir tagʻin yigʻlaydi: “Endi biz yoʻq boʻlib ketamiz. Qizim ham oʻrisga tegayapti. Farzand koʻrsa farzandlari kerekcha gapirmaydi. Biz yoʻq boʻlamiz...”.

“Devonu lugʻotit turk” – tiriklik suvi. Tilini yoʻqotayotgan har qaysi turkiy bu sehrli suvdan ichib ajdarho zahridan tuzalgan botirday oʻzini qayta oʻnglay oladi. Kereklar kabi yoʻqolib ketish xavfining oldini oladi bu asar.

Oʻz oʻrnida bir qarz gap ham bor: biz bugun har kim oʻz molini maqtayotgan, tilini ustun sanayotgan, turli vosita va shakllarda oʻz urf-taomilini olib kelayotgan dolgʻali davrdamiz. Bu paytda bizni asrab qoladigan eng asosiy kuch tildir. Tilsiz millat esa yoʻq millat.

* * *

“Devonu lugʻotit turk” – turkiy tillar haqidagi Mahmud ibn Husayn ibn Muhammad al-Qoshgʻariy tomonidan 1071 – 1072-yillarda yakunlangan qomusiy asar boʻlib, u oʻz davridagi turkiy tillarning lugʻaviy, grammatik va madaniy jihatlarini qamrab olgan. Shu maʼlumotning oʻziyoq kishi koʻksini toʻldirib, toʻlqinlantirib yuboradi. Hali ayrim xalqlar avratini yopishga fahmi yetmay turgan bir pallada ijtimoiy hayot, moddiyat haqida emas, til haqida, adabiyot, tibbiyot ilmlari haqida shunday ulkan obida vujudga keldi. Bu dafina esa biz turkiylarga tegishli. Gap kelganda aytish kerakki, til, adabiyot, ilm, umuman maʼnaviyat birlamchi boʻlmogʻi kerak. Tangri bergan rizqni topib yeyish uchun ham ilm kerak. Mahsulotini sotish uchun ham til lozim. Sulh tuzish uchun ham maʼnaviyat zarur. Qolganlarini eplasa boʻladi.

...Asarda turkiy tillarning grammatikasi, lugʻaviy birliklari, ijtimoiy hayoti, tarixiy va madaniy xususiyatlari, shuningdek, turkiy xalqlarning turmush tarzi, qadriyatlari va dunyoqarashi haqida qimmatli maʼlumotlar keltirilgan.

Asar arab alifbosi va tilida yozilgan. Qiziq, turkiy tillar taqdiri haqidagi shoh asar boshqa tilda yaratildi. Nechun? Bu savolning javobi juda ogʻir. Vaholanki, xalqlarning soʻzlashib turgan jonli tili bor edi. Xorazm, Soʻgʻd yozuv-alifbosi mavjud edi. Ammo hukmron til arabcha boʻlgani bois shunday qilishga majbur boʻlgan. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida keltirilgan maʼlumotga koʻra, Qoshgʻariy 8 mingdan ortiq turkiy soʻzni toʻgʻri talaffuz qilish maqsadida arabcha harakatlar(harflardagi ost-ust ishoralar – zer-zabar)dan foydalangan. Bunda, albatta, muallif ancha qiyinchilikka duch kelgan. Chunki arabchadagi alif, vov, yo tovushlarini beradigan belgilar bilan turkiy tovushlarni toʻliq berib boʻlmas edi. Turkiydagi choʻziq va qisqa unlilar, yumshoq va qattiq tovushlar uchun muallif maxsus belgilar(harakatlar)ni qoʻllaydi yoki soʻz boshidagi choʻziqlikni ikki alif bilan koʻrsatadi yoki ikki xil talaffuz qilinadigan soʻzlarga ikki xil ishora qoʻyadi: azuqluq, eritmak soʻzlaridagi z va r harflari ustiga ham kasra, ham zamma ishorasini qoʻygan. Demak, bu soʻzlar oʻsha davrda ikki xil talaffuz etilgan: aziqluq – azuqluq, eritmak – erutmak kabi. Arabcha harf bilan koʻrsatish mumkin boʻlmagan turkiy talaffuzni “Devonu lugʻotit turk”da izohlab, taʼriflab oʻtgan. Asarda avvalo otlar, soʻng feʼllar izohlanadi. Soʻzlar tartibi ularning tarkibidagi harflarning orta borishiga (2 harfdan 7 harfgacha) qarab tuzilgan.

* * *

Asarning yagona va eng qadimgi qoʻlyozmasi 1226-yilda kotib Muhammad ibn Abu Bakr koʻchirgan nusxa boʻlib, u 1915-yilda Turkiyaning Diyorbakr shahridan topilgan. Qoʻlyozma Istanbul milliy kutubxonasida saqlanadi. “Devon...”ning birinchi noshiri va turkchaga tarjimoni Rifat Bilge hisoblanadi. Oʻzbekistonda esa professor Solih Mutallibovning 35 yillik mehnati natijasida 1960 – 1963-yillarda oʻzbek tilida uch jild holida nashr etilgan.

“Devon...”da muallif oʻzi tuzgan doira shakldagi xarita ham mavjud. Dunyoning tasviri. Qoshgʻariy anglagan, tasavvur qilgan jahon xaritasi. Xaritada mamlakat, shahar, qishloq, tog‘, choʻl, dovon, dengiz, koʻl, daryo va hokazolarning nomlari yozilgan. Unga yozilmay qolgan bir qancha nomlar asar matnida izohlangan. Xarita asosan hozirgi sharqiy yarimsharga toʻgʻri keladi.

Dunyoning tabiiy qitʼalari million yillarki muqim turibdi, ammo xaritalar oʻzgarib ketayapti. Bu uzluksiz, betinim jarayon. Qoshgʻariy tuzgan xaritaga qarab, bitta olimning dunyoni anglash darajasi, bergan moʻl-koʻl hosili naqadar ulkanligini biroz his etarkanman, “Qoshgʻariy bobo bir oʻzi butun boshli akademiyaning ishini qilgan ekan” deb iqror boʻlaman. Ajdoddan avlodga axborot va belgilarni genlar tashiydi. Ming yil avvalgi umumturkiy madaniy qadriyatlarni norday tashigan, bizgacha yetkazib kelgan ulug‘ ajdodga berganim bu baho menimcha mubolagʻa emas.

* * *

Qancha tovush bor bu tiriklikda... bargning shovullashi, arining gʻoʻngʻillashi, suvning shildirashi, qush, ayiq, chaqmoq, dovul... va jimlikning tovushi... bu tovushlarning hech biri bejiz emas, shunchaki, besabab mavjud emas. Ammo sodda bir naql bor: bozorda odam koʻp, har kim taniganiga salom beradi. Shu bois turkiyning tovushi, “Devon...” qatlaridan jaranglayotgan, gurros solib, ayqirib oʻtayotgan qadim va navqiron turkiyning tovushi bizga qadrdon.

Qoshgʻariy devon oxirida “Bu kitob umrimni oxiriga yetkazdi” deb yozgan. Demak, olim bu kitobga butun umrini, hayotini bagʻishlagan.

“Devon...”dan olingan mana bu sadolarga quloq bering. Shu sadolar tinmasin, dunyo turguncha baqamti, dunyoda katta son va sifatni tashkil etuvchi turkiylar, xossatan, oʻzbeklar sadosi tinmasin va kaminaning soʻzlariga ham shu satrlar, naqllar xulosa boʻlsin:

Toqish ichra urishtim,

Ulug‘ birla qapishtim,

Toʻkuz atin japishdim,

Aydim emdi al Utar.

Jangda raqibning ulugʻi bilan qashqa otda urushdim. Unga oʻq otdim va unga “Mendan buni ol, Utar deb unga oʻq otdim” (Utar – kishi nomi).

Yatning yagʻliq tikusindan oʻznung qanlig‘ uzruq jir – yotning yogʻli ovqatidan yaqinlaringning mushti yaxshi.

Qutsuz quzugʻqa kirsa, qum yagʻar – baxtsiz quduqqa kirsa, qum yogʻar.

Qish qonuqi oʻt – qishning ziyofati olov.

Oʻt tutunsiz bolmas, jigit jazuqsiz bolmas – oʻt tutunsiz boʻlmas, yigit gunohsiz boʻlmas.

Tilin tugmishni tishin jazmas – til bilan bogʻlangan tish bilan yechilmas.

Ogʻlan ishi ish bolmas, ogʻlaq munguzi sap bolmas – bolalar ishini ish deb boʻlmaydi, echki shoxi sop boʻlmaydi.

Bir tilki terisin ikila sonmas – bir tulki terisi ikki bor shilinmas.

Erdam bashi til – odobning boshi til.

Shodmonqul SALOM

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.

“Erdam bashi til...” maqolasi