Amir Temur kabi ulkan saltanat hukmdori uchun harbiy yurishlar faqat siyosiy va harbiy jarayon emas, balki diniy ibodatlar, diplomatik muloqotlar va ilmiy suhbatlar bilan ham chambarchas bogʻliq, albatta. Shu sabab Sohibqiron huzurida ibodatlarni boshqaradigan yuksak ilmga ega imom, shuningdek, turli mamlakatlardan kelgan ulamolar bilan bemalol muloqot qila oladigan, arab tilini mukammal biladigan tarjimonga ehtiyoj nihoyatda katta boʻlgan. Shu sabab buyuk Turon sultoni Amir Temur oʻzining harbiy safarlarida eng ishonchli imom va tarjimon sifatida Mavlono Abduljabborga tayangan hamda uni doimo oʻz yaqinida olib yurgan.

Manbalarda aytilishicha, u Amir Temurning kundalik ibodatlarida imomlik qilgan, harbiy yurishlar jarayonida ham hukmdor ibodatlarining tartib bilan oʻtkazilishiga masʼul boʻlgan. Oʻsha paytda sarbozlar ruhiyatini koʻtarish, safar davomida diniy birlikni saqlab turish va hukmdor oldida sharʼiy marosimlarning toʻgʻri bajarilishi aynan imom zimmasidagi eng muhim vazifalardan edi. Bundan tashqari, Sohibqironning arab olamidagi zabardast ulamolar bilan uchrashuvlari, siyosiy-diplomatik muzokara va ilmiy bahslarida ham Mavlono Abduljabbor muhim oʻrin tutgan.

Ibn Arabshoh taʼkidlashicha, u Amir Temur huzurida nafaqat imom, balki ilm ahli vakili sifatida ham tanilgan, faqihlikda chuqur bilimga ega fozil olim edi. Shu bois Amir Temurning saroyida oʻtkaziladigan ilmiy majlislarda koʻpincha hakamlik qilgan. Ayniqsa, oʻsha davrning yirik allomalari Saʼduddin Taftazoniy va Sayyid Sharif Jurjoniy oʻrtasidagi mashhur bahsda hakamlik qilgani alohida eslanadi. Manbalarda aytilishicha, bu munozarada Sayyid Sharif Jurjoniy gʻolib chiqqan va bu natija saroy ahli orasida katta qiziqish uygʻotgan. Mavlono Abduljabborning Amir Temur huzuridagi mavqei uning diniy eʼtiqodi, ilmiy saviyasi, tarjimonlik mahorati va bahslaridagi adolatidan dalolat beradi. U faqat ibodatlarni boshqaruvchi din arbobi emas, balki Amir Temurning shaxsiy hayotida muhim rol oʻynagan, ilm va siyosat chorrahasida faoliyat yuritgan yuksak darajadagi ziyoli sifatida tarixda munosib oʻrin egallagan.

Mavlono Abduljabborning toʻliq ismi haqida manbalarda ikki xil maʼlumot uchraydi. Amir Temurning Mamluklar davlatiga qilgan yurishi chogʻida Halabda u bilan uchrashgan olimlardan Ibn Xatib Nosiriy uni “Abduljabbor ibn Abdulloh al-Xorazmiy al-Hanafiy” deb ataydi. Ammo Halabda u bilan uchrashgan yana bir faqih olim va shu bilan birgalikda Halab qozisi boʻlgan Abul Valid ibn Shihna esa uni “Abduljabbor ibn Noʻmon al Xorazmiy al Hanafiy” deb qayd etgan. Bu tafovut dastlab qaraganda chalkash tuyulsa ham boshqa tarixiy manbalar masalani oydinlashtiradi. Damashqda Mavlono Abduljabbor bilan bevosita suhbat qilgan buyuk tarixchi Ibn Xaldun ham uning ismini aynan Abduljabbor ibn Noʻmon deb tilga oladi. Bu esa Noʻmon ismi tasodifiy emasligini koʻrsatadi.

Eng muhim maʼlumotni esa Ibn Arabshoh beradi. Uning yozishicha, Mavlono Abduljabborning otasi Samarqandda yashagan, fiqh ilmining furu sohasida davrining eng yetuk olimlaridan biri boʻlgan. U shunchalik mashhur va obroʻli faqih edi-ki, zamondoshlari uni hanafiy mazhabining asoschisi boʻlgan buyuk faqih Imom Abu Hanifa Noʻmon ibn Sobitga oʻxshatib, hurmat bilan Noʻmon ikkinchi deb atashgan. Shundan kelib chiqadiki, Abduljabborning otasining asl ismi Abdulloh boʻlgan, ammo ilmiy salohiyati va mazhabda egallagan mavqeiga koʻra Noʻmon laqabi bilan mashhur boʻlgan. Demak, manbalarda uchraydigan ikki xil ism Abduljabbor ibn Abdulloh va Abduljabbor ibn Noʻmon aslida bir biriga zid emas. Birinchi ism otasining haqiqiy ismini bildirsa, ikkinchisi uning ilmiy laqabi bilan bogʻliq. Shu bois har ikkisi ham tarixiy jihatdan toʻgʻri hisoblanadi.

Manbalarda uning tugʻilgan yili aniq koʻrsatilmagan. Biroq Ibn Xatib Nosiriy Halabdagi suhbatda Mavlono Abduljabbordan yoshini soʻraganida u “hozir qirq yoshga kirdim” deb javob beradi. Amir Temurning Halabga kelishi va u yerda ulamolar bilan uchrashuvi hijriy 803-yil rabiyul avval oyining 14-kuni, milodiy 1400-yil 10-noyabrda sodir boʻlganligi maʼlum. Shu maʼlumotlardan kelib chiqib, 803-hijriy yildan 40 yil ayirilsa, 763-hijriy yilga toʻgʻri keladi. Bu esa milodiy 1362-yil atrofini anglatadi. Demak, manbalarda tugʻilgan sana aniq berilmagani holda, mavjud guvohliklar asosida Mavlono Abduljabborning 763 hijriy, milodiy 1362-yilda tavallud topgani haqidagi xulosa mantiqan toʻgʻri boʻladi.

Yuqorida aytib oʻtganimizdek, Mavlono Abduljabborning otasi oʻz davrining yirik ulamolaridan biri boʻlgan. Shu boisdan Mavlono Abduljabbor ham faqih va fozil kishi boʻlib yetishdi. U usul, mantiq, arab tili, fors tili va turk tillarini mukammal bilgan. 1400-yilda Amir Temur bilan birga Halab shahriga kelgan Mavlono Abduljabbor Halabda hanafiy mazhabi qozisi Kamoliddin Umar ibn Abiy Jarrodadan shayx Akmaliddinning Imom Margʻiloniyning “Hidoya” asariga yozgan sharhini soʻraydi. Mazkur sharhni mutolaa qilgach, u unda bir qancha noaniqlik va xatoliklar mavjudligini aniqlab, bu haqda Halab ulamolariga maʼlum qiladi.

Mavlono Abduljabborning tarjimonlik faoliyatini misollar bilan koʻrsatmoqchi boʻlsak, bir qancha dalillarni keltirish mumkin. Amir Temur tomonidan Halab qalʼasi taslim qilingandan keyin Amir Temur u yerning ulamolari va qozilarini huzuriga toʻpladi. Bu majlisda Halabning shofe’ mazhabi qozisi Ibn Shihna ham qatnashdi va u yerda sodir boʻlgan voqealarni oʻz asarida qayd qilib oʻtgan. Majlisda Ibn Shihna shaxsan Amir Temur bilan suhbat quradi. Amir Temur bilan Halab ulamolari oʻrtasidagi suhbatda Amir Temurga arab tilidan Mavlono Abduljabbor ibn Noʻmon al-Hanafiy tarjimonlik qiladi. Majlisda Halab ulamolari oʻzaro maslahat qilishib ularning nomidan Ibn Shihna gapiradigan boʻldi.

Amir Temur Mavlono Abduljabbor vositasi orqali Halab ulamolaridan soʻragan birinchi savoli quydagicha edi: Kechagi jangda biz tomondan ham, siz tomondan ham oʻldirilganlar boʻldi. Ulardan qay birlari shahiddirlar? Bizning oʻliklarimizmi yoki siznikimi? Bu savolga Ibn Shihna quydagi hadis bilan javob beradi. Allohning rasuli (s.a.v) huzurlariga bir sahroyi arab kelib dedi: Yo Rasululloh! Bir kishi oʻz nomusi uchun urush qiladi, boshqa bir kishi shijoat koʻrsatish uchun urush qiladi, yana biri esa oʻz maqomini bildirish uchun urush qiladi, yana bir kishi oʻlja uchun urush qiladi. Shulardan qaysi biri Allohning yoʻlidadir? Allohning rasuli (s.a.v) kimki Allohning soʻzi hamma narsadan oliy boʻlishi uchun jang qilsa ana oʻsha Allohning yoʻlidadir. Bizlardan va sizlardan kim Allohning kalimasini oliy qilish uchun jang qilgan boʻlsa, oʻsha shahiddir deb javob berdilar. Amir Temur bu javobdan juda hursand boʻldi. Shundan keyin samimiy suhbat eshiklari lang ochilib ketdi va Amir Temur: “Men yarim jon odamman va falon va fulon mamlakatlarni egalladim” – dedi va Ajam, Iroq, Hind mamlakatlarini va boshqa shaharlarini birin-birin sanab chiqdi. Bu vaziyatdan Ibn Shihna foydalanib, shunday dedi: “Bu ne’matlar evaziga shukur tariqasida bu xalqni afv eting va bundan keyin hech kimni oʻldirmang”. Amir Temur esa hech qachon qasddan bir kishini ham oʻldirmaganligini aytadi. Halabliklar bilan boʻlgan jangda ular oʻzlarini oʻzlari shahar darvozalarida qisib oʻldirganliklarini va ularga mol-dunyolari bilan omonda ekanligini aytadi.

Amir Temur halabliklardan soʻragan ikkinchi savoli quydagicha boʻldi: Ali, Muoviya va Yazid haqida sizlar nima deysizlar? Shu vaqt Qozi Ilmuddin al-Qafasiy al-Molikiy ular hammasi mujtahidlardir, deb javob berib yubordi. Bundan Amir Temurning gʻoyatda gʻazabi kelib, Ali haqda, Muoviya zolim, Yazid esa fosiqdir. Siz halabliklar ham Damashq ahliga tobesizlar, ular (damashqliklar) boʻlsa Yazid tarafdorlari boʻlib, Husaynni qatl etganlar, deb xitob qildi. Shu vaqt Ibn Shihna Amir Temurga lutf bilan murojaat etib, al-Molikiy bergan javobini u qandaydir bir kitobda koʻrganligi va ma’nosini yaxshi tushunmaganligini aytib, uning uchun uzr soʻradi. Amir Temur biroz chehrasi ochildi-yu, lekin kayfiyati avvalgi holatiga qaytmadi. Undan soʻng Amir Temur Ibn Shihnadan yoshi haqida soʻradi. Ibn Shihna tugʻilgan yilim 749-yil boʻlib, hozir ellik toʻrt yoshga yetdim, deb javob berdi. Soʻngra solat ul-magʻrib (shom namozi) vaqti kirib, namozga (turishga) chaqirildi. Amir Temur shom namoziga imomlikka Mavlono Abduljabbor ibn Noʻmon oʻtishini buyurdi. Ibn Shihna Amir Temur bilan yonma-yon turib namoz oʻqidi.

Shu oʻrinda biroz tahlil qiladigan boʻlsak, bu vaqtda Halab shahrida shaharning toʻrtta mazhab bosh qozilari va juda katta ulamolar jamoasi bor edi. Lekin Amir Temur oʻzining imomi Mavlono Abduljabborni imomlikka oʻtishligini buyurgan. Bu bilan Amir Temur oʻzining imomini qanday eʼzozlaganligini koʻrishimiz mumkin.

Keyingi kuni ham Amir Temur Mavlono Abduljabborni va Halab qozisi Ibn Shihnani chaqirtirib, Ali va Muoviya haqidagi savolini qaytardi. Ibn Shihna unga: “Hech shak-shubhasiz haq Ali tomonida edi. Muoviya esa xalifalardan emas edi. Chunki Allohning rasuli (s.a.v) tomonidan “Mendan keyin xalifalik oʻttiz yildir” degan sahih hadis sodir boʻlgan. Bu (muddat) Ali bilan tamom boʻlgan edi” – deb javob berdi. Shu vaqt Amir Temur Ali haqda, Muoviya zolim, deb ayt dedi. Bunga javoban Ibn Shihna “Hidoya”ning sohibi xalqqa jabr qiluvchi voliylardan qozilikka tayinlash joizdir, degan jumlasini keltiradi.

Darhaqiqat, garchi oʻsha paytda Ali haqda boʻlsa ham, sahoba va tobeinlarning koʻpchiligi Muoviyning qoziligini qabul qilishgan, deb javob beradi. Bu soʻzlardan Amir Temur hursand boʻldi va Halabda istiqomat qilish uchun tayinlagan amirlarini chaqirib, ularga: Bu odam bu shaharda sizlarning mehmoningizdir. U, xizmatkorlari, doʻstlari va ularga qoʻshilgan kishilarga yaxshi muomala qiling. Biror kishi ularga aziyat berishiga yoʻl qoʻymang, ular uchun yegulik oziq-ovqat ajrating va qalʼada qoldira koʻrmang, balki yashash joyi qilib madrasani, yaʼni qalʼa roʻparasidagi Sultoniya madrasasini belgilang, dedi. Amirlar Amir Temur qanday buyurgan boʻlsa ana shunday qilishadi.

Mavlono Abduljabbor Xorazmiy Sohibqiron Amir Temurning eng ishonchli imomi, maslahatgoʻyi va xalqaro muloqotlarda tarjimonlik qilgan yetuk olim edi. Ayniqsa, Sohibqironning Damashqda mashhur tarixchi, jamiyatshunoslik fani asoschisi Ibn Xaldun bilan oʻtkazgan ilmiy bahs-munozaralarida uning xizmati beqiyos boʻlgan. Mavlono Abduljabbor nafaqat ushbu uchrashuvlarda tarjimonlik qilgan, balki Ibn Xaldunga Amir Temurning shaxsiy xarakteri va harbiy zakovati haqida rasmiy tarixiy manbalarda uchramaydigan noyob maʼlumotlarni ham soʻzlab bergan.

Ushbu qimmatli maʼlumotlar keyinchalik Ibn Xaldunning shogirdi –  mashhur tarixchi Taqiyuddin Maqriziyning asarlari orqali bizgacha yetib keldi. Maqriziy bu maʼlumotlarni shaxsan oʻz ustozidan eshitganini taʼkidlaydi. Aynan Mavlono Abduljabborning ushbu xotiralari tufayli bugun biz Amir Temur siymosining boshqa manbalarda yoritilmagan qirralarini chuqurroq anglash imkoniga egamiz.

Mavlono Abduljabbor Ibn Xaldunga Sohibqironning harbiy yurishlaridagi sir saqlash qobiliyatini shunday taʼriflaydi: “Agar biror kishi senga: Amir Temur koʻchganida qayerga borishini kimdir biladi”, desa aslo ishonma. Yoki “U qachon toʻxtashini biror kishi oldindan biladi”, desa ham ishonma”.

Abduljabborning aytishicha, Amir Temur barcha amirlarni yigʻib kengash oʻtkazsa-da, yakuniy qarorni faqat eng yaqin 5-6 nafar xos kishilari bilan pishitar va haqiqiy maqsadni hatto oʻsha amirlarga ham oxirgi daqiqagacha aytmas edi. Askarlar dengiz toʻlqinidek bir tomonga qarab yurar, lekin kutilmaganda Amir Temurning buyrugʻi bilan butunlay boshqa tomonga burilib, dushmanni gʻaflatda qoldirar edi.

Maqriziy oʻzining asarida Sohibqiron Amir Temur shaxsiyatining hayratlanarli qirralarini ochib beruvchi bir qancha nodir voqealarni keltirib oʻtadi. Shunday hikoyalardan biri Ibn Xaldun tomonidan naql qilingan boʻlib, u bu maʼlumotlarni bevosita Mavlono Abduljabbor Xorazmiydan eshitganini bayon etadi. Ushbu voqea Sohibqironning nafaqat harbiy sohada qanday yuksaklikka erishgani va inson psixologiyasini chuqur tahlil qila oladigan strateg ekanini yaqqol namoyon qiladi:

Voqea Damashq shahri yaqinidagi harbiy maydonda sodir boʻladi. Bir kuni Amir Temur kutilmaganda otga minib, Mavlono Abduljabborga ham oʻziga hamrohlik qilishni buyuradi. Ularning yonida faqatgina bitta xizmatchidan boʻlak hech kim boʻlmaydi. Sohibqiron Misr mamluklari qoʻshini turgan tomon yoʻl oladi. Dushman askarlari otlarining ustida shay boʻlib turgan bir paytda, Amir Temur ularga yaqinlashib, uzoq vaqt davomida dushman harakatlarini diqqat bilan kuzatib turadi. Soʻngra oʻz hamrohi boʻlgan xizmatchini dushman oʻrdugohi tomon yuboradi. Xizmatchi xuddi bir muhim farmonni yetkazayotgan elchidek ularga yaqin boradi va vazifasini bajarib qaytib kelgach, Amir Temurga yuksak ehtirom bilan taʼzim qiladi.

Qizigʻi shundaki, dushman tomon Sohibqironning kimligini ham, bu kichik guruhning asl maqsadini ham mutlaqo payqamaydi. Vaholanki, urush maydonida qarshisidagi kishining dushman ekanini sezishdan koʻra muhimroq vazifa yoʻq edi. Amir Temur esa bu vaziyatni koʻrib, kutilmagan bir xulosaga keladi. U qarorgohga qaytayotib, Abduljabborga qarab, bu qoʻshin bugun tunda qochishini aytadi. Haqiqatdan ham, oʻsha tunda Mamluk sultoni Nasir Faraj va uning amirlari kutilmaganda vahimaga tushib, oʻz joylarini tashlagan holda qochib ketishadi.

Keyinchalik Mavlono Abduljabbor Sohibqirondan bu sirni qanday qilib oldindan bilganini soʻrashganida, Amir Temur shunday javob beradi: “Men ularni kuzatish uchun borganimda, ularning birorta ham aygʻoqchi-qorovulini koʻrmadim. Shunda ularga yanada yaqin bordim va diqqat bilan kuzatdim – qarasam, ular tarqoq holda toifa-toifa boʻlib olishibdi. Ularga kelganimni bildirishni xohladim va hamrohimga buyurdim: u borib ularning oldidan oʻtdi va qaytib kelib, menga xuddi podshohlarga xizmat qilingandek, yuksak ehtirom bilan xizmat qildi. Ular esa buni mutlaqo payqashmadi.

Holbuki, men ularning dushmaniman! Vaholanki, urushayotgan tomon uchun oʻzi urushayotgan dushmanidan koʻra muhimroq narsa yoʻqdir. Bildim-ki, ular menga eʼtibor berishmayapti va shunga qaramay har bir toifa faqat oʻz-oʻziga jipslashib qolibdi – angladim-ki, ular faqat oʻzlarini tashvishga solayotgan bir ish ichidalar. U ish esa faqat qochishdir! Ular hozir faqat qanday qilib qochib qutulish haqida qaygʻurmoqdalar”.

Mavlono Abduljabbor Xorazmiy orqali bizgacha yetib kelgan ushbu nodir fakt Amir Temurning naqadar buyukligini koʻrsatish bilan birga, u dushmanning tashqi tartibsizligidan ularning ichki qoʻrquvini, beparvoligidan esa ularning yaqin soatlardagi magʻlubiyatini bashorat qilgan. Bu ilmiy nuqtayi nazardan vaziyatni real vaqt ichida baholashning eng yorqin tarixiy namunasidir. Mavlono Abduljabborning ushbu xotiralari Ibn Xaldun kabi buyuk olimni ham hayratga solgani bejiz emas, chunki bu yerda amaliy tajriba va yuksak nazariy tafakkur bir nuqtada birlashgan.

Abduljabbor ibn Noʻmon Amir Temur bilan birgalikda juda koʻp olimlar bilan bahs-munozaralarga kirishdi. Bu bahs-munozaralarda oʻzining yuksak isteʼdodi bilan u yerdagi olimlarni ham eʼtirofiga sazovor boʻlgan. Amir Temurning imomi, tarjimoni va maslahatchisi boʻlgan Abduljabbor ibn Noʻmon 1403-yil vafot etadi.

Xulosa oʻrnida aytish joiz, Sohibqiron Amir Temur oʻz davrining eng yetuk ilmiy va diniy namoyandalarini oʻz huzurida jamlagan boʻlib, ular orasida hanafiy fiqhining zabardast olimi Mavlono Abduljabbor ibn Noʻmon alohida mavqega ega edi. Mavlono Abduljabbor Sohibqiron tashkil etgan majlislarda nafaqat mohir tarjimon va odil hakam, balki diniy-huquqiy masalalar boʻyicha eng yaqin maslahatgoʻy sifatida ham tanilgan. Eng muhimi, u Amir Temur shaxsiyati va harbiy mahoratiga oid bizgacha yetib kelgan koʻplab noyob maʼlumotlarning asosiy yetkazuvchisi sifatida tariximizda oʻchmas iz qoldirdi.

   Elyorbek TURDIMIRZAYEV,

OʻzR FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi