Mashhur haykaltarosh Rodendan “Siz oddiy toshdan qanday qilib shunday goʻzal ayol siymosini yaratdingiz?” deya soʻrashganda, “Men hech narsa yaratganim yoʻq, shunchaki toshning keraksiz joylarini yoʻnib tashladim, xolos” mazmunida javob bergan ekan.

Kino sanʼatida ham ayolning ichki olami, tiynati, jamiyat bilan munosabatlariga bagʻishlangan oʻnlab durdona filmlar bor. Alfred Hichkok, Kendzi Midzoguti, Juzeppe Tornatore, Lars fon Triyer, Pedro Almodovar, Vudi Allen, Darren Aronofskiy, Andrey Zvyaginsev kabi kinorejissyorlar ijodida oʻzligini izlayotgan, vijdoni ila murosa qilolmayotgan, gohi insonlar, tuzum-u mafkura bilan ziddiyatga yoʻliqqan turfa feʼl-u sajiyadagi ayollar obrazini koʻramiz. Oʻzbek kino sanʼatida ayol obrazini yangicha talqin eta olgan rejissyorlardan biri esa, shubhasiz, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Ayub Shahobiddinov.

Ayub Shahobiddinovning deyarli barcha filmlarida ayol shaxsiyati boʻrtib koʻrinadi. Uning kinolarida ayollar turli yosh-u tutumlarga ega, ular orasida moziyga daxldori ham, zamonaviysi ham uchraydi. Biri hayosi, qoʻl yetmas yuksakligi ila farishtalarga mengzalsa, biri jinoyatchi degan tamgʻa sabab jamiyatga qoʻshilolmaydi; birining husn-u malohati, zakosi boshiga balo boʻlsa, yana biri umrining qisqaligi bois chin muhabbatiga yetolmaydi...

“Qor qoʻynida lola”... Otashnafas shoir Abdulhamid Choʻlponning choʻng dard ila yozilgan shu nomli hikoyasini ekranlashtirish Ayub Shahobiddinov chekiga tushdi (Yolqin Toʻychiyev bilan hamkorlikda) va u kinorejissyor ijodidagi ilk filmga aylandi.

Choʻlponning nasri sheʼriyatidek tiniq, toza, jozibali; poetik jilolari ila har qanday oʻqirmanning yurak torlarini chertmoqqa qodir. Garchi tushkun manzara, qoramtir ranglar ustuvorlik qilsa-da, “Qor qoʻynida lola” hikoyasi ham til shaffofligiga mahliyo boʻlib, rohatlanib oʻqiladi. Xoʻsh, adabiyot mulki boʻlgan hikoya kinematografiya tiliga qanday koʻchdi?

Rejissyor filmni hikoyadan farqlanuvchi ekspozitsiya bilan boshlaydi: ilk epizodda eshonga nazr qilingan, ich-ichidan iztirob chekayotgan dilpora qiz – Sharofatxon (Zamira Beshimova) koʻrinadi. Yangalardan biri qizning bilagidagi koʻzmunchoqni yechib, otasi Samandarga chiqarib beradi. Samandar (Saidkomil Umarov) koʻzmunchoqni mahkam qisgancha, otalik hissi, mehri iyib, ayni vaqtda yoʻl qoʻygan xatosini anglab, qalban tazarru qiladi... Ammo endi kech... Keyingi epizodda yor-yor sadolari ostida oilasi bilan xayr-xoʻshlashgan qiz aravaga yaqinlashib, ortiga bir termuladi-da, boshidagi roʻmolni tashlab, yugurganicha otasi bagʻriga oʻzini otadi... Aynan shu lavhada rejissyor ota va qiz oʻrtasidagi gʻoyat inja, soʻz ila taʼriflanmas hissiyotlarni chizadi: bunda mehr-u muhabbat, qaygʻu-yu hasrat, alam-u firoq bir-biriga qorishib ketadi...

Shundan soʻng asosiy tafsilotlarga oʻtiladi, yaʼni toʻydan ikki oy burungi hayot koʻrsatiladi. Dov-daraxtlar, tabiat qoʻynida “ha-yu chittigul” aytib, quvlashmachoq oʻynayotgan qizlar orasidan qahramonimiz – Sharofatxon ajratib olinib, tomoshabinga tanitiladi. Bu oʻrinda operatorning mahorati, ayol suvrati va siyratini nozik his etishi namoyon boʻladi. Daraxtga suyangan koʻyi xayolga choʻmgan qizning nigohlari, soʻng barmoqlari yirik planda koʻrsatiladi, quyosh shuʼlasida Sharofatxonning tabiiy goʻzalligi, begʻuborligi, pokiza dunyosi aks etadi. Qiz navnihol, balogʻatga yetgan, sochlari qirqkokil oʻrilib, beligacha tushgan; boshida qalpoq, chin oʻzbek qizi, ha-ha, xuddi Choʻlpon bobo taʼriflagan Sharofatxonning oʻzginasi.

Filmga hikoyada yoʻq yangi voqealar ham kiritilgan. Xususan, Sharofatxon koʻchada foytunda ketayotgan oʻris ayolini uchratadi va uning erki, hurligiga havas qiladi. Eshonga unashtirilgach, yana shu ayolni uchratadi va dunyoni boshiga koʻtargancha, “Meni olib keting” deya ortidan yuguradi. Bu epizodda oʻz hayotiga egalik qilolmay, qor qoʻynida nobud boʻlgan yuzlab lolalar – Turkistonning mazlum qizlariga ishora bor. Sharofatxon timsolida ularning umumlashma obrazi yaratilgan.

Film mungli bir hikoyaning ekran varianti emas, millat qizlarining iztirobi, qaygʻusi, dard-u kechinmalari haqidagi yangi asar. Kinoni koʻrgach, nafs qullarining qurboni boʻlgan, yakunda hayoti fojiaga aylangan ne-ne xotin-u qizlarning oh-u nolasi, faryodini tinglagandek boʻlasiz. Film hikoyaga nisbatan yanada quyuqroqdek, gʻamginroqdek tuyuladi.

“Qor qoʻynida lola”dan soʻng kinorejissyor davr yoshlari, ularning tuygʻulari, kechinmalari haqida film olishga qaror qildi. Koʻp oʻtmay “Sevinch” filmi katta ekranlarga chiqdi. Mazkur kartina oʻz vaqtida yoshlar orasida yaxshigina shov-shuvga sabab boʻlgan. Sof, hijronli muhabbat kuylangani uchunmi yo taniqli estradachilar qatnashgani tufaylimi, xullas, ayni kinoning muxlis-u muhiblari yetarli edi. Kamina ham bir guruh sinfdoshlar ila filmni kinoteatrda koʻrganim hamon esimda. “Sevinch” ekranga chiqqaniga yigirma yildan oshibdiki, hanuz uni shirin nostalgiya, oʻzgacha hayajon bilan tomosha qilguvchilar bor.