Asteroiddan ham xatarli
Biror kishi gravitatsiya qonunini rad eta oladimi? Yoʻq, albatta. Harqancha qoʻlini silkisin – qushga oʻxshab parvoz qilmoqqa ojiz. Biror kishi elektr qonunlarini inkor etadimi? Yoʻq, aks holda uni tok urib oʻldiradi.
Tabiatning ana shunday qonunlaridan yana biri “tabiiy tanlanish” deb ataladi. Unga koʻra, tabiat jonli jonzotlarni saralaydi, ayrim turlar koʻpaymaydi, hatto qirilib bitadi. Masalan, ulkan asteroid Yukatan yarimoroliga urilib Yer kurrasida sodir boʻlgan keskin oʻzgarish natijasida dinozavrlarning aksari qirilib ketgan, faqat sinovdan oʻtganlari – timsohlar, qushlar yashab qolgan. Bundan bir necha oʻn ming yil avval muz davri boshlanganida ongli odamlar (olovdan foydalanishni oʻrganganlari) jon saqlab, qolgan qabilalar yoʻq boʻlib ketgan.
Bugun insoniyat asteroid urilishidan ham, muzlik davridan ham kuchliroq bir sinov qarshisida turibdi: gʻarbcha madaniyat! Bu sinovdan oila qadriyatlarini saqlab qolganlar omon chiqadi, boshqalari kamayib-kamayib, oxiri yoʻqlikka yuz tutadi. Tabiiy tanlanish qonuni hozirning oʻzidayoq oʻz kuchini yaqqol koʻrsatmoqda, tub yevropaliklar keskin kamaymoqda. Muhimi, bunday tanlov nafaqat qabilalar oʻrtasida, balki qabila ichida ham yuz beradi: oila qadriyatlarini asraydiganlarning farzandlari koʻpayaveradi; hayotni yeb-ichish, oʻynab-kulish deb tushunadiganlar oʻzidan koʻp zurriyot qoldirishni istamaydi va buni ongli qaror deb hisoblaydi. Yoʻq, aslida bu – Yaratganning tabiiy tanlanish qonuni zimdan kuchini koʻrsatayotganidan. Islomni qabul qilayotgan oqtanlilar soni ortib borayotganining asosiy sabablaridan biri – ular bu dinning oila, nikoh, hayo kabi qadriyatlarni qattiq himoya qilishini anglagani tufaylidir.
Tarix biryoqlamalikni xushlamaydi
Boburning Navoiyga munosabatini faqat “Boburnoma”ga tayanib oʻrganish xato. Bobur tomonidan “Mezon ul-avzon” risolasining tanqid qilinishi, “Devoni Foniy” haqidagi salbiy fikr “Boburnoma”ning shu bobi yozilgan vaqtdan keyin yaratilgan “Aruz” risolasida tuzatilgan: “Mezon ul-avzon”dan 6 ruboiy keltirilgan, uning bekam-u koʻstligi taʼkidlangan. Bobur forsiy devonga ham yuksak baho bergan, umuman, Navoiyni ustod deya alqagan. Faqat bugina emas, Boburning Navoiyga munosabatini oʻrganishda uning “Devon”iga ham murojaat qilish kerak. Zero, “Devon”da Navoiyning taʼsiri nihoyatda kuchli. Ilmiy tarix biryoqlamalikni xushlamaydi, bilʼaks, mukammal yondashuvni talab etadi.
Zamoni oʻtgan istiloh
“Chigʻatoy adabiyoti” atamasi turkologlar uchun odatiy boʻlsa ham, prinsipial xato istilohdir. Navoiy oʻz tilini “turk tilining Chigʻatoy ulusi lahjasi” deb atagan. Chigʻatoy ulusi aslida Navoiy davridayoq eskirib boʻlgan edi. “Chigʻatoy tili/adabiyoti” atamalarini XIX asrda rus turkshunoslari fanga tiqishtirgan, uni oʻzimizning ziyolilar negadir hech bir malolsiz qabul qilgan edi (“Chigʻatoy gurungi” va boshqalar). Mazmun-mohiyatiga koʻra, “turk tilining Turon lahjasi/adabiyoti”, “mumtoz oʻzbek tili/adabiyoti” atamalari maqbulroq.
“Qumursqalar boʻldi safardosh...”
Oʻzbekning eng ulkan isteʼdodlarining armoni, balki fojiasi – qumursqalar bilan ovora boʻlish.
Teskari proporsiya
Aktyor va rejissyor Aleksandr Shirvindt yodnomalarini oʻqiganda xayolga kelgan fikr: “Davlatning durustligi, xalqning baxti baland devorlar, temir panjaralar va tikanli simlar uzunligiga teskari proporsional”.
Kitob va kino
Kognitiv neyrofiziologiya aniqlagan qonunlar: 1) kitob oʻqish bilan kino, TV, umuman, video tomosha qilish oʻrtasidagi asosiy farq: tomosha qilganda koʻrish qobiliyati ishlaydi – voqealar koʻz oldida yuz beradi, kitob oʻqiganda tasavvur qobiliyati ishga tushadi; 2) tafakkur qobiliyati ishlashi uchun koʻrgan va oʻqigan ustida fikr yuritmoq lozim. Kitob mutolaasi jarayonida fikr yuritish oson, tomosha qilganda qiyin. Agar koʻrsatuvda voqealar tez, lip-lip qilib oʻtsa, tafakkur kuchi ishga tushmaydi.
Xulosa: kliplar, tasvir juda tez almashadigan filmlar odamning fikrlash qobiliyati rivojlanishi yoʻlida gʻov.
Ijod aksiomalari
Ijod sohasi muttasil ilgarilama harakatda boʻlmaydi – isteʼdodlar zilzila kabi vaqti-vaqti bilan, kutilmaganda boʻy koʻrsatadi.
Buyuk asar vakuumda tugʻilmaydi, u avvalgilardan ibrat olish, oʻrganish, ayni vaqtda, ulardan oʻzishga intilish hosilasidir. Buyuk asarlar tugʻilishida ijodiy musobaqaning roli katta: nafaqat zamondoshlar – oʻtganlar bilan ham, nafaqat atrofidagilar – uzoqdagilar bilan ham.
Ijodda “miqdorning sifatga oʻtish” qonuni amal qilmaydi.
Ijodkorning fojiasi – ijodi bilan hayotiy prinsiplari uygʻun emasligida.
Tajriba, izlanish, novatorlikni taqiqlash, qoralash, mensimaslik toʻgʻri emas – u ragʻbatlantirilishi kerak.
Hech bir janr eskirib, chiqitga chiqmaydi, balki mudrab, uygʻotuvchisini kutib yotadi.
Shaklning ham ahamiyati bor. Buyuk asarlarda shakl va mazmun uygʻun – unisi ham, bunisi ham mukammal boʻladi. Shakl – deylik, qizning husn-u jamoli, qaddi-qomati, mazmun – xarakteri, koʻngli, odobidir.
Oʻzidan qoniqmaslik – bamisoli ijodkorni yuksakka koʻtaruvchi raketa.
Avvallari isteʼdodning 99 foizi mehnat deyilar edi, endi 999 promillesi mehnatdir.
Afsuski, buyuk asarlar bilan oʻrtamiyona asarlar oʻrtasida “xitoy devori” yoʻq.
“Ijodkor boʻlishingiz shart emas, inson boʻlishingiz shart”. Ijodkor ham inson, insonga xos ojizliklardan xoli emas.
Isteʼdod oʻrmondagi eng baland daraxtga oʻxshaydi – shamolning hamlasiga eng avval u yoʻliqadi, yashin ham birinchi boʻlib uni uradi.
Otni jilovlash vaqti
Bugungi Gʻarb – isteʼmol sivilizatsiyasidir. Uning erishgan yutuqlari isteʼmol omili tufayli. Ayni choqda fojiasi ham. Odam boyigan sari isteʼmol tuygʻusi oshib boradi. Tasavvuf falsafasining bosh gʻoyasi nafsni, xususan, isteʼmol tuygʻusini jilovlash ekani bejiz emas.
...biz esa, nafsimizni jilovlamoq oʻrniga, Gʻarbga ergashib, otni qamchilayapmiz: yana, yana, yana...
Teatr tili
1960-yillar. Toshkent. “Oltin davrimiz”. Hamza va Muqimiy teatrlari gullab-yashnagan kezlar. Xonadoshlar bilan har stipendiya olgan kuni spektakl koʻrishni odat qilganmiz. Olim Xoʻjayevning Gamleti, Shukur Burhonovning Gʻofiri, Sora Eshontoʻrayevaning yapon onasi, Amin Turdiyevning “Ogʻriq tishlar”dagi roli hamon yodimda. Tomoshabinlar ham hozirgiga qaraganda soddaroq, ishonuvchanroq edi. Aytishlaricha, “Farhod va Shirin” spektaklida bir omiroq militsioner sahnadagi voqealardan taʼsirlanib ketib Yosuman rolini ijro etayotgan aktrisaga qarata oʻq uzgan ekan. “Gamlet”ga tushganimizda ham shunga oʻxshash hodisa boʻlgan: bosh qahramon otasining ruhi bilan uchrashadigan sahna shunday jihozlangan ediki, odamning eti junjikardi. Sahnaning orqa tomonidagi qora ramkada birdan arvoh paydo boʻlganda tomoshabinlardan biri qichqirib yuborgan edi.
...Lomonosov nomidagi MDU teatriga avangard truppa gastrolga keldi. Spektakl teatr va kinoning sintezidan iborat ekan. Aktyorlar sahnada rol oʻynab, uning chetiga borar edi-da, ekranga kirib ketar, shu tariqa spektakl kino tarzida davom etar, soʻng aktyorlar yana sahnaga qaytar edi. Bunaqa spektaklni boshqa koʻrmadim.
1984-yili Perm shahrida ilmiy anjuman boʻldi. Oʻsha davrda Perm opera va balet teatri ancha mashhur edi. Mehmonxona teatrga yaqin ekan, kechki spektaklga bordim. “Malikai Turandot” qoʻyilayotgan ekan. Anshlag! Ishi chiqib qolib, chiptasini sotadiganlar ham yoʻliqmadi. Tavakkal qilib, artistlar va xodimlar kiradigan xizmat eshigini taqillatdim. Navbatchi qorovul ayol kishi ekan. Toshkentdan kelganimni, teatrga tushmay ketsam oʻzimdan xafa boʻlishimni aytdim. U “Tashkent?!” dedi-yu meni eshikdan kiritib (qish, tashqarida 30 daraja sovuq edi), kutib turishga ishora qildi. Bir ozdan soʻng boshqa bir ayolni yetaklab keldi. U teatrning bosh maʼmuri boʻlib, qarangki, bolaligi urush yillari Toshkentda oʻtgan ekan. Olib borib lojadagi oʻz joyiga oʻtqazib qoʻydi.
Hozirgacha koʻrgan spektakllarim asosida shunday xulosa qilaman: agar spektakl sahnada oʻziga xos muhit, kayfiyat (ruhiyat desa toʻgʻriroq boʻlar) yaratib, tomoshabinni oʻz qaʼriga tortib keta olsa – chinakam sanʼat, aks holda undan yomoni yoʻq. Sanʼatning boshqa janrlaridan farqli oʻlaroq, oʻrtacha sahna asari boʻlmaydi. Zoʻr spektakl bir tomondan – dramaturg, rejissyor, aktyorlar mahorati, boshqa tomondan, tomoshabin saviyasiga bogʻliq.
Turk boylari qanday toʻy qiladi?
1993-yili bir oylik madaniy almashuv dasturi boʻyicha Turkiyaning Istanbul shahrida boʻldik. Mehmonxonamiz shaharning Lavand degan dongdor dahasida joylashgan. Har hafta boy xonadonlarning toʻyi boʻladi. Sunnat toʻyida yigirma-oʻttiz mehmon qatnashadi. Toʻybola posho (general) formasida, yelkasi osha tasma bogʻlangan. Mehmonlar keladi-da tasmaga medal taqib qoʻyadi. Birinchi safar qiziqib soʻraymiz. Tushuntirishadi – medal sof tilladan yasalgan, maxsus doʻkondan sotib olingan. Yigʻilgan medallar (bir kilocha tilla) bankka qoʻyilar, toʻybola voyaga yetguncha koʻpayib turar ekan. Katta boʻlgach, universitetda oʻqish, tadbirkorlik qilishga sarflarkan. Nikoh toʻyi ham shunday: mehmonlar qirq-ellik chogʻli, devorga gulchambar osilgan, qarindosh-urug‘, doʻst-yor unga medal taqadi. Yigʻilgan salmoqligina oltinni kelin-kuyov mustaqil hayotni yoʻlga qoʻyishga ishlatadi.
Qizigʻi, boy xonadonlarning toʻyida ham dasturxonga faqat meva-cheva, sharbat, pishiriq tortiladi, issiq ovqat qoʻyilmaydi. Mehmonlar qoʻllarini bir-birlarining yelkasiga tashlab, vatanparvarlik ruhida qoʻshiq kuylashadi. Artist – restoranning shtatdagi qoʻshiqchisi, qistir-qistir, varang musiqa, raqs-paqs yoʻq.
Turk qardoshlar topganini farzandlarining kelajagiga sarflaydi, biz esa isrofga, dabdabaga...
Bir kunlik sevgi
Nevaralarimning buvisi televizorda oʻzbek kanallaridan birining dasturini koʻrayotgan ekan, binoyidek husn va qaddi-qomatli uch qiz navbat bilan qoʻshiq aytyapti. “Meni bugun sevasanmi, yor?” degan naqarot bilan kuyladi biri. Sheʼr muallifi nimani nazarda tutsa tutgandir, hozir kim koʻp – soʻz boyligi haminqadar shoir, ammo dasturni tayyorlashda ishtirok etgan oʻnlab odamdan “Nega endi bir kunlik sevgi?” deyishga nahot birortasining farosati yetmagan?..
Musofir boʻlmaguncha...
Birlashgan Arab Amirliklarining AlAyn shahrida tashkil etilgan ilmiy anjumanda qatnashdim. Shaharning janubi – yaydoq tog‘, qolgan uch tomoni – qum barxanlari. Nafi tegishi mumkin boʻlgan kuzatuvlar:
1. Soy tugul jilgʻa ham yoʻq, ammo hammayoq daraxtzor, butazor, gulzor – tomchilab sugʻorish uchun har bir tup ostiga rezina ichak tortilgan. Dengiz suvi chuchuklashtirib olinadi.
2. Shaharda bitta yirik jome (Masjidi Xalifa) bor. Boshqa hammasi kichik, ammo bir-biriga yaqin – namozxon ortiqcha vaqt sarflamaydi, avtotirbandlik yoʻq, chunki koʻpchilik piyoda boradi.
3. Sahroda bunyod etilgani uchun koʻchalar, xiyobonlar, turarjoylar nihoyatda keng. Biz ham ekinzorlarni shaharga aylantirmay, ekin ekilmaydigan maydonlarda yangi mahallalar, shaharlar barpo etsak toʻgʻriroq boʻlar.
4. Qanday erishilgan – bilolmadim, atrof sahro, yomgʻir taqchil boʻlsa ham, chang yoʻq, hammayoq ozoda.
5. Dubay aeroporti Islom Karimov nomidagi “hamkasb”idan kamida yuz marta katta, ammo yoʻlovchilar uchun nihoyatda qulay.
Darhaqiqat, musofir boʻlmaguncha, musulmon boʻlmaymiz.
Buzma maʼrifat Kaʼbasin
Agar arxitektura yodgorligi biznes markazi, bozor, restoran kabi serdaromad sohalar qurishga oʻngʻay joyda boʻlsa, harqancha tarixiy ahamiyatga molik boʻlmasin, nafsi ajdarho, shaytonga qoʻl berganlar uni buzmay qoʻymaydi.
“Turon” kutubxonasi xalqimizning moʻtabar maskanlaridan edi – jadid harakatining maʼnaviy oʻchogʻi boʻlgan. U dargohda Abdulla Qodiriy, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi ulugʻlar ruhi kezib yurar edi. Buzib oʻrniga bachkana (spiral) bino barpo qilindi. Sifatsiz qurilgan ekan, ustini yopishga majbur boʻlishdi – arxitektura gʻarib, benavo chiqdi. Bunday misollar oʻnlab...
Yana taʼlim, yana maorif
Taʼlim sifatini baholashning xalqaro PISA test sinovi natijalari boʻyicha 81 ta davlat orasida Oʻzbekiston juda past natija koʻrsatdi (2022). Bu har bir vatandoshni oʻylantirishi lozim.
PISA test sinovi har uch yilda 15 yashar oʻquvchilar oʻrtasida oʻqish malakasi, matematika va tabiiy fanlar boʻyicha oʻtkaziladi. Oʻzbekiston oʻquvchilari matematika boʻyicha pastdan 10-oʻrinda, tabiiy fanlar va oʻqish savodxonligi boʻyicha oxiridan ikkinchi oʻrinda. Matematika va tabiiy fanlar boʻlganicha boʻlar. Dod deysizki, oʻqish savodxonligi boʻyicha ham ahvol yigʻlagudek! Gap Navoiyni, Tolstoyni, Qodiriyni emas, soddagina matnni oʻqib tushunish haqida ketmoqda.
Baraka topkurlar, bu holga faqat dastur, darslik, islohot, taʼlimga eʼtibor, ajratiladigan mablag‘, oʻqituvchilar malakasini oshirish, attestatsiya va hokazolargina sababmi? Axir, bolalarimiz oʻqimayapti-ku! Oʻqishni xohlamaydi, oʻqishni bilmaydi. Oʻtgan asrning 20-yillari mezonida aytsak, chalasavod. Bugungi kun oʻlchovida – gʻirt savodsiz. Oʻqiydiganlari bor, ammo koʻp emas. Nazarimda, maktab oʻqitishni eplay olmayapti. Ota-onalar bolam oʻqisin demayapti, xalq taʼlimi tizimidagi ayrim masʼullar maoshini halollab olmayapti, ular taʼlim emas, boshqa oʻy-xayollar bilan banddek.
Tashxis: taʼlim sifati bilan shugʻullanish “soqqa” keltirmaydi, turgan-bitgani tashvish, ter toʻkib qora mehnat qilish kerak. Islohot, darslik, maktablarni jihozlar bilan taʼminlash, taʼmir... bulardan esa milliardlab daromad qilsa boʻladi. Mana, muammoning oʻqildizi!
Ikkinchi ildizi – millatning mentaliteti (qoni) buzilganida. Bir oila turmush aravasini arang tortish bilan ovora – bolasining savodxonligi haqida qaygʻuradimi? Boshqa biri boy, ammo bolasining bilimdon emas, toparmon boʻlishini (halol yo harom ekanining ahamiyati yoʻq!) oʻylaydi.
Meni shu savol qiziqtiryapti: minglab xalq taʼlimi masʼullari, yuzlab mutasaddilar, oʻnlab yuqori mansabdorlar orasidan xalqaro reytingda Oʻzbekiston oxirgi oʻrinlarni egallagani sabab isteʼfo beradigan mard topiladimi?..
Abdulla AʼZAM
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 3-son.
“Bilimdon kerakmi yo toparmon?” maqolasi