Har bir inson jamiyat eshigiga oʻz ismi bilan kirib keladi. Umri davomida unga mana shu ism hamrohlik qiladi. Ham diniy, ham dunyoviy qonuniyatga koʻra shaxsga ism qoʻyish muhim jarayondir. Oyina.uz oʻzbek ismlarinining asosini tashkil etuvchi oʻntalik roʻyxat bilan sizlarni tanishtiradi. Roʻyxatni shakllantirishda tarixiy anʼanalar va zamon bilan bogʻliq vaziyatlar ham inobatga olindi.
1. Insonning ijobiy sifatlarini ifodalovchi anʼanaviy ismlar
Odamlarimiz asosan oʻzbek, arab, fors va turk tillaridagi ismlarga murojaat qiladi. Aksariyat oilalarda ism tanlashda maʼno va jarangdorlikka eʼtibor qaratiladi.
Anʼanaviy ismlar mohiyatan insonning ichki va tashqi goʻzalligi hamda ijobiy sifatlari bilan bogʻliq boʻladi. Boshqacha aytganda, ismlar orqali chaqaloqning ehtimoliy fazilatlaridan umid qilinadi.
Quvonarlisi, bugungi kunda koʻplab oilalar bu boradagi madaniyatga begona emas.
Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi yillarda tugʻilayotgan chaqaloqlarga Muhammad, Muhammad ali, Abdulloh, Muslima, Xadicha, Soliha kabi ismlar nisbatan koʻproq qoʻyilayapti.

Muhammadali Navroʻzov, aktyor
Hadicha, xonanda
2. Maʼlum maqsadni ifoda etuvchi ismlar
Bu turdagi ismlarni xalq tilida “irim ismlar” deyishadi. Masalan, ota-onaning oʻgʻil tilash istagini ifoda etuvchi ismlar – Ulboʻlsin, Uldona, Uljon, Oʻgʻiloy, Oʻgʻiljon, Qizlarxon; farzandlarining ketma-ket oʻlimini toʻxtatish istagida qoʻyiladigan ismlar – Tursun, Turdivoy, Turdiali, Toʻxtasin, Toʻxtavoy, Tursunoy, Toʻxtaxon, Umrinisa, Oʻrinboy, Oʻrinoy, Oʻrinbibi va hokazo.
Maʼlum boʻladiki, ota-bobolarimizda ismlar inson taqdiriga taʼsir eta oladi, degan ishonch mavjud boʻlgan. Shu asosda, ismlarga “ilinj” sifatida qaralgan.

Tursunboy Adashboyev, shoir
Tursunoy Sodiqova, shoira
3. Tugʻilish holati bilan bogʻliq ismlar
Baʼzida chaqaloqning tugʻilguncha va tugʻilgandan keyingi holati uning ismini tanlash uchun muhim asos boʻlgan. Masalan, ona qornida ovoz chiqargan chaqaloqlarga Mashrab, Mashrabxon deb, tishi bilan tugʻilgan chaqaloqlarga Boʻriboy, Boʻritosh, Boʻrixol, Boʻriniso deb, qizil dogʻi bilan tugʻilgan bolalarga Anor, Anora, Anorxon, Anorboy, Norxoʻja deb, sezilarli xoli bilan tugʻilgan chaqaloqlarga Xolida, Xolniso, Xolboy, Xolxoʻja deb, xatna qilingan holida tugʻilgan oʻgʻil bolalarga Sunnat, Sunnatillo, Musulmon, Muslim deb, ortiqcha tana aʼzosi bilan tugʻilgan chaqaloqlarga Ortiq, Ortiqali, Ortiqboy, Ziyod, Ziyoda deb ism qoʻyishgan.
Shuningdek, xalq orasida yoʻlda yoki safarda tugʻilganlarga Yoʻlchi, Yoʻldosh ismlarini, maʼlum islomiy oyda tugʻilganlarga Safar, Rajab, Ramazon, Muharram ismlarini, bayram kunlari tugʻilganlarga Bayram, Hayit, Navro‘z ismlarini yoki hafta kunlariga mos ravishda Jumavoy, Jumagul, Jumamurod, Chorshanba ismlarini qoʻyish odatlari ham mavjud.
Anʼanaga koʻra, egizak chaqaloqlarga Hasan, Husan, Fotima, Zuhra deb ism qoʻyilgan. Lekin bugungi kunda oʻz egizaklariga ixtiyoriy ism qoʻyayotgan ota-onalar ham koʻpayib bormoqda.

Rajab Adashev, aktyor
Ortiq Sultonov, soʻz ustasi
4. Tabiat va uning neʼmatlariga taqlidan qoʻyilgan ismlar
Bu turda asosan jonzotlarga, oʻsimliklarga va tabiat hodisalariga taqlidan qoʻyilgan ismlar nazarda tutilmoqda.
Totemistik qarashlar taʼsiriga koʻra insonlar orasida uzoq yillar jonzotlarga taqlidan ismlar qoʻyish urfda boʻlgan. Arslon, Lochin, Boʻri, Burgut, Qoʻchqor, Olmaxon, Jayron, Qunduz, Xoʻroz, Savri (buqa) kabi ismlar ana shu qarashlar mahsulidir.
Xuddi shunday, oʻsimliklar yoki gullarga taqlidan qoʻyilgan ismlarni ham koʻp eshitgansiz: Lola, Rayhon, Atirgul, Binafsha, Nilufar, Nargiz…
Shuningdek, quyosh, oymomo, yulduz, sayyora, daryo, dengiz kabi tabiat neʼmatlari, uchqun, yashin, dovul, chaqmoq, toʻfon, toshqin kabi tabiat hodisalari ham atoqli otga aylangan va oʻzbek ismlari tarkibiga kirgan.
Manbalarda keltirilishicha, tabiat hodisalari bilan bogʻliq ismlar totemistik qarashlardan tashqari aynan chaqaloqning tugʻilish vaqtidagi tabiiy vaziyat bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin. Masalan, odamlar qachonlardir qor yogʻayotgan vaqtda tugʻilgan chaqalogʻiga Qoryogʻdi deb ism berishgan.
.jpg)
Rayhon, xonanda
Uchqun Tillayev, aktyor
5. Buyumlar va jonsiz predmetlarga taqlidan qoʻyilgan ismlar
Albatta, ismlarning tarixiy asosida fetishizm (buyumlarga sigʻinish) alomatlari ham mavjud. Bu alomatlarni Bolta, Tesha, Oʻroq, Qilich, Xanjar, Ketmon kabi buyum va aslahalarga taqlidan qoʻyilgan ismlar misolida anglash mumkin. Ayrim manbalarga koʻra Markaziy Osiyo xalqlarida chaqaloq tugʻilishi bilan ota yoki onasi birinchi koʻzi tushgan buyumni farzandiga ism sifatida tanlaydigan qadriyat ham boʻlgan.
Bugungi kunda bolalarga bu turdagi ismlarni qoʻyish holatlari yoʻqolib bormoqda.
Shuningdek, odamlar jonsiz predmetlarning xususiyatlariga ramziy yondashgan holda Oltin, Tilla, Kumush, Zumrad, Gavhar, Olmos, Feruza, Temir, Poʻlat, Tosh kabi ismlardan ham foydalanib turishadi.

Tesha Moʻminov, aktyor
Qilichbek Madaliyev, xonanda
6. Film va serial qahramonlariga taqlidan qo‘yilgan ismlar
Tan olish kerak, koʻplab tomoshabinlar uchun film va seriallarning taʼsir darajasi yuqori. Odamlar rang-barang sujetlardan oʻz hayotini qidiradi, kinoqahramonlarga ergashadi, mehr qoʻyadi va hatto hamdard boʻladi. Dunyo miqyosida mashhur film qahramonlarining ismlarini farzandlariga qoʻyadigan ota-onalar koʻp uchraydi. Jumladan, oʻzbeklar ham bu tendensiyadan xoli emas.
Avvalroq hind filmlariga muxlislik qilgan ota-onalar farzandlariga Bobbi, Radxa, Raj, Zita, Arjun kabi ismlar qoʻyishgan. Lekin bundan koʻpchilik bexabar boʻlgan. Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangandan keyin ajabtovur ismdagi vatandoshlarimiz koʻpayib borayotganiga guvoh boʻlayapmiz: Chingachkuk, Spartak, Sabrina, Esmeralda, Jumong, Ishani... Lekin keyinchalik bunday ism egalari qiziquvchan odamlarning savollari ostida qolib ketadilar. Bundan bir necha yillar oldin odamlar tiliga tushgan Jumong ismli bolakay, internet manbalariga koʻra hozir oʻz ismini oʻzgartirgan, bunga atrofdagilarning turli mazaxlari sabab boʻlgan.
Agar havas qilingan qahramonning ism-sharifi oʻzbek ismlari “baza”siga begona boʻlmasa, eʼtirozsiz undan foydalanish mumkin. Masalan, turk seriallaridagi Bahor, Kumush, Daryo, Osiyo kabi ismlarga hozir ham murojaat qiluvchilar topiladi va bu holat jamoatchilikning ortiqcha muhokamasiga sabab boʻlmaydi.

7. Tarixiy shaxslar va mashhurlarga havas qilish asosida qoʻyilgan ismlar
Odamlarimiz orasida paygʻambarlar, ulamolar va avliyolarning ismlariga eʼtibor qaratadiganlar koʻp. Shuningdek, Beruniy, Ibn Sino, Jomiy, Temur Malik, Amir Temur, Uvaysiy ismlaridan foydalanganlar ham yoʻq emas. Bugungi kun mashhurlariga havas qilib qoʻyilgan ismlar haqida gapirmasa ham boʻladi.
Koʻproq muhokamalarga sabab boʻladigan vaziyat – odamlarimiz xorijlik mashhur shaxslarning ismlariga ham tez-tez murojaat qiladilar. Bugun yurtimizda Ronaldo, Messi, Neymar, Muhammad Saloh, Bruse Lee, Jessika, Madonna kabi ismlardagi vatandoshlarimiz bor.

Temurmalik Yunusov, aktyor
Beruniy Alimov, jurnalist
8. Maʼnoviy jihatdan qoʻyilishi tavsiya etilmaydigan ismlar
Roʻyxatning navbatdagi pogʻonasiga ham befarq qarab tura olmaymiz. Bugun odamlarimiz maʼnoviy jihatdan qoʻyilishi tavsiya etilmaydigan ismlardan ham foydalanishadi. Masalan, “but” maʼnosidagi Sanam, Shohsanam, Gulsanam ismlari, maʼnosi biroz salbiyroq xarakterda boʻlgan Laylo (Layli, “qora tun”), Furqat (“ayriliq”), Mahzuna (“gʻamgin”), Abbos (“qovogʻi solingan”, “xoʻmraygan”) , Qoravoy ismlari va hokazo. Maʼno jihatidan biroz notoʻgʻriroq mazmunni aks etadigan ismlar ham bor. Masalan, Abdurasul ismi “paygʻambarning bandasi” degan maʼnoni anglatadi. Maʼlum boʻladiki, bu ismdan foydalanish mumkin emas. Bir necha yil oldin bir oiladagi oʻgʻil farzandga Muhammad Sallah deb ism qoʻyilibdi. Bu yerda “sallah” soʻzi arab tilidan “qassob” deb tarjima qilinadi. Demak, hamisha ham jarangdorlik muhim hisoblanmas ekan. Baʼzi oilalarda birinchi farzandning oʻziga Robiya deb ism qoʻyuvchilarni eshitamiz. Vaholangki, bu ism “toʻrtinchi farzand” degan maʼnoni anglatadi.
Shuningdek, islomiy manbalarga koʻra, Allohning aynan ismlaridan foydalanish tavsiya etilmaydi. Ism oldidan “abdu” qoʻshimchasini qoʻshgan holda Abdurahmon, Abdurahim, Abdulaziz deb ism qoʻyish mumkin.

Furqat Zokirov, jurnalist
Gulsanam Mamazoitova, xonanda
9. Siyosiy ismlar
Kamroq sonda boʻlsa ham davr siyosatiga yoki siyosiy shaxslariga mos ismlar alohida pogʻonani band etdi. Sobiq ittifoq davrida Marks, Engels, Lenin, Stalin ismlari yoki ushbu ismlarning bosh harflaridan hosil qilingan Mels ismi anchayin urfda bo‘lgan.
Bugungi kunda ham davlatimiz rahbari yoki uning oila aʼzolari ism-sharifidan foydalanuvchi yurtdoshlarimiz topiladi. Aniqki, kimdir bu ismlardan shunchaki havas sabab, kimdir esa maʼlum ijtimoiy maqsadda foydalanadi.
Bundan biroz oldin navoiylik ota oʻz qiziga Yagona Oʻzbekiston deb ism qoʻymoqchi boʻlgan edi, lekin FHDY organlari tomonidan bu ismga qarshilik bildirilgan. Bu tanlovdan maqsad nima ekanligi bizga qorongʻu – har holda, ota bu ism uchun uzoq kurashdi. Hozirda qizaloqqa qanday ism qoʻyilgani maʼlum emas.
.jpg)
Mels Abzalov, kinorejissor
Farzandiga Yagona Oʻzbekiston deb ism qoʻymoqchi boʻlgan ota
10. Imlo va talaffuzi oʻzgarib ketgan ismlar
Nihoyat oʻninchi pogʻonaga biz millat va madaniyatlar aralashuvi natijasida imlo hamda talaffuzi oʻzgargan ismlarni joyladik. Asosan rusiyzabon oʻzbeklar va “yevropacha” muhitdagi oilalarda oʻsgan yurtdoshlarimizning ayrimlari ismlaridagi nechtadir harflarni oʻzgartirib olishadi yaʼni, oʻzbek ismlarini sunʼiy ravishda ruslashtiradi: Yakub, Leyla, Gafur, Taxir, Kamilla, Alimdjan, Dildar, Niyaz, Talip, Kabul, Kadir, Sagdiana va hokazo. Katta ehtimol bilan, harflardagi jiddiy oʻzgarishlar maʼnoni ham oʻzgartirib yuborishi mumkin.
Oʻzbek ismlari yoppasiga qisqartirish davrini ham boshdan oʻtkazgan. Ayniqsa, asosida Muhammad ismi boʻlgan Toshmat, Eshmat, Bekmamat, Shermamat, Madamin, Mamarizo, Mamayusuf kabi ismlarni hozir ham koʻpchilikning pasportida koʻramiz. Aslini olganda, yuqoridagi ikki holat ham tavsiya etilmaydi.
.jpg)
Sagdiana, xonanda
Gafur, xonanda
Roʻyxatni balki yana davom ettirish mumkindir. Lekin biz oʻntalik bilan cheklanamiz.
Bir soʻz bilan aytganda, ism – insonning yuzi. Qachondir va qaysidir davrada ismimimizdagi qusur yoki xatolik bizni uyaltirib qoʻyishi mumkin. Shu oʻrinda, mashhur hadisni ham eslatish joiz deb topdik. Abu Dardo roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Albatta sizlar Qiyomat kuni oʻz ismlaringiz va otalaringiz ismi bilan chaqirilasizlar. Bas (shunday ekan), ismlaringizni chiroyli qilinglar!”
Maʼlumot oʻrnida aytishimiz mumkinki, qonunchilik asosida ism-sharifni oʻzgartirish murakkab jarayon emas. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 228-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlariga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritish yetarli asoslar mavjud boʻlib, manfaatdor shaxslar oʻrtasida nizo boʻlmaganda ushbu dalolatnoma yozuvlari saqlanayotgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, oʻn olti yoshga toʻlgan shaxslarning tugʻilish, nikoh tuzish, nikohdan ajralishni qayd etish daftarlariga oʻzgartirishlar kiritish ularning arizalariga binoan amalga oshiriladi.
Mulohazani oʻzingizga qoldiramiz.
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz
Mavzuga doir maqolalar: